Falsafiy Idrok O'zi Nima Degani?

Falsafiy Idrok Degani Nima O'zi? (Va Buni Qanday Amalda Qo'llash Mumkin)


Falsafiy idrokni rivojlantirish tanqidiy fikrlashni o’stirish, dunyo qarashni kengaytirish va hayotdan chuqurroq ma’no izlash uchun juda muhim bo’lgan narsa hisoblanadi.


Rasm muallifi: Viktoriya Sus

 


Hayotimizning noaniq va murakkab paytlari yo‘limizni yo‘qotmasligimizda eng kuchli vositalardan biri ham shu - falsafiy idrok. Falsafiy idrok mavjudlik, asoslash, bilim va ishonch, yaxshilik, to‘g‘rilik, zaruriyat va haqiqat kabi masalalarga to‘xtalgani ham uchun tahliliy mantiq(analytical reasoning)danda chuqurroqdir.


Bu bizga ishonadigan narsalarimizni qayta ko‘rib chiqish, asoslanmagan farazlarga qarshi chiqish, muammolarni turli nuqtayi nazardan o‘rganish va boshqalar bilan uyg‘unlashadigan qadriyatlarni shakllantirish imkonini beradi


Falsafiy Idrokni O'zi Nimaligini Tushunish


"Masihning tirilishi", Paolo Veronese, 1580-yil, Manba: ART.UK


Tasavvur qiling: endi uyg‘ondingiz, chuqur nafas olasiz va nafas chiqarganingizda, ongingiz birdan ishga tushadi.


Siz xonada mavjudligingizni, yashayotgan dunyo bilan bog‘liqligingizni his qilasiz va tirik ekanligingizga ishonchiz komil bo‘ladi. Bu falsafiy idrok yo‘lidagi birinchi qadamingiz edi.


Tabriklayman! Agar siz bu maqolani o‘qiyotgan bo‘lsangiz, demak, tirik odam yoki yo‘qligizdan shubhalanishga hojat yo‘q. Ha, siz yashayapsiz, demak, siz falsafiy idrokka ega bo‘lish uchun allaqachon tanlab olindingiz.


Biroq falsafiy idrok shunchaki bu dunyoda bor ekanligingizni bilish emas. Tirik bo‘lish falsafiy idrokka ega bo‘lishdan butunlay farq qiladi, lekin agar siz buni o‘qiyotgan bo‘lsangiz, demak sizda allaqachon falsafiy idrok mavjud.


Falsafiy idrok hayotning sir-asrorlari haqida mulohaza yuritish va inson mavjudligining zamiridagi mavhum tushunchalarga chuqur kirib borishdir. “Xudo mavjudmi?”|yoki "O‘limdan keyin bizga nima bo‘ladi?" kabi savollar shunchaki havoyi o‘ylar emas, balki chuqurroq tushunishga intilayotgan qiziquvchan ongning belgisidir.


Gap shundaki, dono bo‘lish uchun hamma javoblarni bilishingiz shart emas. Eng muhimi, muhim savollarni berish va fikrlar haqida mulohaza yuritishdir. Darhaqiqat, falsafada shunaqa gap bor: haqiqiy donolik - bu siz qanchalik kam bilishingizni tushunishdir.


Diniy e’tiqodlar va urf-odatlar falsafiy idrokning ochiq bir ko‘rinishidir. Ular haqiqatni o‘rganish va hayotning qiyinchiliklari bilan kurashish uchun ma'lum qoliplar(ramkalar) taqdim etadi. Biroq, dinsiz yoki e’tiqodlardan uzoq odam ham falsafiy idrokini namoyon etadi va o‘zini boshqalardan farqli ravishda turli usullarda ifodalaydi.


Kimdir Aristotel yoki Dekart kitoblariga sho‘ng‘ish orqali, yoki san’at, she’riyat va musiqaning go‘zalligi va ahamiyati haqida mulohaza qilib, falsafani o‘rganishi mumkin.


Kuchli falsafiy idrokka ega bo‘lgan insonlar dunyoga chuqur qiziqish bilan boqadilar va insoniyat bilimlarining kengliklarini o‘rganishga doimo shay bo‘ladilar. Falsafiy jihatdan idrokli bo’lgan odamlar masalaga murakkab yondasha olishadi va o‘zlarining kamchiliklaridan xabardor bo‘lishadi.


Falsafiy Idrokning Unsurlari



Doktor Gachet portreti, Vinsent van Gog, 1890-yil, Manba: Wikimedia Commons


Falsafiy idrokning rivojlanishi bir qancha muhim omillarga bog'liq. Bularning har biri mantiqiy fikrlash qobiliyatimizni rivojlantirishda yoki odamlardagi qiziquvchanlikni rag‘batlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu qiziqish borliq haqida yanada chuqurroq savollar berishga yo‘naltirilishi mumkin.


Asosiy unsurlardan ba'zilari:


O'zini Tahlil Qila Olish Qobiliyati (Metacognition)


Ushbu ko‘nikma o‘z harakatlarini tahlil qilish va ularni ajratib ko‘rsatish qobiliyatini rivojlantirib, qadriyat shakllanishiga yordam beradi va shaxs sifatida hamda jamiyat orasida oqilona fikrlashini kuchaytiradi.


Kimdir bu ko'nikmani qo'llab, metakognitiv tarzda fikrlay boshlasa, u kishi o‘z qadriyatlarini qaytadan ko‘rib chiqadi. So‘ngra, mavjud sabablar qanchalik kuchli yoki ahamiyatli ekanini baholab, uning qadriyatlariga mos keladimi-yo‘qmi, shu haqida o‘ylaydi.


O‘z-o‘zini tahlil qila olish qobiliyati bizning fikrlovchi jonzotlar sifatida moslashuvchanligimizni oshiradi. Bu esa xulosa chiqarish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarga nisbatan sezgirroq bo‘lishimizga yordam beradi.


Masalan, “Haqiqat o'zi nimada?” yoki "Bizning o'z irodamiz bormi?" kabi abadiy hamda falsafiy savollarga javob qidirish bizni o'z javoblarimizning asosidagi farazlarni qaytadan idrok etishga undaydi. Shunday qilib, ularga befarq bo‘lib qolmaymiz.


Tanqidiy Fikrlash



Falsafiy idrokning eng asosiy unsurlaridan biri tanqidiy fikrlashdir. Bu biror ma’lumotni diqqat bilan, neytral munosabatda va chuqur fikrlash orqali tahlil qilishni anglatadi.


Bundan tashqari, tanqidiy fikrlash farazlarni so‘roq qilish, dalillar izlash, ularni baholash va o‘lchashni anglatadi. Bu, faqat asosli xulosalar chiqarish, ularni haqiqiy empirik (amaliy) dalillarga tayangan holda qabul qilish va qaror chiqarishdan oldin qarshi fikrlarni ham ko‘rib chiqishni talab qiladi.


Bunga tabiatning murakkabligi bilan bog‘liq empirik dalillarga asoslanib, Xudoning mavjudligi haqida dalil keltirayotgan kishini misol sifatida ko‘rsatishimiz mumkin.


Tanqidiy fikrlovchi kishi o‘z fikrining empirik asoslarini, boshqa shaxsning fikrida mantiqiy xatoliklar bor-yo‘qligini tekshiradi va xulosaga kelishdan oldin qarshi fikrlarni sinchiklab o‘rganadi.


Epistemologik Mulohaza


Sferalar Galateyasi, Salvador Dali, 1952-yil, Manba: Arthur.io


Epistemologiya (bilish nazariyasi) - bilimni qanday olamiz va bilimga ega ekanligimizga ishonishimizga nima asos bo‘lishini o‘rganadigan sohadir. Biror narsaning rostligini tasdiqlovchi fikrlarga duch kelganimizda, epistemologiya bizni "Bu rostan ham to‘g‘rimi?" va"Shundayligini qayerdan bilamiz?" deb so‘rashga undaydi.


Misol uchun, ikki do‘stimiz ob-havo o‘zgarishi masalasida bahslashayotganini eshitib qoldik deylik. Bunday holda, epistemologiya bizni ularning fikrlarini asosini so‘rashga va ushbu masala haqida ma’lumotli qaror qabul qilishga undaydi.


Nazariy Tahlil



Odatda, falsafiy yondashuvlar murakkab nazariyalarni tahlil qilib, ularning ma'nosi va ta'sirini aniqlash orqali tanqidiy tushunchalarni rivojlantirishni o'z ichiga oladi.


Nazariy tahlil bizga tushunchalarni ularning mantiqiy munosabatlari, lingvistik(tilga oid) tafsilotlari va dastlabki g‘oyalarini tekshirish orqali aniqlashtirishga imkon beradi.


Aytaylik, biz "Yolg‘on gapirish axloqiy jihatdan to‘g‘rimi?" degan  savolga duch kelmoqdamiz. Nazariy tahlil yolg‘onni ta'riflashga, haqiqatni aytuvchi axloqiy nazariyalarni o‘rganishga va axloqiy baholashga ta’sir qiluvchi shart-sharoitlarni tekshirishga yordam beradi.


Falsafiy Idrokni Rivojlantirishning Ahamiyati


Doimiy o‘zgarishlar va sirtdan tushunishni talab qiladigan dunyoda falsafiy idrokning rivojlanishi muhim ahamiyatga ega bo‘lib qoldi.


Bunday idrok bizga mavjudlik, haqiqat, axloqiy me'yorlar va hayot mazmuni kabi asosiy savollarni chuqurroq o‘rganishga yordam beradi. Quyidagi sabablarga ko‘ra, falsafiy idrokni rivojlantirish juda muhimdir:


Yaxshiroq Tanqidiy Fikrlash


“Faylasuf”, Salomon Koninck, 1635-yil, Museo Del Prado


Falsafiy idrok bizning tanqidiy fikrlash qobiliyatimizni oshiradi. G‘oyalar, qarshi fikrlar va dalillarni baholash qobiliyatimizni yaxshilaydi.


Bundan tashqari, falsafiy idrok fikrlarimizni mantiqan tahlil qilishga, noto‘g‘ri fikrlar, tushunchalar va tasavvurlarni aniqlashda mahoratli bo‘lishimizga yordam beradi.


Shuning uchun, bu ko‘nikma bizning kundalik hayotimizda juda amaliy foyda keltiradi. Buning sababi, u siyosiy holatlarni tahlil qilishda yoki biz uchun eng muhim bo‘lgan qarorlarni qabul qilishda yordam beradi.


Misol uchun, agar biz oxirgi bosqichdagi o‘lim kasalligi uchun shifokor yordamida o‘z joniga qasd qilish haqida bahslashayotgan ikki do‘stning o‘rtasida tursak, kuchli falsafiy idrok bizga ikkita nuqtayi nazarning afzalliklari va kamchiliklarini mantiqiy ravishda ko‘rib chiqishga imkon beradi.


Shuningdek, bu axloqiy me’yorlarni amaliy talablar bilan solishtirishga va to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi.


Kengroq Dunyoqarash


Falsafiy jihatdan idrokli bo‘lish - bu o‘z nuqtayi nazarimizdan boshqa nuqtayi nazarlarni ko‘rib chiqishga va ularni o‘rganishga tayyor bo‘lishdir. Bu tor fikrlash haqida emas, nabalki intellektual ochiqlik haqida.


Bu insonning mavjudligi tabiati to‘g‘risida chuqur savollar berishga yoki jamiyatlar, millatlar va umuman global sivilizatsiya duch kelayotgan axloqiy muammolarni hal qilishga tayyorlikdir.


Bu savollarni berish orqali biz hayotga yuzma-yuz boqqan holda fikrlashni boshlaymiz.


Ekzistensialistik(mavjudlik) falsafasini o'rganish yoki "Hayotning ma'nosi nima?" kabi ekzistensial savollar bilan shug‘ullanish orqali bir shaxs nafaqat o‘z tushunchasiga, balki boshqa insoniy tajribalarga ham yaqinlashadi va turli madaniyatlardagi boy va xilma-xil qadriyatlar hamda normativ(me'yoriy) tizimlarni tushunishni boshlaydi.


Axloqiy Mulohaza



“Meditatsiya qilayotgan faylasuf”, Rembrandt, 1632-yil, Manba: Wikimedia Commons


Falsafiy idrok bizdan chuqur axloqiy mulohaza yuritishni, nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘riligi haqidagi tushunchalarimizni shubha ostiga qo‘yishni va ularni baholashni so‘raydi.


Bu bizdan tanqidiy fikr yuritishni va boshqalarga nisbatan harakatlarimizni boshqaradigan tamoyillarimizni sinchkovlik bilan o‘rganishni talab qiladi. Eng avvalo, o‘zimizning kimligimiz va nima tarafdori ekanligimiz haqida chuqur fikrlashimiz kerak.


Ishda bir axloqiy dilemma(og‘ir qaror - nimani tanlasangizam ham baribir ziyon ko‘rasiz) yuzaga keldi deylik: bir ishchi boshqa hamkasbining axloqsiz xatti-harakatini ko‘rib qoldi, endi bu haqida xabar berishga qaror qilishi kerak.


Falsafiy idrok odamga axloqiy qaror qabul qilish uchun axloqiy tushunchaga asoslanish qobiliyatini beradi. Bu, halollik kabi deontologik printsipni (axloqiy qoidalarni buzmaslik) tushunish bo‘ladimi yoki umumiy farovonlikni maksimal darajada oshirish, farqi yo‘q.


Zakovatni Oshirish

Falsafiy idrok vaqt o‘tishi bilan donolikka aylanadi, biz esa uni hayotdagi murakkabliklar va qiyinchiliklarni chuqur tushunish hamda bu bilimni amaliyotda qo‘llash qobiliyati sifatida qabul qilishimiz kerak. Donolik bizga nafaqat ishda duch keladigan axloqiy muammolarni o‘zimiz hal qilishda yordam beradi, balki bizga chidamlilik va matonatni ham beradi.

Donolik faqat injiqliklarimizni yengish yoki qisqa muddatli ko’ngilxushliklarga qarshi turishdan iborat emas. Bu bizga sabr-toqat, hamdardlik va kamtarlik kabi fazilatlarni rivojlantirishga ko‘maklashadi, va nafaqat o‘zimiz, balki jamiyat uchun ham foydali bo‘ladi.


Falsafiy Idrokni Amalda Qo’llash


Falsafiy idrok tug‘ma qobiliyat emas, balki amaliyot orqali rivojlantirish mumkin bo‘lgan ko‘nikmadir. Quyida falsafiy idrokni qanday rivojlantirish va qo‘llash yo‘llari ko‘rsatilgan:


1. Har xil yo’nalish va davrlarni o'qing


“O'rmonda kitob o'qiyotgan ayol”, Gyula Benczur, 1875 yil, Manba: Vengriya milliy galereyasi

Qadimgi falsafadan to zamonaviy mutafakkirlarning asarlarigacha bo‘lgan falsafiy g‘oyalarni o‘rganing. Ekzistensializm, utilitarizm yoki stoitsizm kabi falsafiy ta'limotlarni o’zingiz uchun kashf eting. 

Bu turli yo‘nalishlardagi asarlarni o‘qish murakkab g‘oyalarning chuqur mohiyatini tushunishga yordam beradi. Masalan, Suqrotning dialoglari yoki Dekartning "Meditatsiyalari"ni o‘rganish tanqidiy fikrlash qobiliyatingizni oshirishi mumkin.


2. Kundalik tajribalaringizni falsafiy nuqtayi nazardan tahlil qiling

O‘zingizga “Nega men shunday javob berdim?” yoki “Bu voqea odamlar haqida nimani o‘rgatadi?” kabi savollarni berib, hayotdagi oddiy vaziyatlarni falsafiy yondashuvda tahlil qiling. Shu yo‘l orqali siz o‘z fikrlaringiz va xatti-harakatlaringizdan saboq olishingiz mumkin. 

Masalan, avtobusda ikki notanish odamning bir-biriga yordam berishini ko‘rib, altruizm yoki insonning ijtimoiy tabiati haqida o‘ylab qolishingiz mumkin.


  1.  Fikrlash tajribalarini sinab ko‘ring


“Fransuz romanlari to'plami”, Vinsent van Gog, 1887, Manba: Vinsent van Gog muzeyi


Fikrlash tajribalari mavhum falsafiy tushunchalar yoki axloqiy dilemmani amaliy natijalarga bog‘lamasdan o‘rganish usulidir. Bu tanqidiy fikrlashni rivojlantirish va ichki sezgilarimizga asoslangan reaktsiyalarimizni qayta ko‘rib chiqishga imkon beradi. 

Masalan, “klassik tramvay dilemmasi”ni o‘ylab ko‘ring: siz to‘xtata olmaydigan tramvayni bir tanishingizni bosib o‘tishga yoki besh notanish odamni qutqarishga yo‘naltirishingiz kerak bo’ladi. Ushbu dilemma bizning axloqiy qarorlarimizni sinovdan o‘tkazadi.


  1.  Munozara guruhlariga qo'shiling

Falsafiy idrokni rivojlantirish uchun intellektual suhbatlarga kirishish juda muhim. Munozara klublari va falsafa guruhlariga qo‘shiling yoki qiziqarli mavzular va qarama-qarshi fikrlarning yetishmasligini muhokama qilish uchun onlayn forumlarda ishtirok eting. 

Turli e’tiqodlarga ega odamlar bilan hurmat doirasida munozaralarda qatnashish orqali siz mantiqiy fikrlaringizni rivojlantirishingiz va intellektual ufqingizni osongina kengaytirishingiz mumkin.

  1.  Falsafiy savollarga diqqat bilan qarang

Haqiqatning mohiyati, hayotning ma’nosi yoki Xudoning mavjudligi kabi chuqur savollarni o‘rganing. Bunday ekzistensial savollarni chuqur tahlil qilish tanqidiy fikrlashni va o‘z-o‘zini anglashni rivojlantiradi. 

Masalan, “Inson nima uchun mavjud?” yoki “O‘limdan keyin nima bo‘ladi?” kabi savollarni o‘ylash chuqur metafizik va ekzistensial mulohazalarga olib keladi.

  1.  Suqrotiy yondashuvni ko’paytirish

Suqrotiy yondashuv - bu taxminlarni sinchiklab ko‘rib chiqish, ma’noni topish uchun chuqurroq qazish va dalillarni aniqlashtirish jarayonidir. Qadimgi faylasuf Suqrot kabi bo‘ling va kuchli savollar berib, g‘oyaning mazmunini tushuning. 

Masalan, kimdir axloqiy da’vo qilsa sizga, siz undan asosiy tamoyillari yoki dalillarini tushuntirib berishini so‘rab, uning pozitsiyasini yaxshiroq tushunishingiz mumkin.


Nega Falsafiy Idrok Shunchalik Muhim? 



“Kutubxona”, Jeykob Lourens, 1960-yil, Manba: Smitson Amerika san'at muzeyi

Falsafiy idrok bugungi tez o‘zgarayotgan dunyo uchun bebaho boylikdir. U bilimni yuzaki emas, balki chuqurroq tushunishga yordam beradi va insonni borliq, haqiqat, axloq va ma'no kabi murakkab savollar bilan kurashishga undaydi.

Falsafiy idrokni rivojlantirish orqali biz tanqidiy fikrlash ko'nikmalarini o‘stiramiz, dunyoqarashimizni kengaytiramiz, axloqiy mulohazalarni chuqurlashtiramiz va donolikni shakllantirib, shaxsiy rivojlanishga erishamiz.

Bugungi kunda turli xil ma’lumot va qarashlarning ko‘pligi sababli falsafiy idrok bizga eng to‘g‘ri yo‘lni topishda yordam beruvchi muhim vositaga aylanadi.

Falsafiy idrok kengroq fikrlashni rag‘batlantiradi, shubhali savollar berishga undaydi va shu orqali chuqurroq tushunishga imkon beradi. Bundan tashqari, u hissiy qarorlardan ko‘ra, mantiq asosida qilingan aniq qarorlar qabul qilishda yordam beradi.

Boshqa so’z bilan aytganda esa, falsafiy idrok boshqalarning tajribalarini chuqurroq tushunishga yordam beradi, bu esa turli madaniyat va mafkuralarga ega odamlar bilan samarali munosabatlar o‘rnatishni osonlashtiradi.



Manba: https://www.thecollector.com/what-is-philosophical-intelligence-how-practice/


Tarjimon: Samandar Erkinjonov


Muharrir: Abdulboriyxon Bositxonov


Izoh qoldirish