- 16:00 / 29.12.2024
- 12:44 / 21.11.2024
- , Iqtisodiyot
Giperinflatsiya bo’ladimi?

Giperinflatsiya bo’ladimi?
AQSh 1000% dan ortiq inflyatsiyaga duch keladimi?
Narxlarning haddan tashqari tez o’sib, nazoratdan chiqib ketishi bilan bog’liq noyob hodisa giperinflatsiya deb ataladi. Iqtisodchilar ta’rifiga ko’ra, oylik inflatsiya 50% dan oshganda yoki yillik inflatsiya 1000% shkaladan o’tganda giperinflatsiya deb topiladi.
AQSh Federal zaxira tizimi (Fed) maksimal bandlik va narxlar barqarorligi sharoitida mos keladigan eng maqbul yillik inflyatsiya darajasi 2 foiz ekanini ta’kidladi.
2022-yil iyun oyida Qo'shma Shtatlardagi inflyatsiya darajasi 40 yillik eng yuqori ko'rsatkichni qayd etib, 9.1% ga yetdi. 2021-yilda bu ko'rsatkich 6% ni tashkil etgandi. 2019-2020-yil uchun ko’rsatkichlar, mos ravishda, 1,9% va 1,2% ga teng bo’lgan. 2011-yildan beri inflyatsiyaning eng yuqori darajasi 3,5% dan oshmagandi. 2024-yil uchun inflyatsiya darajasi o'rtacha 3,2% ni tashkil etmoqda.
Asosiy nuqtalar (Muhim)
Giperinflyatsiya – nazoratdan chiqib ketgan inflyatsiya bo'lib, unda tovarlar va xizmatlar narxi oyiga 50% ga yoki yiliga 1000% hamda undan ko'proq o’sishni qayd etadi.
Giperinflyatsiya tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarishning sur’atlari oshmagan holda valyutaning taklifining nihoyatda ortib ketishi tufayli yuzaga keladi.
Ba’zi kishilar AQSHning avvalgi xatti-harakatlariga qarab yoki kelajakdagi iqtisodiy siyosat trayektoriyasini chamalagan holda giperinflyatsiya ehtimolligidan xavfsirashadi.
Mutaxassislar esa giperinflyatsiya sodir bo’lishi ehtimoli juda past ekanini ta’kidlashgan.
Iqtisodiy muvozanat va inflyatsiya
Iqtisodiy nazariyaga ko’ra, bozorda talab va taklif miqdori o’zaro teng bo’lgan holatga mukammal muvozanat deyiladi. Sodda qilib aytganda, sotuvdagi mahsulot miqdori ayni mahsulotni xarid qilishga tayyor bo’lgan (*qodir bo’lgan) insonlar soniga teng bo’ladi. Ushbu muvozanat holatidan chetlanish (odatda bu holat tez-tez sodir bo’ladi) pul-tovar munosabati buzilishiga olib keladi. Bu buzilishni tushuntiruvchi sabablardan biri inflatsiyadir.
Inflatsion ta’sirlar sabab, pul-tovar munosabati buzilganda, tovar va xizmatlar narxi ko'tarilib, talab va taklif o'rtasidagi nomutanosiblikni namoyon etadi. Inflatsiyaning oqibatlari xarid quvvatining pasayishida aniq ko’rinadi. Bu nima uchun 1 dollarlik mahsulot 1 yil o’tib, 1.25 dollar bolib qolishi mumkinligini izohlaydi.
Giperinflatsiya: Quturgan inflatsiya
Giperinflyatsiya esa boshqacharoq hodisa. Giperinflyatsiya - bu steroidlar ta’siridagi inflyatsiyadir. Giperinflyatsiya sharoitida bugun 1 dollar bo’lgan vaqt o’tib 10 yoki 50 dollargacha ham ko‘tarilishi mumkin. Peterson xalqaro iqtisodiyot instituti vakili Anders Oslundning ta’kidlashicha, giperinflyatsiya o’ziga xos maxsus holatlarda yuz beradi. Bular qatoriga urushdan keying valyuta parchalanishi, moliyaviy institutlarning nazoratni yo‘qotishi yoki ultra populistik harakatlar kiradi.
Tarixdagi giperinflyatsiyaning eng yorqin misollaridan biri Veymar (Germaniya) Respublikasida birinchi jahon urushidan keyin sodir bo'lgan. Bir vaqtning o'zida urush xarajatlarini qoplash va iqtisodiyotni rivojlantirishga urinib, Veymar hukumati shunchalik ko'p pul chop etdiki, talab va taklif o'rtasida ulkan tafovut paydo bo'ldi, natijada 1923-yil noyabr holatiga ko’ra, inflyatsiya oyiga 322% yoki yiliga 3 milliard foizdan oshdi.
Quyidagi jadval normal yillik inflyatsiya (2%) va giperinflyatsiyaning (1000%) AQSHdagi Iste’mol narxlari indeksi (CPI) tarkibida bo’lgan ayrim tovar va xizmatlar narxlariga qanday ta’sir ko‘rsatishini aks ettiradi.
Mahsulotlar | Narxlar, 2024 | Narxlar, 2025, 2%li inflatsiya holatida | 20 Narxlar, 2025, 1000%li giperinflatsiya holatida |
Bir finjon qahva | $2.00 | $2.04 | $22.00 |
Sut | $3.50 | $3.57 | $38.50 |
Erkaklar ko’ylagi | $60.00 | $61.20 | $660.00 |
Insulin | $95.00 | $96.90 | $1,045.00 |
55 dyumli televizo’r | $400.00 | $408.00 | $4,400.00 |
Uy ijarasi | $2,000.00 | $2,040.00 | $22,000.00 |
Inflyatsiya sabablari
Iqtisodchilar inflyatsiyaning ikkita asosiy sababini ko’rsatadilar: xarajatlar (*oshishi) inflatsiyasi va talab (*o’sishi) inflatsiyasi. Xarajat inflyatsiyasi ishlab chiqarish tannarxi oshganida (masalan, xom ashyoning narxining ko'tarilishi yoki ish haqining oshishi natijasida) sodir bo'ladi. Bu tovar va xizmatlar narxlarining oshishiga olib keladi, chunki ishlab chiqaruvchilar o'zlarining ortiqcha xarajatlarini iste'molchilarga o'tkazadilar. Bunday sharoitda ishlab chiqarish tannarxining oshishi hisobiga narxlar “ko‘tariladi”.
Talab inflyatsiyasi talabga nisbatan taklif kamligi sabab vujudga keladi. O’sib borayotgan iqtisodiyotda yoki tabiiy ofatlar, ortiqcha pul emissiyasi natijasida talab ko’tariladi. Bunday hollarda taklif talabga moslashishga ulgurmaydi va bozor narxini ko’taradi.
Giperinflyatsiya sabablari
Giperinflyatsiyaning ikkita asosiy sababi mavjud:
1. Iqtisodiy o’sish bilan hamohang bo’lmagan ortiqcha pul massasi, bu, o‘z navbatida, inflyatsiyani kuchaytiradi.
2. Talab inflyatsiyasi.
Bu sabablar o’zaro bog’liq, negaki ikkisi ham bozor muvozanati talab tomonga og’ib ketishiga olib keladi.
Pul taklifining o'sishiga odatda hukumatning palapartish (tartibsiz) harakatlari sabab bo'ladi, xuddi 1923-yil Germaniyada sodir bo'lganidek. Hukumat iqtisodiyotga ortiqcha pul chiqarish orqali giperinflyatsiya yuzaga keltirishi mumkin. Talabning inflyatsion ta'siri ko'pincha odamlarda ko'proq pulga ega bo'lganligi sababli sodir bo'ladi, boisi odamlar mavjud mahsulotlar uchun raqobatlashib, yuqori narxlarni to'lashga moyil bo’ladilar, bu esa talabni oshiradi.
Giperinflyatsiya kamyob hodisa
Giperinflyatsiya, yuqorida aytilganidek, insonlar budjetiga katta talofat yetkazadi. Yaxshiyamki, u juda kam sodir bo’ladi. Oslund mo’tadil pul-kredit siyosatiga ega davlatlar uchun giperinflatsiya muammo bo’lmasligini ta’kidladi.
Giperinflatsiya hukumatning inqirozga javoban ko’p pul bosib chiqarish sabab yuzaga keladi. Bunday inqirozlar urush bilan bog’liq bo’lishi shart emas. Bu qoloq iqtisodiyot, epidemiya, tabiiy ofatlar bo’lishi mumkin. Ba’zan insonlar vahimaga tushib, to’shak ostida pul saqlashni boshlaydilar bu esa pul taklifini pasaytirib, talabni oshiradi.
Yuqoridagi omillardan birining kuchayishi, oxir-oqibat, giperinflatsiyaga sabab bo’ladi.
Muhim: Inflyatsiya va giperinflyatsiya faqat umumiy narxlar ko'tarilganda sodir bo'ladi. Agar qahva narxning o'zi 1000% ga oshgan bo'lsa, bu giperinflyatsiya belgisi emas, balki yetkazib berish zanjirining biron qismida yuz bergan falokat yoki boshqa omillar natijasidir.
Biroq gap-so’zlar davom etmoqda
Giperinflyatsiya uchun talab etiladigan ekstrim sharoitlarga qaramay, Amerika Qo'shma Shtatlari aynan unga qarab ketayotganini iddao qiluvchilar yo’q emas. Quyida bu iddaoni dastlaklovchi ayrim fikrlar keltirilgan:
“Davlat xarajatlarining 60%i budjet defitsiti shaklida, qarzlar hisobiga moliyalashtirilmoqda. Bu giperinflatsiyaga sabab bo’luvchi 40% chegaradan yuqoridir” - Albert Sung.
“Oxir-oqibat, barcha yirik imperiyalari qulaydi va ularning xalqi o‘z rahbarlariga hamda valyutalariga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi. Bu Qadimgi Bobilda, Misrda, Xitoyda, Rimda va Yevropaning turli yetakchi davlatlarida sodir bo‘lgan hodisa. Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham, oxir-oqibat, xalq to’lab bo’lmaydigan darajada katta davlat qarziga qul bo‘lib yashamasdan, erkin xalq sifatida yashashni afzal ko‘rishga qaror qilganda, bu jarayon yuz beradi. Qarz foizlari esa oxir-oqibat, federal byudjet uchun harbiy xarajatlardan ham ko’ra kattaroq yuk bo’ladi” - Jozef Xolleman.
Qo'shma Shtatlar haqiqatan ham giperinflyatsiyaga to’qnash keladimi? Keng jamoatchilik vakillari shunday fikrda bo‘lishi mumkin, ammo ko‘pchilik rasmiylar buni inkor etishadi.
Iqtisodchi Asher Rogovi Internetda AQSh juda ko'p pul chop etayotgani va bu giperinflyatsiyaga olib kelishi haqidagi doimiy xabarlarni tanqid qildi (*qoraladi).
“AQSHda markaziy bank o‘zi yaratgan pul bilan qarzlarni to‘lamaydi. Buning o‘rniga, u o‘zi belgilagan foiz stavkasida pul qarz beradi va xususiy sektor bu mablag‘dan samaraliroq foydalanadi. Yaratilgan pul qaytarib to‘lanadi, bu esa ushbu pul-kredit siyosatining giperinflyatsiyaga olib kelmasligining asosiy sabablaridan biridir” – deydi Rogovi.
Hayek Global kolleji professori L. Burk Faylsning ta’kidlashicha, AQSh kabi barqaror iqtisodiyotga ega mamlakatlarda giperinflyatsiya ehtimoli past. Xalqaro iqtisodiyotning narxlarni nazorat etish xususiyati ham bunda qo’l keladi. Global tizimning o‘zaro bog‘liqligi ko‘pchilik mamlakatlar uchun bosimni tushiruvchi “klapan” vazifasini o‘taydi. Zimbabve kabi haddan tashqari ko‘p pul bosib chiqaradigan yoki Argentina singari savdo cheklab, o‘z valyutasini sun’iy ravishda boshqarishga urinadigan mamlakatlar esa istisno bo‘lib qolaveradi.
"Menimcha, inflyatsiya Fedning 2 foizlik prognozidek past darajada qolmaydi," deydi altLINE kompaniyasining katta vitse-prezidenti Jim Pendergast. "Shu bilan birga, apokaliptik (*inqiroz haqida bong uruvchi) maqola sarlavhalarida ta’kidlangan giperinflyatsiya darajasiga yetishimizga ham ishonmayman. Bu COVIDdan keyin qoladigan ma’lum asoratlar bo’lishi mumkin”
Nihoyat, maqolamizni advokat Steven J.J. Veysman inflatsiya xabarlarning firibgarlik ekani haqida aytgan fikrlari bilan yakunlaymiz: "Ba’zan bunday xabarlar shunchaki shov-shuvli ekani bois odamlarni o‘ziga jalb qiladi. Ular ko‘pincha kliklar (*ko’rishlar) soniga qarab to‘lanadigan haq to’lanuvchi reklama saytlariga joylashtiriladi."
Tarjimon: Oybek Umarjonov
Iqtisodiyot Bo'limi Lideri: Xojiakbar Tursunmuhammatov
Manba: Investopedia
Izoh qoldirish