Xobbs va Kontraktarianizm

Orzu yoki qo'rqinchli tush?

Qonun-qoidalarsiz dunyoni tasavvur qiling. Hech narsa noqonuniy emas. Hech narsa axloqqa zid emas. Hamma mutlaqo erkin. Bu sizga utopiyadek tuyulishi mumkin, lekin XVII asr britaniyalik faylasufi Tomas Xobbsga ko‘ra, bu aslida sizning eng daxshatli tushlaringizdagi dunyo bo‘ladi. Xobbs bu qoidalarsiz, inson xatti-harakatlarini boshqaradigan tizimsiz hayotni "tabiiy holat" deb atagan. U bunday holatdagi hayotni “yolg‘iz, qashshoq, jirkanch, shafqatsiz va qisqa” deb tasvirlagan. Va ehtimol, u haq edi.


“Xohlaganingni qil” degan erkinlik mamlakati juda jozibador ko‘rinishi mumkin, ammo siz tezda boshqalar ham aynan o'zi xohlaganini qilishini tushunasiz. Bu vaqtda sizda erkinlik ko‘p, lekin xavfsizlik umuman yo‘q bo'ladi. Chunki hamma o‘zini himoya qilish bilan ovora bo‘lganda, eng kuchli zo‘ravonlar qo‘rquv va tajovuz orqali ustunlikka erishadi. Siz eng kuchli zo‘ravon bo‘lsangiz ham, hayot yaxshilanmaydi, chunki yetarlicha kuchsiz zo‘ravonlar birlashganda, eng kuchli bo‘lgan ham ag‘darilishi mumkin.


Shartnoma tuzish

Demak, qoidalarsiz, tartibsiz hayot tizimi – yashash uchun eng yomon variant. Xobbsning fikricha, aql-idrokka ega insonlar bu kabi tizimni o‘zgartirishni istaydi. Ular tabiiy erkinliklarining bir qismini jamiyat tomonidan taklif etilgan xavfsizlik evaziga almashishga tayyor bo‘ladi. Xobbs dunyoni tartibsizlikdan qutqarishning kaliti “shartnoma”da deb bilgan. U axloqning o‘zi mutlaq haqiqat emasligiga ishongan: axloq yulduzlarda yozilmagan, aql orqali topilmaydi va ilohiy kuch tomonidan tosh lavhalarda taqdim etilmagan. Aksincha, Xobbsning aytishicha, erkin, o‘z manfaatini ko‘zlagan va aql-idrokka ega shaxslar bir joyda yashasa, axloq o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi. Chunki ular hamkorlik qilishning foydasi bir-biriga raqobat qilishdan ko‘ra ko‘proq ekanini tushunib yetadi.


Masalan, tasavvur qiling, sizning uyingizda avokado daraxti bor. Siz undan xohlagancha avokado olishingiz mumkin. Sizning qo‘shningizda esa mango daraxti bor. Avokado yeydigan odamlar qachondir uni iste’mol qilishdan charchaydi, xuddi mango yeydiganlar kabi. Shunda ular bir-birining mevasiga ko'z olaytirishni boshlaydi. Ammo bu “tabiiy holat”da, ya’ni hech qanday qoida yo‘q joyda, mango olishning yagona yo‘li – uni o‘g‘irlashdir. Sizning qo‘shningiz ham avokado olish uchun o‘g‘rilik qiladi. Bu holatda siz bir-biringizni doimiy xavf sifatida ko‘rasiz. Ammo biz aql-idrokka ega odamlarmiz. Shunday ekan, biz yaxshiroq yo‘l topamiz. Biz kelishuvga erishamiz: bir-birimizdan o‘g‘irlamaslikka, balki avokadoni mangoga almashishga va’da beramiz. Shu tariqa biz xavfsizlikka erishamiz va ovqatlanish ratsionimiz ham xilma-xilroq bo‘ladi.


Kontraktarianizm mohiyati

Biz yaratgan narsa – bu shartnoma. Bu – umumiy kelishuv va shu bilan axloq dunyoga keladi. Xobbs ilgari surgan va bugungi kunda ko‘plab tarafdorlarga ega bo‘lgan bu qarash “Kontraktarianizm” deb ataladi. Kontraktarianlar fikricha, axloqiy jihatdan to‘g‘ri harakatlar – bu erkin va aqlga asoslangan kelishuvlarni buzmaydigan harakatlardir. Biz bu kelishuvlarni hayotimizni yaxshilashiga ishonganimiz uchun tuzamiz.


Masalan, avokado-mango almashinuvi shartnomasi oddiy: ikkala tomon ham biror narsani xohlaydi va undan foyda ko‘radi. 


Ammo hamma shartnomalar bunchalik aniq emas. Ba’zida biz o‘zimiz rozi bo‘lmagan, lekin ichida yashayotgan “noaniq” yoki “bilvosita” shartnomalar mavjud. Masalan, AQSHda tug‘ilgan fuqarolar qonunlarga rioya qilishga rozilik bildirmagan bo‘lsa-da, baribir ularni bajargan holda yashashadi. Agar siz “tezlik chegarasiga rozilik bermaganman” deb politsiyachiga tushuntirmoqchi bo‘lsangiz, u baribir sizga jarima soladi. Bu sizga nohaqlikdek tuyulishi mumkin, ammo kontraktarianlar bunday emasligini ta'kidlashadi. Chunki siz bu tizimdan ko‘plab foyda ko‘rasiz: xavfsiz yo‘llarda yurish, toza suv ichish, yong‘in chiqqanda o‘t o‘chiruvchilarning yordamiga tayanish va hokazo. Xobbsning fikricha, huquqlar majburiyatlarni bildiradi. Siz umumiy tizimdan foyda ko‘rsangiz, shunday ekan unga o‘z hissangizni qo‘shishingiz kerak. Bu soliqlarni to‘lash, sudda hakamlar hay’atida ishtirok etish yoki qoidalarga rioya qilish orqali bo‘ladi.


Shartnomalar jamiyatni nafaqat omon qolishga, balki yashashga arziydigan holga keltiradi.

Ular sizni “hammaga qarshi urush” holatidan chiqarib, hamkorlik mavjud bo‘lgan hayotga olib keladi.


Mahbuslar dilemmasi

Ammo, hamkorlik qilishga ishonch bo‘lmasa-chi? 1950-yillarda kanadalik matematik Albert V. Taker “mahbuslar dilemmasi”[1] nomi bilan mashhur bo‘lgan vaziyatni ishlab chiqqan. Tasavvur qiling, siz va sherigingiz jinoyat ustida qo‘lga tushasiz va alohida xonalarda so‘roq qilinyapsiz. Prokuraturaning asosiy jinoyat bo‘yicha yetarlicha dalillari yo‘q, shuning uchun sizga eng ko‘pi bilan bir yillik jazo tayinlashi mumkin. Ammo ular ikkovingizga kelishuv taklif qilishdi: agar sherigingizni fosh qilsangiz, siz ozod qilinasiz. Endi siz va sherigingiz ikkilanishni boshlaysiz. Agar ikkovingiz ham bir-biringizga qarshi ko‘rsatma bersangiz, sizni ikki yilga qamashadi. Ammo agar jim qolsangiz, faqat bir yilga jazolanishingiz mumkin. Siz jim turib, sherigingiz sizni fosh qilsa, siz uch yilga qamalasiz, u esa ozod bo‘ladi.


Shuning uchun, agar siz o‘z manfaatingizni o‘ylovchi aql-idrokli shaxs bo‘lsangiz, o‘zingizni himoya qilish uchun sherigingizni fosh qilish eng xavfsiz yo‘ldek tuyuladi.


Mahbuslar dilemmasi kontraktarianizmning muhim jihatini ko‘rsatadi: hamkorlik foyda keltiradi, ammo faqat bir-biringizga ishonsangizgina. Begonalar orasida esa ishonchsizlik sabab ko‘plab “shartnomani buzish” holatlari yuz beradi. Masalan, tirbandlik paytlari haydovchilar qoidalarga rioya qilish o‘rniga mashinalar oqimining oldiga o'tib olishga harakat qilishadi. Bu esa hammani sekinlashtiradi. Ammo o'zaro tanish insonlar orasida bunday holat kamroq uchraydi, chunki yaqinlar bilan tuzilgan shartnomani buzish ijtimoiy taraflama qimmatga tushishi mumkin.


Erkinlik muhimligi

Kontraktarianizmda yana bir muhim talab bor: haqiqiy shartnoma faqat erkin odamlar o‘rtasida bo‘lishi mumkin. Hech kim majburlab shartnomaga kiritilmasligi kerak. Va shartnomaga rozi bo'lgan odam uchun o'sha tizim ichida yashash uning bir qismi bo'lmaslikdan foydaliroq bo‘lishi shart. To'g'ri, shartnomaning ba'zi qismlari barchaga ham yoqmasligi mumkin, lekin tizim umumiy jihatdan olib qaraganda hayotingizni yaxshiroq qilishi kerak.


Shu sababli kontraktarianizm qullik kabi tizimlarni rad etadi. Hech bir inson uni qullikka soladigan tizimda aslida foyda ko‘rmaydi. Shuning uchun, guruhningning katta qismi bunga rozilik bildirsa ham, qullikni o'z ichiga oluvchi tizim axloqiy jihatdan yaroqsiz hisoblanadi.


Kontraktarianizmning farqi

Ehtimol, siz bu nazariyadan boshqa axloqiy yondashuvlardan farqli jihatini payqagandirsiz. Masalan, “Ilohiy buyruqlar nazariyasi”[2], “Kant nazariyasi”[3] yoki “Utilitarizm”[4]da axloq “tashqi” manbadan keladi. Ammo kontraktarianizmda axloqni o‘zimiz yaratamiz. Uni haqiqat deb qabul qilishimizgina uni haqiqiy va majburiy qiladi. Demak, axloqiy qoidalar guruh tomonidan belgilangan bo‘lsa, ular o‘zgarishi ham mumkin. Jamiyatning fikri o'zgarishi bilan, shartnomani ham yangilashimiz mumkin. Biz bu holatni qonunlar o‘zgartirilganda yoki ijtimoiy normalar yangilanganda ko’rishimiz mumkin.


Ammo bu nazariya ba’zi jihatdan qat’iyroq ham hisoblanadi. Agar siz biror majburiyatni olgan bo‘lsangiz, uni bajarishingiz lozim. Bu nazariya odamlar o‘z zimmasiga qanday mas’uliyat olishni tanlash huquqiga ega deb hisoblaydi, shuning uchun hamma o‘z va’dasini bajarishi kerak.


Izohlar:


¹ Mahbuslar dilemmasi klassik nazariy tushunchalardan biri bo'lib, individual va jamoaviy oqilonalik o‘rtasidagi ziddiyatni ko‘rsatadi. Bu holatda ikki shaxs o‘z manfaatini ko‘zlab harakat qilganida, ular hamkorlik qilgan holatdagidan ham yomonroq natijaga erishishlari mumkin;


² Ilohiy buyruqlar nazariyasi - bu meta-axloqiy nazariya bo‘lib, axloqiylik Xudoning buyruqlaridan kelib chiqadi, deb hisoblaydi. Oddiyroq qilib aytganda, biror amal Xudo buyurgani uchun to‘g‘ri yoki Xudo man etgani uchun noto‘g‘ri hisoblanadi.


³ Kant nazariyasi faylasuf Immanuel Kant tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, bu deontologik axloqiy nazariya vazifa tushunchasiga asoslangan. Unga ko‘ra, agar harakatlar umumiy axloqiy qonunlarga mos kelsa, ular natijalaridan qat’i nazar

axloqan to‘g‘ri deb baholanadi. 


⁴ Utilitarizm - bu axloqiy nazariya bo‘lib, u harakatlarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini ularning oqibatlariga qarab baholaydi.

Tarjimon: Abduqaxxorov Abdurahim 

Tahrirchi: Samandar Erkinjonov

Manba: Crash Course Philosophy: Contractarianism

Izoh qoldirish

Mavzuga oid

  • 09:54 / 29.10.2024
Video o'yinlar va Falsafa
  • 11:46 / 29.10.2024
Hazil-mutoyiba Falsafasi
  • 21:19 / 20.02.2025
Ong nima?
  • 20:35 / 04.11.2024
Axloqshunoslik
  • 19:30 / 28.10.2024
San'at nima?