- 09:33 / 28.10.2024
- , Falsafa
Afsuslanish bilan qanday kurashish mumkin

"Shunday ekan, ikkita narsani butunlay ildizidan quritish lozim: kelajakdagi qiyinchiliklardan qo‘rqish va o‘tmishdagi azob-uqubatlarni xotirlash. Chunki o'tmish endi menga daxldor emas, kelajak esa hali menga tegishli emas." - Seneka(1), "Stoikdan maktublar" Uzoq ish kuni va dahshatli tirbandlikdan so‘ng, nihoyat uyga yetib keldingiz. Stress o‘z ta’sirini ko‘rsatgan, siz bir vaqtning o‘zida charchagan, zerikkan va kunningizdan ko'ngliz to'lmagansiz. Oshxonaga kirib, bir uyum yuvilmagan idish-tovoqlarni ko‘rasiz - bu ertalab turmush o‘rtog‘ingizdan qilishini so‘ragan ishingiz edi! Biroq, u televizor qarshisida xuddi hech narsa bo‘lmagandek dam olmoqda. G‘azabingiz qaynayotganini sezib, o‘zingizni tuta olmay, turmush o‘rtog‘ingizga baqirasiz. Endi o'zizni ushlab turolmaysiz. Sodir bo‘lgan bu hodisaning haqiqatan ham katta ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatmoqchisiz. Turmush o‘rtog‘ingiz qo‘rqib, biroz xijolatlanadi. Sizdan xavotirlanadi, chunki siz hech qachon unga bunday baqirmagan edingiz. U keyinroq idishlarni yuvib qo'ymoqchi edi, lekin siz endi imkon bermaysiz. U uchun ham kun og'ir o'tgandi, lekin siz parvoyam qilmadingiz. U siz bilan yaxshi tun o‘tkazishni istagan edi, endi esa hammasi barbod bo‘ldi. Keyinchalik, o‘sha tuni o‘zingizni yo‘qotish sizga qanchaga tushganini anglay boshlaysiz. Ich-ichingizdan his qilasiz - o’sha gaplarni aytmasligingiz, ehtiyotkorroq bo‘lishingiz kerak edi. Yokida boshqacha yo‘l tutishingiz lozim edi, va oxiri qilgan ishingizdan afsuslana boshlaysiz. Ehtimol, sizni g‘azablantirgan narsa o'sha bir uyum idish-tovoqlar emasdir. Balki farzandlaringiz devorga marker bilan chizishgandir? Yoki ish ta’tiliz boshlanishidan oldin boshliq sizga yangi hisobot topshirgandir? Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, barchamiz qachondir o'zimizni yo'qotib qo'yamiz va afsuslanishdek yomon hissiyotni boshdan kechiramiz. Stoiklar qachonki o‘tmishdagi voqealar hozirgi hayotimizga egalik qilishni boshlashsa, shu lahzani afsuslanish deya ta’riflashgan. Ya’ni qachonki, hech qanday ta'sir qilolmaydigan narsalar ustida bosh qotirsak, yoki taqdirimizga qattiq qarshilik qilsak, afsuslanishni yanada chuqurroq his qilamiz. Markus Aurelius(2) "bizda bor narsadan qoniqishimiz va hozirni boricha qabul qilishimiz kerak" deb ta'kidlaydi. Afsuslanish - ayni biz bor narsamizdan qoniqmaganimizda, bizga berilgan narsalarni rad qilganimizda paydo bo'ladi. Senekaning bir gapi bor edi: "Biz ko'pincha hayotimizdan ko'ra tasavvurlarimizda ko'proq azob chekamiz." U afsuslanish tasavvurimizdagi oddiy bir tuyg‘u, xolos, deb hisoblagandi. Biz ko‘pincha biror gapni aytganimizda (yoki jim turganimizda) yoki boshqacha harakat qilganimizda, natija ham boshqacha bo‘lardi, deb ishonamiz. Markus Aurelius ham Senekadek fikrlagan va shunday yechim taklif etgandi: “Tashqi narsalar muammo emas. Bu sizning ularga bergan bahoyingiz. Buni hoziroq o‘chirib tashlashingiz mumkin.” Misol uchun, turmush o‘rtog‘ingiz bilan bo‘lgan o‘sha janjalni eslang. Afsuslanishingiz idish-tovoqlar yoki turmush o‘rtog‘ingizga emas, sizning umidlaringiz va idroklaringiz bilan bog‘liq edi. Uyga kelganingizda, idishlar yuvilgan bo‘lishini kutgandingiz. Shu sababdan, boshqacha bo‘lishi kerak edi deb o‘ylaysiz va, agar shunday bo‘lganida, o‘zingizni yaxshiroq his qilgan bo‘lardingiz. Bu turmush o‘rtog‘ingizning aybimi? Ehtimol idishlarni vaqtida yuvmagani uchun shundaydir. Lekin sizning xafaligingiz va o‘sha oqshom his qilgan pushaymonligingiz uchun u aybdor emas. Afsuslanish — ichki muammo va uni o‘zimiz tashxis qo‘yishimiz hamda boshqarishimizni talab qiladigan tuyg‘u. Biz ushbu "o‘zimizga qaratilgan his-tuyg‘ularni" boshqarishni o‘rganishimiz va afsuslanishni yengishimiz kerak. Ushbu maqola sizga his-tuyg‘ularingizni anglashda, o‘tgan voqealarni o‘z foydangizga ishlatishga va eng katta afsuslaringizni yengishda yordam berishga urg’u qaratadi. “O‘tganni unutib, bugungi kunga befarq va kelajakdan qo‘rqib yashaydiganlar uchun hayot juda qisqa va tashvishli,” - deydi Seneka. Ammo shuncha o‘qib, qo‘shiq kuylab yoki o‘zimizga qayta-qayta aytib ko‘rsak ham, barchamizda doim afsuslanadigan bir narsa bor. Har birimizda o‘sha tanish achchiq tuyg‘u paydo bo‘ladi. O‘sha vaqtni, o‘sha joylarni, o‘sha odamlarni unutganimizni o‘ylasak ham, bu his o‘zini qayta namoyon qiladi va yurakni siqadi. Afsus kuchini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Mashhur yozuvchi va Amerikadagi “Pushaymonlik loyihasi”(Regret project) asoschisi Daniel Pink amerikaliklarning 82 foizi vaqti-vaqti bilan afsuslanishini aniqlagan. Pink afsuslanishni “ajralmas tuyg‘u” deb ataydi, lekin u “hayotni yaxshilash uchun kuchli vosita” bo‘lishi mumkinligini ham qo’shib qo’yadi. Haqiqatan ham hayotimizni yaxshilashni xohlasak, biz bu salbiy his-tuyg‘ulardan qochib qutula olmaymiz. Ularni yashirishning foydasi yo‘q. Ammo bu afsuslanish bilan yashashga shunchaki ko’nikishimiz kerakmi? Buyuk yozuvchi Samuel Jonson ham 1775-yilning oxirida shu savolga javob izlayotgan edi. U o‘z kundaligiga shunday yozadi: “O’tkan yillarda e’tiborsizlik, unutuvchanlik, dangasalik, tasodifiy to’siqlar yoki kasallik tufayli belgilangan rejalarning bajarilmagani va yillar davomida hayotimning ko‘p qismining bekor ketgani menga ayon bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, nega haligacha bu masalani hal qilishga urinayapman? Ha, men urinishdan to’xtamayman, chunki o‘zgarish zarur va umidsizlik esa jinoyatdir.” Jonson o‘z o‘tmishini qabul qildi, ammo afsuslanishga berilmadi. U kelajakda xuddi shu xatolarni takrorlamaslik uchun boshidan kechirgan qiyinchiliklarini tahlil qilishni ma’qul ko‘rdi. U afsus-nadomatga botib qolish o‘rniga, unga qarshi kurashishni afzal bildi. Agar Jonsondan biror narsa o‘rganish mumkin bo‘lsa, bu - afsuslanishni muqarrarligi, ammo bizning harakatlarimiz va fikrlash tarzimiz ham o’zgarmasdan qolishi shart degani emas. Shunday qilib, savol “Nega men afsuslanaman?” emas, balki “Afsusga qanday munosabatda bo‘laman?”, “Qanday qilib davom etaman?” yoki “Bu tuyg‘u orqali o‘zimni qanday yaxshilay olaman?” bo‘lishi kerak. Stoiklar o‘zlarining mantiqiy fikrlashi va chidamliligini rivojlantirish uchun shunday savollarga tayanib, o‘zlari nazorat qiladigan narsalarga diqqat qaratishadi. "Har bir voqeaning ikkita tutqichi bor: biri uni ko‘tarishga yaroqli, ikkinchisi esa yaroqsiz. Agar akangiz sizga nohaqlik qilsa, uning xatoligini asoslashga urinmang, chunki bu tutqich bilan voqeani “ko‘tara olmaysiz”. Buning o‘rniga boshqa tutqichdan – u sizning akangiz va siz u bilan birga ulg‘ayganligi omilini ishlating. Shunda voqeani ko‘tarishga imkon beruvchi tutqichni qo‘lga olasiz." – Epiktetus(3) Epiktetus tomonidan stoikona falsafaga kiritilgan eng muhim amaliyotlardan biri - biz nimani nazorat qilishimiz va nima qilmasligimizni aniqlashdir. Bizda nima bor va nimaga ega emasmiz, biz nimani o'zgartirishimiz mumkin va nimani o'zgartira olmaymiz. O'tmishga qarashning ikkita yo'li bor — Epiktetusni misoli orqali aytsak, ikkita tutqichni qo'lga olishimiz mumkin. Birinchi tutqich bizni o'tmishni qayg'uli va o'zgartirib bo'lmaydigan bir tajriba sifatida qabul qilishga majbur qiladi. Ikkinchi tutqich esa bizga yaxshilikni ajratib olish va tajribamizdan o'z foydamiz uchun foydalanish imkonini beradi. O'tmishdagi qarorlarni ko'rib chiqsak, biz ularni ikkinchi tutqichdan ushlashimiz kerak. Biz nima bo'lishi kerak bo’lsa, bo'ldi, deb qabul qilishimiz kerak.Bu bizga yoki boshqa birovga qanchalik zarar keltirgan bo’lmasin, endi o’tmishni o’zgartira olmaymiz. Xo'sh, afsuslanish nimaga olib keladi? Holokostdan omon qolgan yozuvchi, doktor Edis Eger "The Daily Stoic Podcast" dasturida bu savolga shunday javob beradi. mutlaqo hech narsa. Rayan yaqinda ajrashganidan pushaymon bo‘layotganini gapirganida, doktor Eger unga aybdorlik hissini yo‘qotishga yordam beruvchi bir hikmatli sovg‘a taklif qildi. "Sizga bir jumla beraman," dedi u, "Agar men o‘sha paytda shu jumlani bilganimda, hamma narsani boshqacha qilgan bo‘lardim. Yodingizda bo‘lsin: aybdorlik o‘tmishda qoladi va siz o‘zgartira olmaydigan yagona narsa — o‘tmishdir." Jamiyat sifatida biz nazorat qiladigan narsa g'oyasiga qattiq bog'lanib qolganmiz. Biz duch keladigan har qanday narsaning natijasini nazorat qilishimiz mumkinligiga ishonamiz. Biz hamma narsani qandaydir tarzda o'zgartirishimiz mumkin deb o'ylaymiz. Biroq, biz ba’zi narsalarni o‘zgartirib bo‘lmasligini tan olishimiz kerak. Ba’zi narsalar bizning nazoratimizda, ba’zilari esa yo‘qligini tushunishimiz lozim. Deylik yangi soch turmagingizdan afsuslansangiz, vaziyat o‘z qo‘lingizda. Siz uni tartibga solishingiz, yashirishingiz yoki shunchaki yana o‘sishini kutishingiz mumkin - vaziyatni o‘zingiz boshqarasiz. Ammo ishdan ketishdan oldin boshlig‘ingizni haqorat qilganingizdan pushaymon bo‘lsangiz, endi foydasi yo’q – gapirganlaringizni ortga qaytara olmaysiz. Mark Aurelius o‘ziga (va shu orqali bizga) yozganidek: "O‘zingizga eslatib turing, o‘tmish va kelajak sizning ustingizdan hech qanday kuchga ega emas. Faqat hozirgi kunda unday kuch bo’lishi mumkin, va hatto uni ham kamaytirishingiz mumkin. Shunchaki uning chegaralarini belgilang. Agar aqlingiz bunga bardosh berolmasligini aytayotgan bo’lsa... unda uni uyaltiring." O'tmish o’tdi. Biz o'z ishonchsizligimizdan uzoqlasha olmaymiz. Biz nima bo'lganini tushunib, nazoratimizdan tashqarida ekanini anglashimiz va qo'yib yuborishimiz kerak. Basketbol murabbiyi Fil Jekson buni shunday ta'kidlagan edi: "Qo'yib yuborish - bu haqiqiy o'zgarish uchun kerak bo'lgan, ammo yurakni ezadigan eshikdir." Stoiklar buni "rozilik san'ati" deb ataganlar, ya’ni nima bo'lishidan qat'iy nazar, o'z holicha bo'lishiga ko’nikish, qabul qilish. Afsuslanish — bu narsalar biz xohlaganidek bo'lishini xohlashdir. Ammo narsalar o'z holicha bo'lishiga yo'l qo'ysak, qilgan ishlarimizdan afsuslanish ehtimolligi kam bo'ladi. Ba'zi narsalar shunchaki bizning nazoratimizdan tashqarida ekanligini qabul qilish orqali, biz reallikdan uzoq natija xohlash ehtimolini kamaytiramiz. O'tmish - endi biz nazorat qila olmaydigan narsa. Biz aytganlarimizni, qilgan ishlarimizni yoki his-tuyg'ularimizni o'zgartira olmaymiz. Ammo hozirni, o‘z tajribamizdan qanday dars olishni, qiyinchiliklarga qanday javob berishni va afsusdan qanday foydalanishni nazorat qilishimiz mumkin. Hozir nimani boshqaryapmiz – aynan o‘shani qila olamiz va qilmog‘imiz lozim. "Yonayotgan olov unga tashlangan hamma narsadan alanga va yorug‘lik hosil qiladi." - Mark Aurelius O‘zimiz nazorat qila oladigan narsalarni aniqlab olgach, vaziyatni boshqarishimizdan qat’i nazar, unga qanday munosabat bildirishimizni tanlashimiz kerak. O‘zimizni qanday tutishimiz, to‘siqlarni qanday yengib o‘tishimiz va qanday oldinga siljishimizni belgilab olishimiz lozim. Epiktet o‘zining "Suhbatlar" kitobining birinchi qismida o‘zini Rim qo‘riqchilari tomonidan qatl etilayotganini, ya’ni hayoti o‘z nazoratidan chiqib ketganini tasavvur qiladi. Shunda u xotirjamlik va donolik bilan o‘z fikrlarini bayon etadi: "Men o‘lishim kerak, ammo baqir-chaqir bilan o‘lishim shartmi? Meni zanjirband qilishadi – lekin nola va fig‘on qilishim shartmi? Meni surgun qilishadi, lekin bu yerdan xotirjam va o‘ziga ishongan holda ketishimga hech nima to‘sqinlik qila oladimi?" Garchi bu tushuncha ilk bor nemis faylasufi Fridrix Nitsshe(4) tomonidan ishlatilgan bo‘lsa-da, amor fati — ya’ni taqdiringni sevish amaliyoti Epiktet va stoik faylasuflarga borib taqaladi. Stoiklar ushbu amaliyotdan o‘tgan salbiy tajribalarni bartaraf etish va ichki xotirjamlikka erishish uchun fikr yuritish va meditatsiyalarda foydalanishgan. Kleanf(5) aytganidek: "Taqdirni qabul qilgan odamga yo‘l ko‘rsatiladi, unga qarshilik qilgan esa to‘siqqa uchraydi." Amor fati bizga sodir bo‘layotgan narsalarni shunchaki tushunishdan ko‘proq ma’noni anglatadi. Bu bizning qarashlarimiz hamisha salbiy bo‘lishi shart emasligini bildiradi. Bunday qabul qilish bizni yaxshiroq qiladi, ba’zida bulutli ob-havo uchun ham minnatdor bo‘lishni va har qanday bo‘rondan chiqish yo‘li borligini eslatadi. Hammamiz qiyinchiliklarga duch kelamiz. Hammamiz tirbandlikda qolamiz. Biz hammamiz muhim xabarni yuborishimiz kerak bo‘lgan paytda sust Wi-Fi yoki yomon uyali aloqa xizmatiga duch kelamiz. Qiyinchiliklar ba’zan bizga qarshi qaratilgandek tuyuladi. Go‘yo dunyo bizga qarshi chiqqanday. Go‘yo biz hech qachon g‘alaba qozona olmaymiz. Ammo bu haqiqatdan yiroq. Hamma to‘siqlarga duch keladi. Vaqti-vaqti bilan hammaning ham boshi qotadi. Hayotdagi ba’zi narsalarni nazorat qila olmaymiz. Qanchalik harakat qilmaylik, ayrim qiyinchiliklar nazoratimizdan tashqarida qolaveradi. Ba’zi narsalar, ayniqsa yomon hodisalar, nazoratimizdan tashqarida ekanligini anglab, bizga sodir bo‘layotgan voqealarni qabul qilishimiz kerak. Bu bilan qolgan yagona tanlov: sodir bo‘layotgan narsalarni sevish va ularga kuch bilan yuzlanishdir. Mashhur muallif Robert Grin(6) aytganidek, "Har bir voqeaning ma’lum bir sababi bor va uni ijobiy deb qabul qilish qobiliyatiga egamiz." Mark Aurelius o‘zining "Meditatsiyalar" asarida bu g‘oyani hunarmand ustaxonasi timsolida ifodalaydi: "Yo‘lda tikanlar bor – ulardan chetlab o‘ting! Bu yetarli. Bezovtalik haqida o‘ylab yurishning nima keragi bor? Bu xuddi duradgor yoki etikdo‘z ustaxonasining polidagi qipiq va qirindilarga e’tibor berganingizda ustingizdan kulishlari kabi. Ularning axlat chelaklari bor bo‘lsa-da, tabiat ularga muhtoj emas." Nima uchun tikanlarga qoqilib yurish kerak? Nega polingizdagi qipiqlar haqida o‘ylab yurish kerak? Bu shunchaki tabiatning bir qismi! Ularni ko‘rib o‘ta olasizmi, demak ularning ustidan o‘ta olasiz. Amor fatini qo‘llash orqali kelajakda pushaymon bo‘lish ehtimolini kamaytirishimiz mumkin. Oldimizdagi qiyinchiliklarni qabul qilsak, ular bilan keladigan natijalardan afsuslanish ehtimoli ham kamayadi. Bu esa bizni kelajakka ishonch, e’tiqod, jasorat va boshqa ko‘plab ijobiy fazilatlar bilan intilish imkonini beradi. Amor fati – bu shunchaki bir qarash emas, balki hayot tarzi. Uni hayotimizga kiritish vaqt, kuch va ba’zi noqulay hislardan kechishni talab qiladi. Ammo baribir bunga erishishimiz zarur. Bu mavjudlik tashvishidan xalos bo‘lishimiz, afsuslanishdan uzoqlashib, kelajagimiz sari dadil intilishimizga yordam beradi. Boshingizdan o‘tgan narsalarni qadriga yeting. Kim bo‘lib yetishganingiz va qanchalik o‘zgarganingizni qadrlang. Taqdiringizni seving — amor fati. "Har bir qadamimizda nafaqat odatiy yo‘nalishda, balki har qanday ehtimoliy hodisani ko‘zda tutgan holda fikr yuritishimiz lozim." – Seneka Rayan Holiday(7), nutq so‘zlashdan oldin, yuz berishi mumkin bo‘lgan barcha muammolarni ko‘zdan kechiradi: mikrofon bilan bog‘liq qiyinchiliklar, slaydlarni o‘tkazmaydigan tugmalar, kutilmagan reaksiyalarga ega tinglovchilar. U yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni ular sodir bo‘lmasidan oldin payqaydi va ularga yechim topadi. Tayyorligi tufayli muammo yuzaga kelganda, o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslikka qodir. "Bu holatlarni ongingizda mashq qiling: surgun, azob-uqubat, urush, halokat. Inson qismatining barcha yomon holatlari ko’z oldimizda turishi lozim." deydi Seneka. Bu usul "premeditatio malorum" deb ataladi va stoik falsafasidagi eng qadimiy hamda keng qo‘llaniladigan mashqlardan biridir. Bu “yomonliklarni oldindan o‘ylash” degan ma’noni anglatadi. Stoiklar bu usulni hayotning muqarrar qiyinchiliklariga tayyorlanish hamda notinch davrlarda xotirjam va ishonchli bo‘lish uchun qo‘llaganlar. Dunyo adolatli emas, buni bilamiz. Hatto o‘zimizga tegishli bo‘lgan narsalar ham doim bizniki bo‘lib qolmasligi mumkin. Harakat qilganimizga qaramay, har doim muvaffaqiyatga erisha olmaymiz. Ammo, muvaffaqiyatsizlikka duch kelganimizda hayratda qolmasligimiz kerak. Agar har safar kutilmagan hodisa yuz berganda hayratga tushsak, nafaqat katta maqsadlarda baxtsiz bo‘lamiz, balki ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi urinishlarni amalga oshirish ham qiyinlashadi. O‘tmishda qolib ketmasdan, hozirgi davrda yashash qiyin bo‘ladi, afsuslanish va ichki ishonchni saqlab qolish yanada murakkablashadi. Bu usulning eng yorqin namunasi Jorj Vashington(8) bo’lsa kerak. Vashington 1500 o‘quvchidan iborat maktabni boshqargan, siyosatchilar va faol shaxslar bilan ishlagan hamda butun mamlakat bo‘ylab nutq so‘zlagan. Lekin qanday qilib? U qanday qilib shunday muvaffaqiyatga erishdi va bu tarzda yashay oldi? "Ertalab ishni boshlaganimda, kunni muvaffaqiyatli va yoqimli o‘tishini kutaman, ammo maktab binolarimizdan birining yonayotgani yoki kimdir meni omma oldida haqorat qilgani haqida eshitishga tayyorlanaman. Buni bo’lishi yoki bo’lmasligidan qat’iy nazar, bunga tayyor turaman," degan edi u. Vashington kun davomida yuz berishi mumkin bo‘lgan eng og‘ir vaziyatlarni oldindan tasavvur qilar edi. Faqat tasavvur qilibgina qolmay, balki ularning sodir bo‘lishiga ham tayyor edi. Bu esa Vashingtonga kunning qiyinchiliklariga yaxshi tayyorlanish imkonini berardi. Kechki ovqatga kechikish uni omma oldida haqorat qilinishdan yomonroq emas edi. Qiyinchiliklarga tayyorlanar ekan, Vashington afsuslanishga ham tayyor edi. U qo‘rquvlarini aniq tasavvur qila olgani va ular yuz berishi ehtimolini qabul qilgani uchun tanlovlarining oqibatlaridan kamroq qo‘rqardi va kamroq afsuslanardi. Xuddi shu tarzda, Epiktetus ham oddiy qarorlarning barcha xavf-xatarlarini oldindan ko‘rish uchun shu usuldan foydalangan – masalan, hammomga borishdan oldin: "Agar cho‘milmoqchi bo‘lsangiz, hammomda bo‘ladigan hodisalarni oldindan tasavvur qiling – ba’zi odamlar suvni to‘kib yuboradi, boshqalar itarib kiradi, so‘kinadi yoki o‘g‘irlik qiladi... Agar cho‘milishda to‘siqlar yuzaga kelsa, o‘zingizga: ‘Men irodamni bu vaziyat bilan muvofiqlashtirishni istadim; agar sodir bo‘layotgan hodisalarga jahlim chiqsa, bu uyg‘unlikni yo‘qotaman,’ deyishingiz mumkin." “Premeditatio malorum” usuli hayotning muqarrar qiyinchiliklariga yaxshiroq tayyorlanish imkonini beradi. Qiyin bo‘lsa ham tan olish kerak: hamma narsa biz istagandek bo‘lavermaydi. Balki xohlagan ishimizni topa olmasmiz yoki raqobatda g‘alaba qozonmasmiz, lekin uchraydigan har qanday qiyinchilikka tayyor bo‘lishimiz lozim. Shunday qilib, qarorlarimizni ishonch bilan qabul qila olamiz va tanlovlarimizdan afsuslanmaymiz. "O‘zingizga eslatib turing, o‘tmish va kelajak sizning ustingizdan hech qanday kuchga ega emas. Faqat hozirgi kunda unday kuch bo’lishi mumkin, va hatto uni ham kamaytirishingiz mumkin. Shunchaki uning chegaralarini belgilang. Agar aqlingiz bunga bardosh berolmasligini aytayotgan bo’lsa... unda uni uyaltiring.” – Mark Aurelius, Meditatsiyalar "Dono kishi yo‘q narsasiga qayg‘urmaydi, balki bor narsasidan quvonadi." – Epiktetus, Fragmentlar "Tashqi narsalar muammo emas. Muammo – ularga bergan bahoyingizda. Buni hoziroq o‘chirib tashlashingiz mumkin." – Mark Aurelius, Meditatsiyalar "Hozirgi lahzani o‘zingizga tuhfa qiling." – Mark Aurelius, Meditatsiyalar "Kelayotgan qiyinchiliklarni oldindan ko‘ra bilgan odam, ular yetib kelganda ularning kuchini yo‘qqa chiqaradi." – Seneka, Marsiyaga tasalli "Hamma narsani yelkangizdan uloqtirib, har qanday chalg‘ituvchi va ortiqcha narsani tozalab tashlash va mutlaq sokinlikka erishish – bu bolalar o‘yinidek oson." – Mark Aurelius, Meditatsiyalar "Shunday ekan, ikkita narsani butunlay ildizidan quritish lozim: kelajakdagi qiyinchiliklardan qo‘rqish va o‘tmishdagi azob-uqubatlarni xotirlash. Chunki o'tmish endi menga daxldor emas, kelajak esa hali menga tegishli emas." – Seneka, Stoikdan maktublar "Vaziyatni o‘zgartira olmasak, o‘zimizni o‘zgartirishga majbur bo‘lamiz." – Viktor Frankl(9) "Baxtga erishishning yagona yo‘li bor – irodamizdan tashqaridagi narsalar haqida tashvishlanishni to‘xtatish." – Epiktetus, Suhbatlar "O‘zingizda yo‘q narsani xohlab, bor narsangizni qadrsizlantirmang. Shuni yodda tuting, hozir mavjud narsangiz bir paytlar orzu qilganlaringizdan biri edi." – Epikur(10) Izohlar: 1 - Seneka (miloddan avvalgi 4 – milodiy 65) — Rim faylasufi va davlat arbobi, stoitsizm falsafasini rivojlantirgan asarlari bilan mashhur. 2 - Markus Aurelius (milodiy 121–180) — Rim imperatori va stoik faylasufi, o‘zining “Meditatsiyalar” asari bilan mashhur. 3 - Epiktetus (milodiy 50–135) — Yunon stoik faylasufi, ozodlikka erishgan qullardan bo‘lib, Suhbatlar kitobi muallifi. 4 - Fridrix Nitsshe (1844–1900) — Nemis faylasufi, ironiya va ekzistensialistik g‘oyalari bilan mashhur yozuvchi. 5 - Cleanthes (miloddan avvalgi 330–232) — Yunon stoik faylasufi va stoitsizm falsafasini rivojlantirishda hissasi katta. 6 - Robert Grin (1968-yilda tug‘ilgan) — Mashhur yozuvchi, psixologiya va strategiyalar haqidagi kitoblari bilan tanilgan(“Hokimiyatning 48 qonuni”, “Mahorat”) 7 - Rayan Holiday (1987-yilda tug‘ilgan) — Amerikalik yozuvchi va marketolog, zamonaviy stoitsizm falsafaning ommalashuvi uchun xizmat qilgan asarlar muallifi. 8 - Jorj Vashington (1732–1799) — AQShning birinchi prezidenti va mustaqillik kurashi qahramoni. 9 - Viktor Frankl (1905–1997) — Avstriyalik nevrolog va psixoterapevt, “Insonning mazmun qidiruvi”(Man’s Search for Meaning) kitobi muallifi.Afsuslardan xoli yashashning 3 Stoikona Tamoyili
Afsuslanish nima o’zi?
Nega afsuslanaman?
Biz hammamiz o‘zimizga "endi afsuslanish yo’q" deb ko’p aytamiz. Internetda bizni bunga undovchi son-sanoqsiz memlar, ta’sirlantiradigan iqtiboslar va videolar mavjud. Ming yillardan buyon shoirlar, qo‘shiqchilar, rassomlar va yozuvchilar bu mavzuda asarlar yaratib kelishmoqda. Biz bu tamoyil asosida yashashga deyarli o‘rganib qoldik.E’tiborni nazorat qila oladigan narsalaringizga bering
Taqdiringizni seving
Oldinga qarang
Mashhur stoiklardan afsuslanish haqida 10 ta eng yaxshi iqtiboslar
Muharrir: Abdulboriyxon Bositxonov
Manba: How To Deal With Regret ( 3 Stoic Strategies to Live Free)
Izoh qoldirish