Shaxsiy va Jamoaviy Manfaatlar

Insonlar Ikki Turdagi Manfaatni Izlaydi: Shaxsiy va Jamoaviy Manfaatlar

Insonlar intuitiv va kognitiv fikrlashni, shuningdek, strategik va ifodali harakatlarni qo‘llab, ikki turdagi manfaatlarni izlaydi: shaxsiy manfaatlar va jamoaviy yoki altruistik manfaatlar.


Insonlar tabiatan o‘zini o‘ylaydigan (lekin faqat shunday emas: ular hamkorlikchi va rahmdil ham bo‘lishadi, faqat har bir odam qanchalik o‘zini o‘ylaydigan yoki hamkorlikchi ekanligi turlicha) ekanligi kuzatiladi. Bu ma’naviy baho emas, balki empirik kuzatish. Insonlar biologik ma’noda o‘zini o‘ylaydi (masalan, och bo‘lsa, ovqat qidiradi; charchagan bo‘lsa, dam oladi) va kengroq ijtimoiy ma’noda ham shunday. Garchi odamlar turli narsalarni xohlasalar-da, ular odatda xohlagan narsalarining ko‘prog‘iga ega bo‘lishni istashadi. Bu istaklar moddiy narsalarga (pul, mulk) yoki munosabatli narsalarga (hokimiyat, mashhurlik) bog‘liq bo‘lishi mumkin.


Siyosiy dunyoda odamlar odatda o‘zlariga foyda keltiradi deb hisoblagan siyosatchilar va siyosatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu manfaatlar moddiy bo‘lishi mumkin, masalan, yaxshiroq xizmatlar, xavfsizroq jamoalar, yaxshilangan maktablar yoki pastroq soliqlar. Shuningdek, ular nomoddiy bo‘lishi ham mumkin, masalan, saylovchilarni ijtimoiy obro‘sini oshiradigan yoki mamlakatning xalqaro nufuzini tiklaydigan va’dalar. Donald Tramp asosan soliq imtiyozlari yoki boshqa siyosatlarni emas, balki “Amerikani yana buyuk qilamiz” shiori orqali nomoddiy maqsadlarni ilgari surdi. Xitoy Prezidenti Si Szinpin esa Xitoyni nafaqat boy qilishni, balki uni hurmatga sazovor qilishni va’da qilgan. Boliviyaning birinchi mahalliy prezidenti Evo Morales shunday degan: “Boliviyada mahalliy aholi boshqaruvda. Bu tarixiy va mislsiz — g‘urur bilan to‘la narsa.”


Shu bilan birga, barcha siyosiy xatti-harakatlarni shaxsiy manfaatlarga bog‘lash qiyin. Masalan, yo‘qolib ketayotgan turlarni himoya qilishni talab qilayotgan odamlar o‘sha turlarni qutqarishdan shaxsiy manfaat ko‘rmasligi mumkin. Bayroqni yoqishni taqiqlashni talab qilgan odamlar ham bu siyosat qabul qilinganida moddiy jihatdan yaxshilanmaydi. Ko‘plab siyosiy bahslar moddiy resurslar taqsimoti haqida emas, balki qanday mamlakatda yashashni xohlayotganlik haqida bo‘ladi.

2.11-rasm. Kubadagi raketa inqirozi davomida Amerika Qo'shma Shtatlari ham, SSSR ham o'z harakatlarining ko'plab mumkin bo'lgan natijalarini ko'rib chiqdilar. Ushbu o'yin daraxti ikkala aktyor o'z qarorlarini qanday ko'rib chiqishlarini modellashtiradi. Bu asosiy tushunish uchun oddiy shaklga bo'lingan. (atribut: Mualliflik huquqi Rays universiteti, OpenStax, CC ostida BY 4.0 litsenziyasi)


Siyosiy xatti-harakatlarni talqin qilish murakkabdir. Biz odamlarning qaysi siyosatchiga ovoz berganini bilishimiz mumkin, lekin nega ular bunday qilganini aniq bilmasligimiz mumkin. Chiqish so‘rovlariga yoki demografik xususiyatlarga qarab taxmin qilishimiz mumkin, lekin bu shunchaki talqindir.


Eng muhim vaziyatlarda, masalan, Kubaning raketa inqirozi vaqtida, muloqot va xatti-harakatlarni to‘g‘ri talqin qilish zarur edi. Prezident Kennedi va uning maslahatchilari har bir strategiyaning mazmunini va ularning maqsadini aniqlik bilan muhokama qilishlari kerak edi. Ular bu strategiyalarni mavjud ma’lumotlarga, Sovet Ittifoqining qadriyatlari, maqsadlari va fikrlash usullari haqidagi taxminlarga asoslagan.

Muloqot va talqin qilish qobiliyati nafaqat siyosatda, balki boshqa sohalarda ham qadrlanadi. Ma’lum bir mavzuni to‘g‘ri tushuntirish uchun ma’lumotlardan foydalanish qobiliyati ko‘plab sohalarda qimmatli ko‘nikma hisoblanadi. 


Hayotingizning ba’zi qismlarida shaxsiy manfaat bizning qarorlarimizni asosiy ravishda belgilashini faraz qilishimiz mumkin. Masalan, faqat o‘zingiz yeydigan pitsa bo‘lagini buyurtma qilayotganingizda, boshqa birovning manfaatlarini hisobga olishingiz shart emas: “Ha, albatta, pitsamga qalampir qo‘shing!” Ammo butun bir pitsani do‘stlaringiz bilan bo‘lishish uchun buyurtma qilayotib, faqat o‘zingizni o‘ylashingiz mumkin (“Men qalampir istayman, boshqalar yoqtirmasa ham farqi yo‘q”) yoki faqat boshqalarning manfaatlarini hisobga olishingiz mumkin (“Nima istasangiz buyurtma qiling, men hammasini yeyman”), yoki shaxsiy manfaatlaringiz va boshqalarning manfaatlarini birlashtirishingiz mumkin (“Hammasi pishloqni yoqtiradi, shuning uchun qo‘shimcha pishloq bo‘lsin, lekin qalampirni faqat bir tomonga, pepperonini esa ikkinchi tomonga qo‘ying”).


Afsuski, odamlarning faqat o‘z manfaatlari, boshqalarning manfaatlari yoki har ikkisini hisobga olishi haqida bevosita kuzatishing imkoni yo‘q. Biz hozircha hech kimning xatti-harakatlariga qanday omillar ta’sir qilishini aniq tushuna olmaymiz, shuningdek, ularning ushbu xatti-harakatlarini qilishining ortidagi motivatsiyalarini bilishning ham iloji yo'q. Masalan, siz pitsaga qalampir qo‘shishni buyurtma qilganingizda, bu qaror boshqalarga ham yoqadi deb o‘ylagan bo‘lsangiz, bu qaror jamoaviy manfaatlarga asoslangan bo‘lishi mumkin, hatto noto‘g‘ri qaror bo‘lsa ham. Yoki faqat o‘z manfaatlaringizni o‘ylagansiz. Yoki har ikkalasini. Insonlar o‘z motivlarini tushunishda o‘zlarini chalg‘itishga juda mohir. Siz chindan ham do‘stlaringizga qalampir yoqadi deb o‘yladingizmi yoki shunchaki o‘zingizning istagingizni amalga oshirganingizdan o‘zingizni yaxshi his qilish uchun bunday o‘yladingizmi?


Shaxsiy manfaatlar yoki jamoaviy manfaatlar turli sohalarda boshqaruvchi bo‘lishi mumkin. Odatda iste’mol mollari (masalan, oyoq kiyimi yoki telefon) sotib olayotganingizda, boshqalarning manfaatlarini hisobga olish uchun sabab kam bo‘ladi. Ammo oilaviy yoki diniy, ijtimoiy yoki siyosiy tashkilotlardagi jamoaviy faoliyatlarda qatnashayotganda, ba’zida o‘z manfaatlaringizni orqaga surishingiz mumkin.


“O‘sha odam yoki guruh nega bunday qilyapti?” degan savolga javoban “Shaxsiy manfaat nima ekanligi” haqida fikr yuritish foydali bo‘lsa-da, barcha siyosiy xatti-harakatlar faqat shaxsiy manfaatlar bilan bog‘liq deb taxmin qilish noto‘g‘ri. Masalan, qora tanlilar Black Lives Matter (BLM) namoyishiga qo‘shilganlarida, ular hech bo‘lmaganda qisman: “Mening hayotim muhim,” deb aytishadi. Qora tanli bo‘lmagan odamlar ushbu namoyishga qo‘shilganida, ehtimol, ular o‘zlari bu namoyishning asosiy foyda oluvchilari ekanligiga ishonishmaydi (garchi ular xavfsiz va teng huquqli jamiyatda yashashdan bilvosita foyda ko‘rishi mumkin bo‘lsa-da). Ehtimollikka yaqinrog'i, BLM tarafdorlari yoki har qanday ijtimoiy harakatning qo‘llovchilari — konservativ yoki liberallar, demokratik yoki avtoritar bo‘lsin — ushbu harakatning vakillik qilayotgan maqsadini qo‘llab-quvvatlagani uchun (strategik sabab), shuningdek, o‘zlarini ushbu harakatni qo‘llab-quvvatlaydigan inson sifatida ko‘rsatishni xohlagani uchun (ifodali sabab) ishtirok etadi.


Tarjimon: Muhammadyusuf Tursunboyev

Siyosat Bo’limi Lideri: Sardor Xamdamov Manba: https://openstax.org/books/introduction-political-science/pages/2-2-why-do-humans-make-the-political-choices-that-they-do

Izoh qoldirish

Mavzuga oid

  • 00:28 / 17.11.2024
Reallik va Tanlovlar