Fitna nazariyalari


NASA Oyga birinchi parvozni soxtalashtirgani.


AQSh hukumati 11-sentyabr hujumlarini o‘zi uyushtirgani.


Dunyo bo‘ylab bolalar jinsiy savdosi tarmog‘ini boshqaradigan, shaytonga sig‘inuvchi pedofillardan iborat maxfiy siyosiy guruh ularga qarshi kurashayotgan Donald Trampga qarshi fitna uyushtirmoqda.


Ushbu da’volarning har biri "fitna nazariyasi" sifatida qoralangan. Ammo fitna nazariyalari aslida nima? Biz ulardan birortasini qachondir qabul qilishimiz kerakmi? Agar shunday bo‘lsa, qanday holatlarda? Ushbu maqolada mazkur savollarga qisqa va tushunarli javoblar topishingiz mumkin.


1. Fitna nazariyasi nima?

Birinchidan, fitna nima o’zi?

Fitnalar – bu kichik bir guruh odamlarning umumiy maqsadlariga erishish uchun kimlargadir qarshi amalga oshirilgan harakatlari yoki rejalari. Ushbu maqsadlar yovuz bo'lishi shart emas: Afrika Milliy Kongressi o'nlab yillar davomida Janubiy Afrikadagi aparteid rejimini ag'darish uchun fitna tuzdi – bu yaxshi maqsad.


Ikkinchidan, nazariyani qanday ta’riflay olamiz?

Umuman olganda, nazariyalar ma’lum bir (da’vo qilingan) faktlar yoki hodisalarni, odatda, ularning sabablarini aniqlash orqali tushuntirishga harakat qiladi. Yuqoridagi dastlabki ikki misol (oyga sayohat va 9-noyabr hujumlari) bu hodisalarni nima sababdan yuz bergani haqida da'vo qilib, tushuntirishga urinadi.


Ushbu ma'lumotlarni birlashtirganda, quyidagi ta’rifga erishamiz:

Fitna nazariyasi – bu kichik bir guruh odamlarning yashirincha amalga oshirgan harakatlari nuqtayi nazaridan ma’lum bir da’vo qilingan fakt yoki hodisani tushuntirish.

2. Umumiy noto‘g‘ri tushunchalar

Fitna nazariyalari ta’rifga ko‘ra ko‘pincha tabiatan mantiqsiz yoki noto‘g‘ri deb qaraladi. Biroq, ba’zi fitna da’volarining asoslari mavjudligi sababli, ta’rif fitna nazariyalarini muqarrar ravishda muammoli deb hisoblamasligi lozim. Biz taklif etayotgan ta’rifimiz buni aks ettiradi va ushbu keng tarqalgan noto‘g‘ri tushunchani to‘g‘rilaydi.


Darhaqiqat, ko‘pchilik odamlar ba’zi fitna nazariyalarini qabul qiladi - masalan, Watergate yoki 11 sentyabr hujumlarining al-Qoida tomonidan amalga oshirilganligi haqidagi da’volar. O‘ylab ko‘rsak, agar yaqinda ishtirok etgan kutilmagan voqea haqida birovlarga so‘zlab bergan bo‘lsangiz, siz bir guruh kishilarning yashirin harakatlariga ishora qilib hodisani tushuntirgan va shu tariqa, fitna nazariyasini ilgari surgan bo‘lasiz!


Fitna nazariyalari ko‘pchilik qabul qiladigan har qanday "rasmiy hikoya" yoki voqealar talqiniga doim ham zid bo‘lishi shart emas. Agar shunday bo‘lsa, fitna nazariyasi o‘z mohiyatini yo‘qotadi, masalan, rasmiy manbalar ziddiyatli ma’lumotlar berayotganda, rasmiy hisobot mavjud bo‘lmaganda yoki fitna nazariyasi rasmiy idoralar tomonidan qabul qilinganda.

3. Fitna nazariyalarini baholash

Demak, fitna nazariyalari ba’zan haqiqat ham bo’lib chiqishi mumkin, chunki ba’zida ularni haqiqat deya qabul qilish mantiqliroqdek. Lekin aynan qachon?


Fitna nazariyalari fitnaning mavjudligini da’vo qiladi. Fitnaga o‘z faoliyati haqida ma’lumotni ochib berayotgan yoki "gullab qo‘yayotgan" fitnachilar fitna nazariyasi uchun yaxshi dalil bo‘lardi. Biroq, kamdan-kam odamlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri fitnalarga aralashganini tan oladi, shuning uchun fitna nazariyalarida bunday qo‘llash kuzatilmaydi.


Ba’zilar muvaffaqiyatli fitnalar fosh bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Lekin bunday dalillarning yo‘qligi nazariyani topishga qaratilgan urinishlar muvaffaqiyatsiz bo‘lganda, uni zaiflashtiradi.  Fitna qanchalik kundalik hayotga ta’sir qiluvchi bo‘lsa, uning faoliyatini yashirin saqlash shunchalik qiyin. Odamlarni uzoq muddatli, murakkab loyihalarda birgalikda ishlashga jalb qilish qiyin - yashirin holda esa yanada mushkulroq.


Fitna nazariyalari ko‘pincha rasmiy ma’lumotlarda joylashtirilmagan yoki ziddiyatli faktlarni tushuntirishga da’vo qiladi. Biroq, ular kamdan-kam hollarda raqobatdosh nazariyalardan ko‘ra ko‘proq ma’lumotni izohlay oladi, chunki odatda o‘zlari moslashtira olmaydigan "noto‘g‘ri ma’lumotlar"ga duch keladi: masalan, 11-sentyabr haqidagi fitna nazariyalari odatda Usama bin Ladenning hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olayotgani tasvirlangan video mavjudligini tushuntira olmaydi. Shunday qilib, fitna nazariyalari ko‘pincha ko‘proq ma’lumotni qamrab ololmaydi.


Ular yagona sababga (ya’ni fitnaning maqsadiga) asoslanganlik tufayli, fitna nazariyalari raqobatdosh tushuntirishlardan oddiyroq ko‘rinishi mumkin - masalan, xalqaro erkin savdo kelishuvini ko‘plab raqobatdosh milliy manfaatlar o‘rniga rahbarlarning yashirin dunyo hukumatiga bo‘lgan istagi bilan izohlash.


Biroq, fitna nazariyalari ko‘pincha fitnaga asoslanmagan raqobatdosh tushuntirishlarga qo‘shimcha sabablar - fitnaga oid sabablar - qo‘shadi: masalan, "Pizzagate" fitna nazariyasiga ko‘ra, bolalar savdosi bilan shug‘ullanadigan gururhning faoliyati tufayli bolalar pitsa do‘konida bo‘lishgan. Bu bolalarning pitsa yeyish va fitnachi guruhning xatti-harakatlari uchun u yerda bo‘lganligini nazarda tutadi. Shunday qilib, bu fitna nazariyasi, boshqalari singari, aslida oddiy emas.


Ba’zilar muammolarni fitna nazariyalarida emas, balki kamdan-kam hollarda yangi bashoratlar qiladigan va muvaffaqiyatsiz bashoratlarni o‘z nazariyalariga maxsus o‘zgartirishlar kiritish orqali rad etishdan ko‘ra moslashtirish moyil bo‘lgan tarafdorlarida ko‘rishadi. Ba’zilar o‘z nazariyalarini saqlab qolish uchun fitna doirasini kengaytiradi: masalan, bir gazetaning maqolalari fitna nazariyasiga zid kelganda, ular gazeta xodimlarining ham fitnaga aloqador ekanligini xulosa qiladilar.


Ba’zi tanqidchilar fitna nazariyotchilarini ekspertlarga to‘g‘ri murojaat qilmaslikda ayblaydi, natijada ekspert xulosalariga zid bo‘lgan nazariyalar paydo bo‘ladi. Fitna nazariyachilari ko‘pincha o‘z ishonchsizliklarini mutaxassislar o‘zlari fitnaga aralashganini yoki bu fitnadan aldanganini da’vo qilish orqali oqlaydilar. Biroq, bu fitna ko‘lamini oshirishning yana bir usuli; bu uning ishonchliligini pasaytiradi.


Boshqa tanqidchilar mutaxassislarga ishonchsizlik fitna nazariyasining sababi emas, balki zararli oqibati deb ta’kidlaydilar. Biz bilganlarning aksariyati ekspertlar va jamoat muassasalaridan (masalan, hukumat, ommaviy axborot vositalari, ilmiy doiralar va kasb-hunar tashkilotlari) kelganligi sababli, fitna nazariyalarini qabul qilish bizni hayotiy bilim manbalaridan mahrum qiladi. Albatta, faqat bizning jamoat institutlarimizga keng ko‘lamli ta’sir ko‘rsatadigan fitnalarni keltirib chiqaradigan nazariyalargina bunday keng tarqalgan shubhalarni talab qiladi.


Xulosa qilib aytganda, fitna nazariyalari tabiatan irratsional yoki noto‘g‘ri bo‘lmasa-da, ularning oz qismi raqobatdosh nazariyalarga qaraganda yaxshiroq tushuntirishlar taklif qila oladi.

4. Nima uchun fitna nazariyalari?

Ko‘pchilik, shunga qaramay, fitna nazariyalarini qiziqarli deb biladi. Ular bizni "izlarni kuzatishga" va "o‘z-o‘zimiz uchun fikrlashga" undab, maxsus ta’lim yoki ekspert bilimiga ega bo‘lmaganlarga murakkab dunyoni tushunarliroq qilish va’dasini beradi. Ular yovuz niyatli kichik guruh muammoli hodisalarga sabab bo‘lgani haqida da’vo qilib, murakkab muammolarga sodda yechimlar taklif etadi.

Ularning qiziqarli jihatlariga qaramay, biz fitna nazariyalariga har qanday nazariya kabi yondashishimiz lozim - ya’ni ularning kuchli tomonlarini raqobatchi g‘oyalar bilan taqqoslash orqali. Keng ko‘lamli fitnalar kamdan-kam hollarda muvaffaqiyatli bo‘lgani sababli, ishonchliroq fitna nazariyalari cheklangan maqsadlarga ega fitnalarga murojaat qilib, kichikroq voqealar to‘plamini tushuntirishga harakat qilishi mumkin. Bu nazariyalar mutaxassislarning fikrlarini yetarli dalillar keltirmasdan turib ishonchsiz deb tanqid qilmasligi kerak.

Bugungi kunda ta’sir ko‘rsata oladigan fitna nazariyalaridan birortasi ushbu talablarga javob beradimi? Ehtimol, yo‘q.


Tarjimon: Nuriddin Habibullayev
Muharrir: Samandar Erkinjonov
Manba: Conspiracy Theories - 1000-Word Philosophy: An Introductory Anthology


1 ta izoh:

Izoh qoldirish