- 01:04 / 23.10.2024
- 03:21 / 19.11.2024
- , Siyosat
G'arbiy siyosiy mafkuralarning qadimiy kelib chiqishi.

G'arbiy siyosiy mafkuralarning qadimiy kelib chiqishi.
Odamlar birgalikda jamiyatda o'z hayotlarini qanday tashkil etishlari kerak? Qanday qoidalar individual va jamoat xulq-atvorlarini boshqarishi kerak? Ushbu maqola G‘arbning qadimiy dunyosining eng yuksak cho‘qqisi deb hisoblangan Afina shahridan boshlanadi.
Suqrot va Aflotun
Miloddan avvalgi V asrda afina faylasufi Suqrot insonlar hayotning eng asosiy savollariga mantiq orqali javob izlashlari kerakligini ta’kidlagan. U faqatgina tanqidga dosh bergan, aniq va ravshan ifodalanadigan g‘oyalarni haqiqiy deb hisoblagan.
Suqrotning me'rosi(g'oyalari) asosan uning shogirdi Aflotunning(mil.avv 428-348) qo'lyozmalari orqali saqlanib qolgan. O'zining Davlat asarida Aflotun siyosiy hokimiyat haqiqiy dunyo tabiatini biladigan va donolikni chin dildan sevuvchi yuqori mahoratli shaxslarga berilishi kerakligini asoslab beradi. Aflotunning fikricha, bu talablarga faylasuflar eng mos keladigani bo'lib, ularga cheklanmagan siyosiy hokimiyati berilishi kerak. Bunday faylasuflar koorupsiyaga moyillikdan xoli bo'lib, o'zlari boshqarayotgan jamiyatga nima eng yaxshiligini bilishadi. Bunday hukumat, Aflotunning fikricha, haqiqiy adolatni ta'minlaydi.
3.2-rasm Aflotun aql bilan boshqaradigan dono va xayrixoh hukmdorlar haqida bahslashar edi. (Kredit: "Platon. Ser P. P. Rubensdan keyin L. Vorsterman tomonidan chizilgan oʻymakorlik", "Welcome Collection", Public Domain)
Aristotel
Aflotunning shogirdi Aristotel (mil.avv 384-322 yillar) ham yo jamiyatning farovonligi uchun xizmat qiladigan nihoyatda dono va fazilatli shohning hokimiyatni boshqarishi, ya'ni monarxiya, yoki shunday fazilatli insonlar guruhi tomonidan hukumat boshqarilishini, ya'ni aristokratiya, ideal siyosiy holat deb hisoblar edi. Ammo, Aristotel va Aflotunning ikkalasi ham hukumat boshqaruvi bir kishiga berilganda, boshqaruvning shoh manfaatlari uchun xizmat qiladigan zulmga aylanishidan xavotirlanishgan. Shunga o'xshab, agar boshqaruv kichik bir guruhga berilsa, ushbu guruh oligarxiyaga, ya'ni faqatgina boshqaruvdagi bir necha kishining manfaatlariga xizmat qiladigan boshqaruv shakliga aylanib qolishi mumkin. Shu ehtimollik(xavf-xatar)larni hisobga olgan holda, Aristotel siyosiy boshqaruvni ko'pchilik ko'pchilik fuqarolar qo'liga demokratiya shaklida ishonib topshirish mumkinmi, degan savolni qo'ydi. Uning tahmini bo'yicha, bu ham, yana, boshqaruv jamiyatning umumiy manfaatlari o‘rniga ko‘pchilikning manfaatlarini ko‘zlaydigan boshqaruv shakliga aylanishi mumkin. Hatto bugungi kunda ham monarxlar va avtoritar hukmdorlar ko‘pincha ko‘pchilikning jamiyatning umumiy manfaatlarini ta’qib qilish qobiliyatiga nisbatan o'zlarining shubhalari bilan o‘z boshqaruvlarini oqlashadi.
Aristotelning fikriga ko‘ra, agar xalqning ko'pchilik qismi, zamonaviy tilda aytganda, o'rta sinf tabaqasiga kirsa va ularga siyosiy hokimiyat berilsa, ularni hukumatni jamoat manfaatlarini ta’minlash maqsadida boshqarishiga umid qilsa bo'ladi.Ideal holatda, Aristotel uchun, siyosiy lavozimlar mavjud boylik tafovutlarini aks ettirishi lozim, shunda ham boyroq, ham kam ta’minlanganlar siyosiy yetakchilar bo‘lishlari mumkin bo'ladi, va jamiyatning qonun ustuvorligiga hurmati baland bo'ladi. U bunday boshqaruv shaklini Politeya deb atagan.
Politeya (xalq manfaati uchun xizmat qiluvchi hukumat tuzilmasi) ichida Aristotel jamiyat ravnaq topib, insonlar o‘z imkoniyatlarining to‘liq cho‘qqisiga chiqishi mumkin, deb hisoblagan. U insonlar o‘z salohiyatiga erishishi uchun jamoat farovonligi bilan bog‘liq masalalarda mantiqiy bahs, muhokama va hukm qilishda ishtirok etishlari kerakligini ta’kidlagan. Siyosiy ishtirok bunday faoliyatlarni o‘z ichiga olgani sababli, Aristotelning fikriga ko‘ra, inson sifatida to‘liq rivojlanish uchun shaxslar jamiyat umumiy manfaatlari uchun bahs va qarorlar qabul qilishga yo‘naltirilgan siyosiy tizimda ishtirok etishlari lozim.
Aristoteldan ilhomlangan zamonaviy mutafakkirlar, masalan, Stenford universiteti professori Jeyms Fishkin, siyosiy munozaralar va qarorlarda qatnashuvchi fuqarolar sonini kengaytirish orqali jamiyat nafaqat umumiy manfaatlarga mos keladigan turli qarashlarni yig‘ib, balki fuqarolarning to‘liq imkoniyatlarini ochishga ham yordam berishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Fishkinning fikricha, zamonaviy texnologiya bu maqsadga keng miqyosda erishishga imkon yaratadi.
3.1- Jadval. Aristotelning Siyosiy Tuzumlar Kategoriyalari Yig‘indisi
Zamonaviy mutafakkirlarning ayrimlari ham Aristotelning fikriga qo‘shilib, jamiyatni iqtisodiy jihatdan ikki qarama-qarshi guruhga ajratuvchi daromad tengsizliklari umumiy manfaatga zarar yetkazadi deb hisoblaydi. Aristotelning fikrlarining izi, masalan, Qo'shma Shtatlar va boshqa mamlakatlarda, o‘rta sinf davlatning tayanchi ekanligi va hukumatdan qo‘llab-quvvatlash hamda himoya talab qilishga loyiq ekanligini ta'kidlovchi siyosiy bayonotlarda tez-tez uchraydi.
Aristotelning fikricha, to‘g‘ri boshqarilgan davlat o‘z fuqarolarini donolik, jasorat, me’yor(o'zini tutish odobi) va adolat kabi fazilatlarni rivojlantirishga rag‘batlantirishi kerak. Bu fazilatlarga erishish uchun shaxslar hukumatga muhtoj, chunki hukumat oilaviy hayot, maktablar, ommaviy axborot vositalari, san'at va kengroq madaniy muhitdagi xulq-atvorni nazorat qilish vakolatiga ega. Qisman Aristoteldan ilhomlangan ayrim zamonaviy ta’lim islohoti tarafdorlari davlat maktablarida ma’naviy tarbiyani kuchaytirish va tegishli fazilatlarni shakllantirishni taklif qilmoqdalar.
Tarjimon: Muhammadyusuf Tursunboyev
Siyosat Bo’limi Lideri: Sardor Xamdamov Manba: https://openstax.org/books/introduction-political-science/pages/3-1-the-classical-origins-of-western-political-ideologies
Izoh qoldirish