Suqrotning hayoti va falsafasi

Suqrot Kim?

Suqrot - qadimgi yunon faylasufi, G'arb falsafasining antik davrining uchta eng buyuk namoyandalaridan biri. U Afinaning oltin davri bo‘lgan Perikl hukmronligi davrida ulg‘aydi va jangchi sifatida ham xizmat ko‘rsatdi. Uning o‘ziga xos odati bor edi: u turli narsalar haqida ko‘p savol berardi, hech qachon biror mavzuni to‘la anglamagunicha to‘xtamas va o‘z shogirdlarini ham shu yo‘lga yetaklardi.

Ajablanarli tomoni shundaki, Suqrot o‘zi hech narsa yozmagan, shuning uchun biz uning hayoti haqida zamondoshlari yozgan asarlar orqali bilamiz. Ulardan eng taniqlisi Platon edi. Afsuski, Suqrot yoshlarni “miyasini zaharlayotganlikda” ayblanib, o‘limga hukm qilindi. U qochib ketish o‘rniga, so‘nggi kunlarini do‘stlari davrasida o‘tkazishni afzal ko‘rdi.

Suqrotning Bolalik Yillari

Suqrot Afinada tug‘ilib, deyarli butun umrini shu yerda o‘tkazdi. Uning otasi Sofriniks tosh kesuvchi edi, onasi Fenaretta esa doyachilik qilardi. Suqrot yoshligidan bilimga chanqoq edi. Platonning yozishicha, u zamonasining mashhur faylasufi Anaksagorasning qo‘lyozmalarini o‘qigan va Afina hokimining ayoli Aspasiyadan nutq so‘zlash san’atini o‘rgangan. Manbalarda aytilishicha, Suqrotning oilasi jangchi bo‘lishi uchun yetarlicha mablag‘ga ega bo‘lgan va u jangchi sifatida ham jasorat ko‘rsatgan. Miloddan avvalgi 432-yilda Suqrot bo‘lajak Afina hukmdori Alsibiyadni Potideya qamali paytida asrab qolgan. 420-yillar davomida Suqrot Peloponnes urushidagi bir nechta janglarda qatnashgan, ammo shu bilan birga, Afinada ko‘p vaqtini yoshlarga bag‘ishlagan.

Suqrotning falsafasi

Aristofanning tanqidlariga qaramasdan, Suqrot Afinada har doim noodatiy tarzda ko‘rinardi: oyoqyalang, sochlari o‘sgan va ko‘pincha kir holatda bo‘lgan. Afinadagi yuqori darajadagi go‘zallik me’yorlari fonida bu g‘ayrioddiy edi. Uning katta burni va ko‘zlari uni badbashara qilib ko‘rsatardi. Bilimi va yaxshi tanishlari borligiga qaramay, u hech qachon mashhur bo‘lishga intilmagan. Suqrotning yashash tarzida va o‘limida ham donolik va ezgulikka bo‘lgan ishtiyoqi aks etgan.

Suqrotning eng yaqin shogirdlaridan biri bo‘lgan Ksenofon va Platon uning hayotidagi muhim voqealarni yozib borishgan. Suqrot haqidagi hikoyalar ko‘pincha ularni yozgan faylasuflar qarashlari bilan chambarchas bog‘liq. Masalan, Ksenofon Suqrotni soddadil va boshqalarga maslahat berishni yoqtiradigan qilib tasvirlagan. Platon esa o‘z asarlarida Suqrotni ko‘proq o‘z falsafiy g‘oyalari orqali ko‘rsatgan.

Platonning “Dialoglar” asarida Suqrot kamdan-kam o‘z fikrini bildirgan, u suhbatdoshlarini o‘z fikrlari va maqsadlari haqida chuqurroq o‘ylashga undagan. Suqrotning eng mashhur paradokslaridan biri – iroda kuchsizligi haqida bo‘lgan. U shunday degan: inson biror ish foydali deb o‘ylaganida, u zararini bilmasdan adashadi. Shuning uchun shaxsiy qadriyatlarni rivojlantirish va “to‘g‘ri o‘lchash” san’atini egallash muhimdir. Bu san’at foyda va zararlarni to‘g‘ri baholashga yordam beradi.

Shuningdek, Suqrot inson zakovatini o‘rganishga qiziqqan. Delphi orakuli (muqaddas bashoratchi) uni Afinadagi eng dono inson deb aytganida, Suqrot dastlab bu unvondan qochmoqchi bo‘lgan. Lekin keyin anglab yetgan: hech narsani bilmasligini tan olish uni boshqalardan dono qilib ko‘rsatgan.

Suqrotning qatl etilishi

Suqrot iloji boricha siyosatdan uzoq yurishga harakat qilgan, ammo Peloponnes urushi tugagach, do‘stlarining iltimosiga ko‘ra, siyosatga aralashishga majbur bo‘lgan. Miloddan avvalgi 406-yilda, Afina Kengashiga xizmatga chaqirilganida, u Afina generallari o‘limga hukm qilinganida, bu qarorga faqat Suqrot qarshi chiqqan. Oradan uch yil o‘tib, Suqrot Afinadagi zolimlar tomonidan Salamislik Leonni qatl etishga jalb qilinadi, lekin u buni rad etadi.

399-yilda esa Suqrot xudolarga hurmatsizlik qilganlikda va yoshlarga zarar yetkazayotganlikda ayblanadi. Ba’zi tarixchilar buning sababi siyosiy fitna deb hisoblasa ham, u asosan o‘z falsafasi tufayli jazolangan. Platon o‘zining “Suqrotning uzri” asarida Suqrot sudda o‘zini mardona himoya qilgani va hukmni osoyishtalik bilan qabul qilganini yozadi. “O‘rganilmagan hayot yashashga arzimaydi” degan mashhur so‘z ham sud jarayonida Suqrot tomonidan aytilgan.

Suqrotning qatl etilishi 30 kunlik kechikish bilan amalga oshiriladi, bu paytda uning do‘stlari uni qochishga undashadi, lekin Suqrot bu takliflarni rad etadi. Platonning aytishicha, Suqrot o‘limidan oldin ham baxtli va mardona edi. U zaharni ichib, so‘ngra yurak to‘xtaguncha yotib kutgan.

Suqrotning merosi

Suqrot o‘z davrining eng yuksak faylasuflaridan bo‘lganligi uchun, ba’zan uni avliyo va diniy shaxs sifatida tasvirlashgan. Qadimgi Gretsiya va Rim falsafiy maktablari ham uni o‘z ajdodlari deb bilishni xohlaganlar (faqat epikuryanlar uni masxara qilgan).

Biz Suqrotning falsafasi haqida asosan boshqalarning yozuvlari orqali bilamiz, shu sababli “Suqrotning muammosi” hali-hanuz olimlar uchun jumboqdir. Suqrot va uning shogirdlari falsafa maqsadini tashqi dunyoni tushunishdan ko‘ra, insonning ichki qadriyatlarini anglashga o‘zgartirishdi. Uning oddiy savollar berishga bo‘lgan ishtiyoqi mantiq va axloqning rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. Bu rivojlanish Aristotel davridan to hozirgacha davom etmoqda.

Suqrot hayotidan oladigan muhim saboqlardan biri shuki, inson o‘z qadriyatlariga sodiq qolgan holda yashashi kerak. 1791-yilda Benjamin Franklin o‘z avtobiografiyasida bu g‘oyani quyidagicha ifoda etadi: “Kamtarlikda Iso va Suqrotga taqlid qiling.” Bu degani, inson o‘z qadriyatlariga amal qilarkan, mag‘rurlik yoki kibr bilan emas, balki kamtarlik bilan yo‘l tutishi lozim.


Tarjimon: Muxtorova Xonzodabegim

Muharrir: Zebona Abdupaizova

Manba: Socrates ‑ Life & Philosophy | HISTORY


Report content on this page


Izoh qoldirish

Mavzuga oid

  • 09:54 / 29.10.2024
Video o'yinlar va Falsafa
  • 11:46 / 29.10.2024
Hazil-mutoyiba Falsafasi
  • 21:19 / 20.02.2025
Ong nima?
  • 20:35 / 04.11.2024
Axloqshunoslik
  • 19:30 / 28.10.2024
San'at nima?