- 20:32 / 20.02.2025
- , Falsafa
Axloqiy ta'lim

Axloqiy yo'l-yo'riq boshlang'ich va o'rta ta'limning ajralmas qismidir. Masalan, o'quvchilar yordam berish va mehribonlik uchun maqtovga sazovor bo'lib, bularning to'g'ri va yaxshi ekanligi ta'kidlanadi. Shuningdek, ularga firibgarlik, zo'ravonlik va o'g'rilik qilmaslik kerakligi tushuntiriladi, chunki bu harakatlar noto'g'ri va zararli hisoblanadi. Shunday qilib, maktablar axloqiy ta'limning ayrim shakllari bilan shug'ullanadi. Ushbu ta'limning maqsadlari qanday bo'lishi kerak va bu maqsadlarga qanday erishish lozim? Axloqiy ta'lim nazariyalari bu savolga javob berishga harakat qiladi: ular axloqni qanday o'rgatishimiz va talabalarni yaxshiroq axloqiy shaxslar sifatida qanday shakllantirishimiz kerakligi haqida g'oyalar taqdim etadi. Ushbu maqola eng muhim nazariyalarni tanishtiradi. Axloqiy ta'lim yo'naltiruvchi va yo'naltirmaydigan nazariyalarga bo'linadi. - Yo'naltiruvchi nazariyalar maktablarning talabalarga ba'zi harakatlarning noto'g'ri, ba'zilarining esa to'g'ri ekanligini to'g'ridan-to'g'ri o'rgatishini va nima uchun shunday ekanligini tushuntirishini ta'kidlaydi. Shuningdek, ular talabalarni adolat va tenglik haqida o'rgatishi va axloqiy fazilatlar hamda salbiy xususiyatlarni tushuntirishi kerak. - Yo'naltirmaydigan nazariyalar esa hech qanday aniq axloqiy qarashlarni o'rgatishni maqsad qilmaydi. Ular talabalarni mustaqil axloqiy mulohaza yuritish qobiliyatlarini rivojlantirishga yo'naltiradi. Bir qancha ta'sirchan yo'naltiruvchi nazariyalar mavjud bo'lib, har biri ta'lim muassasalarida qaysi aniq axloqiy qarashlarni o'rgatish kerakligi haqida turlicha fikr bildiradi: - Bilim berish nazariyasi: Maktablar axloqiy qarashlarni haqiqat sifatida o'rgatishi lozim. - G'ayritabiiy nazariya: Axloqiy qadriyatlar ijtimoiy va siyosiy jihatdan muayyan guruhlar tomonidan tasdiqlangan tushunchalar asosida o'rgatiladi. - Amaliy nazariya: Maktablar jamiyat uchun foydali axloqiy qarashlarni o'rgatishi kerak. Bu nazariyalar umumiy fikrga keladi: talabalarga yaxshi hayot kechirish va jamiyatning faol a'zolari bo'lishlari uchun to'g'ri va noto'g'ri haqida ma'lumot berish zarur. Yo'naltirmaydigan axloqiy ta'lim nazariyalarining asosiy maqsadi talabalarni axloqiy masalalarga mustaqil va mas'uliyatli yondashishga o'rgatishdir. Bu yondashuv tanqidiy fikrlash ko'nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. Talabalar turli axloqiy holatlar ustida tahlil olib borish, dalillarni baholash va fikrlarini asoslash ko'nikmalarini rivojlantiradi. Bu nazariya axloqiy ta'lim talabalarning hissiy rivojlanishiga e'tibor qaratishi kerakligini ta'kidlaydi. Masalan, adabiy hikoyalar o'qish, filmlar tomosha qilish yoki sahnaviy o'yinlarda ishtirok etish orqali talabalarda hamdardlik va empatiya rivojlanadi. Bu nazariya axloqiy fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan. Halollik, jasorat, kamtarlik va rahm-shafqat kabi fazilatlarni rivojlantirish talabalarni yaxshiroq insonlar bo'lishga undaydi. Maktablar tarixiy va zamonaviy axloqiy yetakchilar misolida talabalarga yaxshi xulq-atvor namunalarini ko'rsatishi mumkin. Axloqiy ta'lim nazariyalari o'rtasida tanlov qilishda talabalarning mustaqilligini hurmat qilish va axloqiy savollarning murakkabligini inobatga olish muhim. - Yo'naltiruvchi yondashuv aniq axloqiy qoidalarni o'rgatishga qaratilgan bo'lsa-da, bu har doim ham talabalarni mustaqil axloqiy fikrlashga o'rgatmaydi. - Yo'naltirmaydigan yondashuv esa axloqiy qarashlarni shakllantirishni talabalar zimmasiga yuklaydi, bu esa ba'zan noto'g'ri yo'nalishlarga olib kelishi mumkin. Muvaffaqiyatli axloqiy ta'lim talabalarni qanday fikrlashlari va his qilishlaridan tashqari, qanday harakat qilishlariga ham ta'sir qilishi kerak. Odamlar ko'pincha axloqiy jihatdan to'g'ri yo'l tutish zarurligini bilsalar-da, uni amaliyotga tatbiq etish qiyin bo'lishi mumkin. Shuning uchun talabalar nafaqat axloqiy e'tiqodlarni bilishlari, balki ularni kundalik hayotda qo'llashni ham o'rganishlari lozim. Muallif: Dominik Balg Tarjimon: Zebona Abdupaizova Muharrir: Nilufar Alimbaeva Manba: 1000wordphilosophy.comTalabalarni yaxshiroq insonlar bo'lishga o'rgatish
1. Yo'naltiruvchi va yo'naltirmaydigan axloqiy ta'lim nazariyalari
2. Yo'naltiruvchi nazariyalar
3. Yo'naltirmaydigan nazariyalar
3.1. Ko'nikmaga asoslangan nazariyalar
3.2. His-tuyg'ular asosidagi nazariyalar
3.3. Fe'l-atvor asosidagi nazariyalar
4. Xulosa
Izoh qoldirish