- 05:55 / 19.11.2024
- , Siyosat
Siyosiy so‘llikdan keyingi zamonaviy mafkuralar: Multikulturalizm va Ekologizm

Siyosiy so‘llikdan keyingi zamonaviy mafkuralar 1960-yillarda G‘arb mamlakatlarida liberalizmning yangi ko‘rinishi paydo bo‘ldi. Yangi so‘l oqim - bu siyosiy spektrning chap qismidagi harakatlarning nisbatan noaniq uyushmasidir. Ular markaz so‘l oqim yetarlicha ilg‘or emasligiga ishonch bilan birlashgan. Yangi so‘l oqimning asosiy jihatlari quyida keltirilgan, ammo shuni yodda tutish lozimki, markaz so‘l va Yangi so‘l o‘rtasidagi aniq chegara noaniq va o‘zgaruvchan hisoblanadi. Multikulturalizm Yangi so‘l harakatlarning eng dastlabkilaridan biri multikulturalizm edi. Multikulturalistlar dunyodagi barcha yoki deyarli barcha madaniyatlar hurmatga sazovor ekanligini va ko‘pchilik odamlar o‘z shaxsiyati hamda qadr-qimmatini muayyan madaniyatga mansublik orqali anglab yetishini ta’kidlaydilar. Shu ikki asosga tayanib, multikulturalistlar zamonaviy hukumatlar jamiyat miqyosida barcha yoki deyarli barcha madaniyatlar allaqachon tan olgan minimal me’yorlardan tashqari boshqa madaniy me’yorlarni joriy etishga intilmasligi kerakligini ilgari suradilar. Multikulturalistik qarashning mantiqiy xulosasi shundaki, zamonaviy davlatlar samarali faoliyat yuritishi uchun umumiy asosiy madaniyatga ehtiyoj sezmasligi mumkin. Aksincha, multikulturalistlar madaniyatlar xilma-xilligi jamiyatni boyitishini ta’kidlaydilar. 3.9-rasm Ayollardan iborat “Batala” zarbli musiqa guruhi Afro-Braziliya musiqasi va madaniyatini nishonlaydi. (Kredit: Pabak Sarkar / Flickr, CC BY 2.0 tomonidan "Ayollar perkussiya guruhi") Misol uchun, Kanada va Germaniya kabi so‘nggi yillarda ko‘plab musulmon muhojirlar kelgan mamlakatlardagi aksariyat multikulturalistlar Islomni ijtimoiy foydali qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlovchi din sifatida ko‘radilar. Bu qadriyatlarga doimiy diniy xayr-ehson, Ijmo yoki kelishuvga intilish, oilaviy hayotning ravnaqi, kambag‘allarni himoya qilish va insoniyat birligiga e’tibor qaratish kiradi. Multikulturalistlar bu kabi qadriyatlarni tarixan G‘arbga xos bo‘lmagan madaniyatlar G‘arb jamiyatlarini qanday boyitishi mumkinligining isboti sifatida ko‘rsatadilar. Boshqalar esa multikulturalizmga haddan tashqari e’tibor an’anaviy markaz-so‘l fikrlashiga zid bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydilar. Umuman markaz-so‘l g‘oyalarning himoyachisi deb qaraladigan Jon Roulz (1921-2002) o‘zining mashhur "Adolat nazariyasi" (1971) asarida barqaror tuzum xalqdan markaz-so‘l mafkurasiga xos bo‘lgan liberal demokratik qadriyatlarning sezilarli qismini o‘zlashtirishini talab qilishini aytadi. Shunday bo‘lsa-da, ba’zi multikulturalistlar guruhlarning o‘z madaniy o‘ziga xosliklarini saqlab qolishlari foydali ekanligiga shunchalik ishonadilarki, hatto G‘arbning ustun me’yorlarini rad etishi mumkin bo‘lgan madaniyatlarni ham, masalan, ayollarning ishlashiga ruxsat bermaydigan madaniyatlarni qoralash kerak emas, deb hisoblaydilar. Ular bu madaniy qadriyatlar o‘z a’zolari shaxsiyatining muhim qismi ekanligini va keng jamiyat uchun jiddiy xavf tug‘dirmasligini ta’kidlaydilar. Ekologizm Tabiiy atrof-muhitni asrash va himoya qilishga qaratilgan ekologik harakat 1970-yillarda qisman aholi sonining keskin o‘sishi va dunyo oziq-ovqat zaxiralarining kamayishi bilan bog‘liq xavotirlar tufayli keng tarqaldi. Bu harakat ilgarigi tabiatni muhofaza qilish harakatlariga asoslanib, 1970-yillardagi Yashil inqilobdan so‘ng yanada rivojlandi. Ushbu inqilob tufayli pestitsidlarni nazorat qilish va yangi dehqonchilik usullarini qo‘llash natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishi keskin o‘sdi. Shundan so‘ng, ekologlar e’tiborini global isishga qaratdilar. Ular hozirda keng tan olingan ilmiy tadqiqotlarga tayanib, dunyo iqlimi nafaqat hayvonlar xilma-xilligini, balki butun dunyodagi insonlar farovonligini ham xavf ostiga qo‘yadigan inqirozli holatda ekanligini ta’kidlaydilar. Ekologik harakat tarafdorlari fikriga ko‘ra, markaziy-so‘l yo‘nalishning xususiy mulkni saqlash va hukumat vakolatlarini cheklashga bo‘lgan e’tibori ushbu iqlim inqirozini yetarli darajada hal etishga to‘sqinlik qilmoqda. 3.10-rasm Butun dunyo hukumatlarida Yashillar partiyasi tabiiy muhit farovonligini targ'ib qiluvchi va saqlaydigan siyosat tarafdori. (kredit: Greensefa/Flickr, CC BY tomonidan "Yashil ish o'rinlari - inqirozdan chiqish yo'li" 2.0) Boshqa ekologlar markaziy so‘l yo‘nalishdan yanada uzoqlashib ketishgan. Markaziy so‘l demokratik liberalizm negizida alohida inson huquqlarini himoya qilish g‘oyasi yotadi. Ayrim zamonaviy ekologlar esa avstraliyalik faylasuf Piter Singer ilgari surgan hayvon huquqlari tushunchasini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu qarash noinsoniy hayvonlar ham hukumatlar tomonidan himoya qilinishi lozim bo‘lgan huquqlarga ega ekanligini ta’kidlaydi. Hayvon huquqlari faollari markaziy so‘l yo‘nalishni tor doiradagi, faqat insonlar farovonligiga e’tibor qaratadigan, ya’ni nohaq ravishda bir turga xos yondashuvga ega, deb hisoblaydilar. Tarjimon: Asadbek Jumaboev Siyosat Bo’limi Lideri: Sardor Xamdamov
Manba: https://openstax.org/books/introduction-political-science/pages/3-6-contemporary-ideologies-further-to-the-political-left
Izoh qoldirish