Kantning ulug’vorlik nazariyasi

Kantning ulug’vorlik nazariyasi


Qoramtir bulutlar orasidan quyosh nurlarini tomosha qilishni tasavvur qiling. Yoki chaqmoq osmon bo’ylab chaqib, hamma yoqni yoritib yuborgan bir paytda, momaqaldiroq gumburlashini eshitish haqida o’ylab ko’ring. Yoki suvning kuchli to’lqinlarini yoki oydin kechada koinotning ulkan bepoyonligini kuzatishni xayolingizga keltiring. Yoki daraxtlar yuqoriga uzluksiz cho’zilgandek tuyuladigan o’rmon bo’ylab sayr qilishni ko’z oldingizda gavdalantiring.

Shularga o’xshagan hayotdagi eng esda qolarli tajribalar bizni ulkan hayrat va ajablanishda qoldiradi. Faylasuflar bu tajribalarni ulug’vorlik namunalari deb hisoblashadi.

Garchi ulug’vorlikni boshdan kechirish juda og’ir va qiyin bo’lsa-da, umumiy jihatdan bu tajribalar bizga boshqacha quvvat bag’ishlaydi. Immanuel Kantning (nemis faylasufi, 1724-1804) aytishiga binoan, ulug’vorlik mantiqiy fikrlarimizning qudrati(ulug’vorligi)ni namoyon qilish yordamida bizga kuch beradi.

Bu maqola Kantning ulug’vorlik nazariyasini qisqacha bayon etadi.

Vincent Van Gogh "Yulduzli tun" (1889)

1. Ulug’vorlik o’zi nima?

Ulug’vorlik estetik va o’ziga xos xususiyatlariga ega bo’lgan sezgi kechinmasidir. Masalan, gullarning go’zalligidan bahra olish ham estetik kechinma sanaladi. Xo’sh, ulug’vorlikni nima betakror qiladi?

Garchi go‘zallikni his qilish nihoyatda yoqimli bo‘lsa-da, ulug‘vorlikda ba’zan yoqimsiz hislar ham bo‘lishi mumkin, masalan, qo‘rquv. Lekin shu bilan birga, ulug'vorlikda kuchli bir qoniqish ham bo'ladi. Shuning uchun Kant ulug‘vorlikni “salbiy rohat” deb ataydi. Umuman olganda, u huzurbaxsh his bersa-da, biroz yoqimsizlik (salbiylik) ham mavjud.

Ulug‘vorlikning bu yoqimsiz jihatini hisobga olsak, nega biz undan estetik zavq olishimiz qiziq tuyuladi. Nega bunday kechinma ba’zan “og‘riq” keltirishi muhim savol tug‘dirsa-da, undan ham muhimrog‘i, nega u umuman olganda bizga yaxshi tuyulishini aniqlashimiz zarur.

Kant ulug‘vorlikning ikki turi borligini ta’kidlaydi: matematik ulug‘vorlik - cheksiz hajmni his qilish va dinamik ulug‘vorlik - cheksiz qudratni his qilish. Masalan, yulduzlar bilan qoplangan tundagi osmon matematik ulug‘vorlikni ifodalaydi, otilayotgan vulqon esa dinamik ulug‘vorlikka misol bo‘la oladi.

Kantning fikricha, ulug‘vorlik cheksizlikni anglatadi, biroq tabiiy obyektlar (masalan, vulqon) aslida cheksiz emas, shu bois ularni haqiqiy ulug‘vor deb hisoblash to‘g‘ri emas. Haqiqiy ulug‘vor (cheksiz) obyekt, aslida, inson ongining mantiqiy qismida bo'ladi. Biz faqat aql-idrokimiz ulug‘vorlik(cheksizlik)ni aks ettirgandagina tabiiy obyektni ulug‘vor deb his qilamiz, deb ishonadi Kant.

2. Matematik ulug’vorlik

Matematik ulug’vorlik holatida, holatni boshdan kechirayotgan inson shunday ulkan narsaga duch keladiki, uni ko’z bilan butunlay ko’rib bo’lmaydi, ya’ni u cheksiz hajmda bo’ladi. Kant bu tajriba aqlning mantiqiy qobiliyatini cheksizlik haqida o’ylashga undaydi va mantiq o’z tushunchasiga mos keladigan sezgini his qilishni xohlaydi, deb ta’kidlaydi.

Ammo, sezgi mantiq xohlagan narsani yetkazib berolmaydi. Masalan, siz Grand Kanyonni xuddi stulni ko‘rgandek bir qarashda butunlay anglay olmaysiz (Grand Kanyon shunchaki cheksiz bo‘lib tuyuladi.). Natijada, sezgi mantiqning talablariga javob bera olmaydi va shu bois ulkan obyektlar noxushlik hissini uyg‘otadi.

Lekin, Kantning fikricha, bu tajriba, umuman olganda, yoqimli, chunki u mantiqning cheksizlikni tasavvur qilishdagi ajoyib qudratini namoyon etadi. Faqatgina cheksiz aqliy qobiliyat (ya’ni mantiq) cheksizlikning hajmini tasavvur qila oladi.

Shunday qilib, aslida, ulug‘vorlik (ya’ni, cheksizlik) haqiqatan ham katta tabiiy obyektlarda emas, balki mantiqda yotadi. Shunchaki cheksiz bo‘lib tuyuladigan tabiiy hodisa esa bunday tushunchani yuzaga keltiradi.

3. Dinamik ulug’vorlik

Dinamik ulug’vorlikni boshdan kechirayotganda biz cheksiz kuchga ega bo’lib ko’rinadigan sezgi obyekti bilan yuzlashamiz, masalan, to’fon. Kuchli to’fondan zavqlanish uchun (ya’ni, uni daxshatli emas, balki ulug’vor deb qabul qilishimiz uchun) biz uni xavfsiz joydan kuzatishimiz kerak.

Biroq, agar biz to’fonni televizorda tomosha qilayotgan bo’lsak ham, bu bizni tirik mavjudot sifatida o’limimizni eslatadi. Oddiy qilib aytganda, to’fon bizni ezib qo’yishi mumkin. Bu dinamik ulug’vorlikning noxushlik keltirishini tushuntiradi, ya’ni u bizni bugun o’ldirishi mumkin bo’lmasa ham, biz bir kun kelib o’lishimizni eslatadi, bu esa bizni qo’rquvga soladi.

Shu bilan birga, Kantning fikricha, to‘fon bizni o‘z kuchimiz orqali g‘alaba hissi bilan to‘ldiradi. Ayniqsa, cheksiz kuchga ega ko‘ringan obyektlar (masalan, to‘fon) bizni o‘zimizning cheksiz qudratimiz, ya’ni, erkin irodamiz haqida o‘ylashga undaydi.

Shamol va yomg‘ir tabiiy mavjudot sifatida bizni harakatga keltirishi mumkin, lekin Kantning ta’kidlashicha, ular bizni erkin iroda (ya’ni, cheksiz kuch) bilan ta’minlangan ruhiy mavjudot sifatida harakatga keltira olmaydi. Erkin iroda cheksiz qudrat deb qaralishi mumkin, chunki u tabiat qat’iyatiga qarshi chiqishning cheksiz qobiliyatidir.

Erkin iroda tushunchasini anglash esa, ushbu kechinmalarni yoqimli deb topishimiz sababini tushunishga yordam beradi. Dinamik ulug‘vorlik bizni jismonan zaif his qilishimizga olib kelishi mumkin, lekin erkin qat’iyatning cheksizligini anglay oladigan aql-idrokli mavjudot sifatida bizni ruhan qudratli his qiladi. Faqat cheksiz aqliy qobiliyat(mantiq)gina cheksiz kuch(erkin iroda)ni tasavvur qila oladi.

Shunday qilib, yana bir bor, Kant uchun haqiqatan ham ulug’vor(cheksiz) obyekt bu – cheksiz kuch g’oyasini o’ylay oladigan mantiqiy aqldir. Tabiatning kuchli obyekti bu kashfiyot uchun shunchaki vositadir.

Shu tarzda, matrmatik va dinamik ulug’vorlik ikkisi ham inson sifatidagi o’lchovsiz qobiliyatlarimizni namoyon etadi va bizning aql-idrokimizning tabiatdan ustunligini ko’rsatadi. Tabiat qancha ulkan va buyuk ko’rinmasin, insonning cheksiz hajm va qudratga ega mantiqi oldida u juda kichik va zaifdir.

4. Xulosa

Ko‘p odamlar uchun ulug‘vorlik bu tabiatga yoki hatto ilohiy reallikka bog‘liqlik hissidir. Shuning uchun, Kantning ulug‘vorlikni insonning mantiqiy zehniga joylashtirish qarori bu tajribani qanday his qilishimiz haqida noto‘g‘ri ta’rifdek tuyulishi mumkin.

Shunga qaramay, Kantning ulug‘vorlik nazariyasi haddan tashqari ulkan va qudratli hodisalardan estetik zavq olishimizning sabablarini tushunishga qiziqqanlar uchun ideal boshlang‘ich nuqta bo‘la oladi.

Izohlar:

[1]Katta kanyon (inglizcha: Grand Canyon) — AQShning Arizona shtatidagi dara bo'lib, juda keng va chuqur. Uning hajmini birdaniga to‘liq idrok qilish qiyin.


Tarjimon: Yasmina Muhiddinova

Muharrir: Samandar Erkinjonov

Manba: Kant’s Theory of the Sublime - 1000-Word Philosophy: An Introductory Anthology

Izoh qoldirish

Mavzuga oid

  • 09:54 / 29.10.2024
Video o'yinlar va Falsafa
  • 11:46 / 29.10.2024
Hazil-mutoyiba Falsafasi
  • 21:19 / 20.02.2025
Ong nima?
  • 20:35 / 04.11.2024
Axloqshunoslik
  • 19:30 / 28.10.2024
San'at nima?