- 16:00 / 29.12.2024
- 23:20 / 18.11.2024
- , Iqtisodiyot
Buyuk Depressiya

Buyuk Depressiya: Umumiy Tasavvur, Sabablari va Ta’sirlari Troy Segal tomonidan yozilgan 2024-yil 13-iyul kuni yangilangan Cierra Murry tomonidan ko’rib chiqilgan Suzanne Kvilhaug tomonidan faktlar tekshirilgan Buyuk Depressiya o’zi nima edi? Buyuk Depressiya bu — 1929-yilda AQSh fond birjasining qulashi ortidan yuz bergan, uzoq davom etgan va kuchli iqtisodiy inqiroz davri edi. Bu inqiroz 1941-yilgacha davom etdi, ya’ni AQSh Ikkinchi jahon urushiga kirgan yilgacha. Bu davr bir nechta iqtisodiy pasayishlar bilan xarakterlanadi: 1929-yildagi fond birjasi qulashidan tashqari, 1930 va 1931-yillarda bank inqirozlari, hamda xalqaro savdoni pasaytirgan Smoot-Hawley tarifining qabul qilinishi ham kirdi. Boshqa voqea va siyosatlar ham 1930-yillarda depressiyaning davom etishiga olib keldi. Iqtisodchilar va tarixchilar Buyuk Depressiyani 20-asrning eng muhim, hattoki eng halokatli iqtisodiy voqeasi sifatida qayd etadilar. Muhim: Buyuk Depressiyaga nima sabab bo'lganini aniq aytish qiyin, ammo iqtisodchilar va tarixchilar odatda bu davrni keltirib chiqargan bir nechta omillar borligiga qo‘shilishadi. Ularga 1929-yildagi fond birjasi qulashi, oltin standarti, kreditlashning qisqarishi, tariflar, bank inqirozlari va AQSh Federal Rezerv tizimining qisqartirilgan pul-kredit siyosatlari kiradi. 1929-yilgi Fond Birjasi Qulashi AQSh fond bozori "Unutilgan Depressiya" nomi bilan tanilgan 1920–1921-yillardagi qisqa inqiroz davrida deyarli 50% ga pasayib, korporativ foydalar esa 90% dan ko‘proqqa tushdi. Biroq, bu inqirozdan so‘ng AQSh iqtisodiyoti o‘n yillikning qolgan qismida barqaror o‘sishni boshdan kechirdi. "Gumburlayotgan Yigirmanchi Yillar" davrida amerikaliklar fond bozorini kashf etib, unga katta ishtiyoq bilan kirib keldilar. Spekulyativ qizg‘inlik nafaqat ko‘chmas mulk bozorlariga, balki Nyu-York fond birjasi (NYSE)ga ham o’z ta'sirini ko‘rsatdi. Pul taklifining kengayishi va investorlarning yuqori darajadagi marjinal savdolari aktiv narxlarining misli ko‘rilmagan darajada o‘sishiga yordam berdi. 1929-yilning oktyabriga kelib, aksiyalar narxi korporativ daromadlarning soliqlardan keyingi qiymatidan 19 marta dan ortiq ko‘rsatkichlarga yetdi. Bu, o‘z navbatida, Dow Jones sanoat indeksi (DJIA)ning besh yil ichida 500% ga oshishi bilan birgalikda, fond bozorining qulashi uchun sabab bo‘ldi. NYSEdagi bu “pufakcha” 1929-yil 24-oktyabrda kuchli tarzda yorilib, ushbu kun “Qora Payshanba” nomi bilan mashhur bo‘lib qoldi. 25-oktyabr, juma kuni va 26-oktyabr, shanba kunidagi qisqa savdo sessiyasida bozor biroz tiklanishga harakat qilgan bo‘lsa-da, keyingi hafta "Qora Dushanba" (28-oktyabr) va "Qora Seshanba" (29-oktyabr) kunlari davomida DJIA 20% dan ortiq qiymatini yo‘qotdi. Fond bozori 1929-yildagi eng yuqori darajadan deyarli 90% ga tushib ketdi. Bu inqiroz to‘lqinlari Atlantika okeani bo‘ylab Yevropaga yetib borib, Avstriyaning eng muhim banki bo‘lgan Boden-Kredit Anstaltning qulashiga olib keldi. Iqtisodiy inqiroz 1931-yilda ikki qit'ada to‘liq kuch bilan namoyon bo‘ldi. AQSh Iqtisodiyotining Yomonlashishi 1929-yildagi fond bozorining qulashi nominal boylikni, ham korporativ, ham xususiy boylikni yo‘qotdi va bu AQSh iqtisodiyotini yomonlashishiga olib keldi. 1929-yil boshida AQShning ish bilan ta'minlanish darajasi 3,2% edi, lekin 1933-yilga kelib bu ko‘rsatkich 25% dan ortdi. Ishsizlik darajasi 1938-yilda 18,9% dan yuqori bo‘lib, bu davrda ham, G‘aroyib Hukumatlar (Xuver va Ruzvelt ma’muriyatlari) tomonidan amalga oshirilgan misli ko‘rilmagan aralashuvlar va davlat xarajatlari mavjud bo‘lsa-da, pastga tushdi. Haqiqiy yalpi ichki mahsulot (YIM) aholining jon boshiga hisoblanganda 1929-yil darajasidan past bo‘ldi, hatto Yaponiya Pearl-Harborni bombardimon qilgan 1941-yil oxirigacha. Qulash, ehtimol o‘n yillik iqtisodiy pasayishni boshlagan bo‘lsa-da, ko‘plab tarixchilar va iqtisodchilar uning Buyuk Depressiyani o‘zi sabab bo‘lganini tasdiqlamaydi. Shuningdek, bu inqirozning chuqurligi va uzoq davom etganligi nima uchun bunday jiddiy bo‘lganini tushuntirib bera olmaydi. Turli xil voqealar va siyosatlar Buyuk Depressiyaga sabab bo‘lib, uni 1930-yillarda ham davom etishiga yordam berdi. Yosh Federal Rezervning Xatolari Monetaristlar, ya’ni Milton Friedman va sobiq Federal Rezerv raisi Ben Bernanke ta'kidlashicha, 1929-yilgi fond bozorining qulashidan oldin va keyin Federal Rezerv pul va kredit ta'minotini noto‘g‘ri boshqargan. Federal Rezerv 1913-yilda tashkil etilgan va dastlabki sakkiz yil davomida nisbatan passiv bo‘lgan. Keyin esa 1920–1921-yillardagi depressiyadan keyin iqtisodiyot tiklangach, pul-kredit siyosatini kengaytirishga ruxsat bergan. 1921-yildan 1928-yilgacha pul taklifi 28 milliard dollar, ya'ni 61,8% ga o‘sdi. Bank depozitlari 51,1% ga oshdi, jamg‘armalar va kredit aktsiyalari 224,3% ga, va hayot sug'urtasi qonunlari zaxirasi 113,8% ga ko‘paydi. Bularning barchasi 1917-yilda Federal Rezerv majburiy zaxiralarni 3% ga tushirgandan so‘ng ro‘y berdi. Qonuniy zaxiralar va Federal Rezervning oltin zaxiralari faqat 1,16 milliard dollarga oshdi. Federal Rezerv tezkor iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash uchun pul taklifini oshirdi va federal fondlar foiz stavkasini past ushlab turdi. Bu, o‘z navbatida, fond bozorini va ko‘chmas mulk “pufakchalarini” inflatsiya qilishga olib keldi. Biroq, pufakchalar portlab, bozor qulashi boshlangach, Federal Rezerv pul taklifini deyarli uchdan bir qismini kamaytirishga qaror qildi. Bu kamaytirish ko‘plab kichik banklar uchun og‘ir likvidlik(aktivning tez va oson naqd pulga aylanish qobiliyati) muammolarini keltirib chiqargan va tez tiklanish umidlarini yo‘q qilgan. Federal Rezervning Qattiq Qo‘li (Tight Fist) Ben Bernanke 2002-yil noyabridagi nutqida ta'kidlaganidek, Federal Rezervdan oldin, bank inqirozlari odatda bir necha hafta ichida hal etilardi. Katta xususiy moliyaviy institutlar kichikroq, lekin kuchliroq banklarga pul qarz berib, tizimning barqarorligini ta'minlashardi. Bunday vaziyat 1907-yildagi bank inqirozi paytida yuz bergan. O‘shanda, investitsiya bankiri J.P. Morgan Vaysal-Stritdagi moliyachilarni jalb qilib, pul yetishmovchiligi bo‘lgan banklarga katta miqdordagi kapitalni yuborishga ko‘ndirgandi, chunki tezkor sotuvlar NYSE ni pastga tushirib, banklar to‘liq bo‘shab qolishiga olib kelgan edi.Qiziqarli tomoni shundaki, aynan shu inqiroz hukumatni Federal Rezervni yaratishga majbur qilgan, chunki Morgan kabi individual moliyachilarga tayanishning zarurati bo‘lmasligi kerak edi. Bir nechta Nyu-York banklarining rahbarlari Qora Payshanba (Black Thursday)dan keyin ishonchni tiklashga harakat qilib, ko‘k-chip aktsiyalarini bozor narxlaridan yuqori narxlarda sotib olishgandi.Bu harakatlar juma kuni qisqa muddatli o‘sishni keltirib chiqargan, lekin tezkor sotuvlar dushanba kuni yana boshlanib ketgan edi. 1907-yildan keyin fond bozori shunday darajaga yetgandiki, bunday individual harakatlar bilan uni boshqarib bo‘lmay qolgandi. Faqat Federal Rezerv AQSh moliya tizimini qo‘llab-quvvatlashga qodir edi. Ammo, Federal Rezerv buni amalga oshira olmadi, 1929-yildan 1932-yilgacha pul ta'minotiga hech qanday qo‘shimcha pul kiritilmadi. Aksincha, u pul ta'minotining qulashi va minglab banklarning bankrotligini kuzatib turdi. Bu moliya sektorining qulashiga olib keldi, natijada deflyatsiya yuzaga keldi va depresiyaning boshlanishiga sabab bo‘ldi. O‘sha davrda bank qonunlari moliyaviy institutlarning deyarli hech qanday yangi investitsiya va diversifikatsiya imkoniyatiga ega bo‘lmaganligini ta'minladi, shuning uchun katta miqdordagi depozitlarni qaytarish, ya'ni bankka hujum qilish, ko‘plab banklarning qulashi bilan tugagan. Federal Rezervning shunday keskin reaksiyasi ehtimol, ehtiyotkor banklarni qutqarishning kelajakda moliyaviy mas'uliyatsizlikni rag'batlantirishi mumkin degan qo‘rquvdan kelib chiqqan. Ba'zi tarixchilar, Federal Rezerv iqtisodiyotni ortiqcha qizib ketishiga sabab bo‘lgan sharoitlarni yaratganini va so‘nggi iqtisodiy inqirozni yanada chuqurlashtirganini ta'kidlashadi. Huverning Narxlarni Qo‘llab-Quvvatlash Siyosati Herbert Huver ko‘pincha hech narsa qilmagan prezident sifatida tanilgan, ammo u inqirozdan keyin bir qancha chora-tadbirlarni amalga oshirgan. 1930 va 1932-yillar oralig‘ida u uchta asosiy o‘zgarish kiritgan: Federal xarajatlarni 42% ga oshirib, Rekonstruktsiya Moliya Korporatsiyasi (RFC) kabi yirik jamoat ishlari dasturlarini amalga oshirgan. Yangi dasturlar uchun soliqlar joriy etgan. Mehnat bozoriga past malakali ishchilar oqimini kamaytirish uchun 1930-yilda immigratsiyani taqiqlagan. Huver asosan iqtisodiy inqirozdan so‘ng ish haqlarining kamayishi mumkinligidan xavotir olgan. U narxlar yuqori bo‘lishi kerak, shunda barcha sohalarda ish haqlari yuqori saqlanib qoladi deb o‘ylagan. Shu sababli, narxlarni yuqori darajada ushlab turish uchun iste’molchilar ko‘proq to‘lashi kerak bo’lgan. Biroq, inqirozda katta zarar ko‘rgan jamoatchilikning ko‘pchiligida tovarlar va xizmatlarga ko‘p pul sarflash imkoniyati yo‘q bo’lgan. Shuningdek, xorijiy davlatlar ham qimmat Amerika mahsulotlarini sotib olishga tayyor emas edilar, xuddi amerikaliklarning ham ortiqcha narxlarga to‘lashga tayyor emasligi kabi. Muhim: Huverning inqirozdan keyingi boshqa ko‘plab aralashuvlari va Kongress tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar, masalan, ish haqi, mehnat, savdo va narxlarni nazorat qilish bo‘yicha qoidalar, iqtisodiyotning o‘zgarish va resurslarni qayta taqsimlash qobiliyatiga zarar yetkazgan. AQSh Proteksionizmi Og‘ir iqtisodiy vaziyat Huverni arzonroq xorijiy raqobatni cheklash orqali narxlar va ish haqini yuqori darajada ushlab turishga majburladi. U proteksionistlar an'anasini davom ettirib, mamlakatning mingdan ortiq iqtisodchilari qarshiligiga qaramay, 1930-yilda Smoot-Xouli Tarif Qonunini imzoladi. Dastlab bu qonun qishloq xo‘jaligini himoya qilish uchun mo‘ljallangan edi, ammo keyinchalik u kengayib, ko‘plab sohalar uchun tarifga aylangan va 880 dan ortiq xorijiy mahsulotlarga katta bojlar solingan. Bunga javoban o‘ttizdan ortiq davlatlar o‘z tariflarini joriy qilgan va import 1929-yildagi 7 milliard dollardan 1932-yilda atigi 2,5 milliard dollargacha tushib ketgan. 1934-yilga kelib xalqaro savdo 66% ga qisqargan va, kutilganidek, butun dunyo bo‘ylab iqtisodiy sharoit yomonlashgan. Huverning ish o‘rinlarini saqlab qolish va shaxsiy hamda korporativ daromadlarni qo‘llab-quvvatlash istagi tushunarli edi, ammo u korxonalarni ish haqlarini oshirishga, ishdan bo‘shatishlardan qochishga va narxlarni yuqori darajada saqlashga rag‘batlantirgan, garchi bu vaqtda narxlar tabiiy ravishda pasayishi kerak bo’lganda ham. AQSh iqtisodiyoti bir necha yil davomida past ish haqi va ishsizlik bilan kurashgan, tushayotgan narxlar esa keyinchalik tiklangan. Xalqaro savdoning deyarli to‘xtatilishi bilan AQSh iqtisodiyoti ushbu sun'iy darajalarni ushlab tura olmagach, retsessiyadan depressiyaga o‘tgan. Yangi Kelishuv (The New Deal) Prezident Franklin Ruzvelt 1933-yilda saylanganida katta o‘zgarishlar qilishni va’da qilgan edi. U boshlagan Yangi Kelishuv dasturi Amerika bizneslarini qo‘llab-quvvatlash, ishsizlikni kamaytirish va aholini himoya qilish uchun ishlab chiqilgan innovatsion va misli ko‘rilmagan ichki dasturlar va qonunlardan iborat edi. Yangi Kelishuv qisman Keyns iqtisodiyotiga asoslangan bo‘lib, hukumat iqtisodiyotni rag‘batlantirishi mumkin va kerak degan fikrga asoslangan edi. Bu dastur milliy infratuzilmani yaratish va saqlash, to‘liq bandlik va sog‘lom ish haqini ta’minlashni maqsad qilgan edi. Hukumat bu maqsadlarga narx, ish haqi va hatto ishlab chiqarishni boshqarish orqali erishmoqchi bo‘lgan. Ba’zi iqtisodchilar Ruzvelt, Xuverning aralashuvlarini faqat kattaroq miqyosda davom ettirgan deb ta'kidlashadi. U narxlarni qo‘llab-quvvatlash va minimal ish haqlari ustida qattiq nazoratni davom ettirgan va mamlakatni oltin standartidan chiqargan,shaxslarning oltin tanga va quymalarni yig‘ib olishini taqiqlagan edi. U monopoliyaga qarshi chora-tadbirlarni joriy qilgan va o‘nlab yangi jamoat ishlari dasturlari va boshqa ish o‘rinlari yaratish agentliklarini tashkil qilgan. Shuningdek, Ruzvelt ma’muriyati fermerlar va chorvadorlarga ishlab chiqarishni to‘xtatish yoki qisqartirish uchun to‘lovlarni amalga oshirgan. Shu davrning eng qayg‘uli muammolaridan biri ortiqcha hosilni yo‘q qilish bo’lgan, shu bilan birga minglab amerikaliklar arzon oziq-ovqatga muhtoj bo’lishgan. 1933-1940-yillar oralig‘ida federal soliqlar 3 barobar oshdi, bu yangi dasturlar, jumladan Ijtimoiy ta’minotni moliyalashtirish uchun kerak bo’lgan. Bu o‘sishlar aksiz(excise) soliqlari, shaxsiy daromad soliqlari, meros soliqlari, korporativ daromad soliqlari va ortiqcha foyda solig‘ini o‘z ichiga olgan. Yangi Kelishuvning Muvaffaqiyatlari va Kamchiliklari Yangi Kelishuv dasturi moliyaviy tizimni isloh qilish va barqarorlashtirish bo‘yicha aniq natijalarga erishdi va xalq ishonchini oshirdi. 1933-yil mart oyida, Ruzvelt odamlarning vahima bilan omonatlarini yechib olayotgani sababli bank tizimining qulashini oldini olish maqsadida, banklarni bir hafta davomida vaqtinchalik yopishga qaror qilgan. Shundan so‘ng, turli dam, ko‘prik, tunnel va yo‘l tarmoqlarini qurish dasturi boshlandi. Bu loyihalar minglab odamlarni ish bilan ta’minlagan federal ish dasturlarini ishga tushirgan edi. Iqtisodiyotda tiklanish belgilari kuzatildi, lekin Yangi Kelishuv siyosatlari Amerikaning Buyuk Depressiyadan chiqishida to‘liq muvaffaqiyatga erishgan deb bo‘lmaydi. Tarixchilar va iqtisodchilar bu holat sababini turlicha baholaydilar: Keyneschilar federal xarajatlarning yetarli emasligini ta’kidlashadi va Ruzvelt davlatga asoslangan tiklanish rejasini yetarlicha amalga oshirmagan deb hisoblashadi. Boshqalar esa Ruzvelt, Xuver kabi Depressiyani uzoq muddatga cho‘zib yubordi deb o‘ylashadi, chunki iqtisodiyotni tezda yaxshilashga intilib, odatiy ikki yillik iqtisodiy siklni tabiiy pastga tushib, keyin qayta tiklanishiga imkon bermadi. Kaliforniya universitetining ikki iqtisodchisi o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra,ular Yangi Kelishuv Buyuk Depressiyani kamida yetti yilga cho‘zgan deyishadi. 1929-yildan keyin tezkor tiklanish avvalgi depressiyalardan keyin kuzatilgani kabi tez amalga oshmasligi mumkin edi, chunki bu safar birinchi marta keng jamoatchilik, hattoki Uoll-strit(Wall-Street) elitalari ham, fond bozorida katta summalarni yo‘qotgan edi. Amerikalik iqtisodiy tarixchi Robert Xiggs, Ruzveltning yangi qoidalari va me’yorlari shu qadar tez va tubdan joriy etilganini, bizneslar ishga yollash yoki investitsiya qilishdan qo‘rqib qolishganini ta’kidlagan. Rutgers universiteti huquq va iqtisodiyot professori Filip Xarvi esa, Ruzveltni Keynes uslubidagi makroiqtisodiy stimullash paketini yaratishdan ko‘ra ijtimoiy farovonlik masalalariga ko‘proq e’tibor qaratgan deb taklif qilgan. Ikkinchi jahon urushi ta’siri Ishsizlik va YaIM (Yalpi Ichki Mahsulot) ko'rsatkichlariga qaraganda, Buyuk Depressiya taxminan 1941-1942 yillarda to'satdan tugagandek tuyuladi. Bu davrda AQSh Ikkinchi jahon urushiga qo'shildi va natijada ishsizlik darajasi 1940-yilda 8 milliondan 1943-yilda 1 milliondan biroz oshiqroq ko'rsatkichga tushdi. Ammo 16 milliondan ortiq amerikaliklar Qurolli Kuchlarga chaqirildi, shuning uchun xususiy sektordagi haqiqiy ishsizlik darajasi urush davrida ortib bordi. Urush davridagi taqsimot tufayli yashash darajasi pasaydi va soliqlar urush xarajatlarini qoplash uchun sezilarli darajada oshdi. Xususiy investitsiyalar 1940-yilda 17,9 milliard dollardan 1943-yilda 5,7 milliard dollarga tushdi, xususiy sektor ishlab chiqarishi esa qariyb 50 foizga qisqardi. Urush Buyuk Depressiyani to‘xtatgan degan tushuncha noto‘g‘ri hisoblanadi, ammo bu voqea AQShni tiklanish yo'liga olib chiqdi. Urush xalqaro savdo yo‘llarini ochdi hamda narx va ish haqi nazoratlarini bekor qildi. Hukumatning arzon mahsulotlarga bo'lgan talabi iqtisodiyotda katta moliyaviy rag'batlantirishni yuzaga keltirdi. Urush tugagach, xususiy investitsiyalar birinchi yil davomida 10,6 milliard dollardan 30,6 milliard dollarga ko‘tarildi va bir necha yil ichida aksiyalar bozori kuchli o‘sishga kirishdi. Tez-tez beriladigan savollar (FAQs) Buyuk Depressiya qachon boshlandi? Buyuk Depressiya qachon tugadi? Buyuk Depressiya qanday tugadi? Tarjimon: Munira Yunusaliyeva Iqtisodiyot Bo'limi Lideri: Xojiakbar Tursunmuhammatov
Buyuk Depressiya 1929-yildagi fond bozori inqirozi bilan boshlandi, bu esa xususiy va korporativ nominal boyliklarni yo'qotishiga olib keldi. Bu AQSh iqtisodiyotini pasayishiga sabab bo'ldi va uning ta'siri AQSh chegaralaridan tashqariga, Yevropaga ham yoyildi.
Buyuk Depressiya 1941-yilda, AQSh Ikkinchi Jahon Urushiga kirishgan paytda tugadi. Ko'pgina iqtisodchilar bu davrni depressiyaning tugagan davri deb hisoblashadi, chunki shu paytda ishsizlik darajasi pasayib, YaIM o'sdi.
An'anaviy fikrlar shuni ko'rsatadiki, AQSh Buyuk Depressiyadan Yangi Kelishuv (New Deal) orqali ish o'rinlari yaratish va Ikkinchi Jahon Urushiga tayyorgarlik ko'rish uchun hukumatning katta sarmoyasi tufayli chiqdi. Biroq, ba'zi iqtisodchilar, agar kamroq hukumat aralashuvi bo'lsa, depressiya tezroq tugashi mumkinligini ta'kidlaydilar.
3 ta izoh:
Izoh qoldirish