- 04:33 / 19.11.2024
- 05:16 / 19.11.2024
- , Siyosat
Hozirgi Xitoy Kommunizmi: Bozor Iqtisodiyoti va Marksistik Meros Orasida

Hozirgi zamon Xitoy kommunizmi 1991-yilda Marks g‘oyalari asosida hukumat qurgan Sovet Ittifoqi qulagan bo‘lsa ham, kommunizm siyosiy ideologiya sifatida davom etmoqda. Aslida, dunyoning eng ko‘p aholiga ega mamlakati — Xitoy Xalq Respublikasi, hozirda kommunistik ideologiyaning muayyan versiyasiga sodiq bo‘lgan rejim tomonidan boshqarilmoqda. Xitoyda Xitoy Kommunistik partiyasi a’zosi bo‘lmagan hech bir shaxs siyosiy lavozimni egallay olmaydi. Mao Zedong rahbarligida Kommunistik partiya 1949-yilda hokimiyatni qo‘lga oldi. Mao, 1976-yilda vafotigacha Xitoy bosh vaziri bo‘lib xizmat qilgan, Marxist-Leninistik ideologiyaning o‘ziga xos shaklini rivojlantirdi va bu Maoizm nomi bilan tanildi. Maoizmga ko‘ra, Xitoy qishloq aholisi (dehqonlar), sanoat ishchilar emas, kommunizmni olib kirishning asosiy agentlari bo‘lishi mumkin va bo‘lishi kerak edi; ular uchun faqat yetarlicha kuchli siyosiy partiya boshchilik qilib, ularni shakllantirishi va tarbiyalashi zarur edi. Mao ta’kidlaganidek, dehqonlar Marx inqilob va kommunistik jamiyat yaratishga olib keladigan xususiyatlarga ega edi. Mao dehqonlarning qashshoqligi ularni baxtsiz qilganini, johilligi esa ularni boshqaruvga yaroqli qilganini, va ularning tabiiy jangovarligi inqilobiy kurash orqali o‘zgarishni qabul qilishga ochiq qilganini ta’kidlagan. Dehqonlarda yo‘q bo‘lgan va Marx shahar sanoat ishchilarida bo‘lgan deb hisoblagan narsa esa jamoaviylik va umumiy sinfiy ong edi. Shuning uchun, Mao nazarida, ommani inqilobiy kuchga aylantirish uchun kuchli inqilobiy partiya (Lenin “avangard” deb atagan) mutlaq siyosiy hokimiyatga ega bo‘lishi zarur edi. Mao shahar ziyolilar guruhlariga alohida shubha bilan qarardi va 1966-yildan 1976-yilgacha ular Madaniy inqilob davomida ta’qibning asosiy nishoniga aylandi. Bu harakat, asosan, “Qizil Gvardiya” deb nomlangan talabalar boshchiligidagi jangovar faollar tomonidan olib borilgan bo‘lib, ular qarshilikni bostirishga harakat qilishdi. Mao hukmronligi davrida Xitoy aholisi 800 milliondan oshganligi sababli, Mao bu choralarni Xitoy Kommunistik partiyasining maqsadlariga erishishning yagona yo‘li deb hisobladi. 3.7-rasm Ushbu Xitoy targ'ibot plakatida dehqonlar, askarlar va talabalar Mao va uning ta'limotlariga ergashadilar, bu esa Mao surati tushirilgan kitobda tasvirlangan. (Manba: Mao Tszedunning Qizil bayrog'i ostida qalin oldinga siljish Pan Ka/Tomas Fischerning Nodir kitoblar kutubxonasi, Toronto universiteti/Flickr, CC BY 2.0) Mao 1976-yilda vafot etishidan oldin Xitoyni “sotsializmning dastlabki bosqichida” ekanini e’lon qilgan edi. Uning vorisi Deng Xiaoping esa, Mao davrida katta yutuqlarga erishilganini tan olib, sinfsiz jamiyatga erishish maqsadiga hali uzoq ekanini ta’kidladi. Shu sababli, kommunistik maqsadlarga erishish uchun iqtisodiy tajribalar va muqobil yo‘llarni sinab ko‘rishni oqlangan deb hisoblagan. Deng iqtisodiy ishlab chiqarishning har bir jihatini nazorat qilish o‘rniga, bugungi kunda ham Xitoyda davom etayotgan siyosatni joriy etdi. Bu siyosat xususiy mulk va erkin bozorlarga nazoratli tarzda ruxsat beradi. Asosiy e’tibor iste’mol tovarlariga qaratilib, ular Kommunistik partiya qat’iy nazorati ostida bo‘ladi va iqtisodiy unumdorlikni oshirish vositasi sifatida xizmat qiladi. Xitoy hukumati, shuningdek, fuqarolarning hayotdan qoniqishini oshirish va shu orqali ularning iqtisodiy samaradorligini kuchaytirish maqsadida cheklangan diniy erkinliklarni ham joriy qilgan. Dengning va’dasiga ko‘ra, jamiyatning ishlab chiqarish kuchlari hammaning ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli darajaga yetgach, kommunizm yuzaga keladi. Dengning fikricha, kommunizm qaror topgach, Xitoy foyda asosidagi iqtisodiyotdan voz kechib, iqtisodiy ishlab chiqarish foyda olish emas, balki odamlar ehtiyojlarini qondirish va mahsulotlarni taqsimlash asosida tashkil etiladi. Dengning ta’kidlashicha, bu yakuniy bosqichda din ham yo‘qoladi, chunki mahsulot asosidagi iqtisodiyot inson azoblarini yengillashtiradi va dinning “afyun” sifatidagi ehtiyojini yo‘q qiladi. Nihoyat, Kommunistik partiyaning aholiga nisbatan qat’iy nazorati ham tugaydi. Bu fikr J.J. Russo ta’riflagan holatga o‘xshaydi: odamlar shaxsiy foyda olish istagidan ozod bo‘lishganda, ular nafaqat iqtisodiy va siyosiy zulmdan, balki bu zulm ularning psixologiyasini qanday buzgan bo‘lsa, shundan ham ozod bo‘ladilar. Kommunistik davlatlar uchun, hech bo‘lmaganda nazariy jihatdan, oxirgi maqsad ozodlikdir; zulm ichki qadriyat emas, balki chinakam insoniy erkinlikka erishish uchun zarur bo‘lgan vositadir. Xitoyning bozor erkinliklaridan foydalanib kommunizmning yakuniy maqsadiga erishishga sodiqligi davom etmoqda. Shu bilan birga, u kuchli partiya nazoratini saqlash muhimligini ta’kidladi. Bu maqsadda davlatning din, ta’lim va ommaviy axborot vositalarini nazorat qilishini kuchaytirdi. Si Szinpin davrida ko‘pchilik dinlar tobora kuchayib borayotgan ta’qiblarga duch kelmoqda. Ammo Si an’anaviy Xitoy Konfutsiylik e’tiqodini, u ijtimoiy hamkorlik, tartib va iyerarxiyani ta’kidlab, Kommunistik partiya maqsadlariga mos keladi deb hisoblagani uchun, uning qayta tiklanishini ma’qullagan. Asosan, Si Xitoy aholisini Marxist g‘oyalarga mustahkam bog‘lanish orqali ma’no va axloqiy yo‘nalishni topishga chaqirmoqda. Kommunistik partiyaga qo‘llab-quvvatlovni kuchaytirish uchun rejim so‘nggi o‘n yilliklarda Xitoyda kambag‘allikning keskin kamayishini maqtov bilan tilga olmoqda. Tarjimon: Muhammadyusuf Tursunboyev Siyosat Bo’limi Lideri: Sardor Xamdamov
Manba: https://openstax.org/books/introduction-political-science/pages/3-4-nationalism-communism-fascism-and-authoritarianism
1 ta izoh:
Izoh qoldirish