San'at va Estetika: Falsafa bularga qanday qaraydi?

“Helena” namoyishi

2000-yilda Daniyadagi bir muzeyda rassom Marko Evaristi o‘zining san’at asarini namoyish qildi. U suv bilan to‘ldirilgan idishlarda suzib yurgan tirik  oltin baliqlarni o‘z ichiga olardi. Bu juda oddiy tuyulishi mumkin, lekin muhim tafsilot shundaki, idishlar aslida elektr blenderlar edi. Evaristi o‘zining ushbu namoyishini “Helena” deb atadi va muzey mehmonlariga xohlasalar, blenderlarni yoqishlariga ruxsat berdi. Oxir-oqibat, kimdir tugmani bosishga qaror qildi, baliqlar bir lahzada aralashtirildi, va tez orada politsiya yetib kelib, blenderlarni o‘chirib qo‘yishni buyurdi. Muzey hayvonlarga nisbatan shafqatsizlikda ayblandi, ammo bu ayblov keyinchalik bekor qilindi. Evaristi esa o‘z ishini insonlarni uch toifaga ajratish uchun yaratganini aytdi:

  • Agar siz tugmani bosishni xohlasangiz, demak, siz sadistsiz;

  • Agar bu namoyish sizni xafa qilsa, siz moralistsiz;

  • Agar boshqalarning reaktsiyasidan zavqlansangiz, siz vuayersiz

 Biroq, ko‘plab odamlar Evaristining “baliqli blenderlari”ni san’at deb hisoblamadilar. Siz ham bu borada o‘z fikringizga ega bo‘lishingiz mumkin. Lekin nima deb o‘ylashingizdan qat’i nazar, Evaristiniki kabi ishlar san’at va axloq, san’atni baholash mezonlari haqida chuqurroq o'ylab ko'rishga undaydi. Shundan kelib chiqib, yangi savollar paydo bo‘ladi: San’at biz haqimizda nimani ochib beradi? U bizga qanday ta’sir qiladi va hayotimizda qanday o‘rin tutadi?


Platonning fikri

San’atga tanqidiy yondashgan faylasuflardan biri Platon edi. U san’at insonning aqliga emas, balki his-tuyg‘ulariga ta’sir qilishini aytgan. Platonning uch qismli ruh nazariyasini [1] eslasak, u ongimizning mantiqiy fikrlovchi qismi har doim boshqaruvchi bo‘lishi kerak deb hisoblagan. Shu sababli, san’at Platon uchun muammoli edi, chunki san'at bizni ruhning emotsional va hissiyotlarga mas'ul qismi bilan o'ylashga undar edi. 


Platon san'atni tanqid qilganining yana bir sababi – u xayoliy narsalarni haqiqatdek tasvirlashidir. Haqiqatni eng muhim qadriyatlardan biri deb bilgan faylasuf uchun bu jiddiy muammo edi. Platon san’atning xavfli ekaniga shunchalik ishongan ediki, u san'atni keng miqyosda tsenzura qilishni taklif qilgan. Ehtimol, siz u bilan bu borada rozi bo‘lmasligingiz mumkin, lekin san’atning inson ruhiyatiga ta'siri kuchli ekaniga qo‘shilishingiz ehtimoli bor.


San'atning hayotdagi o'rni

 Lekin… san’atning foydasi nimada


Buni tushunish uchun 2400 yil ortga- qadimiy davrlarga qaytsak. XX asr britaniyalik faylasufi R.G. Kallingvud san’at ko‘pincha hayotdan qochish vositasi– oddiy o‘yin-kulgi, chalg‘ituvchi narsa– sifatida ishlatilishini tan olgan. Ammo u eng yaxshi san’at – bizning dunyo bilan o‘zaro munosabatimizni o‘zgartiradigan san’atligini ham aytib o'tgan. Shu bois Kallingvud san’atni ikki turga ajratgan: “o‘yin-kulgi san’ati” va “sehrli san’at”.

  1. O‘yin-kulgi san’ati odamlarni haqiqatdan chalg‘itadi, masalan og’ir kundan so’ng xayoliy dunyoga sho’ng’ish orqali;


  1.  Sehrli san’at esa odamlarga haqiqiy dunyo bilan qanday yaxshiroq muomala qilishni o’rgatadi.


Bunga yaxshi misollardan biri – Garriet Bicher Stouning [2] “Tom tog’aning kulbasi” romani bo'la oladi. Ushbu asar odamlarning qullikka bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishga yordam bergan. Bicher Stou oq tanli o‘quvchilarga afro-amerikaliklarni shunchaki mulk emas, balki o‘zlariga o‘xshash inson sifatida ko‘rishga boshlagan. 


Kallingvud biz shunday sehrli san’atga ko‘proq vaqt ajratishimiz kerakligini, hayotdan qochish uchun emas, balki uni yaxshiroq tushunish uchun harakat qilish kerakligini ta'kidlagan. 


Biroq ba'zi odamlar Kallingvudning bu fikrini bahsli deb hisoblaydi, chunki bir kishi uchun shunchaki o‘yin-kulgidan iborat bo‘lgan kitob yoki film, boshqa birov uchun hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishga turtki bo‘lishi mumkin. O‘zingizning sevimli kitob yoki filmingiz haqida o‘ylab ko‘ring. Masalan, ba’zi odamlar uchun Garri Potter– barcha muammolarni sehrli tayoqchani silkitish bilan osongina hal qilish mumkin bo‘lgan dunyodir. Ammo boshqalar uchun Garri Potter hayotga qanday nazar bilan qarashni o‘rgatishi mumkin. Misol uchun, Berti Botning barcha ta'mdagi loviyalarida  [3] do‘stlik, jamoada ishlash, sadoqat va bardosh haqida saboqlar yotadi.


Demak, san’at insonni axloqiyroq qilishi yoki aksincha, axloqsizlikka chorlashi mumkin. Biroq, san’at va axloqning kesishadigan yana boshqa yo‘llari ham bor. Bu haqida batafsilroq bilish uchun Flesh Falsafasiga murojaat qilamiz.


Mualliflik huquqi dilemmasi

2011-yilda yovvoyi tabiat fotosuratchisi Devid Sleyter Indoneziyadagi suratga olish jarayonlarida ishtirok etayotgan edi. Shu payt Naruto ismli maymun uning kamerasini tortib oldi. Bu qanday sodir bo‘lgani borasida turli qarashlar mavjud, lekin natijada maymun bir necha selfi olishga ulgurib qolibdi.


Sleyter keyin bu suratlarning mualliflik huquqini o‘ziga olishga harakat qildi, lekin rad etildi, chunki u Narutoni suratga olmagan edi. Hozir bu fotosuratlar ommaviy mulk hisoblanadi. Ammo Hayvonlarga Nisbatan Axloqiy Munosabat Tarafdorlari (PETA) Naruto nomidan sudga murojaat qilishdi. Ular maymun mualliflik huquqiga ega bo‘lishi va bu suratlardan keladigan daromad unga berilishi kerakligini ta’kidlashdi.


 Sleyter esa, aksincha, mualliflik huquqi unga tegishli deb da'vo qiladi. Chunki u Narutoga kamerani topshirgan va natijada suratlar olingan. Uning fikriga ko‘ra, u rassom, Naruto esa san’at yaratish vositasi bo‘lgan. Bu fikrga ko‘ra, Naruto suratlarni o‘zini ataylab portretga olish uchun tushirmagan, shuning uchun ham u muallif bo‘la olmaydi. 


Ammo, shuni ham inobatga olish kerakki, Sleyterda ham suratlarni olish niyati bo'lmagan. U kamerani qanday joylashtirish yoki qachon tugmani bosishni hal qilmagan. Lekin u qiziquvchan va tugmani bosa oladigan bosh barmoqqa ega bo‘lgan primatlar yashaydigan joyga borish qarorini qabul qilgan. Bu esa suratlarning olinganiga sabab bo‘lishi mumkin.


Xo‘sh, bu suratlar ortida san’atkor bormi? Agar bo‘lsa, u kim? Ehtimol, bu hamkorlik natijasidir va Sleyter ham, Naruto ham foydani bo‘lishib olishi kerak. Ehtimol, ulardan biri o‘z ulushini mevalar bilan olishga ham rozi bo‘lar.


San'at va falsafa

San’atning falsafiy jihatlarini birinchilardan bo‘lib ko‘rib chiqqan odam Aristotel edi. U o'zining ustozi Platondan farqli o'laroq san’atni qo‘llab-quvvatlagan, chunki u san'atni foydali deb bilgan. Aristotelga ko‘ra, inson organizmi barcha turdagi his-tuyg‘ularni boshdan kechirishi kerak, aks holda ichki muvozanat buziladi. Agar odam uzoq vaqt qayg‘u yoki hayajonni his qilmasa, bunday his-tuyg‘ular unga yetishmay boshlaydi. Biz hayotda barcha his-tuyg‘ularni ham boshdan kechira olmas ekanmiz, san’at bu jarayonni biz uchun bajaradi. Biz uzoq kutgan his-tuyg‘ularni nihoyat boshdan kechirganda, Aristotel “katarsis” deb nomlagan yoqimli yengillikni his qilamiz. 


Bu katarsis nazariyasi estetikadagi Fojia Jumbog’ini yechishda ancha yordam ko'rsatadi.  Fojia Jumbog’i –  bu odamlarning nega teatrga borib, yoniga ro‘molcha olib, ikki soat yig‘lashga tayyor bo‘lishi va hatto buning uchun pul to‘lashi haqidagi g‘alati jumboqdir.


Darhaqiqat, nega umuman yig'latadigan yoki qo'rqitadigan filmlar mavjud? Aristotelning javobi: katarsis. Qo‘rqinchli film yoki qayg‘uli hikoya bizga kuchli salbiy his-tuyg‘ularni xavfsiz sharoitda boshdan kechirish imkonini beradi va ushbu his-tuyg‘ularni chiqarib yuborish juda yoqimli kechadi. Shubhasiz, san’at insonda chuqur tuyg‘ularni uyg‘otishda nihoyatda samarali bo‘lishi mumkin.


Tuyg'ularimizni falsafa orqali tushuntirish

Ammo bu qanday amalga oshadi? Nega san’at bizni bunchalik kuchli his-tuyg‘ular bilan bog‘laydi? Chuqurroq o‘ylab ko‘rsak, o‘zi mavjud bo‘lmagan qahramonlarga bunchalik bog‘lanib ketishimiz mantiqan tushunarsiz. Nega biz sevimli qahramonlarimizning o‘limi uchun chin dildan yig‘laymiz? Nega biz vaqt va energiyamizni asosiy qahramonlardan juftlik hosil qilishga sarflaymiz?


Bu savollar san’atning estetik muammolaridan biri hisoblanadi. Bugungi zamonaviy estetika buni “Uydirma Paradoksi” deb ataydi. Amerikalik falsafachi Kendall Uolton bu hodisani tushuntirib, bizning bunday hissiy javoblarimiz aslida chinakam his-tuyg‘ular emas, balki uydirmalarga nisbatan javoban ko'rsatilgan “chalatuyg’ular” ekanini aytadi. Masalan, odamlar qo'rqinchli filmlarga haqiqiy hayotdagi xavfga duch kelgandek munosabat bildirmaydi – agar film bizni chinakamiga qo'rqitganida, zudlik bilan teatrni tark etib, 102 ga qo'ng'iroq qilgan bo'lar edik.


Ammo boshqa bir falsafachi Noel Kerroll bunga qo'shilmaydi. Kerrollning fikricha, insonlar badiiy asarlar va xayoliy voqealarga chinakam hissiy javob bera oladi. Chin tuyg‘ularni his qilish uchun voqealar haqiqiy hayotda sodir bo‘lishi shart emas. Ya’ni, biz do‘stlarimiz yoki oilamizning hayotidagi voqealar uchun qanday his-tuyg‘ularni boshdan kechirsak, sevimli qahramonlarimizning muhabbat va yo‘qotishlariga ham xuddi shunday munosabatda bo‘lishimiz mumkin.


San'at va Estetika

Endi “Helena” va blender ichidagi baliqlar borasidagi bahslarga qaytamiz. Ushbu eksponat san’at va axloq o‘rtasidagi murakkab munosabatlar haqida muhokamalarni keltirib chiqardi. Bu borada ikki asosiy yondashuv mavjud:


 1. Avtonomistlar fikriga ko‘ra, san’at va axloq butunlay alohida tushunchalar. Ularning nazarida, agar biror narsa san’at uchun amalga oshirilgan bo‘lsa, uni axloqiy jihatdan tahlil qilish shart emas. Ya’ni, bu nuqtai nazarga ko‘ra, Evaristi hech qanday noto‘g‘ri ish qilmagan, chunki u bu ishni san'at nomidan qilayotgan edi. 


2. Moralistlar esa san’at va axloq bir-biri bilan bog‘liq deb hisoblaydi. Ularning nuqtai nazariga ko‘ra, agar bir asar axloqiy jihatdan qoralansa, bu uning estetik qiymatiga putur yetkazadi.


Shunday ekan, hattoki agar Evaristining g'oyasi to'g'ri bo‘lganda ham, uni axloqiy jihatdan noto’g'ri usul bilan ifodalaganligi uning asarining umumiy qiymatini pasaytiradi. 


San'atning boshqa ta'sirlari

San’at ko‘pincha bizning e’tiqod va qadriyatlarimizni sinovdan o‘tkazish uchun yaratiladi va ko‘pchiligimiz bunday chaqiriqlar foydali bo‘lishi mumkinligiga ishonamiz. Ammo uning chegaralari bormi? Biz ko‘pincha ijodkorlarni dunyoni ijobiy tomonga o‘zgartiradigan “Tom amaki kulbasi” kabi san’at asarlari uchun maqtaymiz. Lekin agar bir san’at asari yomon harakatlar yoki yomon munosabatlarni keltirib chiqarsa, bunga ijodkor javobgarmi?


Falsafaning boshqa sohalari singari estetika haqida ham hali chuqur o'rganilishi kerak bo'lgan mavzularga boy. Biz shu yerda to'xtar ekanmiz, umid qilamizki, sizda estetikani o'rganishga bo'lgan qiziqish uyg’ondi. 


Izohlar: 

¹ Platonning uch qismli ruh nazariyasi – Platon ruhni uch qismga bo‘lgan: logistikon (ya’ni mantiq va tafakkur markazi), timoides (ruhiy qism, unda g‘azab va boshqa jo‘shqin his-tuyg‘ular joylashgan) va epitimetikon (istak yoki jismoniy lazzatlarga bo‘lgan istak joylashgan qism);


² Garriet Bicher Stou – AQSh yozuvchisi,  Tom amaki kulbasi asari orqali qullikka qarshi kurash harakatiga katta ta'sir ko'rsatgan;


 ³ Berti Botning barcha ta'mdagi loviyalari – Garri Potter olamidagi mashhur qandolat mahsuloti bo'lib, u hayotning oldindan aytib bo'maydiganligini va qabul qilishni o'rgatish ramzidek qaralishi mumkin.


Tarjimon: Abduqaxxorov Abdurahim 

Tahrirchi: Samandar Erkinjonov

Manba: Aesthetics: Crash Course Philosophy #31 

Izoh qoldirish

Mavzuga oid

  • 09:54 / 29.10.2024
Video o'yinlar va Falsafa
  • 11:46 / 29.10.2024
Hazil-mutoyiba Falsafasi
  • 21:19 / 20.02.2025
Ong nima?
  • 20:35 / 04.11.2024
Axloqshunoslik
  • 19:30 / 28.10.2024
San'at nima?