Baxt nima?

Baxt – bu doimiy ravishda izlanadigan va hayajonli holat. Faylasuflar, ilohiyotshunoslar, psixologlar va hattoki iqtisodchilar asrlar davomida uning mazmunini aniqlashga harakat qilib kelishgan. 1990-yillardan boshlab, psixologiyaning yangi sohasi – ijobiy psixologiya (baxt va yaxshi hayotni o‘rganish) – ushbu holatni chuqur tadqiq qilishga bag‘ishlandi. Baxt shunchaki ijobiy kayfiyatni anglatmaydi, balki mazmunli hayot kechirish, ichki halovat va chuqur ma’no bilan yashash holatini o‘z ichiga oladi.

Baxt va sog‘liq

Xursandchilik sog‘liq uchun ham katta foyda keltirishi ilmiy asoslangan. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, baxt yurak-qon tomir sog‘lig‘ini yaxshilaydi, immunitet tizimiga ijobiy ta’sir qiladi, yallig‘lanishni kamaytiradi va qon bosimini me’yorda ushlab turadi. Baxt hatto umr ko‘rish davomiyligini uzaytirishi, shuningdek, hayot sifati va farovonlikni oshirishi ham aniqlangan.

Baxtga intilish

Dunyo bo‘ylab odamlar baxtga erishishni hayotdagi eng muhim maqsad sifatida ko‘rishadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, odamlar baxtni boylik yoki moddiy narsalardan ko‘ra ustun qo‘yishadi. Ular uchun baxtga erishish boylik yoki moddiy yutuqlardan ham muhimroqdir.

Qanday qilib baxtli bo‘lish mumkin?

Baxt faqat bir quvonchdan ikkinchisiga sakrash emas. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, baxtga erishish ko‘pincha qiyinchiliklarni yengib o‘tishni talab qiladi. Insonning genetik holati, hayot sharoitlari, yutuqlari, oilaviy holati va ijtimoiy munosabatlari baxt darajasiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, insonning qanday fikrlashi va his-tuyg‘ularini qanday ifoda etishi ham ahamiyatli.

Har kuni kichik zavqlardan bahramand bo‘lish, qiyin topshiriqlarga diqqatni jamlash, maqsadlar qo‘yish va ularga erishish, yaqin ijtimoiy aloqalarni saqlash va shaxsiy manfaatlardan tashqarida maqsad topish hayotdan mamnunlikni oshiradi. Aslida, baxt emas, balki baxtga intilish o‘zi farovonlikni ta’minlaydi.

Baxtli insonning belgisi

Baxtli odamlar hayotda aniq maqsad bilan yashashadi. Ular uzoq muddatli munosabatlardan zavq olishadi, maqsadlariga intilishadi va o‘z qadriyatlariga muvofiq hayot kechirishadi. Baxtli insonlar moddiy narsalarga o‘ralashib qolishmaydi va oddiy hayotdan zavqlanishadi: masalan, itni silash, daraxt soyasida dam olish yoki choy ichish. Baxtli insonlarni quyidagi belgilar orqali taniy olasiz:


- Yangi narsalarni o‘rganishga qiziqadi

- Kamtar va sabrli

- Ko‘pincha tabassum qiladi va kuladi

- Har qanday vaziyatga moslashadi

- Rahm-shafqat ko‘rsatadi

- Minnatdor bo‘ladi

- O‘ziga g‘amxo‘rlik qiladi

- Sog‘lom munosabatlar o‘rnatadi

- Boshqalar uchun xursand bo‘ladi

- Berib va olganida qiynalmaydi

- Hayotda ma’no va maqsad bilan yashaydi

- Juda ko‘p narsa kutmaydi

- Yomon gapirmaydi va kimlargadir qasos ko‘zlamaydi

- Kichik ginalarni unutadi

- Kecha yoki ertangi kun haqida qayg‘urmaydi

- Hiyla ishlatmaydi

- O‘zini qurbon yoki jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatmaydi

- Baxtini hech kimdan qizg‘anmaydi

Baxt haqidagi afsonalar(miflar)

Odamlar ko‘pincha baxtni aniq bir narsaga bog‘lashadi, masalan, mukammal turmush o‘rtog‘ini topish yoki ma’lum bir daromadga erishish. Ammo, ilmiy tadqiqotlar ko‘rsatishicha, insonlar yangi holatlarga tezda moslashadi va bu ularga faqat vaqtincha quvonch keltiradi. Yangi munosabatlar yoki daromadga ko‘nikkanidan so‘ng, inson baxt darajasiga qaytadi va yana boshqa maqsadlarga intila boshlaydi. 

Moliya jihatidan olib qaraganda, baxtga erishish uchun ideal yillik daromad $60,000 dan $95,000 gacha ekanligi aniqlandi. Bu daromaddan yuqori bo‘lganlar uchun qo‘shimcha baxt keltirmaydi. Masalan, $150,000 topgan odam kamroq daromad qilgan kishidan ko‘ra baxtliroq bo‘lmasligi mumkin.

Baxt haqidagi noto‘g‘ri tushunchalarga quyidagilar kiradi:

- "Men boy va muvaffaqiyatli bo‘lganimda baxtli bo‘laman."

- "Mukammal inson bilan turmush qursam, baxtli bo‘laman."

- "Orzularimdagi ish meni baxtli qiladi."

- "Munosabatlarim buzilganida baxtli bo‘lolmayman."

- "Bu tashxisdan hech qachon qutulolmayman."

- "Hayotimning eng yaxshi yillari ortda qoldi."

Ijobiy psixologiya

Ijobiy psixologiya insonni gullab-yashnashiga yordam beradigan psixologiyaning bir sohasidir. U insonlar qanday qilib ijobiy his-tuyg‘ularni boshdan kechirishlari, haqiqiy munosabatlar o‘rnatishlari, oqimda bo‘lishlari va maqsadlariga erishishlari mumkinligini o‘rganadi.

Pensilvaniya universiteti psixologi Martin Seligman boshchiligida bu harakat psixologiyaning o‘ziga xos burilishini talab qildi – kasallik va muammolar o‘rniga o‘sish, ma’no va mamnuniyatni o‘rganishga qaratildi.

Baxtning umr davomida o'zgarishi

Har bir insonning o‘ziga xos hayotiy tajribalari bor va baxtga bo‘lgan tajribasi ham shunga qarab farqlanadi. Shunga qaramay, olimlar hayot davomida baxt darajasining o‘rtacha tendensiyalarini o‘rganib chiqdilar. Baxt va mamnuniyat yoshlikda yuqori bo‘lib, o‘smirlik davridan o‘rta yoshlarga qadar pasayadi, so‘ngra keksalikda yana ortadi.

20 yoshda odamni baxtli qilgan narsa, 80 yoshda unchalik muhim bo‘lmasligi mumkin. Shuningdek, keksalikda insonni baxtli qiladigan narsalar, yoshligida unchalik ahamiyatga ega emasdek tuyulishi mumkin. Hayot davomida baxt keltiradigan narsalarni kuzatib borish va qayta baholash kerak.

Baxt va sog‘liq

Sog‘liq va baxt bir-biriga chambarchas bog‘liq. Sog‘lig‘iga e’tibor berish baxt va farovonlikni oshirishi aniqlangan. Sog‘lom ovqatlanish, jismoniy mashqlar qilish, yetarlicha uxlash va boshqa sog‘lom odatlar hayotdan ko‘proq rohatlanishga yordam beradi.


Tarjimon: Nurbek Mirzausmonov

Muharrir: Ilg’ar Tojiyev

Manba: Happiness | Psychology Today

2 ta izoh:

Izoh qoldirish