Oila Munosabatlariga Falsafiy Yondashuv

Oila Munosabatlariga Falsafiy Yondashuv


Hammangizni bu dunyoda bo’lishingizga ota-onangiz sababchi bo’lgan.

Ular sizni boqishdi, tagliklaringizni almashtirishdi, ko‘z yoshingizni artishdi.

Ular sizni voyaga yetkazishdi.

Zamonaviy amerikalik faylasuf Jeyn Inglishga ko‘ra, siz ulg‘ayganingizdan so‘ng ota-onangizga hech qanday qarzdor emassiz.

Hech bir narsaga.

Bu gap bir oz xudbinlikdek tuyulishi mumkin. Bir oz noshukrlik. Hatto biroz qo‘polday.

Lekin avval uni diqqat bilan eshitib ko‘raylik.

Chunki siz allaqachon bilasizki, boshqa insonlar va ular bilan munosabatlaringiz haqidagi ba'zi odatiy qarashlaringiz falsafiy tahlilga bardosh bera olmaydi.

Shunday ekan, hayotingizdagi eng muhim munosabatlardan birini chuqurroq ko‘rib chiqamiz — sizda eng uzoq davom etgan, va ehtimol, hayotingizdagi eng yaqin bo‘lgan munosabatni.

Keling, ota-onangiz haqida gaplashamiz.


Uchta Asosiy Qarash:

Ota-onangizga nisbatan qanday majburiyatlaringiz borligi haqida uchta asosiy qarash mavjud.

Shartsiz yondashuv.
Bu yondashuv ko‘ra, kimdir sizning ota-onangiz bo‘lgani tufayli, u inson sizdan ayrim narsalarga haqli bo‘ladi — eng kamida, sizning hayotingizda bo‘lishingiz va e’tiboringizga. Bu majburiyat siz yoki ular hayot bo‘lguncha davom etadi.

Bunga qarama-qarshi bo‘lgan ikkinchi yondashuv — shartli yondashuv.
Bu qarash shuni aytadiki, siz ota-onangizga ular sizga bergan narsalariga qarab qarzdorsiz. Demak, juda yomon ota-onalar katta bo‘lgan farzandlaridan hech narsa talab qila olmaydi, ammo yaxshi ota-onalar ancha ko‘p narsani haqli ravishda kutishlari mumkin. Ya’ni, sizning ota-onangizga bo‘lgan majburiyatingiz — siz bolaligingizda ulardan olgan manfaatlarga bog‘liq.

Va nihoyat, Jeyn Inglishning yondashuv — bu do‘stona yondashuv deb ataladi.
Ushbu qarashga ko‘ra, siz katta bo‘lganingizdan keyin ota-onangizga hech narsa qarzdor emassiz — hatto ularning sizga ko‘rsatgan mehribonligi va qilgan mehnatlari katta bo‘lsa ham.

Ko‘pchiligimiz ota-onamizga juda ko‘p narsani qarzdormiz, deb hisoblaymiz — axir ular bizni boqishdi, tarbiyalashdi, mashg‘ulotlarga olib borishdi, hatto bolaligimizdagi g‘alati rasm va hunarmandchilik ishlarimizga ham kulib qarashdi.

Ammo Inglish bu taxmin haqida bir nechta muhim mulohazalarni bildiradi.




Inglishning Yondashuvi

Birinchidan, u shunday deydi: agar kimdir kimnidir qarzdor deb hisoblasa, aslida ota-onalar bolalariga qarzdor bo‘ladi.
Axir, bola tug‘dirishni tanlagan odam unga to‘liq mas’ul bo‘ladi — uni o‘zi tarbiyalashi yoki unga g‘amxo‘rlik qila oladigan boshqa kishiga topshirishi kerak.

Demak, bu holat kelishuv (shartnoma) asosidagi munosabat deb qaraladi.
Agar siz bir ishni qilishga rozi bo‘lsangiz, uni oxirigacha bajarishingiz yoki kelishuvdan chiqishingiz kerak.

Shu fikrlardan kelib chiqib, Inglish shunday xulosa qiladi: katta bo‘lgan farzandlar ota-onalariga hech narsa qarzdor emas. Chunki hech birimiz dunyoga kelishni tanlamaganmiz. Agar siz biror majburiyatni zimmanizga olmagan bo‘lsangiz, unda sizda o‘sha majburiyat bo‘lishi ham mumkin emas.

Siz aytishingiz mumkin: “Yaxshi, agar biz oilaviy munosabatlarni kelishuv deb ko‘rsak, unda bolalar va ota-onalar o‘rtasida yashirin (noaniq) kelishuv bormi?”

Yaxshi va mehribon ota-onaning mehrini ko‘rgan bo‘lsangiz, bu kelishuvni bevosita qabul qilgandek bo‘lib, sizda majburiyat tug‘ilmaydimi?

Ammo bu yerda muammo shundaki: bolalar axloqiy kelishuvlarga kira olmaydi. Agar siz ulg‘ayganingizdan keyin ota-onangiz bilan biror kelishuvga kirgan bo‘lsangiz — masalan, siz uyda tekin yashaysiz, lekin evaziga universitetda yaxshi o‘qishini davom ettirishingiz kerak — unda bu kelishuvga amal qilish majburiy.

Ammo bolaligingizda olingan manfaatlar hisobga olinmaydi.
Chunki munosabat boshlangan vaqtda siz go‘dak edingiz: axloqiy javobgarlikni tushunadigan aql-zakovatga ega emas edingiz.

Yana bir muhim jihat — ota-onalar sizni katta qilayotganda yaxshilik evaziga biror mukofot kutmagan.
Ular sizni istab dunyoga keltirishgan yoki qabul qilishgan, va sizga mehr berishgan, chunki ular shunday qilishni xohlashgan.

Yaxshi ota-onalar mehrni shartsiz beradi.
Demak, siz qancha mehr ko‘rgan bo‘lsangiz ham, qarzdor bo‘lmaysiz — chunki oilaviy munosabatlar qarz asosida qurilmaydi.

To‘g‘ri tushunish kerakki, Inglish bu bilan siz ota-onangizdan foydalanishingiz mumkin, deb aytmayapti.
Uning fikricha, agar siz ota-onangiz bilan yaxshi munosabatda bo‘lsangiz, ularga imkoningiz borida yordam bermoqchisiz — lekin bu majburiyat emas, bu xohish.


Do‘stlik

Buning o‘rniga, English munosabatni do‘stlik modeli sifatida ko‘rishni taklif qiladi. Do‘stlar hisob-kitob qilmaydi – ular bir-biriga muhabbat tufayli yordam beradi. Va mehrli munosabatlarda hech kim kim oxirgi yordam berganini yoki navbat kimdaligini yashirincha sanab yurmaydi. Siz hisob yuritishingiz shart emas; siz shunchaki xohlaganingiz uchun, muhabbat bilan berasiz.

Shunday qilib, Inglishning fikricha, voyaga yetganingizdan so‘ng, ota-onangiz bilan munosabatingiz do‘stlikka o‘xshash bo‘lishi kerak. Va do‘stlik haqida gap ketganda, agar muhabbat yo‘q bo‘lsa, do‘stlik tugaydi. Siz hech qanday majburiyatga ega emassiz – do‘stligingizni davom ettirishingiz shart emas. Xuddi shunday, agar sizda yomon ota-onalar bo‘lgan bo‘lsa yoki siz ularni kattaligingizda umuman qiziqtirmasangiz, ularga hech narsa berishingiz shart emas – hatto vaqtingiz ham.

Uning aytishicha, sizni katta qilganliklari ota-onangiz oldida qarzdor ekanligingizni anglatmaydi. Shuning uchun, do‘stlikda bo‘lgani kabi, ota-onangiz bilan munosabatni davom ettirmaslikka qaror qilishingiz mumkin. Bu sizga bog‘liq.

Bu fikr ayrim odamlar uchun g‘alati yoki hatto hayratlanarli tuyulishi mumkin. Ammo ko‘plab faylasuflar faqat genetik aloqalar asosida kimdandir qarzdor bo‘lish fikriga qarshi chiqadi.

Agar shu fikrga amal qilsak, demak, tug‘ilgan zahotiyoq boshqalarga asrab olingan bolaning hech qachon ko‘rmagan biologik qarindoshlariga nisbatan majburiyatlari bo‘lib qoladi – lekin uni katta qilgan oilasiga hech qanday majburiyat bo‘lmaydi.

Ko‘pchiligimiz esa asrab olingan oilalarni biologik oilalardan kam deb hisoblamaymiz. Agar oilalar muhabbat bilan barpo qilinadi deb hisoblansa, demak, muhabbatsiz oilalar o‘z a’zolaridan axloqiy jihatdan hech narsa talab qila olmaydi – chunki ularda bu talabni qo‘yishga asos yo‘q.

Tarjimon: Tojiyev Ilg'ar 

Manba: Family Obligations: Crash Course Philosophy #43

Izoh qoldirish