Juma, 14-mart, 2025

Suqrot, Aflotun va Aristotel Donoligi haqida

Suqrot, Aflotun va Aristotel donolik haqida nima deb o'ylashgan?

Qadimgi yunon falsafasi donolikka erishishga da’vo qilgan edi. Biroq aynan uch eng buyuk qadimgi yunon faylasuflari donolik haqida qanday fikrlashgandi?

Suqrot (Sokrat - miloddan avvalgi 469–399 yillar), Aflotun (Platon - miloddan avvalgi 427–347 yillar), Aristotel (Arastu - miloddan avvalgi 384–322 yillar) va ularning ko‘p izdoshlari o‘z intellektual faoliyatlarini aynan donolik yoki falsafani izohlashni nazariy va amaliy maqsad sifatida ko’rdilar. Yumshoq qilib aytganda, ularning maqsadlari hozirgi zamon falsafasi maqsadlaridan juda farq qilar edi. Buni yaxshiroq tushunish uchun ularning donolik va uning farovon hayot haqida qanday fikrda ekanligini bilishimiz lozim. Suqrot dunyoga kelishidan oldin, qadimgi yunon shoirlari va dramaturglari yunon afsonalari hamda o‘sha davrdagi boshqa manbalardan ilhom olib, yaxshi hayot kechirish mavzusini bir qadar o‘rganib bo‘lishgan edi. Qadimgi yunonchada baxt so’zining "eudaimonia" ma’nosi dastlab "xudolar/yaxshi ruhlar tomonidan ma'qullangan" degan ma'noni anglatardi. Bu shuni ko'rsatadiki, boshida qadimgi yunon madaniyatida inson farovonligi “bizning baxtimiz xudolar tomonidan boshqariladi” degan g'oyaga tayangan.

Suqrot, Aflotun va Aristotildan Oldingi Yunon Jamiyati

Aynan shu nuqtayi nazardan Gomer (taxminan miloddan avvalgi 850 - 750 yillar) va Gesiod (miloddan avvalgi  750 - 650 yillar) o'z o'quvchilari va tinglovchilari uchun xulq-atvor modellarini ishlab chiqdilar.

Ammo shuni ta'kidlash kerakki, ushbu modellar bir-biriga qarama-qarshi edi. Gomer asarlarida qahramonlik shaxsiyati alohidaligi ko’rsatilgan bo’lsa, Gesiod ijodida ko'proq jamiyatga qo’shilish va mehnat bilan bog'liq qadriyatlarni targ’ib qilar edi. Bu qarama-qarshilik qadimgi yunon xalqlarida sodir bo'lgan ijtimoiy-siyosiy voqealarini aks ettirgandi.

Suqrotgacha bo'lgan falsafa deyarli turg'unlikka yuz tutgan bir vaqtda, Suqrot o'zining falsafiy izlanishlarining markaziga "qanday qilib yaxshi hayot kechirish mumkin?" degan savolni o’rtaga qo'ydi. Yuqorida aytib o'tilganidek, yaxshi hayot qanday bo'lishi kerakligi haqidagi falsafiy g'oyalar o'rtasida allaqachon bahslar mavjud edi. Bunga o’xshagan keskinliklar yunon mustamlakalaridagi mifologiyalar o'rtasidagi to'qnashuvga o'xshardi, bu esa birinchi faylasuflarni tabiat haqida izlanishga undagan. Buni Suqrot bilgan bo'lishi mumkin, u birinchi bo'lib o'zidan oldingilarning naturalistik falsafasi (tabiatni tushunishga asoslangan falsafa) turiga qiziqqanlardan edi.

Suqrotning sa’y-harakatlari orqali falsafiy turg'unlik davrida inson baxti haqida yangi yondashuv paydo bo'ldi. Bu yondashuv nafaqat san'at orqali ifodalanadigan, balki oqilona bahs-munozaralar orqali tushuntiriladigan fikrlash usuli edi, unda inson bilimi (yoki donoligi) hayot uchun zarur g'oya sifatida ko‘rilgan. Shundan boshlab, insonning aql bilan amalga oshirilgan to'g'ri xatti-harakati, hech bo'lmaganda faylasuflar orasida, baxtning kaliti sifatida qabul qilina boshlangandi. Bu g'oya Suqrotning asosiy shogirdlari tomonidan turli yo'llar bilan ifodalandi, avval Aflotun, keyin esa uning eng yaxshi shogirdi Aristotel. Epikurizm (huzur va zavq izlash falsafasi) va stoitsizm (ichki tinchlik va qat'iyatlilik falsafasi) maktablari ham shu umumiy g'oya asosida o'z nazariyalarini yaratdilar. Bu maktablarda Suqrotning g'oyalari turlicha talqin qilindi (hatto stoiklar Suqrotni o'zlarining bevosita ajdodlari deb hisoblashgandi).

Agar bu voqeani chuqurroq tushunmoqchi bo'lsak, eng boshidan ko'rib chiqishimiz kerak. Biz Suqrotning yaxshi hayot haqidagi qarashlari va donolikning undagi o‘rnini keng ma'noda o‘rganib chiqamiz. Shundan so‘ng, Aflotun va Aristotelning donolik haqidagi tushunchalari qanday bo‘lganini bilib olamiz.

Suqrotning Donoligi: Yaxshi Hayot Uchun Bilimning Ahamiyati

Suqrot o‘zini dono deb hisoblamagan bo‘lsa-da, bugungi kunda ham donolik timsoli sifatida ko‘riladi. Delphi ma'badidagi Pifiya hech kim Suqrotdan dono emasligini aytganda, bu uni falsafiy bahslarga yanada chuqurroq kirishishga undadi. O'zining nodonligi anglash Pifiya uchun “Oracle” so'zini kompaniyasi faoliyatida sinab ko'rishga olib keldi.

Ko‘plab suhbatlarida, ayniqsa Aflotun va Ksenofont asarlarida (miloddan avvalgi 430-354 yillar) qayta tiklanganida, biz Suqrotning yaxshi hayot masalasini o‘z munozaralarining asosiy mavzusi qilib olganiga guvoh bo‘lamiz. U suhbatdoshlaridan ham, o‘zidan ham doim bir savolni so‘raydi: qanday qilib yaxshi yashash mumkin? Biroq, u ko‘p hollarda boshqa savollarga murojaat qiladi va asosiy masala ikkinchi darajaga o‘tib qoladi. Har qanday Aflotunning ilk dialoglarini o‘qigan kishi, Suqrotning, masalan, jasorat yoki e’tiqod kabi fazilatlarni muhokama qilishga yetarlicha urg’u qaratganini biladi.

Suqrot davrida insoniy fazilat (arete, qadimgi yunoncha) muvaffaqiyat bilan chambarchas bog‘liq edi. Biroq, undan oldingi Yunon an’analarida fazilat insonning to‘liq nazoratida emas, balki xudolarning marhamatiga bog‘liq deb qaralardi. Iliada va Gomerning Odisseyidagi Axilles va Odisseyning hayotlari bunga yorqin misol. Ammo bu qarash Suqrotdan keyin o‘zgarishni boshlaydi.

Agar biz Aflotun o'zining dastlabki suhbatlarida aytganlariga ishonadigan bo'lsak (bu Suqrotning fikrini tahlil qilish uchun muhim manbalardan biri hisoblanadi), fazilat va yaxshi hayot o'rtasida yoki hech bo'lmaganda fazilat va urush kabi muayyan faoliyatda muvaffaqiyatga erishish o'rtasida bog'liqlik bor. Bu bog'liqlik navigatsiya(kemalar qatnovi) yoki duradgorlik kabi sohalarda ham ko'zga tashlanadi. Suqrot esa bu jarayonni nafaqat madaniyat elementlari, balki o'zining mustaqil fikrlashi orqali ham izohlaydi. Uning tahlili ham oddiy, ham o'ziga xosdir: u avval kundalik narsalardan boshlaydi.

Shuning uchun biz Suqrotning dastlabki Aflotun dialoglarida asboblar va uy anjomlari haqida ko'plab marta gapirgani haqida bilamiz. Misol sifatida pichoqni olaylik. Suqrot uchun pichoqning fazilati, shubhasiz, yaxshi kesishdir. Buning uchun pichoq o'ziga xos xususiyatlarga ega bo'lishi kerak, masalan, o'tkir, yetarli vaznga va yaxshi ushlash imkoniga ega bo'lishi zarur. Aynan shu o'ziga xos xususiyatlar tufayli pichoq o'z vazifasini yaxshi (yoki mukammal) bajarishi mumkin. Ya'ni, bu xususiyatlarning mavjudligi tufayli pichoq o'zining maqsadi (telos) bo'lgan to'g'ri vazifani (ergon) a'lo darajada bajara oladi. Agar bu xususiyatlar bo'lmasa, pichoq yaroqli sifatida ko’rilmaydi.

Xuddi shu mantiqni tirik mavjudotlarga ham tatbiq etishimiz mumkin. Yaxshi ot yoki yaxshi it - bu o'ziga xos xususiyatlar to'plamiga ega bo'lgan hayvonlardir, bu xususiyatlar ularning imkoniyatini to'liq namoyon etishiga imkon beradi. Xususiyatlarning o'ziga xos to’plami har bir narsaning tabiatiga qarab farq qiladi. Bu yerda ta'kidlash kerak bo'lgan asosiy narsa shundaki, bu umumiy fikrlash usuli odamlarga ham qo'llanilishi mumkin.

Suqrot aynan shunday qilgan. Uzun hikoyani sarhisob qiladigan bo'lsak, shuni aytishimiz mumkinki, Suqrot yaxshi hayot haqidagi savolga ana shu fikrlardan kelib chiqib javob berishga harakat qilgan. Uning fikricha, insonning barcha faoliyati aql tomonidan yoki, odatda, qadimgi faylasuflar aytganidek, ruh tomonidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Suqrot bizni har doim ongimizda yaxshi ish sifatida ko'riladigan narsani qilishga undaydi, deb o'ylagan (bu g'oya bugungi kunda Suqrotiy intellektualizm deb ataladi).

Biroq, ko'rinib turibdiki, biz uchun yaxshi ko'rinadigan narsa va aslida biz uchun yaxshi bo'lgan narsa har doim bir xil emas. Suqrot uchun bu, agar biz qanday qilib yaxshi harakat qilishni bilsak, ya'ni narsalar qanday, nima yaxshi va nima qilish kerakligi haqida bilimga ega bo'lsak, o'z manfaatimiz uchun ham yaxshi harakat qilishimiz mumkinligini anglatadi. Bu esa, bu narsalarni olish va saqlash, ulardan qanday qilib yaxshiroq foydalanish, yomonlikdan qanday qochish va shunga o'xshash narsalarni o'z ichiga oladi.

Bu shuni anglatadiki, biz nima yaxshi ekanini xatosiz bilsakgina, yaxshilikka erishish uchun ishonch bilan harakat qilishimiz mumkin. Demak, insoniy yuksaklik aqlning yuksakligidir. Bu aqlning bilimga ega bo'lgan holatidir. Bu ruhiy holat, shuningdek, Suqrot donolik (sophia) deb atagan narsadir.

Suqrot axloqidagi donolikning aniq tabiati va uning eudaimoniya bilan aloqasi bugungi kunga qadar akademik bahsli masala hisoblanadi. Ushbu mavzu bir maqolada muhokama qilish uchun juda kattadir. Shuni ta'kidlash kerakki, donolik haqida aytilganlarni hisobga olsak, ko'plab savollar javobsiz qolmoqda. Aslida, bu Suqrot falsafasining doimiy xususiyatlaridan biridir. Masalan, agar Suqrot bilimning har qanday aniq sohasi (yoki sohalari) boshqalaridan ustun bo'lishi kerak deb aytgani aniq emas.
Yuqorida ta’kidlaganimdek, Suqrot ko‘p vaqtini ezgulik haqida gapirishga bag‘ishlaydi va fazilatni o‘ziga xos bilim sifatida ko‘radi. Boshqa bilimlardan oldin o'ziga xos fazilatlarni o'rganishimiz kerak emasmi? Ular alohida-alohida yaxshimi yoki biz barcha fazilatlarni tushungach, keyingina haqiqatan ham yaxshi hisoblanadimi? Ba'zi parchalar Suqrotning biz odatda pul va sog'liq kabi buyum yoki mahsulot deb o'ylagan narsalarni ham yaxshi deb hisoblaganligini ko'rsatadi (Platonning Eutidemosi, 208e, va Menon, 88a-c). Ko'rinib turibdiki, Suqrot bu narsalarni ham o'ziga xos bilim turlaridan biri deb bilgan. Lekin u bu bilimlarni boshqalardan oldin yoki keyin o'rganishimiz kerak deb o'ylaganmi, bu noaniq.

Biz aniq bir narsani bilishimiz mumkin: Suqrot inson sifatida bizning aqliy chegaralarimizdan xabardor edi. U hech qachon biz dono bo‘lishimiz mumkin deb o‘ylamagan, ya’ni aqlimiz barcha mumkin bo‘lgan bilimlarga ega bo‘lgandagina butunlay dono bo‘lamiz. Uning fikricha, bunday darajaga faqat xudolar erisha olardi. Biz olishimiz mumkin bo‘lgan har qanday bilim esa faqat vaqtinchalik va aldamchidir. Shuningdek, biz hamma narsani bila olmaymiz. Bizning qila oladigan narsamiz - izlanishda davom etish, tushunchalarimiz va xulosalarimizni qayta ko‘rib chiqishdir. Ya’ni, qo‘limizdan kelguncha hikmat izlash yoki boshqa so'zlar bilan aytganda, falsafani tatbiq etish.

Aflotuning Donoligi: Mukammal Davlat Faylasuflarining Fazilati

Suqrotning shogirdi Aflotun, albatta, gnoseologiyaga(bilim nazariyasi) ham qiziqib, bilimning inson uchun amaliy ahamiyatini ta’kidlagan. G‘or haqidagi allegoriya axir, jaholatni targ‘ib qilish uchun emas. Ammo bu yerda men Aflotunning eng mashhur asari “Davlat”da donolik haqida nima deganini qisqacha ko‘rib chiqaman.

Suqrot singari, Aflotun ham yaxshi hayot haqida savol berishda arete(fazilat) va eudaimonia(yuksak baxt) o‘rtasidagi munosabatdan manfaatdor edi. Biroq, u donolikni nafaqat asosiy fazilat deb bilmaydi, balki uni butunlay boshqacha tasavvur qiladi. Aflotun donolik va bilim o‘rtasidagi farqni deyarli Suqrotga o‘xshab kuzatadi. Ammo, Aflotun uchun donolik - bu aqlning hamma narsani mukammal biladigan holatidan farq qiladi.

Aflotunning donolik haqidagi tushunchasini va uning axloqiy o‘rnini tushunish uchun, avvalo uning psixologik nazariyasiga e’tibor qaratish muhim. Aflotun fikricha, inson ongi uch qismga bo‘linadi: ratsional qism (logistikon), ruhiy qism (thumoides), va ishtahaviy qism (epithumêtikon). Har biri inson ongining turli vazifalari uchun javobgar: fikrlash, his qilish va xohish qilish mos ravishda ushbu qismlarga bog‘liq.

Garchi inson ongi ushbu uch qismdan iborat bo‘lsa-da, - deydi Aflotun, - bizning har birimizda bu qismlardan qaysidir biri doimo ustunroq bo‘ladi. Natijada, Aflotunning uchta metal haqidagi afsonasiga ko‘ra, uch xil fe'l-atvor mavjud: qalbi oltindan bo‘lganlar (ularning aql-idroki hukmron), qalbi kumushdan bo‘lganlar (ruhi ustun bo‘lganlar) va bronza qalbli odamlar (ularning istaklari hukmron).

Aflotunning donolik haqidagi munozaralari ideal shahar-davlat — kallipolis (ideal davlat) haqida fikr bildirayotganda namoyon bo‘ladi. Bu yerda biz Aflotunning donolikni eubuliya(to‘g‘ri maslahat yoki fikr yuritish qobiliyati)ning bir shakli deb bilganini ko‘ramiz. Bu qobiliyat, umumiy fazilat emas, faqat o‘qimishli faylasuflar, ya’ni qalbi oltindan bo‘lganlar erisha oladigan aqliy mukammallik sifatida talqin qilinadi. Aflotunning ideal siyosiy tizimida, aynan shu odamlar qirol yoki malika sifatida boshqarishi kerak.

Shu sababli, hech bo‘lmaganda “Davlat” asarida, Aflotun donolik va eubuliyaga faqat keng qamrovli ta’lim dasturi orqali erishish mumkin, deb hisoblaydi. Ammo ular hukmron bo‘lganidan so‘ng, bu fazilat butun shahar aholisi uchun foyda keltiradi. Bu, kallipolisning ideal shahar ekanligi sabablaridan biridir.

Qalbi kumush yoki bronza bo‘lgan shaxslar haqida gap ketganda, Aflotun ularning ma’lum darajada eubuliyani rivojlantirishi mumkinligini tan oladi, lekin ular hech qachon haqiqiy donolik darajasiga yetisha olmaydilar. Har qanday holatda ham, Aflotunning axloqiy nazariyasi Suqrotnikidan sezilarli farq qiladi. Bu farq Aflotunning keyingi asarlarida yanada yaqqolroq ko‘rinadi, ammo bu butunlay boshqa mavzu.

Aristotelning Donoligi: Bir Fazilat O‘rniga Ikki Fazilat

Aristotel o‘zining “Nikomax axloqi” (yoki “Nikomax etikasi”) VI-kitobida o‘zidan oldingilarga nisbatan donolik haqida batafsilroq ma'lumot beradi. Uning donolik haqidagi munozarasiga kirishdan oldin, axloqining boshqa asosiy jihatlarini ko‘rib chiqish qiziq bo‘ladi.

Aristotel uchun arete (fazilat) va eudaimonia (yuksak baxt-saodat) bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. Aflotun singari, Aristotel ham barcha insonlar fazilat uchun bir xil qobiliyatga ega emas, deb hisoblagan. Ammo Aflotundan farqli ravishda, u faqat bolaligidan to erta voyaga yetguniga qadar yaxshi ta'lim olganlargina fazilatli bo‘lishi mumkin, deb o‘ylardi. Bu Aristotel uchun zarur shart edi. Biroq, boshlang‘ich ta'lim faqat munosib insonlarni tarbiyalashi mumkin edi. Haqiqiy fazilat esa alohida turdagi amaliy bilim va tarbiyani talab qiladi. Aynan shu narsani Aristotel o‘zining axloqiy nazariyasi orqali ta’minlamoqchi edi.

Aristotel, shuningdek, inson aqlini uch qismga ajratadi: aqliy (oqilona), sezgir (his-tuyg‘u bilan bog‘liq) va vegetativ (o‘sish va hayotiy jarayonlar bilan bog‘liq). Aflotunning psixologik qarashlaridan farqli jihatlarni bu yerda to‘liq muhokama qilish qiyin bo‘ladi. Bizning maqsadlarimiz uchun faqat shuni ta’kidlash kifoya: Aristotelga ko‘ra, insoniy fazilat barcha odamlar uchun bir xil edi (hech bo‘lmaganda, uning asosiy talabalari tashkil etgan aristokratik yunonlar uchun). Boshqachasiga aytganda, Aflotundan farqli ravishda Aristotel fazilatni ko'proq ommalashgan deb hisoblagan.

Aristotel etikasiga ko‘ra, inson fazilatini ikkita asosiy toifaga ajratish mumkin: aqliy fazilatlar va axloqiy fazilatlar (yoki fe'l-atvor fazilatlari). Aristotelga ko‘ra, donolik bitta fazilat emas, balki ikkita alohida aqliy fazilatdir. Demak, Aristotel fikricha, ikki xil donolik mavjud. Men ularni keyinchalik tushuntiraman. Hozir esa axloqiy fazilatlar nimadan iboratligini yaxshiroq tushunaylik.

Axloqiy fazilatlar inson qalbining irratsional (nooqilona) tomonlari - his-tuyg‘ular va istaklar bilan bog‘liq. Bu yerda biz mardlik, saxiylik kabi fazilatlarni topamiz. Aristotelning fikriga ko‘ra, insonning nooqilona qobiliyatlari aql bilan tartibga solinsa (o‘rtacha ta'limotga rioya qilinsa), bu qobiliyatlar fazilatli bo‘ladi. Aql bilan yaxshi boshqarilgan irratsional qobiliyatlar orqali biz inson sifatida tabiatimizga mos ravishda his qilamiz va xohlaymiz.

Xulq-atvorni o‘zgartirish oson emas. Bu juda ko‘p kuch va vaqt talab qiladi. Ammo, Aristotel aytganidek, axloqiy fazilatlarga ega bo‘lish - baxtli hayot kechirish uchun yetarli emas. Biz bu fazilatlarni hayotimizdagi turli sharoitlarda to‘g‘ri qo‘llashimiz kerak. Ya’ni, biz har bir vaziyatning axloqiy o‘lchovlariga sezgir bo‘lishimiz kerak, chunki nima ustun ekanligini va nimani tanlashimiz kerakligini bilishimiz juda muhim. Shu maqsadga qanday erishish kerakligini va qanday usullarni qo‘llash mumkinligini batafsil tushunish lozim. Bu qobiliyatni Aristotel “fronezis” (amaliy donolik yoki ehtiyotkorlik) deb ataydi.

Amaliy donolikni oddiy axloqiy fazilatlar singari egallash mumkin emas. Jasur va ehtiyotsiz bo‘lish mumkin bo‘lsa-da, Aristotel shunday deb hisoblaydi: insonning barcha axloqiy fazilatlariga ega bo‘lmagan holda dono bo‘lish imkoni yo‘q. Haqiqiy amaliy donolik bir sohaga xos qobiliyat emas. U hayotning barcha jabhalarida, insonning turli bosqichlarida nima yaxshiligini to‘liq anglashni talab qiladi. Bu - inson axloqiy rivojlanishining yakuniy maqsadidir. Shunday qilib, amaliy donolik boshqa turdagi donolikdan farq qiladi: nazariy donolik (sofiya).

Amaliy donolik - bu inson uchun yaxshilik haqidagi umumiy bilim bo‘lsa, nazariy donolik - koinot va mavjudotning eng umumiy qonunlari haqida bilim olishdir. Sofiya - bu koinotning eng chuqur qonunlarini va tabiatdagi mavjudotlarning eng zo‘r qirralarini tushunishdir. Unga ega bo‘lish - biz yashayotgan dunyoni mukammal tushunish demakdir. Bu to'laqonligicha nazariy masala.

Xo‘sh, bularning barchasidan kelib chiqib, Aristotelning fikricha, inson uchun eng baxtli hayot nima? Aristotelning javobi shunday bo‘ladi: eng baxtli hayot - ikkala turdagi donolikka ega bo‘lgan faylasufning tafakkur hayotidir. Chunki nazariy bilim unga o‘z-o‘zidan yaxshilik beradi, bu yaxshilik boshqa insoniy ne'matlar orqali erishib bo‘lmaydigan darajada qadrli. Ikkinchi o‘rinda esa sofiyaga ega bo‘lmagan, lekin fronezis orqali fazilatli hayot kechirayotgan fuqaroning hayoti turadi, va bu insonlar ham baxtli hayotga erisha oladilar.

Suqrot, Aflotun va Aristotellar O’ylagan Donolik Qaytish Qila Oladimi?

Biz Suqrot, Aflotun va Aristotelni donolik haqida fikr yuritishga majbur qilgan birlamchi sabablar va ularning turli tushunchalarini ko'rib chiqdik. Ularning maqsadi amaliy edi, chunki ular quyidagi savolga javob topishga urinishgan: qanday qilib yaxshi yashashimiz mumkin? Shu nuqtayi nazardan, "donolik" odatda bilim va harakat o'rtasidagi qandaydir bog'liqlikni anglatadi, ya'ni bizda mavjud bo'lgan bilim tufayli dunyoda o'zimizni yaxshiroq yo'naltirishga imkon beradigan aqliy qobiliyatni bildiradi.

Zamonaviy faylasuflar odatda yaxshilik muammosiga bunday yondashmaydilar. Bu yerda men yaxshi yoki yomon nima ekani haqida izoh berib turmayman. Lekin ilm-fan yutuqlari ko'p bo'lgan asrimizda, inson hayotining ko'plab muhim jihatlari bo'yicha bilimlar ortib borayotgan bir paytda, donolik tushunchasi falsafiy bahslarda yana o'z o'rniga ega bo'lishi mumkin, deb o'ylayman. Ayniqsa, Aristotelning donolik tushunchasi dolzarb bo'lib borayotganga o'xshaydi. Ba'zi faylasuflar va psixologlar allaqachon shunday deb o'ylashgan. Qanday bo'lmasin, donolik haqidagi har qanday jiddiy mulohaza Suqrot, Aflotun va Aristotelning bir vaqtlar bu masala haqida qanday fikr yuritganini tushunishdan boshlanishi kerak.

Tarjimon: Nilufar Alimbaeva

Muharrir: Samandar Erkinjonov

Manba:https://wisdomcenter.uchicago.edu/news/wisdom-news/what-did-socrates-plato-and-aristotle-think-about-wisdom


41 ta izoh:

Izoh qoldirish