Sun'iy Intellekt vs Inson: Qachon Robotlar Haqiqiy Shaxsga Aylanadi?

Robot ham shaxsmi?

Bilasizmi nima? O‘ylashimcha, akam Jon robot bo‘lishi mumkin. Bilaman, bu juda ahmoqona eshitiladi. U insondek ko‘rinadi. Va u insondek harakat qiladi, ko‘pincha. Lekin men uni haqiqatdan ham – yuz foiz aniq holda – o‘zi ko‘rinib turganidek inson ekanini qanday bilishim mumkin? Hech bo‘lmaganda, uning ichini – miyasi, tanasi, ichki tuzilishini – yaqindan ko‘rib chiqmasdan? 


Va shuni unutmang, men oilada kichigiman. Bilishimcha, ota-onam uni shifoxonadan emas, balki Radio Shack'dan olib kelishgan bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, qanday qilib akam Jon Grinning haqiqiy inson yoki shunchaki juda "aqlli mashina" ekanini bilishim mumkin?


Shu sababli bugungi o’rganadigan mavzuyimiz: tirik bo‘lmagan mavjudot – masalan, robot – ham shaxs bo‘la oladimi? 


Bu faqat ilmiy-fantastika yozuvchilari uchun mavzu emas. Bu muhim masala, chunki texnologiya tobora rivojlanib bormoqda va agar biz shaxs maqomiga yetadigan mavjudotlarni yaratib qo‘ysak, ular bilan qanday muomala qilishimizni aniqlab olishimiz kerak.


Endi siz shunday deb o‘ylayotgan bo‘lishingiz mumkin: “Bu kabi texnologiya sun’iy intellekt ko’rinishida bizda allaqachon bor-ku? Masalan, telefonimda.”

Ha, bor. Ammo biz matn yozish, xatolarni tuzatish yoki ishga borish yo‘limizni rejalashtirish uchun foydalanadigan sun’iy intellekt texnik jihatdan ancha zaif. Inson aqlining qandaydir bir jihatini taqlid qiladigan mashina yoki tizim Zaif Sun’iy Intellekt deb ataladi. "Siri" bunga yaxshi misol, lekin shunga o‘xshash texnologiyalar ancha oldin ham mavjud edi. Avtomatik to‘g‘rilash, imlo tekshiruvchilar, hatto eski kalkulyatorlar ham inson intellektining ba’zi jihatlarini taqlid qila oladi. Zaif sun’iy intellekt o‘zining nisbatan tor doiradagi fikrlash qobiliyatlari bilan ajralib turadi.


Kuchli sun’iy intellekt esa butunlay boshqa narsa – u haqiqatan ham biz kabi fikrlaydi. Bizning miyamiz nima qilsa, kuchli sun’iy intellekt ham xuddi shunday qila olishi kerak. Zaif sun’iy intellekt ancha vaqtdan beri mavjud va tobora kuchayib bormoqda, lekin biz hali ham haqiqiy Kuchli sun’iy intellekt yaratishga yaqinlashmadik.


Lekin nimadirning Kuchli sun’iy intellektga egaligi nimani anglatadi? Va biz buni qachon sodir bo‘lganini bilarmidik?



Turing Testi

1950-yilda britaniyalik matematik Alan Turing (1) aynan shu savol haqida o‘ylagan va u “Turing testi” deb nomlangan sinovni ishlab chiqqan. Turingning testi o‘z davrining mahsuli edi – o‘sha paytda kompyuterlar deyarli mavjud emas edi. Agar Turing bugungi kunda ushbu testni tasvirlaganida, ehtimol shunday bo‘lardi:


Siz matn orqali ikki shaxs bilan suhbat qilyapsiz. Ulardan biri inson, ikkinchisi esa sun’iy intellekt yoki kompyuter. Lekin siz qaysi biri inson ekanini bilmaysiz. Ikkalasiga ham istalgan savolni bera olasiz va ular xohlagancha javob bera olishadi – hatto yolg‘on gapirishlari ham mumkin.

Siz inson kimligini farqlay olarmidingiz? Qanday farqlarni izlar edingiz? Qanday savollar berar edingiz va qanday javoblarni kutgan bo‘lardingiz?


Yetarlicha murakkab dasturlashga ega bo‘lgan mashina sizni o‘zi inson ekaniga ishontira olishi kerak. Turingning fikricha, agar mashina odamni alday olsa va o‘zini insondek ko‘rsata olsa, demak, u Kuchli sun’iy intellektga ega. Ya’ni, uning nuqtai nazariga ko‘ra, nimadirning biz kabi fikrlashi – uning biz kabi fikrlayotganiga bizni ishontirishidan iborat. Agar biz farqni bilmasak, demak, aslida hech qanday farq yo‘q.


Bu test qat’iy ravishda xulq-atvorga asoslangan. Va agar yaxshilab o‘ylab ko‘rsak, aslida biz bir-birimizni baholashda ham doim xulq-atvordan foydalanamiz, shundaymasmi? Masalan, men ham robot bo‘lishim mumkin! Huddi shunday men muloqotda bo’ladigan har bir inson ham.

Men ular robot emasligiga ishonishimning sababi shundaki, ular odamlardan kutganimdek harakat qilishadi. Hech bo‘lmaganda, ko‘p hollarda. Va kimdir bizga o‘xshash xatti-harakatlarni namoyon qilganda – masalan, maqsadli fikrlash va tushunishni ko‘rsatsa – biz u haqiqatan ham maqsadga va tushunish qobiliyatiga ega deb taxmin qilamiz.


Garri - Insonni nima inson qiladi?

Endi esa, bir necha o‘n yilliklarni oldinga suraylik va zamonaviy amerikalik faylasuf Uilyam Laykan (2)  bilan uchrashsak. U Turingning ko‘p fikrlariga qo‘shiladi va sun’iy intellekt misli ko‘rilmagan darajada rivojlangan zamonda yashash imkoniyati bo’lgan.


Biroq, Laykan shuni tan oladiki, ko‘pchilik hali ham odamga o‘xshash robot yaratish mumkin, lekin hech qachon haqiqiy shaxs bo‘ladigan robotni yaratib bo‘lmaydi deb oʻylaydi. Bu kishilar uchun Laykan quyidagi misolni keltiradi: Garri. 


Garri — tirik insonga o‘xshash teriga ega gumanoid robot. U golf va viola chalishni biladi. U hayajonlanadi. U seva oladi. Uning ham spirtlik ichimlikka zaifligi bor. Garri, xuddi Jon Grin kabi, shaxs bo‘lish taassurotini beradi. U maqsad va his-tuyg‘ularga ega. Uni do‘stingiz deb bila olasiz.


Endi tasavvur qiling: Garri jarohat olsa va undan qon o‘rniga motor moyi chiqsa, siz albatta hayron bo‘lasiz. Lekin, Laykanning aytishicha, bu narsa Garrining aqliy holatini “shaxs”dan “shaxsga o‘xshash” darajaga tushirmasligi kerak. Agar siz Garrining shaxs emasligini ta’kidlashni istasangiz, u nimadan mahrum? Ehtimol, mumkin bo‘lgan javob shuki, u dasturlashtirilganligi sababli shaxs emas.


Laykan bunga javoban shunday deydi: Axir, barchamiz dasturlashtirilgan emasmidik?


Har birimiz dunyoga turli xil narsalarga moyillik bilan kelamiz – siz onangizga o‘xshab tez jahl chiqarishingiz mumkin yoki bobongizdek hazil tuyg‘usiga ega bo‘lishingiz mumkin. Tug‘ilgan paytingizda genetik kodingiz bo‘lgani yetmagandek, sizni ota-onangiz va o‘qituvchilaringiz ham har xil yo‘llar bilan "dasturlashadi". Sizni hojatxonadan foydalanishga, qoshiq va sanchqini to‘g‘ri ishlatishga, ingliz tilida gapirishga o‘rgatishdi – portugalcha emas. Albatta, agar siz portugal tilida gapiradigan bo‘lsangiz ham, baribir dasturlangan bo‘lasiz.


Endi o‘ylab ko‘ring – men hozir nima qilyapman? Sizni dasturlayapman! Albatta, siz o‘z dasturlashgan chegaralaringizdan chiqib keta olasiz, lekin Garri ham shunday qila oladi. Laykanning aytmoqchi bo‘lgani ham shu.

Endi, siz bilan Garrining farqini shunda deb bilishingiz mumkin: bizda jon bor, Garrida esa yo‘q. 


Lekin, keling, shunday faraz qilaylik: Xudo bor va u har birimizga ruh ato qilgan. Biz, albatta, "ruhlantirish" jarayoni qanday bo‘lishini aniq bilmaymiz. Lekin agar Xudo urug‘lanish bosqichida yoki yangi tug‘ilgan chaqaloqqa ruh ato qila olsa, nima uchun u Garriga ham ruh ato qila olmasin?


Garri nasl qoldira olmaydi – lekin juda ko‘p insonlar ham shunday, ammo biz ularni "shaxs emas" deb hisoblamaymiz. Garrida qon yo‘q – lekin, aslida, seni "sen" qiladigan narsa haqiqatan ham shunchaki qonmi?

Laykan aytishicha, Garri shaxs. Uning kelib chiqishi va jismoniy tarkibi bizdan farq qiladi, lekin bu kimga farq qiladi? Axir tarixda ham shunday davrlar bo‘lgan-ki, odamlar terisining rangi yoki jinsiy organlari tufayli "shaxs emas" deb qaralgan. Ammo biz bunday fikrlash tarzini jiddiy tekshirganda, u bardosh bera olmasligini bilamiz.


1950-yilda Tyuring hech qanday mashina uning testidan o‘ta olmasligini bilar edi. Biroq u 2000-yilgacha bu sodir bo‘lishiga ishongan edi. Ammo shunday bo‘lib chiqdi-ki, biz dasturlash chegaralaridan tashqarida o‘ylashimiz mumkin, lekin kompyuter dasturlari bunday qila olmaydi. Shu sababli, Tyuring testidan o‘tadigan dastur yaratish juda qiyin bo‘lib qoldi.

Ammo, qachonlardir biror narsa bu testdan o‘ta olsa, nima bo‘ladi?


Ko‘pchilik shuni ta’kidlaydiki, agar mashina Tyuring testidan o‘ta olsa ham, bu uning haqiqatan ham kuchli sun’iy intellektga ega ekanini anglatmaydi.

Bu tanqidchilar "biz kabi fikrlash" shunchaki bizni aldashdan iborat emasligini ta’kidlashadi.


Xitoy Xonasi Hayoliy Tajribasi

Zamonaviy amerikalik faylasuf Jon Searl (3) "Xitoy xonasi" deb nomlangan mashhur hayoliy tajribasini yaratdi. U insondek ko‘rinish sun’iy intellekt uchun yetarli emasligini ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan.


Tasavvur qiling, siz xitoy tilini bilmaydigan odamsiz. Siz ichida xitoycha belgilar to‘ldirilgan qutilar va javob sifatida qaysi belgilarni ishlatish kerakligi haqida o’zbekcha ko‘rsatmalar berilgan kod kitobi bo‘lgan xonaga qamalgansiz. Tug‘ma xitoy tilida so‘zlashuvchilar sizga yozma xabarlarni xitoy tilida yuborishadi. Siz kod kitobi yordamida kelgan belgilarga qanday javob berish kerakligini tushunib olasiz va mos belgilarni qaytarib jo‘natasiz. Siz bularning ma’nosini umuman tushunmaysiz, lekin kodga rioya qilib to‘g‘ri javob bera olasiz. Bir qancha vaqt o’tib, siz buni shu qadar yaxshi bajarasizki, tug‘ma xitoy tilida so‘zlashuvchilar sizni xitoy tilini biladi deb o‘ylashadi.


Siz xitoy tilida gaplashadigan Tyuring testidan o‘tgan bo‘lasiz. Lekin siz chindan ham xitoy tilini bilasizmi? Albatta, yo‘q. Siz shunchaki belgilarni manipulatsiya qila olasiz – ularning ma’nosini tushunmagan holda – va shu yo‘l bilan odamlarni siz aslida bilmaydigan narsani bilasiz deb o‘ylashga majburlaysiz.


Xuddi shunday, Searlga ko‘ra, agar mashina kimnidir o‘zining inson ekaniga ishontira olsa ham, bu uning haqiqiy kuchli sun’iy intellektga ega ekanini anglatmaydi. Searlning fikricha, kuchli sun’iy intellekt mashinaning haqiqiy tushunishga ega bo‘lishini talab qiladi va u kompyuterlar hech qachon bunga erisha olmaydi, deb hisoblaydi.


Ha, Xitoy xonasi haqida yana bir narsa. Ba’zi odamlar Xitoy xonasi hayoliy tajribasiga javoban, albatta, siz xitoy tilini bilmasangiz ham, deyishadi. Lekin, sizning miyangizning hech qanday alohida hududi o’zbek tilini bilmaydi. Butun tizim, ya'ni miyaning o‘zi o’zbek tilini biladi. Xuddi shunday, Xitoy xonasi tizimi – siz, kod kitobi, belgilar – birgalikda xitoy tilini biladi, garchi tizimning alohida bir qismi bo‘lgan siz bilmasangiz ham.


Shu haqida... Men buni o‘ylab ko‘rdim. Hali ham Jon robot emasligiga ishonmayapman. Aslida, Garri men uchun, bizning ichimizda nimalar borligini aslida bilmasligimizni aniq ko‘rsatdi. Lekin agar Jon – hayotim davomida tanigan Jon – ichida qon o‘rniga motor moyi borligini aniqlasak, u hali ham mening akam bo‘lib qoladi.


Izohlar:


1 - Alan Turing - XX ingliz matematigi, logiki va kriptografi. U informatikani rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan. 1950-yilda kompyuterni ongliligini tekshiruvchi Turing testini taklif etgan.


2 -  Uilyam Laykan - XX asr Amerikalik faylasuf va professor. U asosan ong falsafasi, epistomologiya va metafizika ustidan ish olib borgan hamda 8 ta kitob va 150 dan oshiq maqolalari mavjud.


3 -  Jon Searl - 1932-yilda tug’ilgan til falsafasi, ong falsafasi va ijtimoiy falsafa sohalariga qo‘shgan hissasi bilan keng tanilgan amerikalik faylasuf. Asosan, “Xitoy Xonasi” nomli tajribasi bilan mashhur.


Tarjimon: Saidlaziz To'lqinov

Manba: CrashCourse

1 ta izoh:

Izoh qoldirish