- 11:38 / 18.11.2024
- , Siyosat
Empirik Siyosatshunoslik Nima?

Empirik siyosatshunoslik – bu siyosiy tizimlarni va hodisalarni amaliy tadqiqotlar va ma'lumotlar asosida o‘rganish. U faktlar, statistikalar va haqiqatga asoslangan tahlillar yordamida siyosiy jarayonlarni tushunishga harakat qiladi. Empirik siyosatshunoslik Normativ siyosatshunoslikdan farqli o‘laroq, empirik siyosatshunoslik "nima bo‘lishi kerak" emas, balki "nima mavjud" degan savolga asoslanadi. U siyosatning real dunyosini tasvirlashga intiladi va bunda bashorat qilinishi mumkin bo‘lgan hamda o‘ziga xos jihatlarni farqlaydi. Empirik siyosatshunoslik siyosiy hodisalarni tushuntirish va kelajakni bashorat qilishga harakat qiladi. Empirik siyosatshunoslik faktlarning mavjudligini ta’kidlaydi: haqiqiy, asl va tekshirish mumkin bo‘lgan faktlar. Empirik savollar dalillar asosida javob beriladigan savollardir. Nomzod olgan ovozlar soni empirik masala hisoblanadi: ovozlarni sanash mumkin. Har bir nomzodga berilgan haqiqiy ovozlar sonini aniq hisoblash qiyin bo‘lishi mumkin. Turli hisoblash usullari bir-biridan ozgina farq qiladigan natijalarga olib kelishi mumkin, ammo aslida to‘g‘ri raqam mavjud bo‘ladi. Biror fakt to‘g‘risida bahs yuritish mumkin. Haqiqiy faktlarning qanday ekanligiga yoki dalillar nimani ko‘rsatayotganiga nisbatan chindan ham noaniqlik bo‘lishi mumkin. Ba’zan faktlarni to‘plash nihoyatda mushkul vazifa. Koinotda begona mavjudotlar bormi? Bu tajribaga asoslangan savol. Koinotda begona mavjudotlar yo bor, yo yo‘q. Ayrim tadqiqotchilar koinotda begona mavjudotlar haqiqatan ham mavjudligini isbotlovchi dalillar borligini ta’kidlashadi, biroq ularning dalillari umumiy yoki keng miqyosda tan olinmagan. Ammo, bu bahsning bir tomoni to‘g‘ri, ikkinchisi esa noto‘g‘ri. Hozircha dalillar qaysi tomon haq ekanligini uzil-kesil aniqlab bergani yo‘q. Rossiya hukumati Amerika saylovlariga aralashishga urinmoqdami va agar shunday bo‘lsa, uning aralashuvi natijaga ta’sir o‘tkazadimi? Savolning birinchi qismiga javob berish qiyin (ammo imkonsiz emas), chunki bir davlat boshqa mamlakatning ichki ishlariga aralashganda, buni yashirin tarzda amalga oshirishga harakat qiladi. Sirlarni ochib tashlash oson emas. Biroq savolning ikkinchi qismi, ya’ni aralashuv natijaga ta’sir ko‘rsatadimi, degan savolga javob berish deyarli imkonsiz. Saylov natijalariga ko‘plab omillar ta’sir qilgani sababli, qaysi alohida omillar ahamiyatli farq yaratganini aniqlash g‘oyat murakkab vazifa hisoblanadi. Shunday qilib, yaxshi niyatli odamlar orasida faktlar haqida kelishmovchiliklar bo‘lgan empirik bahslar mavjud. Biroq, ko‘p hollarda odamlar dalillar ko‘rsatayotgan narsani tan olishni istamaydilar va faktlar isbotlayotgan narsaga ishonishni xohlamaganlari sababli, dalillar haqiqat bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidlaydilar. Odamlar ko‘pincha motivatsiyalangan fikrlash usulidan foydalanadilar: avvalo "Qurolga nazorat bizni xavfsizroq qiladi" yoki "Qurolga nazorat bizni kamroq xavfsiz qiladi" kabi fikrni haqiqat deb qabul qiladilar-da, keyin bu ishonchni qo‘llab-quvvatlovchi dalillarni izlaydilar va unga zid bo‘lgan ma’lumotlarni rad etadilar. Boshqa holatlarda, shaxslar va manfaatdor tomonlar faktlarni bilishsa-da, shaxsiy manfaatlari tufayli ularni inkor etishga harakat qilishadi. Masalan, nikotinning giyohvandlik xususiyatiga ega ekanligi va inson salomatligiga zararli ta’siri haqidagi dalillar aniq-ravshan. Shuningdek, yirik tamaki ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, ya’ni "Katta Tamaki" deb nomlanuvchi korporatsiyalar, bu faktlarni ko‘p yillar davomida inkor etib kelganligi ham shubhasiz. Chunki ularni tan olish kompaniyalarning foydasiga putur yetkazishi mumkin edi. Sobiq prezident Donald Tramp va uning ko‘plab tarafdorlari 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganini hamda prezident Jo Bayden faqat keng ko‘lamli saylovchilar firibgarligi tufayli g‘olib deb e’lon qilinganini ta’kidlab kelmoqda. Baydenning g‘alabasi firibgarlik natijasi ekanligini isbotlashga qaratilgan barcha urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi: Trampning da’volarini tasdiqlash uchun hech qanday dalil topilmadi. Bunday da’volar hamon davom etayotganining sababi shundaki, ba’zi shaxslar dalillarni qabul qilishni xohlamaydi, boshqalar esa bu dalillarning haqiqiyligini inkor etishdan manfaat ko‘rmoqda. Empirik siyosatshunoslik mavjud dalillarga asoslanib, yuqori ma’lumotli yoki yuqori daromadli shaxslarning ovoz berishga ko‘proq moyil ekanligini aniqlashi mumkin. Biroq, empirik siyosatshunoslik bu holatning yaxshi yoki yomonligi haqida fikr bildirmaydi; bu me’yoriy baho bo‘lardi. Empirik siyosatshunoslar ta’lim, daromad va ovoz berish o‘rtasidagi bog‘liqlikni shunday izohlashlari mumkin: yaxshi ma’lumotli, farovon hayot kechiruvchi shaxslar o‘z fikrlarining ahamiyatli ekanligiga ko‘proq ishonishadi va shu sababli bu fikrlarni saylov qutichasida ifodalash ehtimoli yuqoriroq bo‘ladi. Shuningdek, bu siyosatshunoslar o‘z xulosalaridan foydalanib bashorat qilishlari mumkin: yuqori ma’lumotli yoki yuqori daromadli shaxs past ma’lumotli yoki past daromadli shaxsga qaraganda ovoz berishga ko‘proq moyil bo‘ladi. Bu topilmaga asoslanib, empirik siyosatshunoslar siyosatda kim qatnashishi kerakligi haqida hech qanday fikr bildirmaydilar."Kerak" tushunchasi bilan bog‘liq savollar me’yoriy siyosatshunoslik sohasiga taalluqlidir. Axloqiy xulosalarni faqatgina empirik ma’lumotlarga asoslanib chiqarib bo‘lmaydi. Masalan, bir guruh a’zolari boshqa guruhga nisbatan ko‘proq ovoz berishi, ularning ko‘proq ovoz berishga haqli ekanligini yoki hukumat siyosati kam ovoz beruvchilarga qaraganda ko‘proq ularning fikrlariga asoslanishi lozimligini anglatmaydi. Biroq, bu topilmadan empirik siyosatshunoslar umumiy xulosa chiqarishlari mumkin. Umumlashmalar odatda tipik holatlar, o‘rtacha natijalar va umumiy xulosalarga asoslanadi. Masalan, yosh kattalar odatda keksalarga qaraganda saylovlarda kamroq ishtirok etadilar. Bu har qanday yosh katta ovoz bermasligini yoki har qanday keksa albatta ovoz berishini anglatmaydi, balki bu fikrlar umuman olganda to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatadi. 1.10-rasm Empirik siyosatshunoslar fuqarolarning ovoz berish ehtimoliga yoshi, jinsi, etnik kelib chiqishi, ma'lumoti va boshqa omillar ta'sirini o'rganishi mumkin. (Kredit: Josh Tompson / Flickr tomonidan "Super Duper Seshanba", CC BY 2.0) Umumlashmalar tasvirlash, tushuntirish yoki bashorat qilishda foydali bo‘lishi mumkin, biroq ularning salbiy tomoni ham mavjud: stereotiplash. Agar dalillar AQShdagi siyosiy konservatorlar immigratsiyaning yuqori darajalariga qarshi ekanliklarini ko‘rsatsa, bu har bir konservator aynan shu fikrga ega ekanligini yoki konservativ bo‘lish uchun albatta shu fikrni qo‘llab-quvvatlash lozimligini anglatmaydi. Agar ma’lumotlar abort huquqi tarafdorlari asosan ayollar ekanligini ko‘rsatsa, bundan barcha ayollar abortni erkinlashtirish tarafdori yoki hech bir erkak bunday emas, degan xulosani chiqarib bo‘lmaydi. Umumlashmalardan foydalanishda ular alohida shaxslarni emas, balki guruhlarni tavsiflovchi ekanligini yodda tutish muhim. Bular me’yoriy emas, empirik bayonotlardir: ularni o‘z-o‘zidan ayblash yoki maqtash uchun qo‘llab bo‘lmaydi. Empirik siyosatshunoslik bashoratlar qilishda qo‘llanilishi mumkin, ammo bu bashoratlar xatolarga moyil bo‘ladi. Masalan, siyosatshunoslik bilimi saylov natijalarini oldindan aytishda foydali bo‘la oladimi? Ha, albatta. Kimning ovoz berish huquqi borligi, ovozlar qanday berilishi va turli toifadagi saylovchilarning nomzodlar yoki saylov byulletenidagi siyosiy tanlovlar haqidagi qarashlari to‘g‘risidagi qoidalarni hisobga olgan holda, siyosatshunoslik bilimi saylov natijalarini bashorat qilishda yordam berishi mumkin. Biroq bashoratlarimiz noto‘g‘ri chiqishi ehtimoli bor. Ehtimol, odamlar kimga ovoz berishni rejalashtirganliklarini to‘g‘ri aytishmagan bo‘lishi mumkin. Yoki ovoz beraman degan kishilar aslida saylovga kelishmagan bo‘lishi ham mumkin. 2016-yilda ko‘pchilik siyosiy so‘rovlar Hillari Klinton AQSh prezidenti etib saylanishini bashorat qilgan edi. So‘rovchilar kutganidek, Klinton haqiqatan ham xalq ovozlarining ko‘pchiligini qo‘lga kiritdi, biroq Donald Tramp so‘rovchilarning taxminlariga zid ravishda saylovchilar kollegiyasi ovozlari bo‘yicha g‘alaba qozondi. Siyosatshunoslik mukammal fan bo‘lmasa-da, u o‘z xatolaridan saboq chiqarishga va ularni tuzatishga intiladi. Ushbu maqoladagi ko‘plab atamalar, masalan "amaldagi shaxs" atamasi, asosan siyosatshunoslik o‘rganishida muhim ahamiyat kasb etadi. "Ceteris paribus" kabi boshqa atamalar esa ilmiy usuldan foydalanuvchi turli xil tadqiqot sohalarida qo‘l keladi. "Ceteris paribus" iborasi "boshqa barcha sharoitlar o‘zgarmagan holda" deb tarjima qilinadi. Agar siyosiy nomzodning millati uning lavozimga saylanish ehtimolini belgilamasa, boshqa barcha omillar teng bo‘lgan holatda, ya’ni faqat ikkita nomzod bo‘lib, ular millatidan tashqari barcha muhim jihatlarda (masalan, yoshi, tajribasi, saylovoldi tashviqotini moliyalashtirish qobiliyati) bir xil bo‘lsa, nomzodning millati o‘z-o‘zidan saylov natijasiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Ammo real hayotda "boshqa barcha narsalar" deyarli hech qachon teng bo‘lmaydi. Jamiyatlarimizda boylik, salomatlik, ta’lim va boshqa resurslar bo‘yicha tengsizliklar mavjud bo‘lgan darajada, bu tengsizliklar o‘zaro bog‘liq bo‘lish tendensiyasiga ega. Masalan, boylik va salomatlik o‘zaro aloqador, chunki badavlat odamlar odatda yaxshiroq sog‘liqqa ega bo‘lsa, kambag‘allar ko‘pincha yomonroq sog‘liqqa ega bo‘ladi. Amerika Qo‘shma Shtatlarida oq tanlilar, o‘rtacha hisobda, rangli odamlarga nisbatan ko‘proq boylikka, yaxshiroq salomatlikka, yuqoriroq ta’lim darajasiga va boshqa ijtimoiy resurslarga ega bo‘lish tendensiyasiga ega. Bu har bir oq tanli odam boyroq va sog‘lomroq degani emas, balki ular o‘rtacha va umumiy ma’noda shunday bo‘lish ehtimoli yuqoriroq. Empirik siyosatshunoslik va siyosiy falsafa (yoki me’yoriy siyosatshunoslik) tadqiqotning alohida yo‘nalishlari hisoblanadi. Ammo bu ular o‘zaro zid, biri ikkinchisidan afzal yoki siyosatshunoslar o‘z izlanishlarida faqat bittasidan foydalanadi, degani emas. Agar empirik tadqiqotlar siyosiy jarayonda ayrim guruhlar tizimli ravishda noqulay ahvolda ekanligini aniqlasa, tadqiqotchilar bu kamchiliklarning zararli yoki noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlab, ularni kamaytirish yoki bartaraf etish lozimligi haqida axloqiy asoslar keltirishi mumkin.Empirik tadqiqotlar ko‘pincha me’yoriy g‘oyalardan ilhomlanadi. Inson huquqlari yaxshiroq himoya qilinishi kerak deb hisoblovchilar huquqlarni himoya qilishni cheklovchi siyosiy omillarni tushunish maqsadida izlanishlar olib borishlari mumkin.Empirik siyosatshunoslik nima?
Tarjimon: Asadbek Jumaboev
Siyosat Bo’limi Lideri: Sardor Xamdamov Manba: https://openstax.org/books/introduction-political-science/pages/1-5-normative-political-science
Izoh qoldirish