- 10:06 / 04.11.2024
- , Falsafa
Ekzistensializm - Hayotning mazmuni nima?

Janob Grin Tasavvur qiling, Grin ismli bir inson bor. Grin turli xususiyatlarga ega: u o‘qituvchi, er, ota, kollej bitiruvchisi va tibbiy bemor, va hokazo. Bu fazilatlarning ayrimlari muvaffaqiyat deb qaralishi, boshqalari muvaffaqiyatsizlik yoki hayotdagi noxush hodisalar sifatida ko‘rilishi mumkin. Lekin Grin faqatgina shulardan iboratmi? Ekzistensializm falsafasiga ko‘ra, bu tasvirda nimadir yetishmayapti. Ekzistensialistlar aytadiki, insonlar, boshqa mavjudotlardan farqli o‘laroq, shunchaki faktlar yig‘indisi emas, balki o‘zini anglaydigan, turmush kechiradigan, qayg‘uradigan va ongli mavjudotlardir. Daraxtlar, dengiz qushlari yoki baliqlar ham tirik mavjudotlar, ammo ular biz kabi hayot kechirmaydi. Ekzistensializm bizning o‘ziga xos hayotimiz va ichki dunyomiz haqidagi falsafiy ta’limotdir. Inson hayoti - davomiy ishlardan iborat jarayondir. Janob Grinning mavjudligi, o‘zini anglaydigan va qayg‘uradigan har qanday mavjudot singari, shunchaki hodisalar yig‘indisi emas. Ekzistensializm ushbu tushunchani qo‘llab-quvvatlaydi va qadriyatlar, haqiqat va bilimning ma’nosi haqida yangi qirralarni ochadi. Ushbu maqolada ekzistensialistlarning inson tabiati va mazmunli hayot kechirish borasidagi qarashlarini o‘rganamiz. Ko‘plab tarixiy va zamonaviy faylasuflar narsalarning qandayligi ularning mohiyati bilan belgilanadi deb hisoblashadi. Ya’ni, mohiyat narsalarning qanday bo‘lishini abadiy belgilaydigan omildir. Bu fikrni qo‘llovchilar, mohiyatni narsalarga mos keladigan yagona mezon deb tushunishadi. Masalan, stolning mohiyati uning qanday bo‘lishini belgilaydi, xuddi shuningdek, insonning mohiyati ham uning qanday bo‘lishini ko‘rsatadi. Bu tamoyillar Xudo tomonidan yoki jamiyat tomonidan belgilanishi mumkin. Martin Haydegger(1) aytganidek, biz kishi “qanday ish qiladi" deb gapirganda, ko‘pincha hech kimni nazarda tutmaymiz. Masalan, "bu ishni qanday qilish kerak" degan iborada belgilangan me’yorlar haqida so‘z yuritamiz. Ammo Haydegger bu fikrni hayotimizga tatbiq etmaslik kerakligini ta’kidlaydi: jamiyat me’yorlariga ko‘ra yashash majburiyatimiz yo‘q. Ekzistensializm esa bu g‘oyaga yangicha yondashib, hayotimiz o‘z xatti-harakatlarimiz bilan belgilanishini aytadi, ya’ni bizning fe’l-atvorimiz hayotimizga qarab shakllanadi. Janob Grinning qanday shaxs ekanligini tushunish uchun uning tug‘ilgan paytidagi holatini emas, balki hayotidagi tanlovlarini kuzatish kerak. Uning kimligi tanlovlari orqali belgilanadi va inson, ongli mavjudot sifatida, tanlov qilishni to‘xtata olmaydi. Agar men "endi tanlov qilmayman" desam, bu ham tanlov qilishdir. Tarixdagi mashhur ekzistensialistlardan biri bo‘lgan Jan-Pol Sartr(2) bu fikrni "mavjudlik mohiyatdan oldin keladi" degan qisqa fikr bilan ifodalaydi. Agar Sartr haq bo‘lsa va hayotimiz asosan o‘zimizga bog‘liq bo‘lsa, ekzistensialistlar kuchli erkinlik hissiga ega bo‘lishi kerak. Chunki bizni kimligimizni tashqi holatlar emas, tanlovlarimiz belgilaydi. Lekin agar Grinning taqdiri o‘z qo‘lida bo‘lsa va u hayotining mazmunini o‘zi belgilashi kerak bo‘lsa, qanday mezonlardan foydalanadi? Ekzistensialistlar o‘zlarining mustaqil me’yorlariga ega emasdek ko‘rinishi mumkin. Agar biz belgilangan me’yorlarga muvofiq yashasak, yana o‘sha oldindan belgilangan tamoyillarga mos kelgan bo‘lamiz. Me’yorlarni o‘zimiz belgilasak, qanday qilib bir me’yorni boshqasidan ustun qo‘yamiz? Ya’ni, tashqi me’yorlarga ega bo‘lmasdan, qanday yashash to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini qanday anglaymiz? Bu ekzistensializmda murakkab masala bo‘lib, ko‘plab ekzistensialistlarda ichki ziddiyat va ikkilanish tug‘dirgan. Javob shundaki, harakatlarimizni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini belgilovchi ichki mezonni topish mumkin, bu esa ekzistensialistlar tilida haqiqiylik deb ataladi. Janob Grin hayotining oxirgi yillarida qanday yashashni yoki vaqtini qanday sarflashni o‘zi hal qiladi. U tanlovini ikki usuldan biri bilan belgilashi mumkin: (i) u tanlovlarini tashqi ta’sirlar natijasi deb ko‘rishi, ya’ni o‘zida tanlov erkinligini ko‘rmasligi, yoki (ii) tanlovlarini o‘ziga bog‘liq deb ko‘rishi va ularni to‘liq o‘z zimmasiga olishi. Shunday qilgandagina Grin o‘zini anglaydi va haqqoniylikka erishadi. Aksincha, o‘z erkinligini inkor qilib, mas’uliyatdan qochish, ekzistensialistlar fikriga ko‘ra, soxtalikka olib keladi. Ekzistensialistlar, tashqi ko‘rsatmalarga qaramasdan, ichki qadriyatlar orqali harakatlarimizni to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini bilib olishimiz mumkinligiga ishonadi. Ekzistensializm bizga (i) asliyatmizni va (ii) qanday qilib ma’noli hayot kechirish mumkinligini anglashga yordam beradi.Mavjudlik mohiyatdan oldin keladi
Erkinlik va haqqoniylik
Xulosa
Ekzistensialistlarning qarashlari biz uchun ijobiy va salbiy oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin. Bir tomondan, bizning hayotimiz Xudo, jamiyat yoki tasodifiy holatlar tomonidan belgilangan emasligi yaxshi. Boshqa tomondan, mutloq erkinlik ortiqcha yuk bo‘lishi ham mumkin. Sartr aytganidek, "odam ozod bo‘lishga mahkum." Ya’ni, biz hech qachon erkin bo‘lishdan qochib qutula olmaymiz. Shunday qilib, biz ozod bo‘lishimiz kerak va erkinlik bizdan mas’uliyatni talab qiladi. Shu bois, o‘zimizni hech qachon mas’uliyatlardan ozod qilolmaymiz, kim bo‘lishimizni tanlash erkinligi va mas’uliyati doim o’z zimmamizda.
Izohlar:
1 - Martin Xaydegger (26 sentyabr 1889 – 26 may 1976) — nemis faylasufi bo‘lib, fenomenologiya, g‘oyashunoslik va ekzistensializmga qo‘shgan hissalari bilan eng ko‘p tanilgan. Uning ishlari ontologiya, texnologiya, san'at, metafizika, gumanizm, til va falsafa tarixi kabi keng qamrovli mavzularni o‘z ichiga oladi. U ko‘pincha 20-asrning eng muhim va ta'sirchan faylasuflaridan biri sifatida hisoblanadi, ayniqsa, kontinental an'anada.
2 - Jan-Pol Sharl Aymar Sartr (21 iyun 1905 – 15 aprel 1980) — fransuz faylasufi, dramaturg, romanchi, ssenarist, siyosatda faol, biograf va adabiy tanqidchi bo‘lib, 20-asr fransuz falsafasi va marksizmin asosiy shaxslardan biri sifatida qaraladi. Sartr ekzistensializm (va fenomenologiya) falsafasining muhim shaxslaridan biri edi. Uning ishlari sotsiologiyaga, tanqidiy nazariyaga, post-kolonial nazariyaga va adabiyotshunoslikka ta'sir ko'rsatdi. U 1964-yilda Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi, garchi u bu mukofotni rad etishga harakat qilgan bo‘lsa-da, u har doim rasmiy mukofotlardan voz kechganini va "yozuvchi o‘zini institutga aylantirishga yo‘l qo‘yishi kerak emas" deb aytgan.
Tarjimon: Nurbek Mirzausmonov
Muharrir: Xonzoda Muxtorova
Manba: Existentialism - 1000-Word Philosophy: An Introductory Anthology
Izoh qoldirish