- 18:39 / 14.12.2024
- , Siyosat
Ilmiy Sotsializm, Burkealizm, va Diniy Ekstremizm

Siyosiy mafkurani rad etuvchi siyosiy mafkuralar: Ilmiy sotsializm, Burkeanizm va Diniy ekstremizm. Global mafkuraviy manzarani shakllantiruvchi xilma-xillik orasida siyosiy ideologiya konseptsiyasini rad etuvchi harakatlar ham mavjud. Bu harakatlar mafkuralarni chuqur muammoli deb hisoblashadi, garchi ularning o‘zi ham aslida bir turdagi mafkurani – ya’ni, ularning siyosiy faoliyatining asosida yotuvchi siyosat qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi g‘oyalar to‘plamini ifoda etsa-da. Marksizm va fanning ustuvorligi Marks 1845-yilda yozgan "Nemis mafkurasi" asarida jamiyatdagi hukmron iqtisodiy kuchlar inson ongini shakllantirishi mumkinligini ta’kidlaydi. Marks hukmron sinf o‘z hukmronligini abadiylashtirish uchun dunyoqarashlarni o‘ylab topadi, deb hisoblardi. Marksning fikricha, bu g‘oyalarning jozibasini yo‘qotish uchun sinchkov empirik kuzatuvlar va qat’iy tadqiqotlar zarur. Marksistlar, jumladan, Xitoy kommunistik partiyasi a’zolari qat’iy ijtimoiy fan bilan tasdiqlanmagan har qanday qarashni "mafkura" deb ataydilar. Shu sababli ham markschi va maochilar o‘z konsepsiyasini ko‘pincha ilmiy sotsializm deb ataydilar va "mafkuraviy" tafakkurni ilmiy voqelikka asoslanmagan mavhum tafakkur mahsuli deb bilib uni rad etadilar. Burkeanizm va ehtiyotkorlikning ustuvorligi Ingliz yozuvchisi Edmund Burk (1729–1797) g‘oyalari tarafdorlari, masalan, ingliz faylasufi Maykl Oukshot (1901–1990), keng doiradagi siyosiy qarashlarni, shu jumladan, marksizmni ham rad etadilar. Ular Burkning asarlaridan foydalanib, aqlga asoslangan siyosiy mafkuralar o‘zlarining ratsional dunyoqarashiga mos kelmaydigan narsalarni rad etish xavfini tug‘dirishini ta’kidlaydilar. Oukshotning fikriga ko‘ra, mafkuralar inson aqlining imkoniyatlarini haddan tashqari baholagani uchun ular vaqt sinovidan o‘tgan an’ana va odatlarni inkor etadi va siyosiy hayotning murakkabligini e’tiborsiz qoldiradi. Burk va Oukshotning izdoshlari innovatsiyalarning oqibatlarini asta-sekin va ehtiyotkorlik bilan sinab ko‘rib, ularni asrlar davomida mutafakkirlar tomonidan ishlab chiqilgan eng asosiy g‘oyalar bilan taqqoslash ancha xavfsizroq ekanini ta’kidlashadi. Ularning fikricha, insonning aql-idroki har doim ham murakkab siyosiy hayotni to‘liq anglay olmaydi. Shuning uchun, ular siyosatda katta o‘zgarishlarni asta-sekinlik bilan va ehtiyotkorlik bilan sinab ko‘rishni, tarix davomida shakllangan an'analarga amal qilishni afzal ko‘rishadi. Diniy ekstremizm va vahiyning ustunligi Aql va fan kelajakda siyosat qanday shakllanishi kerakligi haqida qanday xulosalar chiqarishi mumkinligini o‘ylab ko‘rar ekanmiz, nima uchun faqat tarix saboqlari bilan cheklanishimiz kerak? Tarix saboqlari haqiqatan ham bir ma’nolimi? Agar shunday bo‘lmasa, ular talqin qilinishni talab qiladi. Agar aql va fan izoh uchun yo‘l-yo‘riq bo‘la olmasa, u holda tarixiy ma’lumotlarni qanday vositalar yordamida talqin qilish mumkin? Shunday savollar ko‘pincha "diniy ekstremizm" deb ataluvchi siyosiy yondashuvning paydo bo‘lishiga olib keldi. Bu yondashuv cheklangan va xato qiluvchi inson ongiga vahiyning ochilishiga, ya’ni Xudo irodasiga tayanadi. Diniy ekstremistlar uchun vahiydan tashqaridagi barcha narsalar bo‘sh insoniy "mafkura" hisoblanadi. Ular uchun vahiy - siyosiy hayotning eng muhim savollariga aniq va yagona yo‘l-yo‘riq beradi. Diniy ekstremistlar dunyoviy siyosatni, ya’ni diniy tamoyillar hukumatni boshqarmasligi kerak degan qarashni rad etadilar. Myanmardagi buddist ekstremistlar rohinja musulmonlarini fuqarolik maqomini tan olmasliklari sababli mamlakatdan chiqarib yuborishdi. (Manba: “Rohingya Displaced Muslims” Seyyed Mahmoud Hosseini/Tasnim News Agency/Wikimedia Commons, CC BY 4.0) Diniy ekstremizm biror bir din bilan cheklangan emas. Masalan, yaqinda diniy ekstremizm Myanmardagi siyosiy ziddiyatlarda muhim rol o‘ynadi, u yerda buddist ekstremistlar Myanma yeri samoviy kuchlar tomonidan Budda izdoshlari uchun berilgan deb hisoblaydi va musulmon rohinjalarni begonalar deb biladi. U 1967-yilgi Olti kunlik urushda qo‘lga kiritilgan Isroil hududlarida ortodoksal yahudiy manzilgohlarining rivojlanishida ham muhim ahamiyat kasb etgan. Ba’zi nasroniylarga u soxta e’tiqod egalariga o‘rin bo‘lmagan va ularni kuch bilan siqib chiqarish mumkin bo‘lgan taqvodor saltanat tasavvurini uyg‘otdi. Bu, shuningdek, Afg‘onistonda yana hokimiyatni qo‘lga olgan musulmon toliblarni ham ruhlantiradi. Uning kuch-qudratini yetarli darajada baholamaslik xato bo‘ladi.
Izoh qoldirish