Falsafiy matnlarni qanday o‘qish kerak

Falsafani har qanday shaklda—kitob, maqola, dialog yoki boshqa formatda o‘qiyotganingizda, bu jarayon vaqt talab etadi. Falsafa shunchaki orqaga suyanib, bemalol qabul qilish mumkin bo‘lgan fan emas.1 Unda darhol tushunib bo‘lmaydigan g‘oyalar va da’volar bo‘lishi mumkin, lekin bu mutlaqo normal holat: falsafa ko‘plab boshqa fanlarga qaraganda matnning ma’nosini faol tushunishga harakat qilishni talab qiladi.

Amaliy jihatdan olganda, o‘qishdan oldin diqqatni chalg‘itmaydigan, qulay joy topishingiz kerak. Shuningdek, matnda muhim atamalar yoki nazariyalar ta’riflangan joylarni belgilab qo‘yish yoki yozib olish tavsiya etiladi.

Ushbu maqola falsafiy matnlarni samarali o‘qish uchun 3 bosqichli strategiyani taqdim etadi.

Falsafiy matnni faol o‘qish jarayoni.

I. 1 - Bosqich: Matnni ko‘zdan kechirish va umumiy tushuncha hosil qilish

O‘qishga tayyor bo‘lsangiz, avval matnni yuzaki ko‘zdan kechiring va uning qaysi mavzuga tegishli ekanini aniqlashga harakat qiling. Masalan, Xudoning mavjudligi, bilim nima ekanligi, abortning axloqiy jihatlari yoki boshqa falsafiy mavzular haqida bo‘lishi mumkin.

Keyin, muallifning asosiy fikrini—ushbu mavzu bo‘yicha qanday xulosaga kelganini aniqlang. Zamonaviy falsafiy maqolalarda bu ko‘pincha kirish qismida ochiq-oydin tezis shaklida bayon etiladi. Biroq, eski matnlarda asosiy fikr oxirida tushunarli bo‘lishi mumkin. Agar kerak bo‘lsa, oxiridan boshlab o‘qib ko‘rish ham mumkin! Falsafa detektiv roman emas—unda "spoyler" yo‘q.

Matnni o‘qishni boshlaganingizda, muallifning fikriga qo‘shilishingiz yoki qo‘shilmasligingizni darhol hal qilish shart emas. Aslida, muallifning fikrlarini tushunmasdan oldin darhol xulosa chiqarish tavsiya etilmaydi.2 Hozirgi bosqichdagi asosiy maqsad—muallifning qayerga borayotganini, qanday yo‘nalishda fikr yuritayotganini tushunishdir.

Ba’zan matnni yuzaki ko‘zdan kechirish orqali asosiy fikrni aniqlash qiyin bo‘lishi mumkin, ayniqsa, agar u dialog yoki she’r shaklida yozilgan bo‘lsa. Lekin baribir matnning qanday tuzilganini va uning asosiy qismlarini ko‘rib chiqish foydali bo‘lishi mumkin. Hatto matnning qisqacha rejasini yozib chiqish ham yaxshi fikr. Ba’zan muallif o‘zi buni qilishga yordam beradi—zamonaviy maqolalarda ko‘pincha kirish qismi oxirida matnning tuzilishi qisqacha bayon etiladi.

II. 2 - Bosqich: Sekin va faol o‘qish

Matnning umumiy mazmunini tushunib olganingizdan so‘ng, uni boshidan boshlab yanada sekin va jiddiyroq o‘qishni boshlang. Muallifning asosiy fikrini qo‘llab-quvvatlash uchun keltirgan dalillariga e’tibor bering. O‘qish davomida muallif nimani aytmoqchi ekanligini tushunishingiz qanchalik aniq ekanini o‘zingizdan so‘rab turing. Agar tushunish qiyinlashayotganini his qilsangiz, sekinroq o‘qing.

Muallif har doim muhokama qilayotgan fikrga qo‘shilmaydi

Ba’zan faylasuflar qandaydir qarash yoki dalillar haqida batafsil yozishadi, lekin bu ularning o‘sha fikr bilan rozi ekanini anglatmaydi. Ko‘pincha ular o‘z qarashlarini boshqa g‘oyalarga qarama-qarshi qo‘yish uchun bunday usuldan foydalanishadi. Agar muallif qarama-qarshi fikrlarni keltirayotgan bo‘lsa, bu ularning o‘ziga ziddiyatli ekanini anglatmasligi mumkin. Shuning uchun, muallif qaysi fikrlarni qo‘llab-quvvatlayotgani va qaysilariga qarshi chiqayotganini aniqlashga harakat qiling.

Muallifning fikrlari haqida o‘zingizga savollar bering

Faylasuflar ko‘pincha o‘z matnlarini o‘quvchilarda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan savol va e’tirozlarga javob sifatida yozishadi. Agar siz o‘qiyotganda faqat matnni qabul qilib, savollar bermasangiz, muallif nimani tushuntirishga harakat qilayotganini tushunish qiyin bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, o‘qish davomida o‘zingizga savollar bering: "Bu fikrga ishonamanmi?", "Bu fikr nimaga asoslangan?" Matnda shubha uyg‘otgan joylarni belgilab qo‘ying va nima uchun bunday his qilganingizni yozib qo‘ying.

Xayrixoh talqin qilish

Mumkin bo‘lganicha, muallifning g‘oyalarini eng kuchli shaklda tushunishga harakat qilish kerak. Faylasuflar buni "xayrixoh talqin qilish tamoyili" deb atashadi.3

Masalan, bir muallif "bizda erkin iroda yo‘q" deb da’vo qilsa, bu gap absurd yoki juda soddalashtirilgandek tuyulishi mumkin. Axir odamlar har kuni harakat qilishadi, ular qotib qolishmagan-ku! Lekin o‘zingizni to‘xtatib, muallif "erkin iroda" deganda nimani nazarda tutganini so‘rab ko‘ring. Balki u "odamlar hech qachon o‘z harakatlarini tanlamaydi" demoqchi emas, balki "odamlarning harakatlari avvalgi voqealar tomonidan oldindan belgilangan" degan fikrni ilgari surayotgandir. Bu esa ancha ishonchliroq tuyuladi.

Hatto biror g‘oya baribir haqiqatga mos kelmaydigandek tuyulsa ham, uni imkon qadar xayrixoh tarzda talqin qilish foydali bo‘ladi. Chunki bu usul bizga eng yaxshi dalillarni ko‘rib chiqish va muallifning fikrlarini chuqurroq tushunish imkonini beradi.

III. 3 - Bosqich: Tushunish Qiyinlashganda To‘xtang

Ba’zan matn murakkab bo‘lib tuyulishi mumkin va uni tushunish qiyinlashadi. Bunday paytda, shunchaki bir necha paragrafni o‘tkazib yuborib, matn o‘z-o‘zidan tushunarli bo‘lib qolishiga umid qilish vasvasasi tug‘iladi. Ba’zan bu ishlaydi, lekin ko‘pincha bunday qilish yanada chalkashlikka olib keladi. Faylasuflarning g‘oyalari va dalillari ketma-ket rivojlanib boradi va oldingi tushunchalarga asoslanadi. Agar tushunishda qiyinchilik sezsangiz, biroz orqaga qayting va aynan qayerda adashganingizni aniqlashga harakat qiling.

Muallif fikrlarini o‘z so‘zlaringiz bilan tushuntiring

Matnni tushunganingizni tekshirishning yaxshi usuli — muallifning fikrlarini o‘z so‘zlaringiz bilan izohlashdir. Agar biror qiyin paragrafa duch kelsangiz, uni o‘zingiz uchun tushunarli tilda "tarjima" qilib ko‘ring.

Ba’zan matnning so‘zlarini tushunasiz, lekin g‘oyalari juda mavhum tuyuladi. Bunday holatda, muallif aytayotgan fikrga mos keladigan o‘z misollaringizni o‘ylab toping. Masalan, agar muallif abstrakt tushuncha haqida yozayotgan bo‘lsa, uni kundalik hayotdagi aniq holatlarga moslashtirib ko‘ring.

Noma’lum so‘zlarni izlab ko‘ring

Agar matnda tushunarsiz so‘z yoki g‘alati qo‘llanilgan termin uchrasa, uni maxsus falsafa lug‘atlaridan izlash foydali bo‘ladi, masalan:

Ba’zi maqolalar juda uzun bo‘lishi mumkin, lekin butun matnni o‘qish shart emas — faqat kerakli tushunchani anglab yetguncha o‘qish kifoya. Ayrim hollarda falsafaning o‘zi tushunchalarni qanday ta’riflash haqida bo‘lgani uchun, maqola juda batafsil bo‘lishi mumkin. Lekin baribir lug‘atdan foydalansangiz, terminning umumiy ma’nosini tushunishingiz osonlashadi.

Agar matn tarjima bo‘lsa, muqobil tarjimani sinab ko‘ring

Agar o‘qiyotgan matningiz boshqa tildan tarjima qilingan bo‘lsa va ba’zi joylari tushunarsiz tuyulsa, o‘sha matnning boshqa tarjimalarini topib o‘qib ko‘rish foydali bo‘lishi mumkin. Turli tarjimalar ba’zan bir xil g‘oyani har xil usulda ifodalaydi va bu tushunishingizga yordam beradi.

Boshqalar bilan muhokama qiling

Agar siz bilan birga shu matnni o‘qiyotgan boshqa odamlar bo‘lsa, ular bilan fikr almashish foydali bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, hamma yuqoridagi strategiyalarni qo‘llayotgan bo‘lsa, murakkab matnni tushunish ancha osonlashadi.

IV. Xulosa

Falsafiy matnlarni o‘qish ba’zan chalkash va tushunarsiz bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin yuqoridagi kabi foydali o‘qish odatlarini shakllantirsangiz, falsafa tushunarli, qiziqarli va zavqli bo‘lib boradi.4

Izohlar

[1] Falsafa nima ekanligi haqida boshlang‘ich tushuncha olish uchun qarang: What is Philosophy? — Thomas Metcalf.

[2] Faylasuflar “dalil” tushunchasini qanday talqin qilishlarini tushuntirish uchun qarang: Arguments: Why Do You Believe What You Believe? — Thomas Metcalf.

[3] Matnlarni o‘qishda (va umuman, odamlarga quloq solishda) xolisona yondashish tanqidiy fikrlashning muhim qismi hisoblanadi. Tanqidiy fikrlashga kirish uchun qarang: Critical Thinking: What is it to be a Critical Thinker? — Carolina Flores.

[4] Falsafiy matnlarni tushunish, ular yaxshi yozilganda osonlashadi. Falsafiy insho yozish bo‘yicha qo‘llanma uchun qarang: How to Write a Philosophical Essay — 1000-Word Philosophy muharrirlari.

Qo‘shimcha manbalar


Tarjimon: Abdulboriyxon Bositxonov, Ilg’ar Tojiyev

Tahrirchi: Rayhona Turayeva

Manba: How to Read Philosophy

Izoh qoldirish

Mavzuga oid

  • 09:54 / 29.10.2024
Video o'yinlar va Falsafa
  • 11:46 / 29.10.2024
Hazil-mutoyiba Falsafasi
  • 21:19 / 20.02.2025
Ong nima?
  • 20:35 / 04.11.2024
Axloqshunoslik
  • 19:30 / 28.10.2024
San'at nima?