Nvidia: $600 milliardlik jang

2025-yil 20-yanvarda Donald Trumpning inauguratsiya marosimida Nvidia bosh direktori Jensen Huang ishtirok etmadi, lekin marosimdan oʻn kun oʻtgach Oq Uyda Tramp bilan maxfiy uchrashuv oʻtkazdi. Ushbu uchrashuv Xitoyning «DeepSeek» kompaniyasi tomonidan chiqarilgan yangi AI(su’niy intelekt) modellari tufayli Nvidianing bozor qiymati 600 milliard dollargacha tushib ketganidan keyin boʻlib oʻtdi. Biroq kompaniya keyingi haftalarda yoʻqotgan qiymatining katta qismini qaytarishga muvaffaq boʻldi. 26-fevralda eʼlon qilingan hisobotlarga koʻra, Nvidianing choraklik sotuvi 78% ga oshib, 39 milliard dollarni tashkil etdi. Daromad koʻpayishi bilan birga yalpi foyda marjasi (sotuvdan tushgan mablagʻning xarajatlar chiqarilgandagi qoldiq foizi) biroz pasayganligi qayd etildi.


AQSH hukumati Xitoyning AI sohasidagi rivojlanishini sekinlashtirish uchun qatʼiy choralar koʻrmoqda. Jo Bayden maʼmuriyati Xitoyga eng ilgʻor chiplar va ularni ishlab chiqaradigan uskunalar eksportini cheklab, shuningdek, Xitoydagi AI kompaniyalariga amerikalik sarmoyalarni kamaytirishga urindi. Endi Trump maʼmuriyati ham eksport nazoratini kuchaytirish boʻyicha muzokaralar olib borayotgani xabar qilinmoqda. AQSH Tijorat kotibi Hovard Lutnik «Nvidia chiplarini DeepSeek ishlata olmasligi kerak» degan qatʼiy pozitsiyani bildirdi. Hozirda Xitoyga sotuv Nvidianing umumiy savdosining 15% ini tashkil etadi. Morgan Stanley tahlilchisi Yozef Murning soʻzlariga koʻra, «DeepSeek taʼsiri tufayli qoʻshimcha eksport cheklovlari kutilmoqda».


Nvidia Xitoy bozorida oʻz pozitsiyasini saqlab qolish uchun avvalroq cheklovlarga moslashib, «h20» deb nomlangan kichikroq quvvatdagi GPU (grafik protsessor – AI hisob-kitoblari uchun asosiy qurilma) modelini ishlab chiqdi. Biroq SemiAnalysis konsalting firmasi mutaxassisi Dilan Patelning maʼlumoticha, kompaniya ushbu modelni ishlab chiqarishni toʻxtatmoqda. Nvidia rasmiylari «h20» ning AI sohasida cheklangan imkoniyatga ega ekanligini taʼkidlashgan boʻlsa-da, Xitoyda ushbu chipdan AI loyihalari uchun keng foydalanilayotgani haqida maʼlumotlar mavjud.


Trump maʼmuriyatining ikkinchi chorasi Xitoy firmalarining uchinchi davlatlar orqali GPU sotib olishini toʻsishga qaratilgan. Bayden maʼmuriyati tomonidan 2025-yil fevral oyida joriy etilgan «AI Diffusion Framework» (sunʼiy intellekt texnologiyalarini tarqalishini nazorat qiluvchi qoidalar) asosida Xitoyning chet el server fermalari orqali AI resurslariga kirishi cheklanishi mumkin. Agar qoidalar may oyida kuchga kirsa, koʻplab davlatlar eng ilgʻor GPU lardan foydalanishi cheklanib, ularni AQSH regulyatorlari nazoratidagi Amazon, Microsoft kabi bulutli hisoblash kompaniyalariga bogʻlanishiga toʻgʻri keladi. Nvidia ushbu qoidalarni «haddan tashqari regulyatsiya» deb tanqid qilib, ularning Amerikaning raqobatbardoshligini pasaytirishidan xavotir bildirdi. Kompaniya taʼkidlashicha, qatʼiy cheklovlar ittifoqchilarni Xitoyning Huaweiga qaram boʻlishiga olib kelishi mumkin.


Jensen Huang Tramp maʼmuriyati bilan aloqalarni mustahkamlashga harakat qilmoqda. U Ilon Mask kabi Trumpning yaqin doʻstlari orqali Oq Uydagi qarorlarga taʼsir oʻtkazishga umid qilmoqda. Maskning startapi «XAI» uchun Memfis shahrida qurilayotgan ulkan maʼlumotlar markazi Nvidaning GPU lariga boʻlgan talabni oshirish imkoniyatini beradi. Biroq AQSH-Xitoy munosabatlari keskinlashgani Nvidaning Xitoy bozoridagi faoliyatini qiyinlashtirmoqda. 2023-yilda Xitoyga sotuv kompaniya savdosining 20% ini tashkil etgan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich 15% ga tushib qoldi. Xitoy hukumati mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan choralar samarasiz boʻlib chiqqaniga qaramay, Nvidiani monopoliyaga qarshi tergovga tortgani ham maʼlum.


Nvidia global bozorda yetakchilikni saqlab qolish uchun «Blackwell AI» (sunʼiy intellekt tizimlari uchun yangi avlod chip arxitekturasi) kabi innovatsion mahsulotlarni joriy etmoqda. Biroq Xitoy bozoridagi noaniqlik, AQSH cheklovlari va Huawei kabi raqobatchilarning bosimi kompaniyani boshqa bozorlarga koʻproq eʼtibor qaratishga majbur qilmoqda. Investorlar AI ga boʻlgan talabning oʻsishiga ishonishsa-da, 21-fevralda TD Cowen tahlilchilari Microsoftning baʼzi maʼlumotlar markazlari loyihalarini toʻxtatgani haqidagi xabarlarni eʼlon qilishdi. Bu AI sohasidagi infratuzilma sarmoyalarining sekinlashishi mumkinligidan dalolat beradi. Shunga qaramay, Jensen Huang Nvidianing texnologik ustunligi va strategiyasi bilan bozorda yetakchilik rolini davom ettirishga ishonch bildirmoqda.


Tarjimon: Jurat Nortojiyev Manba: https://www.economist.com/business/2025/02/25/nvidia-is-fighting-both-trump-and-china

Izoh qoldirish