Siyosat ziddiyatlarni qanday hal qiladi?

 Kelishmovchilik — ya'ni, ziddiyat — siyosat uchun ikki asosiy sababga ko'ra muhim ahamiyatga ega. Toki odamlarda o'zlarida yo'q narsalarga istak bor ekan, ziddiyat mavjud bo'ladi. Millionlab odamlar toza havo, toza ichimlik suvi, hattoki oziq-ovqat va boshpana kabi eng zarur ehtiyojlarga muhtojdirlar. Kamchilik inson ehtiyojlari bilan chegaralanmaydi. Dunyodagi har bir oila o'zlari xohlagandek (ular istagan) saroy sotib olish uchun boy bo'lgan taqdirda ham, ba'zi odamlar boshqalarnikini xohlashlariga sabab bo'ladigan farqlar mavjud bo'ladi, masalan, yaxshiroq ko'rinish, kattaroqlik yoki muayyan qulayliklarga yaqinlik.


Xohishga qo`shimcha ravishda, ziddiyat har doim mavjud bo'ladi, chunki odamlar turli xil e'tiqod va imtiyozlarga ega, ya'ni turli fikr-mulohazalar mavjud. Abort qonuniy bo'lishi kerakmi? Ushbu mavzu bo'yicha qizg'in fikrlar spektri mavjud va bitta siyosiy qaror bu spektrdagi barcha odamlarni qoniqtirolmaydi. Hukumatlar soliq to'lovchilarning pullarini velosiped yo'llari, ommaviy transport yoki yo'llarga sarflashlari kerakmi? Javob, ehtimol, chuqur e’tiqod masalasi emasdir, lekin u baribir turli xil tanlov va xohishlarni keltirib chiqaradi. Yana bir bor, hech qaysi siyosiy harakat hammaga birdek ma’qul kelishi ehtimoldan yiroq.


Tarix davomida nizolarni hal qilish ko‘pincha qo‘pol kuch ishlatishni o‘z ichiga olgan. Zo‘ravonlik nizolarni hech bo‘lmaganda vaqtincha hal qilishi mumkin, kuchli tomon o‘z xohishlariga shafqatsizlik bilan erishadilar.


Siyosat — bu cheklangan resurslar va turlicha qadriyatlar ustidagi nizolarni zo‘ravonlikka murojaat qilmasdan hal qilish jarayonidir. Zo'ravonlik kelishmovchiliklarni hal qilishda ishlatilganida, bu siyosatning muvaffaqiyatsizligini yoki siyosat ta'sirida umidlari amalga oshmay qolganlarning chuqur noroziligini ifodalaydi. Siyosat cheklangan resurslar qanday taqsimlanishini va qaysi qadriyatlar ustun kelishini belgilashi mumkin. Siyosiy jarayonlar orqali mamlakat abortga butunlay, ba'zi holatlarda, yoki hech qanday holatlarda ruxsat berishini hal qilishi mumkin. Bu har bir kishi siyosat yaxshi yoki yomon ekanligiga rozi bo'lishini anglatmaydi; siyosat muammolarni hal qilishi mumkin, ammo ularga sabab bo’layotgan ziddiyatlarni yo'q qila olmaydi.


So'nggi o'n yilliklarda dunyo yanada boy va tinchroq bo'ldi. Ammo bu ziddiyat yo'qoldi degani emas: ayrim davlatlar ochiq harbiy mojarolarga duch kelishmoqda va boshqa ko'plab davlatlar yuqori zo'ravonlik darajalarini boshdan kechirmoqda. Zo'ravonlikka duch kelmagan davlatlarda ham siyosiy qutblanish kuchaymoqda. Siyosiy qutblashuv, siyosiy partiyalar, shuningdek, etnik yoki diniy guruhlar o‘z ichida birlashishni kuchaytiradigan va boshqa guruhlarga nisbatan shubha va ishonchsizlikni oshiradigan tarzda bo‘linganida ("qutblashganida") yuz beradi. Bugungi kunda  Amerika Qo'shma Shtatlari ko'plab yillar davomida bo'lganidan ham ko'ra ko'proq qutblashgan hisoblanadi. Qutblashish qanchalik kuchaysa, ziddiyatlarni hal qilish shunchalik qiyinlashadi: qutblashish tinch siyosat uchun xavfdir.


Siyosat ziddiyatlarni qanday hal qiladi? Ko’p holatlarda, muzokara orqali. Nizoga aloqador tomonlar mavjud vaziyat(status quo) — ya'ni nizo bilan bog‘liq holatni muhokama qilishganda, ular muzokara olib borishadi. Siyosiy muzokaralar mavjud qoidalar va haqiqatning o‘zgarish-o‘zgarmasligini belgilaydi.


 

1.8-rasm. Bozorda savdolashish (muzokara olib borish) siyosatdagi savdolashishga(muzokara olib borishga) o'xshaydi: har bir ishtirokchi o'ziga foyda keltiradigan yechimni xohlaydi. (Kredit: "Nubiya bozorida savdo qilishni o'rganish", Bonni Enn Keyn-Vud / Flickr, CC BY 2.0)


Siyosiy muzokaralarda uchta ehtimoliy natija mavjud. Birinchisi, muzokara qilayotgan tomonlar hech qanday kelishuvga erisha olmaydi. Bu holat yuz berganda, va ko'pincha shunday bo'ladi ham, mavjud holat saqlanib qoladi. Muzokaralar odatda tomonlar qarama-qarshi maqsadlarga ega bo'lib, bir-biriga yon bosishni istamaganlari sababli buziladi. Masalan, agar bir tomon soliqlarni oshirishni, ikkinchi tomon esa kamaytirishni istasa, unda ikkala tomonni ham qoniqtiradigan kelishuv bo`lmaydi. Bunday holatda, mavjud vaziyatni saqlab qolishni istaganlar g'olibdirlar, demak, mavjud holatni qo'llab-quvvatlovchilar muzokaralarning muvaffaqiyat qozonishiga to'sqinlik qilish uchun asosga ega.


Bu fikr qayta-qayta muhokama qilishga arzigulikdir. Siz hal qilinishi kerak bo'lgan muammolarga to'la dunyoni ko'rishingiz mumkin bo'lsa-da, har doim mavjud sharoitdan foyda ko'radiganlar va o'zgarishga to'sqinlik qiladiganlar borligini yodda tutishingiz kerak. Mavjud vaziyatdan foyda olishga bo'lgan bu moyillik siyosiy o'zgarishlarning amalga oshishini qiyinlashtiradigan sabablardan biridir. Boshqacha qilib aytganda, muzokaralar qoidalarni o'zgartirishga intiladi, va deyarli aniqki, o'sha qoidalardan foyda ko'rayotgan va ularni saqlab qolishni istayotganlar ham bor.


Ikkinchi ehtimoliy natija murosaga kelishdir, ya'ni mojaro ishtirokchilari kelishuvga erishish uchun o'z maqsadlaridan bir oz voz kechishdan iborat. Murosaga kelish odatda tomonlar maqsadlari bo'yicha umumiy fikrga ega bo'lganida, lekin aniq tafsilotlar bo'yicha kelishmovchiliklar mavjud bo'lganda yuzaga keladi. Agar ba'zi mamlakatlar issiqxona gazlarini kamaytirib, global iqlim o'zgarishini cheklashni maqsad qilsalar, boshqa mamlakatlar esa chiqindilarni oshiradigan iqtisodiy o'sishni tezlashtirishni istasalar, unda ishtirokchilar turli maqsadlarni ko'zlamoqdalar va murosaga kelish ehtimoli kam. Biroq, agar barcha mamlakatlar issiqxona gazlarini kamaytirishni xohlasa, ular o'z maqsadlari bo'yicha umumiy fikrda. Bu holatda, murosaga kelish ehtimoli yuqori. Agar hech bir davlat bir tomonlama ravishda chiqindi ishlab chiqarish chegaralarini belgilash huquqiga ega bo'lmasa, mamlakatlarda farqni ajratish ishtiyoqi bo'lishi mumkin. Masalan, agar sizning mamlakatingiz chiqindilarni 10 foizga kamaytirishni istasa, mening mamlakatim esa 5 foizga kamaytirishni xohlasa, ikkita mamlakat kelishuvga erishib, chiqindilarni 7,5 foizga kamaytirishi mumkin. Har bir mamlakat o'zi xohlagan narsaning hammasini emas, balki bir qismini oladi.


Uchinchi natija “o‘zaro kelishuv” deb ataladigan natijadir. Agar sizda men xohlagan narsa bo'lsa va menda siz xohlagan narsagiz bo'lsa, bizda bir-birimiz bilan savdolashadigan narsamiz bor. Misol uchun, sizda, men kab shaftoli va olma bor deylik. Biz har ikkala mevani yaxshi ko'ramiz va ikkalasidan ham ko'proq xohlaymiz - bu yerda cheklangan miqdor bor. Lekin siz olmani, men esa shaftolini juda yaxshi ko'raman. O‘zaro kelishuv orqali men sizga olmamni beraman, evaziga esa siz menga shaftolingizni berasiz. Bu mukammal yechim emas, chunki ikkalamiz ham ko'proq olma va ko'proq shaftoli olishni xohlagan edik. Ammo oxir-oqibat, har birimiz savdolashishdan oldingi holatimizga qaraganda yaxshiroq vaziyatdamiz.


Siyosiy muzokaralar natijasi yana ilgari muhokama qilinganidek, siyosatning asosiy tamoyillariga, ya’ni muzokaralarni tartibga soluvchi qoidalarga, muzokara vaqtidagi voqelikka va ishtirok etayotgan shaxslarning strategik tanloviga bog‘liq.


Siyosiy muzokaralar ko'pincha yuksak tafakkur tamoyillari va kallabozlikdan iborat. Muzokarachilar boshqalarni ishontirishga harakat qiladilar va agar ishontirish samara bermasa, ba'zida bosim o'tkazish yoki xarid qilishga ham o‘tishlari mumkin. Agar kelishuvda ishtirok etayotganlardan biri boshqalarni o'z ustunliglaridan voz kechishga majbur qilish qudratiga ega bo‘lsa, ular buni juda katta ehtimol bilan ishlatishadi.


Agar joriy vaziyat ustunlik qilsa, o'zgarishga intilgan ishtirokchilar zaif deb ko'rilishi va muvaffaqiyatsizliklarida ayblanishi mumkin. Agar murosaga erishilsa, ishtirokchilar nafaqat o'z siyosatlarini, balki printsiplarini ham "sotishgan" deb tanqid qilinishlari mumkin. O‘zaro kelishuv “sen mening orqamni qashlasang, men senikini qashlayman” deganidek, nojo‘ya harakatlar, korrupsiya yoki muqobil berish taassurotini yaratishi mumkin,


Shunga qaramay, har bir natijaning muqobil izohi bor. Agar joriy holat ustunlik qilsa, uni himoya qilganlar o'zlarining yutuqlarini maqtashadi. Murosaga erishilganda, har bir tomon “nondan ummuman olmagandan ko‘ra yarim bo‘lak olgan yaxshi” deb da’vo qilishlari mumkin. O‘zaro kelishuvdan so'ng, muzokarachilar: "Biz eng qadrlagan narsamizni oldik" deyishlari mumkin. Muzokaralar g'oliblar va mag’lublarni keltirib chiqarishi mumkin, ammo ular ishtirokchilarni hech bo'lmaganda nisbatan qoniqtiradigan natijalarga olib kelishi mumkin.


Agar butun siyosiy hokimiyat bir shaxsda to'plangan bo'lsa, hukumat buyruq bo'yicha ish qilsa va oliy rahbar buyruq beradigan bo'lsa, muzokara kerak emasdek tuyulishi mumkin. Hatto totalitar mamlakatlarda ham oliy rahbarning maslahatchilari bo'ladi va bu maslahatchilar o'zlari va hukmdor o'rtasida muzokaralar olib boradilar, chunki ular hokimiyatdan foydalanishga ta'sir ko’rsatishga intiladilar.



Tarjimon: Diyorbek Mahkamov
Siyosat Bo’limi Lideri: Sardor Xamdamov Manba:
https://openstax.org/books/introduction-political-science/pages/1-2-public-policy-public-interest-and-power

Izoh qoldirish