"Fikrlayapman - demak mavjudman": Dekart bilim asoslari haqida

Agar bu matnni o‘qiyotgan bo‘lsangiz, ehtimol siz ekranga yoki qog‘ozga qarayotgan bo‘larsiz. Shunday deb o‘ylang: "Qo‘limda qog‘oz bor," yoki "Kompyuter oldidaman," yoki boshqa shunga o‘xshash narsani ushlab turibman.

Ushbu fikrga ishonchingiz qat’iymi? Siz bunga qattiq ishonasiz degani, bu narsani to’g’ri qiladi deganimi? Rene Dekart (1596-1650) ta’kidlashicha, sizning bu mavjud tushunchangiz va deyarli barcha boshqa ishonchlaringiz mutlaqo haqiqat emas.

Dekart esa bitta aniq istisno borligini aytadi: "Men fikrlayapman - demak mavjudman." U, aniq va rad etib bo‘lmaydigan bir e’tiqodni kashf etganini da’vo qiladi. Falsafada bu ibora - lotinchada "cogito ergo sum", ya’ni "Cogito" deb nomlangan va falsafadagi eng mashhur so‘zlardan biri bo‘lsa kerak.

Ushbu maqola esa Kogitoning mazmuni, Dekart uchun ahamiyati va bugungi kungacha falsafaga ko‘rsatgan ta’sirini o‘rganadi.

matrix_reboot_1000-630x400-1

1. Shubha va skeptitsizm

"Men fikrlayapman – demak mavjudman" iborasi birinchi marta Dekartning "Usul haqida risola" (1637) asarida uchraydi. Biroq Dekart o‘zining eng mashhur asari bo‘lmish "Birinchi falsafiy mulohazalar"da (1641), qisqacha "Mulohazalar" deb ataladigan bu kitobda, iborani "Men borman, shuning uchun mavjudman" deb o‘zgartiradi.

"Mulohazalar"da Dekart o‘zining ko‘plab noto‘g‘ri e’tiqodlari borligini tan olib, faqat haqiqatlarni bilish usulini topishga intiladi. U ilmiy tadqiqotlar ham haqiqatlarni taqdim etishiga umid qiladi.

Uning strategiyasi noto‘g‘ri yoki shubhali bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday da’voni shubha ostiga olish yoki rad etishdan iborat. U hozir his-tuyg‘ulari uni aldayotgan bo‘lishi mumkinligini biladi, chunki ular ilgari ham uni aldagan. Shuningdek, u hozir noto‘g‘ri mulohaza yuritayotgan bo‘lishi mumkin, chunki u avvallari ham xato fikr yuritgan.

Keyin Dekart eng ekstremal shubha sababini ko‘rib chiqadi: uning barcha fikrlarini nazorat qila oladigan, uni har qanday narsaga ishontiradigan yovuz jin mavjud bo‘lishi mumkin.

Dekart bu jinning mavjud emasligini isbotlay olmaydi. Shu sababli, u o‘zining ongidan tashqari bo‘lgan dunyo haqidagi barcha tushunchalari "jin" tomonidan yuzaga kelgan illyuziyalar ekanligini aytadi. Ushbu tushunchalar hech narsaga mos kelmaydi va shu bois, uning tashqi dunyo haqidagi barcha tushunchalari noto‘g‘ri bo‘lishi mumkinligini tan oladi.

Dekart ko‘pincha bizning bilimimiz yoki asoslangan e’tiqodimiz yo‘qligini ta’kidlaydigan skeptitsizmni o‘rganayotgan faylasuf sifatida qaraladi. Bu yerda skeptitsizm masalasi ko‘tariladi, chunki bizda ishonch yo‘q: tushunchalarimiz noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin, shuning uchun ularni bilim deb atash mumkin emas. Ko‘rganimizdek, Dekart Kogito orqali skeptitsizmni yengib o‘tish va ishonch bilan bilimga ega ekanligimizni ko‘rsatish mumkinligini ta’kidlaydi. 

2. Kogito va Ishonch 

Yovuz jinni tahlil qilgandan so‘ng, Dekart tez orada “Kogito” ni kashf etadi. U “Men fikrlayapman - demak mavjudman” degan fikri yovuz jinning sinovidan o‘tishini anglatishiga ishonardi. Agar Dekart ko‘rib chiqqan barcha e’tiqodlar va ularning shakllari noto‘g‘ri yoki adashgan bo‘lishi mumkin bo‘lsa ham, aldangan bo‘lish uchun u avvalo o‘zi mavjud bo‘lishi kerak. Hatto inson o‘z mavjudligidan shubhalansa ham, aynan o‘sha shubha qilayotgan paytida u mavjud bo‘lishi shart. Chunki, inson shubhalanmoqda, bu esa uning mavjudligining dalilidir.

Demak, “O‘ylashim bo‘yicha” tushunchasi Kogito‘da o‘z mavjudligining bevosita (to‘g‘ridan-to‘g‘ri), tez va aniq bilimini anglatadi. Fikrlash jarayoni albatta fikr egasini talab qiladi, va bu isbotlangan haqiqatdir. Chunki hatto yovuz shayton ham mavjud bo‘lmagan insonni aldashga qodir emas. Shu tariqa, Dekart izlagan narsasini topdi: aniq, shubhasiz va inkor etib bo‘lmaydigan bilim.

3. Skeptisizmni yengish 

Kogito topilgach, Dekart bu tushunchaning boshqa aniq haqiqatlarni topish uchun poydevor bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. U Kogitoni aniq va ravshan bo‘lgani uchun mutlaq haqiqat deb hisoblaydi. Dekartning fikriga ko‘ra: “Ba’zi tasavvurlar shunchalik ravshan va oddiyki, ularning haqiqatligiga ishonmay turib, ulardan qochib bo‘lmaydi...”

Biror narsa aniq bo‘lganda, ong ushbu obyektning eng asosiy xususiyatlarini ravshan ko‘ra oladi. Bu xususiyatlar boshqa barcha e’tiqodlarni baholash uchun mezon (standart) bo‘lib xizmat qiladi.

Dekart aniq va ravshanlik qoidasi Kogito’dan kelib chiqib, tashqi dunyo haqidagi e’tiqodlarimizni asoslashga yordam berishi mumkinligini ta’kidlaydi. Lekin aniq va ravshanlik qoidasi qanday tasdiqlanadi? Dekartning ta’kidlashicha, bu qoidani Xudoning mavjudligi orqali tasdiqlash mumkin.

Dekart Xudo haqidagi g‘oyasiga asoslanib, Xudoning mavjudligini isbotlashga harakat qiladi. Uning fikricha, agar Xudo rostgo‘y va yaxshi bo‘lsa, biz obyektlarni aniq va ravshan tushunganimizda aldashga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Shu sababli, Xudo bizga noto‘g‘ri e’tiqodlarni doimiy ravishda berishiga ruxsat bermaydi.

Kogito keyinchalik o‘zaro bog‘liq bo‘lgan da’vatlar (tushunchalar va isbotlar) uchun poydevor sifatida xizmat qiladi. Dekartning mantiqi shuni ko‘rsatadiki, ilgari shubha qilgan narsalarini endi aniq biladi. Shu tariqa, u avval ko‘rib chiqilgan skeptik(shubhali) xavotirlarni yengadi.

4. Xulosa: Aniq bo‘lmagan Bilimlar

Dekart Kogito’dan hayratda qoldi, chunki u aniq va shubhasiz bir e’tiqodni topdi. Ushbu e’tiqodga ishonilganda, uning noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin emas edi. Dekart e’tiqodlarni bilish uchun ular aniq bo‘lishi kerakligiga qat’iy ishongan edi. U shunday deydi: bu e’tiqodning yaxshi jihati shundaki, biz ko‘p narsalar haqida bilamiz deb o‘ylagan narsalar oxir-oqibat to’g’ri bo‘lib chiqishi mumkin. Ammo keyinchalik ko‘plab faylasuflar bu fikrni rad etishdi.

Hozirgi zamon bilim nazariyotchilari esa bilimning aniq bo‘lishini inkor etishga moyildirlar. Ularning ko‘pchiligi “xatolik tarafdorlari” (bilimda noaniqlik tarafdorlari) bo‘lib, shunday deydi: biz biror da’vo haqida bilishimiz mumkin, lekin uning haqiqat ekanligiga to‘liq ishonch hosil qilolmaymiz.

Dekartning bilim uchun belgilagan yuqori standarti bilan bog‘liq asosiy muammo shundaki, deyarli hech qanday e’tiqod yo tushuncha ushbu standartga mos kelmaydi. Dekart oddiy bilim da’volarimizni Kogito’ga asoslay olamiz deb o‘ylagan edi, lekin ko‘plab faylasuflar uning ushbu fikrini qabul qilishmadi.

Kogito’ning epistemik saboqlari (bilim haqidagi xulosalari) shuni ko‘rsatadiki, agar aniq bo‘lish bilim uchun zaruriy shart deb hisoblanadigan bo‘lsa, demak bizning bilimlarimiz juda cheklangan. Lekin agar bilim uchun aniqlik mezon bo‘lmasa, unda qanday talablarga tayanish kerak?

Tarjimon: Ilg’ar Tojiyev

Muharrir: Nilufar Alimbaeva va Samandar Erkinjonov

Manba: “I think, therefore I am”: Descartes on the Foundations of Knowledge - 1000-Word Philosophy: An Introductory Anthology

Izoh qoldirish