- 16:00 / 29.12.2024
- 21:34 / 17.11.2024
- , Iqtisodiyot
Ekonometrika

Ekonometrika - bu iqtisodiyotda nazariyalarni ishlab chiqish yoki mavjud gipotezalarni tekshirish va tarixiy ma’lumotlardan kelajakdagi trendlarni bashorat qilish uchun statistik va matematik modellardan foydalanish usuli hisoblanadi. U haqiqiy ma’lumotlarni statistik tekshiruvlarga bog’laydi va keyin natijalarni tekshirilayotgan nazariya bilan taqqoslaydi. Mavjud nazariyani tekshirish yoki yangi farazni yaratish uchun mavjud ma’lumotlardan foydalanishingizga qarab, ekonometrikani ikkita asosiy toifaga bo‘lish mumkin: nazariy va amaliy. Ushbu amaliyot bilan muntazam shug‘ullanadiganlar odatda ekonometriklar deb ataladi. Ekonometrika iqtisodiyot yoki moliya sohasidagi nazariyalarni ishlab chiqish yoki mavjud gipotezalarni tekshirish uchun statistik usullardan foydalanish yo’lidir. Ekonometrika regressiya modellari va nol gipotezani tekshirish kabi usullarga tayanadi. Shuningdek, ekonometrikadan kelajakdagi iqtisodiy yoki moliyaviy trendlarni prognoz qilish uchun foydalanish mumkin. Boshqa statistika vositalarida bo‘lgani kabi, ekonometristlar ham statistik korrelyatsiyadan kelib chiqadigan o’zaro bog‘liqlikdan xulosa qilmasliklari kerak. Ba’zi iqtisodchilar ekonometrika sohasini iqtisodiy mulohazalardan ko‘ra statistik modellarga ustunlik berayotgani uchun tanqid qilishgan. Ekonometrika iqtisodiy nazariyani tekshirish yoki rivojlantirish maqsadida ma’lumotlarni statistik usullar yordamida tahlil qiladi. Ushbu usullar iqtisodiy nazariyalarni miqdoriy baholash va tahlil qilish uchun takrorlanishlar taqsimotlari, ehtimollik, va ehtimollik taqsimotlari, statistik xulosa, bog‘liqlik tahlili, oddiy va ko‘p regressiya tahlili, bir paytda yuz beradigan tenglamalar modellari, davriy ketma-ketlik usullari kabi vositalardan foydalangan holda statistik xulosalarga tayanadi. Ekonometrika Lorens Kleyn, Ragnar Frisch va Saymon Kuznets tomonidan kashf etilgan. Ularning har uchalasi ham o‘z hissalari uchun iqtisod bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishgan. Bugungi kunda undan akademiklar, shuningdek, Uoll-strit savdogarlari va tahlilchilari singari amaliyotchilar muntazam ravishda foydalanib kelmoqdalar. Sezilarli ma’lumotlar yordamida daromad effektini o‘rganish ekonometrikani qo‘llashga misol bo‘la oladi. Iqtisodchi inson daromadi oshgani sari uning xarajatlari ham ko‘payadi, deb taxmin qilishi mumkin. Agar ma’lumotlar bunday bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatsa, u holda daromad va xarajat o‘rtasidagi munosabatning kuchini va bu munosabat statistik ahamiyatga ega yoki ega emasligini tushunish uchun regressiya tahlilini o‘tkazish mumkin - ya’ni, bu faqat tasodif bilan bog‘liq bo‘lishi dargumon. Ekonometrik metodologiyaning birinchi bosqichi ma’lumotlar to‘plamini olish va tahlil qilish hamda to‘plamning tabiati va shaklini tushuntiruvchi muayyan gipotezani aniqlashdan iborat. Bu ma’lumotlar, masalan, birja indeksining tarixiy narxlari, iste’mol moliyasi so‘rovnomasidan olingan kuzatuvlar yoki turli mamlakatlardagi ishsizlik va inflyatsiya darajasi bo‘lishi mumkin. Agar sizni S&P 500 indeksidagi yillik narx o‘zgarishi va ishsizlik darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlik qiziqtirsa, siz ikkala ma’lumot to‘plamini ham jamlaysiz. Keyin siz, yuqori ishsizlik birja bozori narxlarining pasayishiga olib keladi, degan nazariyani tekshirib ko’rishingiz mumkin. Bu misolda birja bozori narxi tobe o‘zgaruvchi, ishsizlik darajasi esa erkli yoki izohlovchi o‘zgaruvchi bo‘ladi. Eng keng tarqalgan munosabat chiziqli, ya’ni izohlovchi o‘zgaruvchining har qanday o‘zgarishi erksiz o‘zgaruvchi bilan ijobiy bog‘liqlikka ega bo‘ladi. Ushbu bog‘liqlikni oddiy regressiya modeli yordamida o‘rganish mumkin, ya’ni ikkita ma’lumotlar to‘plami o‘rtasida eng mos chiziqni yaratiladi va keyin har bir ma’lumot nuqtasining ushbu chizig‘idan o‘rtacha qancha masofa uzoqda ekanligini tekshirish orqali regressiya modeli qo’llaniladi. Shuni yodda tutingki, siz tahlilingizda bir nechta izohlovchi o‘zgaruvchilarga ega bo‘lishingiz mumkin - masalan, birja bozori narxlarini tushuntirishda ishsizlikdan tashqari YaIM va inflyatsiyadagi o‘zgarishlariga ham ta’sir qilishi turgan gap. Birdan ortiq izohlovchi o‘zgaruvchidan foydalanilganda, u ko‘p sonli chiziqli regressiya deb ataladi. Bu ekonometrikada eng ko‘p qo‘llaniladigan usuldir. Eslatma: Ba’zi iqtisodchilar, jumladan, Jon Meynard Keyns, ekonometristlarni iqtisodiy tafakkur o‘rniga statistik bog‘lanishlarga haddan tashqari tayanganliklari uchun tanqidga uchragan. Tahlil qilinayotgan ma’lumotlarning tabiati va savol turiga qarab optimallashtiriladigan bir nechta turli xil regressiya modellari mavjud. Eng keng tarqalgan misol oddiy eng kichik kvadratlar (OLS) regressiyasidir, u bir nechta turdagi kesishmali yoki davriy ketma-ketlik ma’lumotlari bo‘yicha o‘tkazilishi mumkin. Agar siz binar (ha-yo‘q) natija bilan qiziqsangiz, masalan, ish samaradorligiga qarab ishdan bo‘shatilish ehtimoli - logistik regressiya yoki shartli modeldan foydalanishingiz mumkin. Bugungi kunda ekonometristlar ixtiyorida yuzlab modellar mavjud. Hozirgi vaqtda ekonometrika STATA, SPSS yoki R kabi ushbu maqsadlar uchun ishlab chiqilgan statistik tahlil dasturiy ta’minot to‘plamlari yordamida amalga oshiriladi. Ushbu dasturiy ta’minot to‘plamlari, shuningdek, o‘zaro bog‘liqliklar tasodifan paydo bo‘lishi ehtimolini aniqlash uchun statistik ahamiyatga egaligini osongina tekshirishi mumkin. R-kvadrat, t-testlar, p-qiymatlar va nolinchi gipotezani tekshirish - bularning barchasi ekonometristlar tomonidan model natijalarining haqiqiyligini baholash uchun qo‘llaniladigan usullardir. Ekonometrika ba’zan mavjud iqtisodiy nazariyaga bog‘lamasdan yoki sabab-oqibat mexanizmlarini qidirmasdan, xom ma’lumotlarni talqin qilishga juda ko‘p tayanganligi sabab juda ko’p tanqidlarga uchraydi. Ma’lumotlarda aniqlangan topilmalar, garchi bu sizning asosiy jarayonlar haqidagi o‘z nazariyangizni rivojlantirishni anglatsa ham, nazariya tomonidan yetarli darajada tushuntirilishi muhimdir. Regressiya tahlili sabab-oqibatni isbotlamaydi va ikkita ma’lumotlar to‘plami bog‘liqlikni ko‘rsatgani uchun ham u samarasiz bo‘lishi mumkin. Misol uchun, suzish havzalarida cho‘kib ketish holatlari YaIMga bog‘liq ravishda ko‘payadi. Iqtisodiyotning o‘sishi odamlarni cho‘kib ketishiga olib keladimi? Bu ehtimoldan yiroq, lekin iqtisodiyot gullab-yashnagan paytda ko‘proq odamlar basseyn sotib olishlari mumkin. Ekonometrika asosan korrelyatsion tahlil bilan shug‘ullanadi va shuni yodda tutish kerakki, korrelyatsiya sababiylikka teng emas. Baholovchi - bu kattaroq populyatsiya haqidagi ma’lum bir fakt yoki o‘lchovni baholash uchun ishlatiladigan statistik ma’lumotdir. Baholovchilar ko‘pincha butun boshli aholini o‘lchashning iloji bo‘lmagan vaziyatlarda qo‘llaniladi. Masalan, ma’lum bir vaqtda ish bilan bandlikning aniq darajasini o‘lchash mumkin emas, lekin tasodifiy tanlangan aholi namunasi asosida ishsizlikni baholash mumkin. Avtokorrelyatsiya turli vaqt oralig‘ida bitta o‘zgaruvchi o‘rtasidagi munosabatlarni o‘lchaydi. Shu sababli, ba’zan u ortda qolgan korrelyatsiya yoki ketma-ket korrelyatsiya deb ataladi, chunki u ma’lum bir o‘zgaruvchining oldingi qiymati xuddi shu o‘zgaruvchining kelajakdagi qiymatlarini qanday bashorat qilishi mumkinligini o‘lchash uchun ishlatiladi. Avtokorrelyatsiya treyderlar uchun, ayniqsa texnik tahlilda foydali vositadir. Endogen o‘zgaruvchi boshqa o‘zgaruvchining o‘zgarishi ta’sir qiladigan o‘zgaruvchidir. Iqtisodiy tizimlarning murakkabligi tufayli turli omillar o‘rtasidagi barcha nozik munosabatlarni aniqlash qiyin va ba’zi o‘zgaruvchilar qisman endogen va qisman ekzogen bo‘lishi mumkin. Tadqiqotchilar ekonometrik tadqiqotlarda xatolik sharti boshqa o‘zgaruvchilar bilan qisman bog‘liq bo‘lishi mumkinligini hisobga olishlari kerak. Ekonometrika - bu statistik vositalar va iqtisodiy ma’lumotlarni modellashtirishni birlashtirgan mashhur fan bo‘lib, siyosatchilar tomonidan siyosat o‘zgarishlarining natijasini bashorat qilish uchun tez-tez qo‘llaniladi. Boshqa statistik vositalarda bo‘lgani kabi, afsuski ekonometrikada ham vositalardan ehtiyotsizlik bilan foydalanishda xatolarga yo‘l qo‘yish ehtimoli ko‘p. Ekonometristlar o‘z xulosalarini oqilona mulohazalar, shuningdek, statistik natijalar bilan asoslashda ehtiyot bo‘lishlari kerak. Tarjimon: Zufarbek Xalilov
Iqtisodiyot Bo'limi Lideri: Xojiakbar Tursunmuhammatov Manba: InvestopediaEkonometrika nima?
ASOSIY XUSUSIYATLARI:
Ekonometrikani tushunish
Ekonometrika usullari
Turli xil regressiya modellari
Ekonometrikaning kamchiliklari
Ekonometrikada baholovchilar nima?
Ekonometrikada avtokorrelyatsiya nima?
Ekonometrikada endogenlik nima?
Asosiy xulosa
10 ta izoh:
Izoh qoldirish