- 09:50 / 18.11.2024
- 21:58 / 16.11.2024
- , Siyosat
Siyosat nima va nega u muhim?

Siyosat nima?
Siyosat - bu mamlakatlarni boshqarilish usuli va hukumatlarning insoniyat jamiyatini to'g'ri boshqarish uchun qoidalar va qonunlar ishlab chiqish usullari.
Agar siz smartfondan foydalansangiz, siz siyosat bilan aloqadasiz va siyosat ham siz bilan aloqada. Qayerda yashashingizdan qat’i nazar, hukumatning siyosiy qarorlari telefoningizda nima borligi va uni qanday ishlatishingizga ta’sir qilishi mumkin. Xitoyda Facebook va Google kabi ilovalar taqiqlangan. 2021-yilgi Uganda saylovidan oldin esa hukumat internetni butunlay o‘chirib qo‘ygan. Hindistonda hukumat imtiyozlarni bevosita fuqarolarga telefon orqali taqsimlaydi. AQShda esa hukumat qoidalari — siyosiy faoliyat orqali yaratiladigan qoidalar — deyarli har bir telefonga aloqador bo‘lgan ishlab chiqarish, savdo va aloqa jarayonlariga ta’sir qiladi.
1.2-rasm. Siz telefoningiz orqali siyosat bilan shug'ullanishingiz mumkin, siyosat esa telefoningiz qanday ishlab chiqilgani va ishlatilishiga ta'sir qilishi mumkin. (kredit: “Mobil telefon” Marko Verch Professional Photographer/Flickr, CC BY 2.0)
Telefoningiz yordamida siyosiy faoliyatda ishtirok etishingiz mumkin. Telefoningiz orqali siyosat haqida gapirishingiz, mahalliy vakilingizga o‘z fikringizni bildirish uchun qo‘ng‘iroq qilishingiz, WhatsApp orqali kampaniya tashkil qilishingiz, tinch namoyish yoki politsiya zo‘ravonligi haqidagi videolarni ulashishingiz yoki siyosiy maqsadlar uchun mablag‘ ajratishingiz mumkin. Shuningdek, telefoningiz siyosat, siyosiy ishtirok va siyosatchilarning mamlakatingizda va dunyoda nima qilayotganini bilib olish imkonini beradi.
Mahalliy va milliy hukumatlarning, xalqaro tashkilotlarning siyosiy qarorlari ichimlik suvi, oziq-ovqat, kiyim va uy-joyingizga ham ta’sir qilishi mumkin. Siyosat va davlat boshqaruvi hayotingizning eng nozik tafsilotlariga ham ta’sir qiladi, masalan, reproduktiv huquqlar, nikoh huquqlari va hattoki o‘limdan keyin tanangizga qanday munosabatda bo‘linishigacha.
Siyosat har yerda mavjud. Sizga siyosat qiziq yoki yo‘qligidan qat’i nazar, siyosat siz bilan qiziqadi.
Siyosat va siyosatshunoslikni yaxshi tushunganingizda, siz faol fuqaro, siyosiy ishtirokchi va malakali ish izlovchi bo‘lasiz.
Siyosat va siyosatshunoslikni chuqurroq tushungan holda, "kim nima oladi, qachon va qanday qilib" kabi savollarga yaxshiroq javob bera olasiz, eng muhimi esa "nega" degan savolga javob topasiz. Bizning siyosatimiz sifati ko‘p jihatdan fuqarolar ishtirokining sifatiga bog‘liq. Yaxshi hukumatni xohlaysizmi, halol siyosatchilar va jamoatchilik manfaatlarini aks ettiradigan siyosatni xohlaysizmi? Bularning barchasi o‘z-o‘zidan yoki avtomatik tarzda amalga oshmaydi. Bu faqat xabardor fuqarolar birgalikda harakat qilganlarida sodir bo‘ladi.
Siyosatshunos olim kabi fikrlaganimizda, biz dalillarga asoslanamiz va ularni sinchkovlik bilan tahlil qilamiz — siyosatda ham, hayotimizning boshqa sohalarida ham. Bunday qilish noto‘g‘ri ma’lumot va manipulyatsiyadan himoya qiladi. "Nima uchun [bu siyosiy voqea] sodir bo‘ldi?" yoki "Siz nima deb o‘ylaysiz, nima bo‘ladi?" kabi savollarga javob berganda, “Dalillar shuni ko‘rsatmoqdaki…” yoki “Tadqiqot shuni bildiradiki…” deyishingiz yoki “Buni bilmayman, lekin shunga o‘xshash vaziyatlarda…” deb mulohaza yuritishingiz mumkin. Ilmiy fikrlash sizga murakkab siyosiy dunyoni anglashda yordam beradi.
Siyosatni Ta'riflash: Kim Nima Olishi, Qachon, Qayerda, Qanday va Nega?
Insoniyat ehtiyojlar va resurslarning cheklanganligi, turli xil e'tiqod va afzalliklarga ega bo‘lganidan beri, bu farqlarni hal qilib, cheklangan resurslarni taqsimlash zarurati sababli siyosat mavjud. Ushbu insoniy holatlar saqlanib qolgan ekan, ya'ni abadiy saqlanar ekan, siyosat ham mavjud bo‘ladi. Siyosat insoniyatning muhim bir qismidir.
Siyosat turli odamlar uchun turli ma'nolarga ega bo'lishi mumkin. Siyosat va unga aloqador "siyosiy", "siyosatchi" kabi atamalar ijobiy yoki salbiy ma'noga ega bo'lishi mumkin. Qadimgi yunon faylasufi Aristotel insonlarni "siyosiy mavjudotlar" deb atagan, ya'ni odamlar faqat siyosatda ishtirok etish orqali o‘zlarining yuqori salohiyatlariga erishishi mumkin deb hisoblagan. Ammo ba'zan "siyosiy" va "siyosatchi" so‘zlari odamlarning o‘z mavqei yoki hokimiyatini saqlab qolish uchun hiyla yoki manipulyatsiyadan foydalanayotganiga ishora qilish uchun salbiy ma'noda ishlatilishi mumkin. Rasmiy ma'noda, siyosatchi - saylovda qatnashayotgan yoki lavozimda faoliyat olib borayotgan shaxsdir yoki boshqa ijtimoiy aloqalarda siyosatchi ko‘nikmalaridan foydalanayotgan odam. Siyosiy shaxs esa siyosiy faoliyatda qatnashayotgan har qanday odamdir. Siyosat hukumatning barcha faoliyatlarini va unga xizmat qilayotgan, unga qarshi chiqayotgan yoki uni qo‘llab-quvvatlayotgan barcha odamlarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu maqola siyosatga eng keng nuqtai nazardan yondashadi va siyosatshunos Xarold Lassuellning "siyosat - kim, nima, qachon va qanday qilib oladi" degan ta'rifini qabul qiladi. Siyosat odamlar birgalikda o‘zaro qarorlar qabul qilish orqali o‘zaro ta'sir qilayotgan har qanday vaziyatda mavjud bo‘ladi. Siyosat oilada ham mavjud. Masalan, ota-onalar oilaning qayerda yashashini belgilaganda: bu siyosatdir. Oila (kim) yashash joyiga ega bo‘ladi (nima) qaror qabul qilingan vaqtda (qachon) ota-onalarning tanlovi asosida (qanday). Siz o‘qiyotgan o‘quv yurti kontrakt narxini belgilaganda: bu ham siyosatdir. Davlat soliq solganda yoki ta'limni moliyalashtirganda: bu siyosatdir. Umuman olganda, siyosat - bu shaxslar, guruhlar yoki institutlar o‘rtasida umumiy qaror qabul qilish yoki umumiy muammoni hal qilish uchun amalga oshiriladigan har qanday o‘zaro aloqa hisoblanadi. Siyosatshunoslik asosan hukumatlarni o‘z ichiga olgan ushbu o‘zaro munosabatlarni o‘rganadi.
Har bir siyosiy hodisa o‘ziga xosdir. 2020 yilda Gonkongda o‘z siyosiy huquqlarini himoya qilishga intilganlar tomonidan tashkil etilgan ommaviy norozilik namoyishlari Qo'shma Shtatlarda o'tkazilgan “Black Lives Matter” harakati yoki shvetsiyalik ekologik faollik qilayotgan Greta Tunberg ilhomlantirgan iqlim o‘zgarishi bo‘yicha namoyishlardan farq qiladi. Ammo siyosiy vaziyatlar qanchalik xilma-xil bo‘lmasin, bu hodisalar va barcha siyosiy faoliyatlar orasida umumiy xususiyatlar mavjud. Agar siz biror siyosiy hodisani - Tanzaniyadagi saylovni, Estoniyadagi namoyishni yoki Indoneziyadagi sog‘liqni saqlash dasturini - tushunishga intilayotgan bo‘lsangiz, quyidagilarga e’tibor qaratishingiz foydali bo‘ladi:
Eng muhim qoidalar qaysi? Mavjud hodisa yoki muhitning haqiqatlari qanday? Ishtirokchilar qanday tanlovlar qilmoqdalar? Siyosiy natijalar — masalan, saylovda qaysi nomzod g‘alaba qozonishi — aynan shu qoidalar, haqiqatlar va tanlovlarning o‘zaro ta'siri asosida yuzaga keladi.
Tarjimon: Shohrux Hasanov
Siyosat Bo’limi Lideri: Sardor Xamdamov
Manba: https://openstax.org/books/introduction-political-science/pages/1-1-defining-politics-who-gets-what-when-where-how-and-why
Izoh qoldirish