- 07:48 / 28.11.2024
- , Siyosat
Shaxsiy hayot (Maxfiylik) huquqi

Shaxsiy hayot (Maxfiylik) huquqi Dunyo miqyosidagi aksariyat konstitutsiyalar adolatli jarayonni kafolatlasa-da, har bir davlatning oliy sudlari odil sudlov me’yorlarini talqin qilishda sezilarli farqlar kuzatiladi. Ko‘p adolatli jarayonlarda hech kim qonuniy asoslarsiz hayot, erkinlik yoki mulkdan mahrum etilmasligi belgilangan. Odatda erkinlik tushunchasi faqat qamoqdan ozod bo‘lish deb qabul qilinsa-da, aslida u ancha keng ma’noni anglatadi. Erkinlikka ega bo‘lish - bu shaxsiy mustaqillikka ega bo‘lish demakdir, shaxsiy mustaqillikka ega bo‘lish uchun esa inson shaxsiy qarorlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lishi shart. Shu sababli, fuqarolik erkinligining eng muhim jihati shaxsiy daxlsizlik hisoblanadi va aksariyat konstitutsiyalarda erkinlik tushunchasi shaxsiy daxlsizlik huquqini ham o‘z ichiga oladi. Maxfiylikka (shaxsiy hayotga) egalik huquqi Merriam-Websterning "Huquq lug‘ati"da shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi "shaxsning shaxsiy tabiatdagi masalalarga aralashuvdan yoki ularning oshkor etilishidan xoli bo‘lish huquqi" deb ta’riflangan. Shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini ta’riflashning yana bir usuli "yolg‘iz qoldirilish huquqi"dir. Liberal demokratik tizimda shaxsiy hayot daxlsizligi - bu ijtimoiy hayotdan ajralgan, shaxsiy mustaqillikka imkon beruvchi makondir. Maxfiylik boshqa shaxs yoki hukumat tomonidan kuzatilmay va nazorat qilinmay fikrlash, gapirish va harakat qilish imkoniyatidir. Farzand ko‘rish-ko‘rmaslik va nechta farzand ko‘rishni o‘zingiz hal qila olasizmi? Kimga turmushga chiqish yoki uylanishni tanlash huquqingiz bormi? Nimani kiyish, nimani o‘qish, qanday kasbni tanlash va farzandlarga qanday diniy e’tiqodlarni singdirish haqidagi qarorlarning barchasi maxfiylik masalalariga kiradi. Bular shaxsiy qarorlar yoki hukumatlar cheklashi yoki ma’lum xatti-harakatlarni talab qilishi mumkinligi haqida bahs-munozarali bo‘lgan masalalardir. Advokat Samuel Uorren va AQSH Oliy sudi sudyasi Lui Brandeys o‘zlarining "Maxfiylik huquqi" nomli ta’sirli maqolasida shaxsiy hayot daxlsizligini "shaxsning tinch qo‘yilish huquqi" sifatida ta’riflaydilar. Shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi AQSHda fuqarolik erkinliklari bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarda erkinlik mavjudligini ta’kidlash uchun qo‘llanilgan. Pirs Opa-singillar jamiyatiga qarshi ishida Oliy sud 14-tuzatish davlatning ota-onalarning farzandi ta’limi bo‘yicha tanlovlariga aralashishiga yo‘l qo‘ymasligini aniqladi. Grisvold Konnektikutga qarshi, Rou Veydga qarshi va Louren Texasga qarshi, Sud shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini asos qilib, kattalar o‘rtasidagi jinsiy va reproduktiv qarorlarni jinoiy javobgarlikka tortadigan bir nechta qonunlarni bekor qildi. Lourensda sudya Entoni Kennedi shunday deb yozgan edi: "Da’vogarlar o‘zlarining shaxsiy hayotlarini hurmat qilish huquqiga ega. Davlat ularning shaxsiy jinsiy xatti-harakatlarini jinoyat qilish orqali ularning mavjudligini kamsitishi yoki taqdirini boshqarishi mumkin emas. Ularning tegishli protsessual modda bo‘yicha erkinlik huquqi ularga hukumat aralashuvisiz o‘z xatti-harakatlarini amalga oshirish huquqini beradi." Ko‘pchilik mamlakatlar shaxsiy hayot daxlsizligini ochiq-oydin tan oladi. Masalan, 1998-yildagi Buyuk Britaniyaning Inson huquqlari to‘g‘risidagi qonunida quyidagilar keltirilgan: Shaxsiy va oilaviy hayotni hurmat qilish huquqi 1. Har bir inson o‘zining shaxsiy va oilaviy hayotiga, uy-joyiga va yozishmalariga hurmat ko‘rsatilishi huquqiga ega. 2. Davlat hokimiyati organlari ushbu huquqni amalga oshirishga aralashmasligi lozim. Bundan faqat qonunga muvofiq bo‘lgan va demokratik jamiyatda milliy xavfsizlik, jamoat osoyishtaligi yoki mamlakatning iqtisodiy farovonligi manfaatlari yo‘lida, tartibsizlik yoki jinoyatchilikni oldini olish, sog‘liq yoki axloqni himoya qilish, yoxud boshqalarning huquq va erkinliklarini muhofaza etish uchun zarur bo‘lgan hollar mustasno. AQSH Konstitutsiyasida shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, bu huquq Konstitutsiyada belgilangan bir qator huquqlarning asosini tashkil etuvchi muhim g‘oyadir. AQSH Oliy sudi shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini asosiy huquq sifatida tan olgan. Sudya Brandeys Olmsted Amerika Qo‘shma Shtatlariga qarshi (1928) telefon orqali eshitib turish ishida ta’kidlaganidek, "o‘z holiga qo‘yilish huquqi eng keng qamrovli huquq bo‘lib, madaniyatli insonlar tomonidan eng qadrlanadigan huquqdir." Birinchi, uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi, to‘qqizinchi va 14-tuzatishlarda sanab o‘tilgan huquqlar deb ataladigan hollarda AQSH Oliy sudi shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi mavjudligini tasdiqlagan holatlar aniq ko‘rsatilgan. Birinchi tuzatishda ko‘zda tutilgan so‘z erkinligi, tinch yig‘ilishlar (uyushmalar) va dinni erkin amalga oshirish himoyalari shaxsning o‘z xohishiga ko‘ra ishtirok etish yoki etmaslik huquqini nazarda tutadi. To‘qqizinchi tuzatish esa Konstitutsiyada aniq ko‘rsatilmagan huquqlar ham mavjud bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. Ko‘plab milliy konstitutsiyalar singari, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi ham shaxsiy daxlsizlik huquqini o‘z ichiga oladi. Deklaratsiyaning 12-moddasida quyidagicha yozilgan: Hech kimning shaxsiy hayotiga, oilasiga, uyiga yoki yozishmalariga o‘zboshimchalik bilan aralashishga, shuningdek, uning sha’ni va obro‘siga tajovuz qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Har bir inson bunday aralashuv yoki tajovuzlardan qonun himoyasida bo‘lish huquqiga ega. A’zo davlatlar UDHRni ma’qullagan bo‘lsalar-da, har bir hukumatning unda ko‘rsatilgan shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini amalga oshirish usullari bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi. BMT maxsus ma’ruzachi (tashkilot yig‘ilishlari haqida hisobot berish uchun tayinlangan shaxs) ni tayinladi. U har yili mamlakatlarning UDHRda ifodalangan shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi to‘g‘risidagi BMT deklaratsiyasiga, ayniqsa raqamli kuzatuvga oid qismiga, qay darajada rioya qilayotganini kuzatib boradi va bu haqda hisobot beradi. Fuqarolik erkinligi nuqtai nazaridan qaraganda, shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi shaxslar va haddan tashqari aralashuvchi hukumat o‘rtasida to‘siq vazifasini bajaradi. Ammo hukumatning bu ishga aralashuviga qachon ruxsat beriladi? Tarjimon: Asadbek Jumaboev Siyosat Bo’limi Lideri: Sardor Xamdamov
Manba: https://openstax.org/books/introduction-political-science/pages/4-3-the-right-to-privacy-self-determination-and-the-freedom-of-ideas
Izoh qoldirish