- 18:01 / 29.11.2024
- , Falsafa
Vitgenshteynning "Shaxsiy til" argumenti

Lyudvig Vitgenshteyn o‘zining Falsafiy tadqiqotlar (Philosophical Investigations) asarining taxminan 243-betidan dan 315-betigacha bo‘lgan qismida keyingi izohlovchilar tomonidan "shaxsiy til argumenti" deb atalgan g‘oyani ifodalaydi.1 Vitgenshteyn taxminan quyidagicha holatni tasavvur qiladi. Aytaylik, bir inson odamlarsiz orolda qolib ketgan va yonida bir kundalik bor. Bir kuni u kundalikka ma’lum bir hisni sezgan paytida belgilashni boshlashga qaror qiladi(ehtimol aqlini yo’qotmaslik maqsadida) – masalan, 'S' degan belgi qo‘yadi. Har safar shu tuyg‘uni his qilganda, u diqqatini unga qaratgan holda (xuddi "aqliy" jihatdan unga "ishora qilishga" urinib) 'S' ni belgilaydi. Vitgenshteynning xulosasi shundaki, bunday holatda aqliy holatga ishora qilish uchun biror so’zdan ma’noli foydalanish mumkin emas. Demak, shaxsiy til bo‘lishi mumkin emas. Ushbu maqolada, bunga qisqacha tushuntirish beraman. Qisqacha aytganda, Vitgenshteynning e’tirozi shuki: “hozirgi holatda [so‘zlovchida] to‘g‘ri ishlatish mezoni yo‘q… unga qaysi narsalar to‘g‘ri tuyulsa, o‘sha to‘g‘ri bo‘lib qoladi. Bu esa, bu yerda ‘to‘g‘ri’ haqida gaplasha olmaymiz, degani.” (Vitgenshteyn, 1953: §258 Ta’kid meniki). Boshqacha qilib aytganda, bizning oroldagi misolimizda ‘S’ning qachon to‘g‘ri qo‘llanilganini va qachon noto‘g‘ri qo‘llanilganini aniqlash uchun hech qanday mezon bo’lmas edi. Endi ikkita savol tug‘iladi. Birinchidan, qanday qilib biror belgi ma’noli bo‘lishi uchun uning “to‘g‘ri ishlatilishi”ga mezon bo‘lishi kerak? Ikkinchidan, nima uchun oroldagi vaziyatda bunday mezonlar yo‘qligini o‘ylash kerak? Birinchi da’vo (so‘z ma’noli bo‘lishi uchun uni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri qo‘llash mumkin bo‘lishi kerak) juda ishonarli tuyuladi. Agar qanday ishlatganimdan qat’i nazar, men so‘zni hech qachon noto‘g‘ri ishlata olmasam, unda bu so‘z ma’nisiz bo‘lib tuyuladi. Tasavvur qiling, siz mendan so‘zning ma’nosini so‘rayapsiz. Qanday javob bersam ham, u tasodifiy bo‘lar edi, va xuddi o‘sha qadar oson boshqa javobni tanlashim ham mumkin edi. Shunday qilib, so‘z ma’noli bo‘lishi uchun to‘g‘ri ishlatish mezonlari mavjud bo‘lishi kerak. Xo‘sh, unda bizning so‘zlarimiz mazmunini va ularning to‘g‘ri ishlatilish shartlarini aniqlaydigan nima bo‘lishi mumkin? Bir necha imkoniyatlar bor. Boshlash uchun tabiiy joy — va Vitgenshteyn ko‘p vaqtini o‘rganishga sarflagan narsa — bu qoidalar tushunchasidir. Tasavvur qiling, so‘zni o‘rganish, o‘sha so‘zdan foydalanishni boshqaradigan qoida o‘rganishni ham o‘z ichiga oladi. Qoida, aslida, ‘S ni faqat shu vaziyatlarda ishlating’ yoki ‘S ni faqat shu narsalarga nisbatan qo‘llang’ degan ma’noni anglatishi mumkin. Shunday qilib, ehtimol, so‘zlarimizning to‘g‘ri ishlatilish shartlarini ularning qoidalari belgilaydi. Bu yondashuvdagi muammo shundaki, bu faqat savolni yana bir pog‘onaga suradi. Skott Soames ta’kidlaganidek, “muammo… shundaki, bu kabi qoidalar ham so‘zlar yoki tushunilishi kerak bo‘lgan belgilar yordamida ifodalanadi. Ko‘rinadiki, bu izoh davom ettirila olmaydi.” (Soames 2003: 33). Qoida qanday amal qilishini bilish uchun, biz uning ma’nosini bilishimiz kerak. Qoida yuzasida o‘z mazmunini tashimaydi; uni talqin qilish kerak. Ammo buni qilish uchun yana qo‘shimcha qoidalarga murojaat qilishimiz kerak bo‘ladi. Shunday qilib, ichki qoidalar to‘g‘ri ishlatish mezonlari rolini o‘ynay olmaydi, aks holda cheksiz ketma-ketlikka olib keladi. Endi qoidalarga keldik. Lekin nega shunchaki daftarga ega odam, dastlab ‘S’ni belgilaganida ayni hisni qayta boshdan kechirayotganiga ishonchi bilan ‘S’ni to‘g‘ri ishlatayotganiga ishonmasligi kerak? Nega shunchaki so‘zlovchining ishonchlari (yoki niyatlari) biror so‘zni qachon to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ishlatayotganini belgilamaydi? Muammo shundaki, ishonchlar, niyatlar va boshqa mazmunli aqliy holatlar — xuddi qoidalar singari — o‘z mazmunini qayerdandir olishlari kerak, va shu sababli biz yana ichki qoidalarga murojaat qilishdagi cheksiz ketma-ketlik muammosiga duch kelamiz (qarang Soames 2003: 34).2 Natijada shunday ko‘rinadi: niyat bilan bog‘liq hodisalarni tushuntirishda, bizni niyatsiz narsalarga asoslanish kerak. Ma’noni (mazmun/to‘g‘ri ishlatish shartlarini) tushuntirish uchun qoidalar, ishonchlar yoki niyatlardan foydalana olmaymiz, agar qoidalarimiz, ishonchlarimiz yoki niyatlarimizning ma’nosini keyingi qoidalar va shu kabilar bilan izohlashga tayyor bo‘lmasak. Shu haqiqatni anglagan holda, Vitgenshteyn mazmunni asoslash uchun so‘zlovchining ongidan tashqaridagi narsalarga e’tibor qaratadi. Xususan, u bizning til jamoamizning amaliyoti va “odatlariga” murojaat qilishimiz kerak, deb o‘ylaydi (§199).3 Boshqacha qilib aytganda, til so‘zlovchisi uchun berilgan so‘zning ma’nosi shu so‘zlovchining til jamoasidagi qo‘llanish shakli bilan belgilanadi, va agar so‘zlovchi bu shaklga zid ravishda foydalanayotgan bo‘lsa, u so‘zni noto‘g‘ri ishlatgan hisoblanadi. Shu asosda, Vitgenshteyn o‘ylaydiki, hech qanday (ma’noli) shaxsiy til bo‘lishi mumkin emas. Sababi hozirgacha aniq bo‘lishi kerak. Agar men o‘z shaxsiy aqliy holatimni ifodalash uchun biror termin ishlatmoqchi bo‘lsam, uni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ishlatayotganimni belgilaydigan mezonlar qanday bo‘ladi? Hech qanday ommaviy mezonlar mavjud bo‘lmas edi (chunki bu holat shaxsiy), shuningdek barcha ichki mezonlar ham rad etilgan bo‘lar edi. Shunday ekan, bu terminni qachon to‘g‘ri va qachon noto‘g‘ri ishlatayotganimni belgilaydigan hech narsa bo‘lmas edi. Demak, bu termin ma’nosiz bo‘lardi.4 Shunday qilib, Vitgenshteynning “Jamoa” nazariyasi — ya’ni, mazmunning aniqlovchilarini kishining til jamoasidagi kelishuv shakllarida joylashtirish — shaxsiy til bilan mos kelmaydi. Ammo bu qarashga nisbatan bir shubha mavjud.5 Tasavvur qiling, hamma ma’lum bir yaltiragan sariq metalni oltin deb qabul qiladi. Lekin ular adashmoqda: aslida u soxta oltin. Demak, ular bu metalga “oltin” deb murojaat qilganlarida, ular xato qilishadi. Ularning termini bu holatda qo‘llanmaydi, hatto hamma buni to‘g‘ri deb o‘ylasa ham. Bu holat jamoa nazariyasida nimadir noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatgandek tuyuladi va, ehtimol, shaxsiy tilga eshikni qaytadan ochishi mumkin. 1 Keyingi sharhlovchilar Vitgenshteynning “shaxsiy til argumentini” joylashtirgan bo‘limlar “faqat bitta g‘oyaning, ya’ni shaxsiy tilning singular tanqidini o‘z ichiga olmaydi,” balki turli masalalarga oid ba’zi kuzatuv va izohlardan iborat bir oz tarqoq to‘plam shaklida tashkil etilgan (Candlish va Wrisley 2012: bo‘lim 4.1). Shunday qilib, Vitgenshteynning argumenti ma’lum darajada qayta tiklash va talqin qilishni talab qiladi. Bu natija Vitgenshteyn tan oladigan yoki ma’qullaydigan narsa bo‘lishi mumkinmi, bu bahs mavzusidir. 2 Ishonchlarga murojaat qilish bilan bog‘liq muammo, bizning daftardagi odamimizda shunchaki yomon xotira bor va u o‘zining dastlabki S hissiyotini qanday bo‘lganini eslay olmaydi (va shu sababli keyingi hissiyotlari S bilan bir xilmi yoki yangimi, hech qachon aniq bilmasligi) emas. Asl muammo, uning ishonchining mazmuni (ya’ni, “bu S bilan bir xil his”) so‘zlardan iborat bo‘lib, bu rasm to‘g‘ri bo‘lsa, ularning mazmunini belgilash uchun ishonchlar yoki niyatlar talab qiladigan holat va shu kabi cheksiz davom etuvchi ketma-ketlikka olib kelishi mumkin. 3 Bu, haqiqatan ham, Vitgenshteynning muhokama qilingan qarashimi, degan masalada ba’zi tortishuvlar mavjud. Qarang: Candlish va Wrisley (2012), ayniqsa bo‘lim 4.1. 4 Vitgenshteynning fikrlaridan Kripke Saul Kripke o‘zining Vitgenshteyn Qoidalar va Shaxsiy Til Haqida asarida qilganidek, yanada skeptik xulosani chiqarish mumkinligini ta’kidlash lozim. Kripke Vitgenshteynning qoidaga rioya qilish haqidagi fikrlari mazmun haqidagi keng skeptitsizm uchun asos yaratadi, deb ta’kidlaydi. Shubha, taxminan, shundaki, bizni so‘z orqali x narsani nazarda tutishimizni hech narsa belgilanmaydi, boshqa bir narsani — y ni nazarda tutishimizni ham belgilanmaydi, chunki biz murojaat qilishi mumkin bo‘lgan har qanday qoida o‘tmishdagi foydalanishimiz bilan cheksiz ko‘p talqinlarga ega bo‘lishi mumkin (Kripke 1982). Masalan, men hech qachon 57 dan katta ikkita sonning yig‘indisini hisoblamaganman, deb o‘ylang. Endi mendan so‘raladi: “68 + 57 nima?” Qo‘shish qoidasi asosida men “125” deb javob beraman. Ammo Kripke ta’kidlaydiki, mening psixologik holatlarim va “+” terminidan o‘tmishdagi foydalanishimni hisobga olgan holda, men qo‘shish emas, balki kvadditionni nazarda tutishim ham mumkin, bu yerda kvaddition qoidasi shuni aytadiki, agar x va y 57 dan kichik bo‘lsa, ular oddiy tarzda qo‘shiladi, lekin agar x va y 57 dan katta bo‘lsa, ularning yig‘indisi 5 bo‘ladi. Kripkening mazmun-skeptitsizmi to‘liq muhokamasi ushbu maqola doirasidan tashqarida. 5 Ushbu adabiyotda ko’rishingiz mumkin: Soames 2003: 39 Ian Tully — Jons Xopkins Universitetining Berman Bioetika Institutida Falsafa va Ruhiy Kasalliklar bo‘yicha doktorlikdan keyingi tadqiqotchi. U Sent-Luisdagi Vashington Universitetida falsafa bo‘yicha doktorlik darajasini olgan. Shuningdek, Kolorado Universiteti (Boulder)da falsafa bo‘yicha magistrlik va Jorj Vashington Universitetida falsafa bo‘yicha bakalavrlik darajasiga ega. Uning ilmiy qiziqishlari etika, metaetika, ma’naviy psixologiya va ong falsafasi sohalarini o‘z ichiga oladi. https://ianmtully.wixsite.com/iantullyphilosophy Tarjimon: Abdulboriyxon Bositxonov Muharrir: Nuriddin Habibullayev Manba: Wittgenstein’s Private Language Argument - 1000-Word Philosophy: An Introductory Anthology Bularni ham o’qib ko’ring: 2. "Fikrlayapman - demak mavjudman": Dekart bilim asoslari haqida I. To‘g‘ri ishlatilish mezonlari
II. Vitgenshteynning Eksternalizmi
III. Bir Shubha
Izohlar
Muallif Haqida
1. So'z erkinligi
Izoh qoldirish