Sizif haqidagi afsona

Men Albert Kamyu asarlari bilan universitetning ikkinchi yilida tanishganman. O‘sha paytda falsafa yo‘nalishida o‘qiyotgan bir do‘stim menga Kamyuning “Sizif haqidagi afsona” nomli insholar to‘plamini berdi. Bu asarni bir necha yil o‘tgach, qayta o‘qib, uning haqiqiy qiymatini tushunib yetganimni eslayman. Shu hafta o‘zim uchun Sizifni yana esladim, chunki bir qancha odamlar bilan bo‘lgan suhbatlarimda umumiy bir mavzu yaqqol sezildi.

Yunon mifologiyasida Sizifning jazosi hammaga ma'lum. U do‘zaxda abadiy jazo sifatida tog‘ tepasiga toshni dumalatib chiqarishi kerak edi, ammo tosh tepaga yetmay qayta pastga tushaverardi. Ushbu zerikarli va takrorlanuvchi mehnat inson hayotida ko‘p uchraydigan ma'no va maqsadsizlikni tasvirlaydi. Hayot ba'zida hech qanday izchil sabab yoki oqimga ega bo‘lmaydi va bu bizni qiyin ahvolga solishi mumkin. Ammo Sizifning umidsiz vaziyatiga qaramay, biz undan insonning ruhiy salomatligi va farovonligi uchun qimmatli saboqlarni olamiz, ayniqsa, hayotimizning qiyinchiliklari ustimizga bosib kelayotganini his qilganimizda.

Sizif haqidagi afsonadan olingan asosiy saboqlarimdan biri qiyinchiliklarga qarshi turishda qat'iyat va bardoshning ahamiyatidir. Sizif abadiy davom etadigan behuda mehnatga mahkum bo‘lgan edi, ammo u toshni tepalikka itarishda davom etardi, har safar tosh qayta pastga tushgan bo‘lsa ham. Uning bu mashaqqatli va natijasiz ko‘rinadigan mehnatiga qaramay, qat'iyat bilan davom etishi insonning qiyinchiliklarga qarshi tura olish salohiyatini ko‘rsatadi.

Ruhiy salomatlik va farovonlik nuqtayi nazaridan, Sizifni depressiya, bezovtalik yoki boshqa ruhiy salomatlik muammolari bilan kurashayotgan odamlar uchun chidamlilik ramzi sifatida ko‘rish mumkin. Sizif qanday qilib hech qanday aniq mukofotsiz mehnat qilgan bo‘lsa, ruhiy muammolar bilan kurashayotgan odamlar ham ko‘pincha kundalik kurashlarga duch keladilar, va bu kurashlar hech qachon tugamaydigandek tuyulishi mumkin. Sizifning qat'iyatliligi bizning ichimizda qanchalik kuchli bardosh borligini eslatadi, hatto ulkan to‘siqlarga duch kelgan paytimizda ham.

Sizif haqidagi hikoya bizga hayotimizga qanday ma'no berishimiz va qiyinchiliklarga qarshi qanday qarorlar qilishimiz haqida yaxshilab o‘ylashga undaydi. O‘z esselarida Kamyu absurdlik (ma’nosizlik) tushunchasi va ma'nosizlik dunyosida maqsad izlashni o‘rganadi. Sizifning jazosining ma'nosizligiga qaramay, Kamyu shuni ta'kidlaydi: Sizif absurdlikka qarshi isyon qilish orqali hayotida ma'no va qoniqish topishi mumkin.

Sizif haqidagi afsona bizni kurash va qiyin vaziyatlarga bo‘lgan munosabatimizni qayta ko‘rib chiqishga undaydi. Uning abadiy vazifasini ma'nosiz mehnat deb ko‘rish o‘rniga, biz buni o‘sish va o‘z-o‘zini kashf etish imkoniyati sifatida ko‘rishimiz mumkin. Xuddi shunday, biz o‘zimizning ruhiy muammolarimiz bilan kurashayotgan paytimizda, og‘riq va qiyinchiliklarni o‘zimizni rivojlantirish va ichki mulohaza qilish imkoniyatiga aylantirishimiz mumkin. Qiyin vaziyatlarni chidamlilik va o‘z-o‘zini anglash uchun katalizator(jarayonni tezlashtiruvchi omil) sifatida qayta o‘ylab ko‘rish orqali biz ko‘pincha ruhiy farovonlik va hissiy chidamlilikni rivojlantiradigan dunyoqarashni shakllantira olamiz.

Sizifning abadiy mehnati hozirgi paytni qadrlash va natijadan qat'iy nazar, jarayonning o‘zida quvonch topish ahamiyatini ko‘rsatadi. Uning bu mashaqqatli vazifasiga qaramay, Sizif toshni tepalikka itarishda davom etdi va bu jarayonda ma'no va maqsad topdi. Bu bizga hayotda qoniqish va baxt ko‘pincha yo‘lning oxirida emas, balki yo‘l davomida topiladigan narsa ekanligini eslatadi.

Sizif timsoli insoniy azob-uqubatlarning umumiyligini va hayotning qiyinchiliklariga qarshi kurashish kerakligini yodga soladi. Kurashning universalligini tan olgan holda, biz hayotimizdagi qiyinchiliklar bilan kurashayotganimizda yolg‘iz emasligimizni bilish orqali taskin topamiz. Ushbu umumiy kurashni tan olish, bir-birini tushunish va qo‘llab-quvvatlashni rag‘batlantiradi, natijada ruhiy salomatlikni saqlash va jamiyatning yanada rahmdil va tushunchali bo‘lishiga yordam beradi.

Sizif haqidagi afsona inson hayotining abadiy alegoriyasi (mavhum tushuncha, o‘xshatish) sifatida xizmat qiladi. Sizifdan ilhom olib, biz bardoshlilikni shakllantirib, hayotimizda ma'no va maqsad topib, hozirgi paytni qabul qila olishimiz mumkin, va bu bizning umumiy ruhiy farovonligimiz va sog‘ligimizga hissa qo‘shadi.


Tarjimon: Murodbek Anvarbekov

Muharrir: Samandar Erkinjonov

Manba: https://www.thepilgrims-school.co.uk/the-myth-of-sisyphus

Izoh qoldirish