- 11:29 / 18.11.2024
- , Siyosat
Normativ Siyosatshunoslik nima?

Normativ siyosatshunoslik – bu siyosiy tizimlar va siyosiy xatti-harakatlar qanday bo‘lishi kerakligini o‘rganadigan soha. U adolat, tenglik, erkinlik kabi qadriyatlar asosida siyosatni qanday yaxshilash mumkinligini tahlil qiladi. Normativ siyosatshunoslik Siyosatda nima yaxshi va nima to‘g‘ri? Hokimiyatni qanday qo‘llash kerak? Jamiyat manfaati nimadan iborat? Bu murakkab savollarning turli xil javoblari bor. "Yaxshi" tushunchasini foydali yoki yordam beruvchi narsa sifatida, "to‘g‘ri" ni esa haqiqiy yoki adolatli narsa sifatida talqin qilish mumkin. Hokimiyatni jamiyat manfaatlarini ko‘zlab ishlatish lozim, shunda hokimiyat tepasidagilar undan xalq farovonligi yo‘lida foydalanadilar. Normativ siyosatshunoslik siyosatning mazmun-mohiyati, maqsadlari va vazifalarini anglashga intiladi. U shaxslarning qanday harakat qilishi yoki muassasalarning qanday tuzilishi kerakligini aniqlashga harakat qiladi. Bu masalalarni o‘rganuvchilar siyosiy faylasuflar deb atalib, ular falsafa fanining keng doirasi bilan umumiy qiziqishlarga ega bo‘ladilar. Normativ siyosatshunoslik bir qator masalalarni ko‘rib chiqadi. Yaxshi fuqaro qanday bo‘lishi kerak? Inson huquqlari mavjudmi va agar shunday bo‘lsa, ular nimalardan iborat? Hokimiyatni kim boshqarishi lozim? Hukumatlar qanday maqsadga xizmat qilishi zarur? Mukammal konstitutsiya bormi va agar bo‘lsa, u qanday? Ijtimoiy adolat nima o‘zi? Normativ nazariyotchilar "Yaxshi fuqaro qanday bo‘lishi kerak?" degan savolga asosan uch yo‘nalishda javob topishga urinishgan: xatti-harakatning oqibatlariga, axloqiy me’yorlarga yoki insoniy fazilatlarga e’tibor qaratish orqali. 1.9-rasm. Ushbu yangi Amerika fuqarolari fuqarolikka qabul qilish marosimida qasamyod qilishmoqda. Yaxshi fuqaro deb kimga aytiladi? (kredit: COD tomonidan "Fuqarolikni nishonlang, Amerikani nishonlang" DuPage kollejida 2015 48 naturalizatsiya marosimi" Yangiliklar xonasi/Flickr, CC BY 2.0) Yaxshi fuqaroning ta’riflaridan biri jamiyatga foyda keltiradigan tarzda harakat qiluvchi shaxsdir; ya’ni, bunday fuqaroning harakatlari natijasida jamiyat manfaat ko‘radi. Masalan, yaxshi fuqaro ovoz beradi va soliq to‘laydi, chunki bu ikki harakat barqaror va farovon jamiyat shakllanishiga yordam beradi. Aksincha, yomon fuqaro qonunni buzib, boshqalarga zarar yetkazadi. Bu nuqtai nazardan, tezlikni oshirib haydovchi shaxs yomon fuqaro hisoblanadi, chunki bu harakat yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lish va boshqalarga zarar yetkazish ehtimolini oshiradi. Biroq, marixuana chekish kabi "jabrlanuvisiz jinoyat" sodir etgan odam yomon fuqaro sanalmasligi mumkin, chunki u boshqalarga bevosita zarar yetkazmaydi. Normativ siyosatshunoslik nuqtai nazaridan, inson jamiyatga foyda keltiradigan va zarar yetkazmaydigan tarzda harakat qilishi, har bir shaxs esa yaxshi fuqaro bo‘lishga intilishi kerak. Yaxshi hukmdor fuqarolarga zarar yetkazish o‘rniga, ularga yordam beradi. Aristotelning fikricha, "umumiy manfaatga qaratilgan konstitutsiyalar to‘g‘ri va adolatlidir... faqat hukmdorlar manfaatiga qaratilgan konstitutsiyalar esa noto‘g‘ri va adolatsizdir, chunki ular erkin shaxslar jamoasi uchun nomaqbul bo‘lgan mustabid boshqaruvni o‘z ichiga oladi." Bu turdagi nazariyalashtirishda ikki asosiy muammo markaziy o‘rin egallaydi. Qaysi harakatlar zarardan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradi va bu fikrlarni qanday dalillar qo‘llab-quvvatlaydi? Masalan, tez haydash haydovchi va boshqalar uchun xavf tug‘diradi, ammo haydovchiga zavq berishi va manzilga tezroq yetib olishini ta’minlashi mumkin. Salbiy oqibatlar ijobiy natijalardan ustun keladimi?Bundan tashqari, nimani foyda yoki zarar deb hisoblash kerak? Fuqarolarning bir-birining xatti-harakatlarini qonunbuzarlik ehtimoli uchun kuzatishi foydali yoki zararli hisoblanadimi? Faylasuflar, nafaqat siyosiy faylasuflar, yaxshi fuqarolar amal qilishi kerak bo‘lgan axloqiy tamoyillar to‘plamini aniqlashga harakat qilishadi. Shuningdek, ular hukumatlar rioya etishi lozim bo‘lgan axloqiy tamoyillarni ham belgilashga intilishgan. Masalan, yaxshi fuqaro boshqalarga o‘zi ko‘rmoqchi bo‘lgan munosabatda bo‘ladi (bu "Oltin qoida" deb ataladi). Yaxshi fuqaro yolg‘on gapirmaydi, chunki yolg‘on so‘zlash noto‘g‘ri hisoblanadi. Amalda, hamma tomonidan qabul qilingan yoki izchil qoidalarni aniqlash qiyin bo‘lib chiqdi. Yolg‘on gapirish har doim ham yomonmi? Agar hukumat o‘z fuqarolarini himoya qilish uchun raqibiga yolg‘on so‘zlashi kerak deb hisoblasa-chi? Yaxshi hukumat, qoida tariqasida, aynan shunday qilish majburiyatiga ega emasmi? Biroq, bu hukumatlarning muntazam ravishda yolg‘on gapirish uchun o‘zlarini oqlash huquqiga ega, deb o‘ylashlari mumkin bo‘lgan xavfli vaziyatni yuzaga keltirmaydimi? Ba’zi normativ siyosiy olimlar o‘ziga xos bo‘lgan xarakter xususiyatlarini aniqlash va tushunishga harakat qiladilar. Ular yaxshi fuqarolar yolg‘on gapirish jamoat manfaatlariga zarar yetkazishi yoki umumiy axloqiy tamoyillarni buzishi sababli haqiqatni aytishi kerak, deb ta’kidlash o‘rniga, yaxshi fuqarolar haqiqatni so‘zlashi lozim, chunki yaxshi inson yolg‘on gapirmaydi, degan fikrni ilgari suradi. Ushbu fikr yo‘nalishiga ko‘ra, hukumat o‘z fuqarolarini himoya qiladi, chunki bu ularning hayotini yaxshilaydi va hukumatning burchlarini ado etadi, shu bilan birga bunday qilish yaxshi hukumatni shakllantiradi. Yaxshi hukumatlar aynan shunday ish tutadi. Fazilatlarni o‘rganayotgan siyosiy faylasuflar ularni aniqlash va ta’riflashga, shuningdek, ularning chegaralarini topishga harakat qiladilar. Misol uchun, mardlik, halollik, kamtarlik va mehribonlik kabi xislatlar fazilatlarning mumkin bo‘lgan manbalari sifatida belgilangan. Yaxshi inson va yaxshi fuqaro noto‘g‘ri narsalarga qarshi turib, to‘g‘ri narsa uchun kurashishga yetarlicha jasur bo‘ladi. Bunday qilmaslik qo‘rqoqlik belgisi bo‘lardi. Ammo to‘g‘ri narsa uchun kurashayotganda, inson haddan tashqari jasur bo‘lib, o‘zini xavf ostiga qo‘yishi yoki shoshqaloqlik qilishi mumkinmi? Normativ fikrlashning bu uch turi - oqibatlar, qoidalar va fazilatlarni ta’kidlash - bir-biriga qisman o‘xshash bo‘lsa-da, siyosat va ideal siyosat haqida butunlay boshqacha fikrlash usullarini ifodalaydi. Ular ko‘targan masalalar qadimgi davrlardan beri o‘rganib kelinayotgan bo‘lsa-da, bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan va chuqur mulohaza yuritishga arzigulik mavzular bo‘lib qolmoqda. Tarjimon: Asadbek Jumaboev Siyosat Bo’limi Lideri: Sardor Xamdamov
Manba: https://openstax.org/books/introduction-political-science/pages/1-4-normative-political-scienceNormativ siyosatshunoslik nima?
Izoh qoldirish