Aflotunning “Krito”si: Qachon qonunni buzishimiz kerak?

Aflotunning "Krito"(1) asari miloddan avvalgi 399-yilda, Suqrot Afina qamoqxonasida o‘z qatl kunini kutayotgan paytda bo‘lib o‘tgan suhbatni tasvirlaydi.

Bu suhbatdan bir muddat oldin 500 dan ortiq Afinalik fuqaro Suqrotni yoshlarni axloqsizlikka undagani va shahar xudolariga nisbatan hurmatsizlik qilganida ayblashadi. Suqrot bu ayblovlarni rad etib, o‘zining falsafiy qarashlari buzg‘unchilik emas, balki Afina va Apollon xudosiga xizmat qilish uchun ekanligini aytadi.

Biroq sud hay’ati unga ishonmay, uni aybdor deb topadi. Unga jazo tanlanayotgan bir paytda Sudning jazolash bosqichida Suqrot o‘ziga nisbatan "jazo" sifatida pritanumda(hukumat qarorgohida) umrbod bepul ovqatlanishni taklif etganda, sudyalar yanada g‘azabga mindilar. Bu sharaf odatda Olimpiada g‘oliblari yoki shunga o‘xshash alohida shaxslarga berilardi. Natijada, Suqrotga o‘lim jazosi tayinlandi. Diniy marosimlar tufayli hukm ijrosi bir necha haftaga kechiktirildi, ammo jazoni ijro etish vaqti yaqinlashib kelayotgan edi.

Suqrotning eng yaqin va boy do‘stlaridan biri bo’lgan Krito tong saharlab qamoqxonaga kiradi. U Suqrotni qochirish rejasi bilan kelgandi: qamoqxona qo‘riqchisiga pora berilgan va boshqa do‘stlar yordamida Suqrotni Tessaliyaga (boshqa yunon shahri) chiqarib yuborishga tayyorgarlik ko‘rilgan edi. U yerda Suqrot oilasi bilan surgunda yashashi mumkin edi. Hamma narsa tayyor, biroq faqat eng qiyin ish qolgan edi: Suqrotni bu rejaga ko‘ndirish.

Suqrotni yaxshi bilganlar bu ish oson bo‘lmasligini aniq bilishardi. Shunday bo‘lsa-da, Krito do‘stining hayotini saqlab qolishga qat’iy ahd qilgan edi. Krito Suqrotning o‘limdan qo‘rqmasligini bilib, uning nozik nuqtasi bilan ko’ndirishga harakat qiladi: or-nomusi va boshqa insonlar oldidagi majburiyatlari.

1. Kritoning Fikrlari

Krito suhbatni shaxsiy masaladan boshlaydi: agar Suqrot qatl etilsa, u va boshqa do‘stlari bebaho do‘stidan ayriladilar. Shuningdek, odamlar uning yaqinlarini Suqrotni qutqarish imkoniyati bo‘lganiga qaramay, yetarlicha harakat qilmagandek ko‘rishlari mumkin. Masalan, ular Kritoni shunchalik xasis ekanki, do‘stining hayotini saqlab qolish uchun ozgina mablag‘ ham sarflashni istamadi, deb o‘ylashlari mumkin. 

Bundan tashqari, Suqrotning tarbiya va o‘qitish zarurati bo‘lgan yosh o‘g‘illari bor edi. Agar u qatl etilsa, ular otasiz o‘sishga majbur bo‘ladilar. 

Kritoning so‘nggi dalili esa shundan iboratki, adolatsiz hukmni qabul qilish dushmanlarning istaklarini amalga oshirishga yo‘l ochadi. Shu orqali yovuzlik g‘alabasini tan olgan bo‘lardi. O‘lim oson va qo‘rqoqona yo‘l edi, lekin qochish yovuzlikka qarshi kurashish ma’nosini anglatar edi.

2. Suqrotning Bunga Javobi

Suqrot Kritoni sabr bilan tinglaydi va uning fikrlarini ehtiyotkorlik bilan tahlil qiladi. Suqrot obro‘siga suyanishni noto‘g‘riligini aytadi. Ko‘pchilik adolatli deb hisoblayotgan narsalardan ko‘ra, o‘zimiz to‘g‘ri deb bilgan adolatni tanlashimiz kerakliginiyam qo'shib o'tadi. Shaxsiy aloqalarga murojaat qilish ham foyda bermagandi. Suqrot adolatsiz xatti-harakatlar bilan farzandlariga yaxshi namuna bo‘lolmasligini bilardi. Dushmanlariga yordam berish masalasida esa, ular unga zarar yetkazmoqchi, lekin Suqrot adolatsizlikka qo‘l ursa, ruhiga zarar yetkazib, ularning xohishiga ergashgan bo‘ladi, deb o'ylardi.

Shu dalillar orqali Suqrot adolatning ustuvor ekanligiga Kritoni ishontira oldi. Agar qochish adolatsizlikka olib kelsa, bu holda Kritoning barcha dalillari o‘z ahamiyatini yo‘qotardi.

3. Suqrotning Bo’ysunish Haqidagi Fikrlari

Kritoning qochish haqidagi dalillarini rad etgandan so‘ng, Suqrot Afinada qolish va taqdirga tan berish zaruratini tushuntiradi. Ikki noto‘g‘ri harakat birgalikda to‘g‘ri natija keltirmaydi, shuning uchun uning hukmi va jazosining adolatsizligi bu qarorni qanday baholashimizga ta’sir ko‘rsatmasligi lozim. Suqrot ta’kidlaydiki, unga nisbatan adolatsizlik qilinishi, ularga ham adolatsiz munosabatda bo‘lish huquqini bermaydi. Krito bu fikrga qo‘shiladi va Suqrot Afinaga nisbatan adolatsizlik qilish qochishdan ham yomonroq ekanini uqtiradi.

Bu yerda uch asosiy mantiq mavjud edi. Birinchidan, qochish boshqalarga qonunlarning kuchsizligini ko‘rsatib, tartibsizlikka olib kelardi. Ikkinchidan, Afinaning qonunlari va muassasalari uning 70 yil davomida rivojlanishini ta’minladi, endi ularga bo‘ysunmaslik ota-onasiga hurmatsizlik qilish bilan barobar edi. Oxirgi mantig’i, Suqrot butun umrini Afinada o‘tkazishga majbur bo‘lmagan, agar u yerdagi qoidalar oldinroq unga yoqmaganda, boshqa joyga ko‘chib ketishi mumkin edi. Uning fuqaro sifatida qochmaslik qarori qonunlarga hurmat ko‘rsatishning bir ifodasi edi.

Suqrotga sud jarayonida o‘zini tushuntirish uchun yetarli imkoniyat berilgan edi. U bunda muvaffaqiyatga erisha olmagan bo‘lsa, endi ularning qaroriga bo‘ysunishi shart edi, garchi u va Krito bu qarorni adolatsiz deb bilishsa ham.

4. Xulosa

Krito Suqrotning fikrlariga ishongani ko‘rinib turibdi. Ammo bu biz ham shu fikrga qo‘shilamiz degani emas. Biz ba'zi joylarda Suqrot bilan bahslashishimiz mumkin.

Birinchidan, Suqrotning Afinaga bo‘lgan majburiyatlari uning do‘stlari va oilasiga bo‘lgan mas’uliyatlaridan ustun turadi, degan fikrni shubha ostiga olishimiz mumkin. Ehtimol, Suqrot boshqa majburiyatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishi kerak edi. Balki yaxshi do‘st va ota bo‘lishni eplamasdan, yaxshi fuqaro bo‘lolmas edi. Bu holatda, qochish eng to‘g‘ri qarordek tuyulishi mumkin edi.

Shuningdek, davlat beparvo yoki zolim ota-ona kabi, Suqrotni o‘z burchlaridan ozod qiladigan darajada nohaqlik qilgan deb o‘ylashimiz ham mumkin edi. Bu mantiq to‘g‘ri bo‘lsa, ijtimoiy shartnoma allaqachon buzilgan bo‘lar edi. Shu sababli, Suqrot qochishni o‘ylaganda, Afinaga hech qanday qarzdor bo‘lmas edi.

Alaloqibat, ijtimoiy shartnoma saqlanib qolgan taqdirda ham, qonunni buzish bu vaziyatda Suqrot uchun eng kam zarar keltiruvchi yo‘l bo‘lishi mumkin edi. Adolatsiz hukmning ijro etilishiga yo‘l qo‘yish, qonunni buzishdan ko‘ra, Afinaga ko‘proq zarar keltirishi mumkin edi. Nohaq hukmlarga itoat qilish esa Suqrot uchun salbiy namuna bo‘lib qolardi. Albatta, itoatsizlikning o‘ziga xos xavflari bor. Ammo Suqrot taklif qilganidek, barcha axloqiy harakatlar itoatkorlik foydasiga ishlayvermaydi.

Shunday qilib, Suqrotning qiziqarli fikrlarini doim savolga tutishimiz mumkin. Krito haqida nima deya olamiz? Ehtimol, qamoqxona xodimi unga to‘lagan pulini qaytarmagan bo‘lsa kerak.


Izohlar:

1) Krito — qadimgi yunon faylasufi Aflotunning suhbati bo‘lib, unda Suqrot va uning boy do‘sti Kritoning suhbatlari tasvirlangan. Suhbat Suqrotning qamoqxonadagi xujrasida, o‘zining o‘lim jazosi oldidan o‘tkazilgan, adolat, majburiyat va ijtimoiy shartnoma mavzularini o‘rganadi. Krito, Suqrotni qamoqdan qochishga va o‘zining o‘lim jazosi oldidan qutulishga ko‘ndirishga harakat qiladi, u buni Suqrtotning o‘limini qabul qilishining adolatsizligi bilan asoslaydi. Biroq, Suqrot qochish uning tamoyillariga va Afina qonunlariga zid kelishini ta'kidlaydi va oxir-oqibat o‘z taqdirini qabul qilishni tanlaydi. Ushbu suhbat Suqrotning etik e'tiqodlariga sodiqligini va adolatli hayot kechirishning ahamiyatini ko‘rsatadi.


Tarjimon: Nuriddin Habibullayev

Muharrir: Samandar Erkinjonov

Manba: Aflotun’s Crito: When Should We Break the Law? - 1000-Word Philosophy: An Introductory Anthology

Izoh qoldirish