- 06:00 / 19.11.2024
- , Siyosat
Tanqidiy irq va gender nazariyasi

Tanqidiy irq va gender nazariyasi Tanqidiy irq va gender nazariyasi tarafdorlari nafaqat huquqlarni, balki adolatni ham kengaytirishga intiladilar. Ular o‘tmishdagi adolatsizlik qurbonlariga qonun va davlat siyosati orqali kompensatsiya berish yo‘li bilan hozirgi vaziyatni adolatliroq qilishni maqsad qiladilar. Misol uchun, qora tanli amerikaliklar o‘tmishda davlat xizmatlarida kamsitishlarga uchragan bo‘lgani sababli, Bayden ma’muriyati 2021-yilda federal hukumat qora tanli amerikaliklar va boshqa irqiy ozchiliklarga qishloq xo‘jaligi kabi ma’lum sohalarda maxsus tenglik grantlarini berishni taklif qilgan. Irq va gender nazariyasining yana bir muhim jihati epistemologiya, ya’ni bilim olish usuli hisoblanadi. Epistemologiyani tushunishda irq va gender nazariyotchilari feminist faylasuf Allison Jaggerning qarashlariga tayanadi. Jagger o‘zining 1983-yildagi "Feminist siyosat va inson tabiati" nomli asarida ta’kidlashicha, zolimlar (Jaggerning muhokamasida erkaklar) dunyoni o‘zlarining adolatsiz istaklariga mos deb qabul qilishadi va shu sababli boshqa nuqtai nazarlarni ko‘rib chiqishga qiziqishmaydi. Zulmga uchraganlar esa, aksincha, qarshilik ko‘rsatish strategiyalarini ishlab chiqish uchun ham o‘z ahvolini, ham zolimlarning nuqtai nazarini tushunishni o‘rganishlari kerak. Natijada, ular dunyo haqida kengroq bilim to‘plashlari lozim va shu tufayli ularning qarashlari epistemologik jihatdan boyroq bo‘lib, zolimlarnikiga qaraganda chuqurroq bilim olish imkonini beradi. Irq va gender nazariyotchilari bu g‘oyalardan foydalanib, ezilganlarning hukmron irq (oq tanlilar) va jins (sizgender erkaklar)ga qaraganda aniqroq va ishonchliroq bilimga ega bo‘lishga moyilligini ta’kidlaydilar. Bundan tashqari, tanqidiy irq va gender nazariyasi kesishma nuqtalarga, ya’ni shaxslar bir nechta ezilgan guruhga mansub bo‘lishi mumkinligi va bu guruhlar kesishishi natijasida ularning zulmi kuchayishi mumkinligi g‘oyasiga alohida e’tibor qaratadi. Masalan, feminizm ayollar zulmiga e’tibor qaratsa-da, tanqidiy gender nazariyasi irq va jins kesishmasida bo‘lgan qora tanli va ispan ayollari zulmni yanada chuqurroq his qilishini ta’kidlaydi. O‘z navbatida, Nora Berenstain kabi ba’zi irq va gender nazariyotchilari qora tanli va ispan ayollarining jamiyat haqidagi fikrlari boshqa guruhlarning qarashlariga qaraganda epistemologik jihatdan teranroq ekanligini va tenglikka erishish uchun faqat qora tanli yoki ispan ayollariga mo‘ljallangan maxsus dasturlar zarur bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydilar.
Tanqidiy irq nazariyotchilari ozchilik jamoalarga, ayniqsa irqiy ozchiliklarga nisbatan amalga oshirilayotgan zulmning tizimli xarakterga ega ekanligini ta’kidlaydilar. Ularning fikricha, tizimli irqchilik shaxsiy irqchilik niyatidan qat’i nazar namoyon bo‘ladi. Biror harakat yoki qaror, hatto u o‘tmishdagi irqchilik qarorlari ta’sirida shakllangan huquqiy, siyosiy va madaniy muhitda qabul qilingan bo‘lsa ham, irqchilik hisoblanishi mumkin. Tanqidiy irq nazariyotchilari ta’kidlashicha, agar shaxslar ongli ravishda huquqiy, siyosiy va madaniy tizim yaratgan qabul qilingan me’yorlar, standartlar va qarashlarni buzadigan tarzda harakat qilmasalar, bu o‘tmishdagi irqchilik harakatlari odamlar xatti-harakatini shakllantiruvchi muhitning ajralmas qismiga aylanib qolgan. Irq va gender nazariyotchilari qisman standartlashtirilgan testlarga asoslangan kollej qabul qilish tizimini tizimli irqchilikning namunasi sifatida ko‘rsatadilar. Testlar irqiy betaraf bo‘lishga intilsa-da, ulardan foydalanish irqchilikka sheriklik qilishga olib keladi. Chunki o‘tmishdagi irqchilik qarorlari past sifatli ozchilik maktablariga (maktab segregatsiyasi orqali), o‘qish uchun noqulay oilaviy muhitga (ajratilgan turar-joy qonunlari va ozchilik jamoalarining haddan tashqari nazorati tufayli) va past daromad darajasiga (kamsituvchi bandlik amaliyoti orqali) sabab bo‘lgan. Shu bois, test natijalarini qabul qilish uchun munosiblikning adolatli mezoni deb hisoblash, hatto beixtiyor bo‘lsa ham, oldingi irqchilik harakatlarining davom etayotgan merosi bilan buzilgan tizimda ishtirok etish va shu bilan irqchilik nuqtai nazaridan fikrlash demakdir.
Tarjimon: Asadbek Jumaboev
Siyosat Bo’limi Lideri: Sardor Xamdamov Manba: https://openstax.org/books/introduction-political-science/pages/3-6-contemporary-ideologies-further-to-the-political-left
Izoh qoldirish