Bolalikdagi falsafiy izlanish

Oddiy bo‘lish nimani anglatadi?

Nima uchun bu yerdaman?

Kimdir sizni sevishiga nima sabab bo‘ladi?

Bir vaqtning o‘zida ham o‘ylash, ham his qilish mumkinmi?

Raqamlar bor narsami?

To’g’ri ishni to’g’riligini qayerdan bilaman?

Bolalar hayotlarining ilk davrlaridanoq falsafiy savollarga o‘xshash fikrlar haqida mulohaza yurita boshlaydilar. Ular bu savollarni shakllantira olishlari bilanoq, ko‘pchilik bolalar biz "murakkab savollar" deb ataydigan savollarni berishga kirishadilar. Istalgan bog‘cha xonasiga kirsangiz, bolalarning hayotning deyarli har bir jihatini o‘rganishga intilayotganini ko‘rasiz. Ko‘pgina ota-onalar yosh bolalaridan "nima uchun?" savolini tez-tez eshitadilar.

Kattalar uchun shoshilinch kundalik hayot xira ko‘rinsa-da, bolalar uchun dunyo yangi va yorqin kashfiyotlarga to‘la. Hayotning aksariyat kattalar uchun oddiy bo‘lgan tomonlari bolalarga g‘oyat qiziqarli tuyuladi. Bolalar inson hayotining eng asosiy qirralarini o‘rganishga qiziqish bildiradilar.

Bolalar falsafasi haqiqat, bilim, o‘ziga xoslik, adolat, teng huquqlilik, axloq, san’at, go‘zallik kabi tushunchalarning ma’nosini o‘rganishga moyillikni o‘z ichiga oladi.

1. Hayrat 

Aflotun “Hayrat — falsafaning kelib chiqishi” deb aytgan (Theaetetus, 155). Hayrat oddiy tajribalardan falsafiy chalkashliklarni anglashda katalizator bo‘lib xizmat qiladi. Hayrat odatda bolalikda, dunyoda yashashning g‘aroyibligini anglashdan paydo bo‘ladi.

Bolalar falsafiy sir-asrorlarga ochiqdir. Ular ko‘pincha tunda bedor yotib, quyidagi savollar haqida o‘ylaydilar: Xudo bormi? Ranglar nima uchun bor? Vaqtning tabiati qanday? Tushlar haqiqatmi? Nega biz o‘lamiz?

Falsafiy tadqiqotlar asoschisi Metyu Lipman shunday deydi (1980, 32):

"Biz dunyoni ajoyib deb bilamiz, chunki biz yechiladigan muammolarga emas, balki mutlaqo sirli narsalarga duch kelamiz. Bolalar nafaqat o‘zlari, balki dunyo haqida ham o‘ylaydilar: u qayerdan paydo bo‘ldi? Qanday qilib u shunday bo‘lib qoldi? Buning uchun biz qay darajada javobgarmiz? Agar biz bo‘lmasa, unda kim?”

Bu “falsafiy o‘zlik”ning boshlanishidir. Bu o‘zlik borliqning ko‘p jihatlari o‘ta sirli ekanligini tushunadi.

2. Falsafiy o’zlik.

Falsafiy o‘zlik yoki "falsafiy men" oddiy hayotdagi jumboqlar va chuqur ma’nolarga qiziqishdan boshlanadi. Bolalar bu tushunchalarni savollar orqali o‘zlashtiradilar.

Bolalar bu jarayonga tasavvurning erkin o‘yini va ochiq fikrlash qobiliyati bilan kirishadilar. Ular darhol javoblarni bilishlariga ishonmay, keng imkoniyatlarni o‘rganishga tayyor turadilar.

Misol uchun, to‘rtinchi sinfda o‘tkazilgan mashg‘ulotda bolalar "Hamma narsa yashashga haqlimi?" degan savolni muhokama qilishadi. Bolalarning ko‘pchiligi dastlab ijobiy javob beradi, keyin esa tirik mavjudotlar orasidagi turli darajadagi huquqlar haqida bahs yuritishadi. Keling, tinglaymiz:

"Biz eng muhimi odamlar deb o‘ylaymiz, - deydi bir o‘quvchi, - lekin bu shunchaki biz odamlar bo‘lganimiz uchun."


- Qo‘shilaman, - deydi boshqa bir o‘quvchi. - Siz hamma narsaga o‘z nuqtayi nazaringiz bilan qaraysiz. Aytmoqchimanki, chivinlar o‘zlarini sayyoradagi eng muhim mavjudot deb hisoblaydi. Tasavvur qiling, biz kichkinagina bo‘lgan sayyorada yashaymiz, bu yerda ulkan chivinlar bor, ular har safar yaqinlashganimizda bizga hujum qilishadi. Biz kichikroq va kuchsizroq bo‘lganimiz uchun ulkan chivinlar bizdan ko‘ra ko‘proq yashash huquqiga ega deb o‘ylamagan bo‘lardik.


- Qaysi mavjudotlar eng muhim, deb o‘ylaysiz, - javob beradi uchinchi o‘quvchi, - bu narsa sizning e’tiboringizga bog‘liq. Odamlar, itlar, mushuklar va boshqa uy hayvonlari chivinlardan muhimroq deb o‘ylaymiz, lekin bu shunchaki ular bilan munosabatlarimiz borligi uchun. Agar kimda-kimning uy hayvonlari chivin bo‘lsa, ehtimol, ular buni boshqacha ko‘rgan bo‘lardi.

Bolalar uchun falsafiy so‘roq ham jiddiy, ham qiziqarli bo‘lib, hayrat, tasavvur, so‘roq va mulohazani birlashtiradi.

3. So‘roq

Avraam Joshua Heshel falsafani "to‘g‘ri savollarni berish san’ati" deb ta’riflagan. Bolalarning savollari chuqur falsafiy bo‘lishi mumkin, lekin kattalar ko‘pincha bu savollarning ahamiyatini tan olmaydilar.

Misol uchun, "Vaqt nima?" savoli, "Soat qanday ishlaydi?" degan savoldan farq qiladi. Bolalar ko‘pincha kattalar so‘roq qilmaydigan narsalarni so‘raydilar.

Afsuski, kattalar bolalarning murakkab mavzular haqida fikrlash qobiliyatini tez-tez kam baholaydilar. Ularning savollariga jiddiy yondashilmasa, biz ularga dunyoni tushunishda yordam berish imkoniyatini boy beramiz.

4. Bolalar bilan falsafani qanday o‘rganasiz?

Maktablardagi falsafa mashg‘ulotlari "falsafiy tadqiqot hamjamiyati" shaklida o‘tadi. Bunda savollar bolalarning o‘zlari tomonidan ko‘tariladi. Mashg‘ulotlar hikoya, faoliyat, jumboq yoki shunchaki savol orqali boshlanadi va o‘quvchilarni o‘z savollariga javob topishga undaydi.

Sessiyalar yakunida muhokama qilingan narsalar umumlashtiriladi yoki ijodiy faoliyat orqali tugallanadi. Eng muhimi, kattalar bolalar bilan birga savol berishga tayyor bo‘lishlari kerak.

5. Xulosa

Hayrat, beixtiyorlik va bilishga ishtiyoq - bolalarning savollari insonning tushunish istagining ramziy ifodasidir. Bolalikdagi falsafa insonning shubha-gumonli ongini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz bolalikdan boshlab butun umrimiz davomida falsafiy masalalar haqida mushohada yuritishimiz mumkin.

Muallif: Jana Mohr Lone 


Tarjimon: Alimbaeva Nilufar

Muharrir: Ilg’ar Tojiyev

Manba: Philosophical Inquiry in Childhood - 1000-Word Philosophy: An Introductory Anthology 


Bularni ham o’qib ko’ring:
1. Tanqidiy Fikrlovchi Odam Qanday Bo’ladi?

2. Dalillar: Nega Siz Ishonganingizga Ishonasiz?

3. Vitgenshteynning "Shaxsiy til" argumenti

Izoh qoldirish