Jazolash nazariyalari

Muallif: Travis Jozef Rodjers, Valensiya kolleji, gumanitar fanlar, fakultet a'zosi

Jinoyatchilar jarima, jamoatchilik tanqidi, qamoq, o‘lim va boshqa jazo turlari orqali jazolanadi. Jazolash haqidagi falsafiy nazariyalar jazoni qanday asoslash mumkinligini, umumiy ma’noda ham, aniq jazo turlarini qanday oqlash mumkinligini o‘rganadi. Ko‘plab nazariyalar jazoning kelajakdagi ta’siri yoki o‘tgan voqealarga asoslangan dalillarga tayanadi. Ushbu maqolada ana shu nazariyalar batafsil ko‘rib chiqiladi.

1. Kelajakka qaratilgan nazariyalar

Kelajakka qarab tahlil qiluvchi jazo nazariyalariga ko‘ra, jazo kelajakda ijobiy natijalar olib keladigan bo‘lsa, o‘zini oqlaydi. Bunday natijalar turli nazariyalarda turlicha tushuntiriladi.

1.1. Taqdirlash nazariyalari

Jazolashning asosiy maqsadlaridan biri jinoyatchilik darajasini pasaytirishdir. Bunga erishish usullaridan biri jinoyatchilarni qo‘rqitishdir. Taqdirlash nazariyalarida jinoyatlarni kamaytirish yoki ularni takroran sodir etmaslik uchun jazolar qo‘llanadi. Bu nazariyalarga ko‘ra, jazolar jinoyat sodir etishning oldini olish yoki takroriy jinoyatlarning oldini olish orqali jinoyatchilikni kamaytirishga xizmat qiladi.

Jazolashning oldini olishda jazoning qanchalik samarali ekanligini aniqlash uchun jinoyatchiga yetkazilgan salbiy oqibatlarni ko‘rib chiqish muhimdir. Masalan, agar o‘g‘rilardan faqat o‘g‘irlangan buyumlarni qaytarish talab qilinsa, bu “jazo” juda yengil tuyulishi mumkin. Bunday holatda o‘g‘irlik ma’lum ma’noda “foydali” bo‘lishi mumkin: o‘g‘ri muvaffaqiyatga erishsa, buyumlarni qo‘lga kiritadi. Aks holda, deylik ushlansa, ularni shunchaki qaytaradi. Ammo jarima yoki qamoq jazosi o‘g‘irlikni kamaytiruvchi kuchli chora sanaladi.

Jazoning ushbu ta’siri - jazoning og‘irligi va jazolash ehtimoli bilan bog‘liqdir. Jazolash qanchalik og’ir va jinoyatchilarni qo‘lga olish hamda sud qilish tizimi qanchalik haqqoniy bo‘lsa, jazoning oldini oluvchi ta’siri shunchalik kuchayadi.

1.2. Reabilitatsiya nazariyalari

Reabilitatsiya(Jinoyatchini qayta tarbiyalash jarayoni) nazariyalari jinoyatchilikni kamaytirishga emas, balki jinoyat sodir etish ehtimoli kamroq bo‘lgan shaxslarni tarbiyalashga qaratilgan.

Ikki xil o‘g‘rini tasavvur qiling. Birinchisi o‘g‘irlikni o‘z kasbiga aylantirgan bo‘lsa, ikkinchisi qonuniy ish topish imkoniyati yo‘qligi va oziq-ovqat yetishmasligi tufayli o‘g‘irlaydi. Bunisi afsuslanadi, lekin baribir jinoyat sodir etadi. Birinchi holatda, reabilitatsiya tarafdorlari shaxsning xulq-atvori va qadriyatlarini yaxshilashni tavsiya etadi. Ikkinchi holatda esa, jazoni o‘tash jarayonida majburiy kasb-hunar yoki ta’lim olishni qo‘llash mumkin. Reabilitatsiya ko‘pincha ta’lim, tayyorgarlik, dori-darmon va terapiya yordamida amalga oshiriladi.

1.3. Maqsadga yo‘naltirilgan nazariyalarga nisbatan xavotirlar

Barcha maqsadga yo‘naltirilgan nazariyalar kutilayotgan natijalarga erishish uchun qanday manbalardan foydalanishni aniq belgilashi kerak. O‘lim jazosi va umrbod qamoq jazosi kabi qimmatli jazo choralari faqat samarali natija keltirgandagina asosli bo’lishi mumkin. Masalan, ba’zi qarashlarga ko‘ra, ayrim jinoyatchilarni o‘ldirish yaxshi samara berishi mumkin, chunki ba’zi shaxslar uchun reabilitatsiya umuman foydasiz bo’lishi mumkin.

Kelajakka yo'naltirilgan nazariyalarning eng asosiy muammosi shundaki, tavsiya etiladigan jazo jinoyatning og'irligiga "mos" bo'lmasligi mumkin. Misol uchun, agar jinoyatchining qayta jinoyat sodir etish ehtimoli past deb baholansa, og'ir jinoyat uchun ham yengil jazo belgilanishi mumkin. Aksincha, garchi arzimas jinoyat bo'lsa-da, agar qattiq jazolash jinoyatchilikning oldini olishda samarali deb topilsa, og'ir jazo tayinlanishi mumkin. Bundan tashqari, jinoyatchilarni yoki hatto aybsiz shaxslarni "boshqalarga saboq bo'lsin" deb o'ta qattiq jazolash ham bu nazariyalar uchun jiddiy muammoga aylanishi mumkin.

2. O’tmishga asoslangan nazariyalar

O’tmishga asoslangan nazariyalar jazoning sababini jinoyat qanday sodir etilganiga qarab aniqlaydi. Ko‘p nazariyalar jazoni jinoyatga “mos” yoki “o‘rinli” deb biladi. Retributivist (qasoschi) nazariyalar jazoni jinoyat uchun “qaytarish” sifatida ko‘radi. Restorativ (qayta tiklash) nazariyalar esa jabrlanuvchini jinoyatdan oldingi holatiga qaytarishga intiladi. Har ikki nazariya ham jinoyatning o‘ziga qarab “orqaga” yo‘naltiradi.

2.1. Qasos nazariyalari

Qasos nazariyalarining eng mashhur misoli - lex talionis (qaytarish qonuni) bo'lib, u "nima eksang, shuni o'rasan" tamoyiliga asoslanadi. Bu yondashuvga ko'ra, jazoning maqsadi dunyoni yaxshilash yoki jinoyatchilikni kamaytirish emas. Bunday ijobiy natijalar kelib chiqishi mumkin, albatta, lekin jazoning asosiy mohiyati - jinoyatchiga qilmishiga yarasha munosib jazo berishdir.

Bu nazariyaning eng zaif tomoni shundaki, ayrim jinoyatlarning zararini to'liq qoplab bo'lmaydi. Masalan, ko'plab odamlarni o'ldirgan qotilni bir marta o'ldirish bilangina adolat tiklanmaydi yoki tarixiy ahamiyatga ega noyob buyumni yo'q qilgan jinoyatchiga qanday "teng" jazo berish mumkin? Bundan tashqari, ba'zi jinoyatlar, ayniqsa jinsiy zo'ravonlik kabi hollarda, jinoyatga "mos" jazo berish g'oyasining o'zi axloqiy jihatdan mutlaqo nomaqbul hisoblanadi.

2.2. Qayta tiklash nazariyalari

O‘tmishga qarab yo‘naltirilgan boshqa bir nazariya - qayta tiklash nazariyasi bo‘lib, uning maqsadi jabrlanuvchiga yordam berishdir. Restorativ (qayta tiklash) nazariya jabrlanuvchini jinoyatdan oldingi holatiga qaytarishni maqsad qiladi. Bu nazariya aybdorni jabrlanuvchiga yordam berishga o‘rgatib, jabrlanuvchining jismoniy, ruhiy yoki moddiy holatini tiklashga qaratiladi.

Ba’zi zararlarni tiklash imkonsiz (masalan, qotillik qurbonlarining yaqinlari yo‘qotganlarini), va ba’zida zarar ko‘rgan shaxsni qayta tiklashning o‘zi adolatsiz bo‘lishi mumkin.

3. Xulosa

Ba’zi jazolash nazariyalari unsurlarini birlashtirish mumkin. Mumkin bo‘lganda reabilitatsiyani tavsiya qilishimiz, mumkin bo‘lmaganda esa ta’sir ko‘rsatishni afzal bilishimiz mumkin. Shuningdek, qasosdan tashqari tiklashni ham tavsiya qilishimiz mumkin. Bu yondashuvlar jinoyatchilikni kamaytirishga yordam beradi va jazoni adolatli tanlashga katta hissa qo‘shadi.


Tarjimon: Behruzbek Ulug’bekov

Muharrir: Samandar Erkinjonov

Manba: Theories of Punishment - 1000-Word Philosophy: An Introductory Anthology

Izoh qoldirish