Kollektiv Muammolar

6.3 Kollektiv muammolar: Guruh qarorlarini qabul qilish

Amerika Kongressining muammosi: 2021-yil iyul holatiga ko‘ra, AQSh Kongressining ommaviy qabul reytingi atigi 12 foiz edi. Bu, qisman, Kongressning kam samaradorligiga va noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishiga nisbatan jamoatchilik noroziligi bilan bog‘liq. Bunday norozilik faqat AQSh bilan cheklanmaydi: Meksika, Ispaniya, Gretsiya, Braziliya kabi davlatlarda ham jamoatchilikning ko‘pchiligi demokratiya yaxshi ishlamayapti, deb hisoblaydi.

Kollektiv qaror qabul qilishdagi qiyinchiliklar: Qonunchilik organlariga bo‘lgan jamoatchilik ishonchsizligi ko‘plab aniq sabablar bilan izohlanadi, ammo ularning umumiy sababi – bu kollektiv muammolarni hal qilishdagi qiyinchilikdir. Masalan, AQSh hukumati 2013-yilda 18 kun, 2018–2019-yillarda esa 35 kun davomida yopilgan. Bu federal operatsiyalarni moliyalashtirish masalasida Kongress va prezident kelisha olmagani bilan bog‘liq edi. Natijada, 2019-yilgi so‘rovda jamoatchilikning 80 foizi ushbu holatni mamlakat uchun jiddiy muammo deb baholagan.Bu kabi kollektiv muammolarni hal qilishda jamoatchilik noroziligi qonunchilik organlarining faoliyatiga bo‘lgan salbiy munosabatni kuchaytiradi.

                             
6.8-rasm. Ushbu rasmda 2013-yilda AQSh hukumati faoliyatining to‘xtab qolishini tugatishni talab qilgan federal xodimlarning mitingi aks ettirilgan. Surat muallifi:
Keith Ellison.

Agar barcha insonlar har bir masalada bir xil fikrda bo‘lganida edi, kollektiv muammolar bo‘lmas edi. Ammo insonlarning ehtiyojlari, afzalliklari va maqsadlari turli xil bo‘lgani uchun, ular qaror qabul qilishda qiyinchiliklarga duch keladilar. Har safar ikki yoki undan ortiq kishi birgalikda reja tuzishi yoki nizoni hal qilishi kerak bo‘lsa-yu, lekin ular qaror bo‘yicha kelisha olmasalar, kollektiv muammo yuzaga keladi.

Jamoaviy Muammolar Sabablari

Jamoaviy muammolar (collective dilemmas) bir guruh aʼzolari qaror qabul qilishi kerak bo'lgan, lekin bu qarorlar ustida kelishib olish qiyin bo'lgan hollarda yuzaga keladi. Agar siz yolg‘iz o‘zingiz kechki ovqat uchun qaerga borishni hal qilsangiz, jamoaviy muammo bo‘lmaydi. Ammo siz va do‘stingiz birgalikda ovqatlanishga borish yoki bormaslikni, qayerga borishni yoki qachon borishni hal qilayotgan bo‘lsangiz, muammo paydo bo‘lish ehtimoli mavjud.

Misol: Siz restoranga borishni xohlaysiz, lekin do‘stingiz bormoqchi emas. Yoki siz bir joyni tanlaysiz, u esa boshqasini. Ushbu turdagi muammolar turli sabablar tufayli yuzaga keladi.

Jamoaviy Muammolar Uchta Asosiy Sababga Ega. Qatnashchilarning qarashlari qarama-qarshi bo‘lganda: Guruh aʼzolari qaror qabul qilishda bir-biridan farq qiladigan xohishlarga ega bo‘lishadi. Masalan, ikki siyosiy partiya o‘lim jazosini qo‘llab-quvvatlash yoki unga qarshi bo‘lish masalasida mutlaqo kelishmaydi. Bu holatda kompromiss qilishning iloji yo‘q — qaror faqat o‘lim jazosi yoki uning bekor qilinishi bo‘lishi mumkin.

Ikkinchi sabab esa xohishlar umumiy, lekin tafsilotlar bo‘yicha kelishmovchilik bo‘lsa: Barcha aʼzolar umumiy maqsadga ega bo‘lishi mumkin, ammo tafsilotlarni kelishib olishda muammo yuzaga keladi. Masalan, iqlim o‘zgarishi siyosati: Ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni butunlay taqiqlash kerakmi yoki elektr avtomobillarni sotib olish uchun rag'batlantirish berish kifoyami? Tafsilotlar ustida kelishmovchilik jamoaviy qarorlarni qabul qilishda tranzaksiya xarajatlari va kelishuv xarajatlarini oshiradi.


Uchinchi sabab, guruh manfaatlariga zid bo‘lgan individual motivatsiyalar: Baʼzan guruh aʼzolarining xatti-harakatlari guruh manfaatlariga zarar yetkazadi, garchi ular ham o‘zlariga zarar keltirayotganini bilishsa ham. Bu holatlar jamoaviy harakat muammolari (collective action problems) deb ataladi. Masalan, barcha odamlar sayyoramizni toza saqlashni xohlashadi, lekin ayrimlar chiqindilarni boshqalar tozalashi kerak, deb o‘ylaydi.Ushbu sabablardan kelib chiqadigan muammolar guruhlar orasida muvofiqlik va qaror qabul qilishni murakkablashtiradi.


Tarjimon: Dilnavoz Jo'rayeva
Siyosat Bo'limi Lideri: Sardor Xamdamov

Izoh qoldirish