Kommunitar Tizimlarning Xususiyatlari qanday?

Kommunitar Tizimlarning Xususiyatlari qanday?

Kommunitar tizimda hukumatning fuqarolar hayotidagi roliga kuchli urg’u qaratiladi. Kommunitar tizimlar odamlarning jamiyat va uning qadriyatlariga muhtoj ekanligi, shuningdek, uyg‘un jamiyatni shakllantirish uchun jamiyat ahamiyati asosida quriladi. Hukumat nafaqat huquqlarni himoya qilish, balki jamoat muammolarini hal qilish uchun siyosiy hamjamiyatni shakllantirish uchun ham mavjuddir. Jamiyatning umumiy manfaatlari mavjud va hukumat buni himoya qilishi lozim, hatto bu individual xatti-harakatlarni cheklashni talab qilsa ham. Kommunitarlar ortiqcha individualizmga qarshi chiqadi, chunki bu odamlarni o‘zini o‘ylaydigan yoki egoistik bo‘lishga undaydi va bu jamiyat uchun zararli hisoblanadi deydi. Shaxslar jamiyatdan butunlay ajralgan, mustaqil emas; ular jamiyatning bir qismi bo‘lib, uni himoya qilishda o‘z rolini bajarishi lozim.


Kommunitarizm amaliyoti mamlakatlarda turlicha bo‘lishi mumkin. Xitoy, Singapur va Malayziya kabi ayrim mamlakatlar avtoritar hukumatlarga ega. Bu uslubdagi hukumatlar shaxsiy erkinliklarni keskin cheklab, hukumat hokimiyatiga bo‘ysunishni ta’minlaydi. Ushbu hukumatlar Konstitutsiyalarida ijtimoiy majburiyatlar va umumiy manfaatlar oldingi o‘rinda turishini ta’kidlaydi. Xitoy Konstitutsiyasida shunday deyiladi: “Ijtimoiy tizimni har qanday tashkilot yoki shaxs tomonidan buzish man etiladi.” Shu bilan birga, Konstitutsiyaning 35-moddasida: “Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari so‘z, matbuot, yig‘ilish, uyushma, namoyish va miting erkinligidan foydalanadi,” deyiladi. Ammo, Xitoy Respublikasidagi amaliyotni ushbu moddalarga solishtirsak, hukumat individual erkinlik va mustaqillikni himoya qilishga emas, balki hukumat nuqtai nazaridagi uyg‘un jamiyatni himoya qilishga ko‘proq urg‘u berayotganini ko‘rish mumkin.

4.4-rasm Rossiya harbiy qudratining namoyishi xalqning avtoritar o'tmishini eslatib turadi. (kredit: Tinou Bao / Flickr tomonidan "Qo'riqlash", CC BY 2.0)


Javobgar kommunitarizm avtoritar kommunitarizm uslubi va libertarianizmning iddao qilingan o‘z manfaatini o‘ylashiga teskaridir. U umumiy manfaatlar va shaxsiy mustaqillikni birlashtirishga intilib, ularning birortasiga haddan tashqari ustunlik berilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shaxs jamiyat ichida bo‘lib, uning shaxsiyati jamiyat orqali shakllanadi. Javobgar kommunitarizmda shaxsiy huquqlar jamiyatning yaxshi deb qabul qilingan normalari bilan muvozanatlashadi. Agar shaxsning xatti-harakati qabul qilingan norma bilan ziddiyatga kirsa, jamiyat yoki hukumat shaxsni cheklaydi. Masalan, bugungi kunda Qo‘shma Shtatlarda ko‘pchilik qullik va irqiy adolatsizlikka qarshi. Ammo, ular 18-asrda tug‘ilganida, ko‘pchilik bu tushunchalarni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lar edi. Har bir jamiyat umumiy manfaatlar uchun muhim deb e’lon qilgan me’yorlarga ega, va bu me’yorlar jamiyat asosiga aylanadi. Umumiy manfaat shaxsiy manfaatdan ustun turgan holatlarda ziddiyat yuzaga kelishi mumkin, va bu ziddiyatni hal qilish mas’uliyati jamiyat va hukumat zimmasiga tushadi.


COVID-19 pandemiyasi dunyo bo‘ylab og‘ir kasallik va ko‘plab o‘limlarga olib keldi. Pandemiya davrida hukumatning shaxslarni cheklashga qaratilgan harakatlarini ko‘pchilik oqladi, chunki kasallikning jamiyat uchun tahdidi ba’zi erkinliklarni vaqtincha to‘xtatishga asos yaratdi. Odamlar bu cheklovlarni qabul qilishi yoki rad etishi ularning ilmiy izohlarni qabul qilish darajasi va individualizm yoki kommunitarizm haqidagi qarashlariga bog‘liq edi. Olimlar kasallik qanday tarqalishini tushuntirdilar, hukumat rahbarlari esa odamlardan rioya qilishni talab qildilar. Dunyoning ko‘plab hududlarida hukumat harakatlanishni cheklash, niqob taqishni talab qilish va bu qoidalarga rioya qilmaganlarni jazolash choralarini ko‘rdi. Ayrimlar bu cheklovlarni o‘z huquqlarining buzilishi deb hisobladi. Ba’zilar niqoblar virus tarqalishini sezilarli darajada kamaytirmaydi va ko‘p hollarda keraksiz, deb bahslashdi. Bu da’volarni rad etuvchi sezilarli ilmiy dalillar mavjud bo‘lsa-da, ular buni qabul qilishdan bosh tortdi. Shuningdek, ular o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yish yoki kasallanish masalasida qaror qabul qilish ajralmas huquqi ekanligini, boshqalarga xavf tug‘dirish ehtimoli ustidan bu huquqni ustun qo‘yishlarini ta’kidladilar. Kasallanish darajasi pasayib, vaksinalar mavjud bo‘la boshlaganda, bahslar ijtimoiy hayotni qachon va qanday tiklash, shuningdek, ayrim joylarga kirish yoki faoliyatlarda ishtirok etish uchun vaksina talab qilish masalalariga o‘tdi. Pandemiyaga javob choralari shaxsning fuqarolik erkinliklari va hukumatning umumiy manfaat uchun chora ko‘rish majburiyati o‘rtasidagi muvozanatga bo‘lgan ziddiyatning yorqin misoli hisoblanadi.


Tizimning individualistik yoki kommunitar ekanligi uning konstitutsiyaviy davlat ekanligini belgilamaydi. Faqat "konstitutsiya" deb nomlangan hujjatga ega bo‘lish mamlakatni konstitutsiyaviy davlat qilmaydi. Mamlakat konstitutsionizm tamoyillariga amal qilgan holda faoliyat yuritgandagina konstitutsiyaviy davlat hisoblanadi.



Tarjimon: Shohrux Hasanov
Siyosat Bo’limi Lideri: Sardor Xamdamov Manba: https://openstax.org/books/introduction-political-science/pages/4-2-constitutions-and-individual-liberties

Izoh qoldirish

Mavzuga oid