- 21:17 / 06.11.2024
- , Falsafa
Oruellning falsafiy qarashlari

Jorj Oruell (1903-1950) 20-asrda yashab ijod qilgan mashhur yozuvchi bo‘lib, “Molxona” va “1984” kabi asarlari bilan tanilgan. U nafaqat romanlar, balki esselar va boshqa janrlarda ham ijod qilgan. Oruell an’anaviy faylasuflar kabi faoliyat yuritmagan bo‘lsa-da, uning asarlari ko‘plab falsafiy qarashlarni o‘z ichiga olgan. U jamiyatdagi muammolarga va falsafiy oqimlarga katta e’tibor qaratgan. Ushbu maqola Oruellning falsafiy qarashlaridagi til, siyosiy-falsafiy qarashlari va epistemologiyadagi (bilim nazariyasidagi) yondashuvlarini muhokama qiladi. Oruell Hindistonda tug‘ilgan va otasi o‘sha paytda "Buyuk Britaniya Xalq Xizmatlari"da ishlagan. U yoshligini Angliyada farovon oilada o‘tkazgan. Maktabni tugatgach, Burma (hozirgi Myanma - Osiyodagi mamlakat)da qirollik harbiy kuchlarida besh yil xizmat qilgan. Shu besh yil mobaynida Oruellda imperializmga (boshqa davlatlarni o‘z hukmronligiga olish siyosati) qarshi qarashlar shakllangan. Oruell harbiy xizmatni tark etib, yozuvchi bo‘lish maqsadida Angliyaga qaytadi. U o‘z asarlarida shaxsiy tajribalarini aks ettirgan: Parij va Londondagi kambag‘allar hayoti, Shimoliy Londonda ish qidirishi, Ispaniyadagi fuqarolar urushida jangchi sifatida ishtirok etishi, hamda Ikkinchi jahon urushi davrida Buyuk Britaniya radioeshittirish korporatsiyasi uchun targ‘ibot ishlari. Oruellning "Molxona" asari 1945-yilda chop etilgan va AQSH hamda Buyuk Britaniyada katta shuhrat qozongan. "1984" romani esa 1949-yilda nashr etilib, undan ham ko‘proq muvaffaqiyatga erishgan. Oruell "1984" asari chiqarilganidan bir yil o‘tib, sil kasalligidan vafot etgan. Oruell o‘zining ilk asarlarida kambag‘allik va imperializm mavzulariga e’tibor qaratadi. Uning fikricha, yuqori va o‘rta tabaqa vakillari kambag‘allik sabablarini va kambag‘allar hayotini to‘g‘ri tushunmaydilar. Oruell ta’kidlaganidek, kambag‘allar yomon axloqiy fazilatlar tufayli emas, balki adolatsiz tengsizlikka olib keladigan buzuq ijtimoiy va siyosiy tizimlar sababli kambag‘allikka mahkum etilganlar. Oruell aynan shu sababdan imperializmni yomon ko‘rgan. Uning fikricha, ham zulm ostidagi, ham zulm qiluvchi tomonlar imperializmning zararidan qochib qutulolmaydilar: zulm ostidagilar adolatsizlik qurboni bo‘lsa, zolimlar o‘z guruhlari manfaatini himoya qilish uchun o‘zlarini o‘zlari senzura qilishga majbur bo‘ladilar. Keyingi asarlarida Oruell sotsializm (davlat boshqaruvi ostida tengsizlikni kamaytirishga qaratilgan jamiyat tuzumi) va totalitarizm (davlatning jamiyat hayoti va shaxslar ustidan to‘liq nazorati) mavzulariga ko‘proq urg‘u bergan. U kapitalizmni (xususiy mulkka asoslangan iqtisodiy tizim) rad etib, sotsialistik hukumatni qo‘llab-quvvatlagan. Oruellning fikricha, haqiqiy sotsialistik hukumat – bu asosiy sanoat tarmoqlari davlat tasarrufiga o‘tkazilgan, daromadlar tengsizligi cheklangan va barcha tabaqalarga sifatli ta’lim taqdim etiladigan hukumatdir. Oruell o‘zini demokratik sotsialist deb atab, inson erkinligi va mustaqilligini ta’minlaydigan sotsialistik jamiyat tarafdori bo‘lgan. Oruell totalitarizmga qattiq qarshi chiqqan. Uning fikricha, totalitarizm hokimiyat ustidan to‘liq nazorat va cheksiz hokimiyatga intilish bilan ajralib turadi. Totalitar hukmdorlar odatda o‘z kuchlarining cheklanishiga toqat qilolmaydilar va buni o‘z manfaatlariga zid deb hisoblaydilar. Oruellning fikricha, totalitarizmning epistemik (bilish bilan bog‘liq) oqibatlari ham mavjud edi. Totalitar hukmdorlar mutlaq nazoratni qo‘lga kiritish uchun haqiqatni buzishga va odamlarni obyektiv haqiqatdan voz kechishga ko‘ndirishga harakat qiladilar. Oruell o‘zining "1984" asarida antagonist(asosiy qahramon) O‘Brayen orqali totalitar tizimni buzishga bo‘lgan intilishni tasvirlagan. Bundan tashqari, Oruell "millatchilik"ni insoniyat uchun xavf deb hisoblardi. U "millatchilik" (maxsus atama sifatida) deganda, biror millat yoki boshqa siyosiy birlikning yuksalishini bosh maqsad qilib qo‘yishni nazarda tutgan. Millatchilar o‘z siyosiy jamoalariga qattiq sodiq bo‘lib, hamma narsaga "raqobatbardosh obro‘" nuqtayi nazaridan yondoshadilar. Oruellning millatchilik haqidagi qarashlari bugungi kunda AQSH va Yevropada o‘ng va so‘l siyosiy oqimlar haqida aytilayotgan fikrlarga o‘xshaydi. Oruell uchun millatchilikning epistemik ahamiyati shundaki, siyosiy sodiqlik millatchilarni o‘z dalillarini buzishga va siyosiy jamoasining "faktlarga zid bo‘lsa ham" ustunligiga ishonishga majbur qiladi. Oruell til, tafakkur va siyosat bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ekanligiga ishongan. Til fikrlarimiz va siyosatimizga ta’sir ko‘rsatgani bois, Oruell yaxshi yozishni muhim deb hisoblagan. Bunda uning maqsadi qat’iy grammatika qoidalarini himoya qilish emas, balki "so‘z ma’noni emas, ma’no so‘zni tanlashi" kerakligini ta’minlash edi. Oruell yomon yozishdan qochish lozimligini ta’kidlagan, chunki yomon matn g‘oyalarimizni buzib, ularni samarasiz qiladi. Bu esa uni siyosiy yozuv san’atini rivojlantirishga undagan. Uning fikricha, barcha yozuvlar siyosiy va san’at targ‘ibotni bir ko’rinishidir, chunki har qanday yozuv o‘z davridagi muammolarni aks ettiradi. Shu sababli, Oruell adabiyotni totalitarizmga qarshi kuchli vosita sifatida ko‘rgan. Siyosiy epistemologiya va til falsafasi yaqinda mustaqil sohalar sifatida shakllanganiga qaramay, Oruellning siyosat, tafakkur va til o‘rtasidagi munosabatlarga oid qarashlari o‘z davridan ancha ilgarilab ketgan bo‘lib, falsafiy tahlil uchun juda qimmatlidir.Jorj Oruell kim?
Biografiyasi
Siyosiy falsafasi
Epistemologiyasi
Til va adabiyot
Xulosa
Tarjimon: Narimanov Orifjon
Muharrir: Samandar Erkinjonov
Manba: George Orwell’s Philosophical Views - 1000-Word Philosophy: An Introductory Anthology
1 ta izoh:
Izoh qoldirish