- 19:11 / 07.11.2024
- 19:30 / 28.10.2024
- , Falsafa
San'at nima?

1964-yilda Andy Warhol (amerikalik vizual rassom va kino prodyuseri) Brillo Boxlarining savdoda mavjud turlaridan tashqi ko’rinishda farq qilmaydigan versiyalarini namoyish qildi. Ammo, nega galereyadagi Brillo Boxlar san’at asari hisoblanadi-yu, supermarketdagilari esa emas? Shu savol Artur Danto (amerikalik san’at tanqidchisi va faylasuf) tomonidan san’at asarlari va oddiy buyumlar orasidagi farqni hamda bu farqni vizual tarzda qanday ifodalash mumkinligini o’rganishiga turtki bo’ldi. Dunyoda san’at asarlari ko’p; shuningdek, oddiy buyumlar ham talaygina. Ular orasidagi farqni qanday qilib aniqlashimiz mumkin? “San’atni ta’riflash” loyihasi aynan shu savolga javob izlashni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan. Bu borada ko’pchilik kuchli intuitsiyasiga tayanadi. Shu nuqtada, falsafa masalani oydinlashtirib, bahslarni bir yoqli qilish umidida yordamga keladi. Biroq ko’plab san’at va oddiylik namunalarini farqlay oladigan insonlar ham san’at uchun qat’iy chegaralar o’rnatishda qiynalishadi. Agar biz san’atni ta’riflamoqchi bo’lsak, biz ajratib olishimiz kerak bo’lgan bir talay narsalar mavjud. G’arbiy tarix davomida chizmachilik, haykaltaroshlik, drama, musiqa, raqs va boshqa ko’plab sohalar san’at deb atalib kelgan. Bu sohalarning aksariyati bir-biriga unchalik o’xshamaydi, va ularning o’xshashliklari rasmiy yoki sezgi tuzilmalari asosida ham emas. Shunday bo’lsa-da, biz ularni san’at deb ataymiz. San’atni ta’riflashning maqsadlaridan biri bu narsalar, ko’plab tafovutlardan tashqari, qanday o’xshashligi borki, ular “san’at asarlari” deb ataladi. Lasko g’orining suratlari o’n yetti ming yoshdan oshgan. Bizning san’at haqidagi hozirgi Yevropalashgan fikrimiz asosan 18-asrda shakllangan. Bizning san’at haqidagi ta’rifimiz Lasko suratlarini ham o’z ichiga olishi kerakmi yoki undan ham ko’proq, Fransiya Akademiyasidan oldingi san’at g’oyasini ham qamrab olishi kerakmi? Shu o’rinda, bizning san’at haqidagi tushunchamizda madaniy bog’liqlik masalasi ko’tariladi. Darhaqiqat, insonlarsiz san’at bo’lmaydi, ya'ni insonlarning hayot tarzi va qiziqishlariga tayanmagan san’at turi mavjud emas. Metafizikani (mavjudlikning umumiy xususiyatlarini o'rganuvchi falsafa) chetga suib tursak, san’atni ta’riflash barcha va faqat san’at asarlari sirasida bo’lgan narsalarni qamrab oluvchi qonun-qoidalar yaratishdir. Ko’pchilik uchun, san’atning ta’rifi tarixiy davrlar, bizning zamonaviy tashqi ko’rinishidan farqlab bo’lmaydigan san’at asarlari, Renessans(Yevropa madaniy uyg'onishi)dan oldingi san’at, va ehtimol hattoki qadimgi Lasko suratlarigacha tarkib topgan bo’lishi kerak. 2. Klassifikatsiya va Baholash “San’at” so’zining ikki xil keng qo’llanilishiga chuqurroq nazar tashlasak, yana bir to’siqni yengib o’tishimiz mumkin. Ba’zan “Bu san’at asari” degan gapni eshitamiz, lekin bunda inson aslida san’at asari sifatida ko’rmaydigan narsalar haqida so’z yuritiladi. Masalan, toza o’rilgan maysa, mazali tort, yoki basketboldagi ajoyib zarba. Bunday ta’riflarda ta’kidlanayotgan narsaning yuqori sifatga egaligi nazarda tutiladi, xoh bu chiroyi, xoh uni bajarishda talab qilinadigan mahorati bilan bo’lsin. Shu bois, so’zning baholovchi ma’noda qo’llanishini asosiy savolimizdan tashqarida qoldirish ma’qul. Bizni qiziqtiradigan narsa – klassifikatsiya ma’nosida qo’llanilishi, ya’ni buyumlarning san’at asari sifatida aniq va to’g’ri belgilanishidir. 3. Ta’rif va tafsilot San’at haqidagi savol yana bir jihatdan chalkashlikka sabab bo’ladi: san’atning ta’riflari va san’atning tafsilotlari. Ba’zilar uchun klassifikatsiya masalasi muhim bo’lib, har qanday X ning san’at asari ekanligi yoki yo’qligini aniqlash zarurdir. Boshqalar esa “san’at nima?” degan savolga javob berishni san’atni bir butun mashg’ulot sifatida tavsiflash deb biladi. Bu esa, madaniyatlar nega san’atni qadrlashi va san’atning qadriyatlari nimalardan iboratligini tushunishni ham o’z ichiga oladi. Klassifikatsiyaning ta’rif berishga oid qat’iy maqsadi - qaysidir X san’at asari ekanligini belgilovchi zarur va yetarli qoidalarni o’rnatishdir. Shu bilan birga, san’atning tafsiflashga oid kengroq savollari ustida ham fikr yuritish imkonini beradi. 4. Funksionalizm va Protseduralizm (Funksionalizm ijtimoiy tizimlarni, institutlarni va ularning funksiyalarini o’rganishga qaratilgan. Protseduralizm esa, jarayonlar va qoidalar orqali qaror qabul qilish va harakat qilish tamoyillarini o’rganadi.) Hamma ta’riflash va tavsiflash maqsadlari orasida aniq farq borligiga hamma ham ishonmaydi. Ba’zilar to’g’ri klassifikatsiyalovchi ta’rif san’atning mos funksiyasini qamrab olishi kerak, deb aytishadi va o’sha funksiyaning o’zida baholovchi mazmun bo’lishi mumkin. Funksionalistik ta’riflar shu turga kiradi va bunda san’atning asosiy funksiyasi qandaydir ijobiy yoki estetik qiymat yoki hissiyotlarni ta’minlashdan iboratdir. Bu protseduralistik ta’riflardan farq qiladi. Protseduralistik ta’riflarga ko’ra, nimadir san’at deb hisoblanishi uchun, u ma’lum doirada san’at deb qabul qilinishi kerak. Institutsional va tarixiy e’tiroflarning har biri san’atni shu tarzda izohlaydi. Institutsional ta’riflar san’at asarlarini san’at dunyosi namoyandalari tomonidan san’at maqomiga loyiq deb topilgan narsalar sifatida tan oladi. Bu ta’rif san’atni ortiqcha an’analashtirish, yopiq va murakkab bo’lgani uchun tanqidlarga duchor bo’lgan. Boshqa asosiy protseduralistik ta’riflar esa tarixiy ta’riflardir. Tarixiy ta’riflar o’tmishda san’at deb hisoblangan narsalarga nisbatan ifoda beradi. Bu ko’plab shartli tafsilotlarni san’at tarixi ustiga yuklaydi. San’atning asl maqsadini ochib bermasa-da, qoniqarli klassifikatsiyalovchi ta’rifni taklif etadi. 5. Ehtimoliy ta’riflar Nihoyat, hamma ham san’atning ta’rifi hali beri aniqlanishiga yoki umuman unga ehtiyoj borligiga ishonmaydi. Wittgensteinning (avstraliyalik faylasuf, 1889-1951) "Falsafiy Izlanishlar”idan keyin darhol Morris Weitz (amerikalik estetika faylasufi, 1916-1981) san’atni ta’riflab bo’lmasligini ta’kidlaydi. Xuddi Wittsgenstein o’yinlarni ta’riflab bo’lmasligi va ularni oilani eslatadigan bir guruh narsalar sifatida yaxshiroq tushunilishini aytganidek, san’atni ham shunday tushunishimiz kerak. Zamonaviy nazariyotchilar xuddi shunday davom ettirishmoqda. Shunday urinishlardan biri - bu san’atning Tavsiflar Guruhi. Bunda bir guruh buyumlar hech qanday falsafiy ta’rifsiz san’at asari sifatida qabul qilingan. Bunday tavsiflar borasida kelishmovchilik bo’lgan, bunga sabab qilib esa guruh shunchaki yashirin ta’rifga ega ekanligi aytilgan. Nima bo’lsayam oxirida, san’atning keng qamrovli ta’riflarini qidirish haliyam davom etmoqda. Izohlar: 1 - Lasko g'ori: Frantsiyaning Dordogne viloyatidagi qadimgi san'at asarlari bo'lgan mashhur g'or. 2 - Funksionalistik: asosiy maqsadi funksiyaga yo‘naltirilgan qarash 3 - Protseduralistik: tartibga asoslangan qarash 4 - Institutsional: san’atni ijtimoiy kontekstda baholash Tarjimon: Yasmina Muhiddinova Muharrir: Samandar Erkinjonov Manba: Definitions of Art - 1000-Word Philosophy: An Introductory AnthologyQaysi san’at tarixi?
4 ta izoh:
Izoh qoldirish