Reallik va Tanlovlar

Haqiqiy holat

Qoidalar xatti-harakatlarni boshqaradi va cheklaydi, lekin aniq bir vaqtdagi real holat ham siyosiy natijalarga ta’sir qiladi. Haqiqiylik – faktlar – bu fikr masalasi emas, garchi odamlar real haqiqatning mohiyatini muhokama qilishi mumkin. Masalan, qandaydir voqea sodir bo‘lgani yoki sharoit mavjud ekanini tasdiqlovchi kuchli dalillar bo‘lsa, u fakt sifatida qabul qilinadi. Quyosh sharqdan chiqadi: bu haqiqat. Birlashgan Millatlar Tashkiloti xalqaro tashkilotdir: bu ham fakt (haqiqat).


Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyoni yaxshiroq joyga aylantirdimi? Bu fikrga bog‘liq, garchi “ha” yoki “yo‘q” deb aytganlar o‘z qarashlarini faktlar bilan dalillashlari mumkin.

Saylov kampaniyalari uchun nomzodlar qanday qilib mablag‘ to‘plashi va uni sarflashi moliyalashtirish qoidalari bilan cheklanishi mumkin, lekin agar bir nomzod boshqasidan ikki barobar ko‘proq mablag‘ yig‘sa, bu muhim fakt hisoblanadi. Agar bir nomzod amaldagi rahbar – ya’ni hozirda lavozimda xizmat qilayotgan va qayta saylanishga intilayotgan shaxs bo‘lsa, boshqasi esa bunday bo‘lmasa, bu ham muhim fakt hisoblanadi. Bu faktlar muhim, chunki nomzodning amaldagi rahbar yoki yo‘qligi hamda kampaniyada qancha mablag‘ to‘plashi uning saylovda g‘alaba qozonish imkoniyatiga ta’sir qilishi mumkin. Masalan, AQSh saylovlarida amaldagi rahbarlar odatda qayta saylanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi (garchi bu o‘zaro bog‘liqlik vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib turgan bo‘lsa-da), lekin kampaniya uchun yig‘ilgan mablag‘ning saylovdagi muvaffaqiyatga ta’siri hanuz munozarali masala bo‘lib qolmoqda.


Shaxmatda qoidalar o‘zgarmaydi, ular o‘yin davomida doim bir xil bo‘lib qoladi. Lekin haqiqat o‘yin davomida o‘zgaradi – har bir lahzada har bir o‘yinchi ma’lum joylarda joylashgan ma’lum sonli figuralarga ega bo‘ladi. Keyingi nima sodir bo‘lishi o‘yinchilarning tanloviga bog‘liq. Bu siyosat uchun ham xuddi shunday. Shaxmat va siyosat orasidagi asosiy farq shundaki, siyosatda o‘yinchilarning o‘zlari o‘yin davomida qoidalarni o‘zgartirish imkoniga ega bo‘lishadi.

 

1.5-rasm. Siyosat o'yinning ko'plab xususiyatlariga ega. (kredit: Rob Bertholf/Flickr tomonidan "Risk Stol Game" CC BY 2.0)


Siyosatni o‘yinga o‘xshatish mumkin. O‘yinchilar – siyosiy faoliyatda ishtirok etayotgan har qanday kishi – o‘zlarining maqsadlariga erishish uchun “o‘yinda g‘olib chiqish” uchun qoidalar va mavjud sharoitlardan kelib chiqib strategik qarorlar qabul qilishadi.


Tanlovlar

Qoidalar cheklovlar va imkoniyatlarni taqdim etadi. Haqiqiylik resurslar va qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Siyosiy jarayonda qatnashchilar qoidalar va haqiqatni hisobga olgan holda qabul qiladigan tanlovlar siyosiy natijalarni belgilaydi. Siyosiy shaxslar har doim tanlov imkoniyatiga ega, ya’ni ular doimiy ravishda qarorlar qabul qilishlari kerak. Agar bitta lavozim uchun ikkita nomzod bo‘lsa, saylovchi ularning birini tanlashi kerak, ya’ni ikkala nomzod uchun ham ovoz berolmaydi. Agar faqat bitta nomzod bo‘lsa ham, saylovchi tanlovga ega: ya’ni, u nomzodga ovoz berishi yoki ovoz bermaslikni tanlashi mumkin.


Demokratik tuzumda g‘olib nomzod odatda ko‘proq saylovchilar tomonidan ovoz berilgani uchun g‘olib chiqadi. Demokratiyaning o‘zi aynan shundan iborat – bu xalq o‘z rahbarlarini yoki ba’zi hollarda qabul qilinadigan siyosatlarni tanlash huquqiga ega bo‘lgan boshqaruv shaklidir.

Siyosiy natijalar doimo noaniqdir; ya’ni, ularni oldindan aniq aytib bo‘lmaydi. Ammo bu natijalar umuman oldindan bilib bo‘lmaydigan degani emas. Qoidalar, inson xatti-harakatlarining xususiyatlari va mavjud sharoitlarni hisobga olib, nima sodir bo‘lish ehtimoli borligi va nima sodir bo‘layotganini oqilona tarzda tushuntirish mumkin.



Tarjimon: Shohrux Hasanov
Siyosat Bo’limi Lideri: Sardor Xamdamov Manba:
https://openstax.org/books/introduction-political-science/pages/1-1-defining-politics-who-gets-what-when-where-how-and-why

Izoh qoldirish

Mavzuga oid

  • 22:03 / 07.11.2024
Baydenomika
  • 06:00 / 08.11.2024
TRUMPONOMICS
  • 12:10 / 22.01.2024
Avraam Linkoln
  • 18:23 / 26.11.2024
Millatchilik nima?
  • 21:58 / 16.11.2024
Siyosat nima va nega u muhim?
  • 22:48 / 20.11.2024
Imperializm nima?
  • 12:44 / 21.11.2024
Giperinflatsiya bo’ladimi?