- 08:07 / 28.11.2024
- , Siyosat
Kiber ma’lumotlar bilan bog‘liq maxfiylik muammolari

Amerika Qo‘shma Shtatlarida shtat va federal qonunlar shaxsiy kiber ma’lumotlarni, ya’ni elektron shaklda saqlanadigan ma’lumotlarni himoya qiladi. Onlayn foydalanuvchilar ko‘pincha Facebook va Twitter singari xususiy brauzerlar va ijtimoiy tarmoq platformalaridan foydalanadilar. Bu xususiy kompaniyalar foydalanuvchilarga maxfiylik darajasini tanlash imkoniyatini beradi. Biroq, xususiy korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan nazoratning ko‘payishi bilan bog‘liq muammolarga javoban, federal hukumat xususiy kompaniyalarda shaxsiy ma’lumotlarning saqlanishini tartibga solish uchun bir qator qonunlarni joriy etdi. Masalan, 1998-yildagi Bolalarning onlayn maxfiyligini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun (COPPA) ota-onalarga farzandlari haqida veb-saytlar qanday ma’lumotlarni to‘plashi mumkinligini nazorat qilish huquqini beradi. Yevropa mamlakatlarida esa bolalar haqidagi ma’lumotlar maxfiyligiga oid yanada qat’iyroq qonunlar mavjud. Yana bir maxfiylik masalasi - hukumatning shaxsiy kiber ma’lumotlarga kirish imkoniyati. AQSH davlat idoralarining xavfsizlik va milliy mudofaa manfaatlari yo‘lida bunday ma’lumotlardan foydalanish zarurligini asoslovchi dalillari uzoq vaqtdan beri AQSH Konstitutsiyasida kafolatlangan shaxsiy hayot daxlsizligi huquqiga zid kelmoqda. Hukumat jamiyat manfaati uchun ayrim ma’lumotlarga kirish huquqiga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. Fuqarolar esa raqamli shaxsiy ma’lumotlarining maxfiyligi To‘rtinchi tuzatishda aniq ko‘rsatilgan "uylar, hujjatlar va buyumlar" daxlsizligi bilan bir xil ekanligini, shu sababli hukumat bu raqamli ma’lumotlarni ko‘rish uchun asosli sabab ko‘rsatishi va sudyadan order olishi lozimligini ta’kidlashadi. Ular hukumatga qarshi chiqish va bu masalani ochiq sudda muhokama qilish huquqiga ega ekanliklarini aytishadi. Konstitutsiyasida maxfiylik huquqi mavjud bo‘lgan mamlakatlar shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligi masalasida bu huquqni har xil tarzda talqin qiladi. Yevropa Ittifoqi barcha a’zo davlatlari uchun amal qiladigan keng qamrovli ma’lumotlarni himoya qilish qonunlarini joriy etgan. Yevropa Ittifoqining Ma’lumotlarni himoya qilish umumiy reglamenti (GDPR) fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni faqat muayyan hollardagina yig‘ish yoki qayta ishlash mumkinligini belgilaydi. Bu qoidalar ham xususiy korxonalarga, ham davlat idoralariga nisbatan qo‘llaniladi. Ma’lumot yig‘ishga oid cheklovlar qat’iy talqin etiladi, bu esa shaxsga har tomonlama himoyani ta’minlaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Savdo va Taraqqiyot Konferensiyasi (YUNKTAD) o‘z a’zo mamlakatlaridagi shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligi masalalari va qonunlarini faol ravishda kuzatib bormoqda. YUNKTAD "iste’molchilarning xabari yoki roziligisiz shaxsiy ma’lumotlarni to‘plash, ulardan foydalanish va uchinchi tomonlarga uzatish" jiddiy muammoga aylanganini ta’kidladi. YUNKTAD Global Kiberhuquq Kuzatuvchisi 194 ta davlatning elektron bitimlar, kiberjinoyatchilik va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunlarini nazorat qiladi. YUNKTADning ma’lum qilishicha, 2022-yil fevral oyiga kelib, "194 mamlakatdan 137 tasi ma’lumotlar himoyasi va maxfiylikni ta’minlash uchun tegishli qonunchilikni joriy etgan." Xitoy konstitutsiyasida shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi mavjud bo‘lsa-da, Xitoy hukumati bu huquqni tor doirada talqin etish uchun ko‘plab sabablar topgan. Xitoy Xalq Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasi muloqot erkinligi va daxlsizligini kafolatlaydi. "Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolarining yozishmalar erkinligi va maxfiyligi qonun bilan himoyalanadi. Hech qanday tashkilot yoki shaxs, hech qanday asosda, fuqarolarning yozishmalar erkinligi va daxlsizligini buzishi mumkin emas. Faqat davlat xavfsizligi yoki jinoyatlarni tergov qilish ehtiyojlari tufayli, jamoat xavfsizligi yoki prokuratura organlari qonunda belgilangan tartibga muvofiq yozishmalarni tekshirishiga ruxsat berilgan holatlar bundan mustasno." Ammo Xitoyda shaxslar deyarli barcha jamoat joylarida kuzatuv ostida bo‘ladi va barcha internet aloqalar nazorat qilinadi. Xitoy ma’lum etnik guruhlarning diniy va madaniy e’tiqodlarini "mafkuraviy viruslar" deb hisoblab, ularni yo‘q qilish uchun ommaviy kuzatuvdan foydalanadi. Shunday qilib, Xitoy konstitutsiyasida shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi mavjud bo‘lsa-da, hukumat xavfsizlik va himoya maqsadida bu huquqni cheklash imkoniyatini keng talqin qiladi. Amalda esa, Xitoyda shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi deyarli yo‘q darajadadir. Raqamli saqlanayotgan ma’lumotlar hajmi ko‘payib borgan sari, bu ma’lumotlarning o‘g‘irlanishi yoki korxonalar tomonidan odamlarning ruxsatisiz marketing axboroti sifatida ishlatilishi xavfi ham ortib bormoqda. Ayni paytda, hukumatlar tobora ko‘proq nomaqbul deb hisoblagan yoki fuqarolar xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarga kirishni nazorat qilishga harakat qilmoqda. Bu shaxsiy daxlsizlik bilan davlat himoyasi yoki jamiyatni tartibga solish o‘rtasidagi ziddiyatning rivojlanayotgan sohasidir. Tarjimon: Asadbek Jumaboev Siyosat Bo’limi Lideri: Sardor Xamdamov
Manba: https://openstax.org/books/introduction-political-science/pages/4-3-the-right-to-privacy-self-determination-and-the-freedom-of-ideasKiber ma’lumotlar bilan bog‘liq maxfiylik muammolari
Izoh qoldirish