- 21:34 / 17.11.2024
- 16:00 / 29.12.2024
- , Iqtisodiyot
Kvota nima?

Kvota nima? Kvota — bu hukumat tomonidan joriy etilgan savdo cheklovi bo‘lib, u muayyan davrda mamlakat import yoki eksport qilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarning soni yoki pul qiymatini cheklaydi. Mamlakatlar kvotalarni xalqaro savdoda savdo hajmini tartibga solish uchun qo‘llaydi. Ba’zan, mamlakatlar ma’lum mahsulotlarga kvotalar joriy qilib, importni kamaytirish va mahalliy ishlab chiqarishni oshirishni maqsad qilishadi. Nazariy jihatdan, kvotalar xorijiy raqobatni cheklash orqali mahalliy ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi. Kvotalarni amalga oshiruvchi hukumat dasturlari ko‘pincha proteksionizm siyosati deb ataladi. Shuningdek, hukumatlar boshqa mamlakatlardan kelayotgan mahsulotlarning sifati yoki xavfsizligi bo‘yicha xavotirlari bo‘lsa, ushbu siyosatlarni joriy qilishi mumkin. Asosiy jihatlar ● Mamlakatlar xalqaro savdoda savdo hajmini tartibga solish uchun kvotalardan foydalanadilar. ● AQShda uch xil kvota mavjud: mutlaq kvotalar, tarif stavkalari kvotalari, va tarif imtiyozlari darajasidagi kvotalar. ● Tariflar — bu bir mamlakat tomonidan boshqa mamlakatdan import qilinadigan tovar va xizmatlarga solinadigan soliqlar. ● Tariflar import qilinadigan tovar va xizmatlarning narxini oshiradi, bu esa ularni mahalliy iste’molchilar uchun kamroq jozibador qiladi. ● Juda cheklovchi kvotalar va yuqori tariflarning birlashmasi davlatlar o‘rtasida savdo nizolari va boshqa muammolarga olib kelishi mumkin. Kvota qanday ishlaydi Kvotalar tariflar yoki bojxona soliqlaridan farq qiladi, chunki ular import yoki eksportga soliqlarni belgilamaydi. Hukumatlar kvotalar va tariflarni mamlakatlar o‘rtasidagi savdoni boshqarish uchun himoya chorasi sifatida qo‘llaydilar, lekin ular orasida sezilarli farqlar mavjud. Kvotalar muayyan davrda mamlakat import yoki eksport qiladigan mahsulotlarning miqdorini (yoki ba'zi hollarda umumiy qiymatini) cheklashga qaratilgan, tariflar esa ushbu mahsulotlarga belgilangan to‘lovlarni qo‘llaydi. Hukumatlar tariflarni (bojxona soliqlari deb ham ataladi) mahsulotlarini mamlakat ichida sotmoqchi bo‘lgan ishlab chiqaruvchi yoki yetkazib beruvchilarga qo‘shimcha xarajat yuklash maqsadida ishlab chiqadilar. Tariflar mamlakatga qo‘shimcha daromad keltiradi va import qilinadigan mahsulotlarning narxini oshirish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qiladi. ● Mutlaq kvota: Bu kvota ma’lum bir tovarni davlatga olib kirish uchun aniq cheklov belgilaydi. Biroq, bunday cheklov har doim ham amal qilavermaydi. Mutlaq kvotaga ko‘ra, kvota bilan ruxsat etilgan miqdor to‘ldirilgach, kvotaga bo‘ysunuvchi tovarlar keyingi kvota davri boshlanguncha tashqi savdo zonasida saqlanadi. ● Tarif stavkasi kvotalari: Ushbu kvotalar mamlakatga ma’lum miqdorda tovarlarni pasaytirilgan boj stavkasi bilan import qilish imkonini beradi. Agar tarif stavkasi kvotasi tugasa, keyinchalik import qilinadigan barcha tovarlar yuqori stavka bilan solinadi. ● Tarif imtiyozi darajalari: Bunday kvotalar Erkin Savdo Kelishuvlari orqali alohida muzokaralar natijasida belgilanadi. Boshqa Kvota Turlari ● Biznes kvotalari: Biznesda kvota kompaniya tomonidan sotuvchilar yoki savdo jamoasi ma’lum davrda erishishi kerak bo‘lgan savdo maqsadini anglatadi. Sotuv kvotalari ko‘pincha oylik, choraklik yoki yillik bo‘ladi. Rahbariyat, shuningdek, kvotalarni hudud yoki biznes bo‘linmalari bo‘yicha belgilashi mumkin. Eng keng tarqalgan savdo kvotasi daromadga asoslangan kvota hisoblanadi. ● Siyosatda kvotalar: Ayollar va ijtimoiy jihatdan kamsitilgan guruhlarni siyosiy lavozimlarda yetarli darajada vakillik qilishini ta'minlash uchun hukumatlar kvotalar o‘rnatishi mumkin. Ammo demokratik jamiyatlarda kvotalar bir vaqtning o‘zida qo‘llab-quvvatlash va tanqid qilinadi. Ba'zilar buni xilma-xillik, adolat va inklyuziyani rivojlantirish vositasi sifatida ko‘rsa, boshqalar bu chorani, saylovchilar o‘z vakillarini erkin saylashi kerak bo‘lgan demokratik tamoyillarga zid, deb hisoblaydilar. Kvotalarning Afzalliklari va Kamchiliklari Kvotalar ziddiyatli bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, ularning turli foydalari ham bor. Birinchidan, kvotalar mahalliy sanoatni chet el raqobatidan himoya qilish uchun ishlatiladi. Bu cheklov import tovarlarini kamaytirish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlaydi va ish o‘rinlarini saqlab qolishga yordam beradi. Kvotalar savdo balansidagi nomutanosibliklarni bartaraf etishga ham yordam beradi. Bu, ayniqsa, savdo defitsiti yuqori bo‘lgan davlatlar uchun muhimdir. Shu yo‘l bilan hukumatlar chet el tovarlariga qaramlikni kamaytirishga harakat qiladi. Shuningdek, kvotalar ichki bozorlarda narxlarni barqarorlashtirishga xizmat qilishi mumkin. Import hajmini cheklash orqali hukumatlar narxlardagi o‘zgarishlarni va bozor beqarorligini oldini olishga intiladi. Bundan tashqari, hukumatlar kvotalar yordamida boshqa davlatlarga bosim o‘tkazib, ular tomonidan tariflarni pasaytirishga undashi mumkin. So‘nggi afzallik sifatida, kvotalar import qilinadigan tovarlarning muayyan ekologik, sog‘liq yoki xavfsizlik standartlariga mos kelishini ta'minlash uchun joriy etilishi mumkin. Masalan, AQSh ekologik kelishuvlarga muvofiq, ba'zi tovarlarning miqdorini cheklashi mumkin. Kvotalarning afzalliklariga qaramasdan, ular bozorni erkin rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Bu holatda davlat kvotalarni nazorat qilish va ularning bozordagi ta'sirini boshqarib borishga majbur bo‘ladi. Kvotalar chet el raqobatini cheklashi mumkin, bu esa ba'zi holatlarda foydali bo‘lsa-da, iste'molchilar uchun mahsulot turlarining kamayishi, sifatning pasayishi va narxlarning oshishiga olib kelishi mumkin. Raqobat yo‘qligi tufayli mahalliy ishlab chiqaruvchilar innovatsiya qilish, samaradorlikni oshirish yoki narxlarni pasaytirishga kamroq intiladilar, bu esa uzoq muddatda turg‘unlikka sabab bo‘ladi. Shuningdek, kvotalar savdo hamkorlarining javob choralarini keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa savdo mojarolari, tariflar yoki boshqa himoya choralariga olib kelib, global iqtisodiy barqarorlikka putur yetkazishi mumkin. Qisqa qilib aytadigan bo’lsak: ● Mahalliy sanoatni chet el raqobatidan himoya qilishi mumkin. ● Hukumat belgilagan strategiyani amalga oshirish vositasi sifatida foydalaniladi. ● Savdo balansidagi defitsitni kamaytirishga yordam beradi. ● Moliyaviy bo‘lmagan boyliklarni, masalan, atrof-muhitni himoya qilish imkonini beradi. ● Bozorlarning erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qiladi. ● Umumiy raqobatni kamaytiradi. ● Innovatsiya uchun rag‘batni pasaytiradi, bu esa sifatning pasayishiga olib kelishi mumkin. ● Savdo javob choralari va mojarolarga sabab bo‘ladi. Iqtisodiyotda Kvota Nima? Iqtisodiyotda kvota — bu hukumatlar tomonidan savdoga qo‘yilgan vaqtga bog‘liq cheklovlardir. Odatda bu chora, ichki biznesni himoya qilish va savdo balansini saqlash maqsadida joriy etiladi. Hukumatlar kvotalarni tovarlarning qiymatini yoki sonini cheklash orqali amalga oshiradi. Masalan, bir mamlakat boshqa mamlakatdan xom neftning maksimal 100 barrelligini import qilishni cheklashi mumkin. Ishdagi Kvota Nima? Ish yoki ish joyidagi kvota — bu ma'lum guruhlarga mansub vakillar uchun ajratilgan ish o‘rinlari sonidir. Masalan, bir kompaniya o‘z jamoasini xizmat ko‘rsatadigan jamiyat yoki mijozlarining tarkibiga moslashtirishni istashi mumkin. Shuning uchun, kompaniya ma'lum miqdordagi ayollarni yoki nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olish uchun kvota belgilashi mumkin. Tarjimon: Malika Salimova Iqtisodiyot bo'limi lideri: Xojiakbar Tursunmuhammatov Manba: InvestopediyaAfzalliklar
Kamchiliklar
Izoh qoldirish