Dekartning 1-3-mulohazalari (meditatsiyalari)

Tabiatning muhim faktlari, masalan, Yerning kosmosdagi o‘rni, koinotdagi energiya miqdori yoki inson tanasidagi qon aylanishi haqida katta bahs-munozaralar kechgan davrda, Rene Dekartning (1596-1650) asosiy maqsadi matematik haqiqatlar darajasidagi aniq ilmiy o’rganishlar to‘plamini yaratish edi.

"Falsafa haqidagi birinchi mulohazalar" (1641) - bu harakatning falsafiy asoslarini yaratgan mumtoz asar bo‘lib, unda bilim, men (o‘zlik), aql va uning tanaga nisbati, substansiya (modda), mantiq, idrok (qabul qilish qobiliyati), g‘oyalar, Xudoning mavjudligi kabi abadiy va fundamental falsafiy masalalar ko‘tarilgan. Ushbu ikki qismli maqola Dekartning fikrlash jarayoni va bunga bog’liq boshqa masalalar haqida asosiy fikrlarini yoritadi.

1-meditatsiya: Skeptitsizm (shubhalanish) va shubha usuli

Dekart o‘zining noto‘g‘ri tushunchalarga ega bo‘lganligi haqida o‘ylashdan boshlaydi. U yolg’on tushunchalardan xalos bo‘lib, ilmiy tadqiqotlarning xatolar emas, balki haqiqatni ochib berishini ta’minlash strategiyasini ishlab chiqadi. Yolg‘on tushunchalardan qochish uchun, har qanday xato yoki noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin bo‘lgan tushunchalarga shubha qilish yo‘lini tanlaydi.

Ilgari sezgilari uni aldashganini eslab, Dekart bu safar ham sezgilarga ishonmaslikka qaror qiladi. Agar bilimning manbayi bo‘lgan sezgilar ba’zan aldamchi bo‘lsa, demak, ular har doim aldamchi bo‘lishi mumkin. Shu sababli, Dekart haqiqatga olib boradigan, noto‘g‘ri bo‘lish ehtimolidan xoli tushunchalarni topish uchun barcha sezgilarga asoslangan tushunchalarni rad etadi.

Dekart shuni tushunadiki, agar u aslida tush ko‘rayotgan bo‘lsa, demak, sezgilariga asoslangan tushunchalari ko‘pincha xato bo‘ladi. Masalan, tushida biror joyda yurganini ko‘rsa, "men yuryapman" degan ishonchi amalda noto‘g‘ri bo‘ladi.

Dekart sezgi a’zolariga asoslangan e’tiqodlarga shubha qilish uchun yana bir sabab topadi: tushlar haqiqiy hayotdek ko‘rinadi va ularni ajratish qiyin. Hatto uyg‘oq paytida ham unga to‘g‘ri tuyulgan tushunchalarida adashishi mumkinligini tushunadi. Masalan, "bakalavrlar turmushga chiqmaydi" degan tushunchada ham xato bo‘lishi mumkin.

Har qanday noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin bo‘lgan tushunchani rad etishga intilgan Dekart, 1-meditatsiyaning oxiriga kelib bilim olish istagidan butunlay voz kechishga harakat qiladi.

2-meditatsiya: Inson ongining mohiyati

Dekart o‘zining ishonchlaridan birining shubhasiz va, shu sababli, aniq ekanligini anglab yetadi:

“Men borman, mavjudman, degan fikr har safar uni talaffuz qilganimda yoki ongimda tasavvur etganimda, zaruriy ravishda to‘g‘ri bo‘ladi.”

Dekart shunchaki o‘zi fikrlayotgan paytda mavjud ekanligini tushunib yetadi. Bu haqiqat u tush ko‘rayotganida ham, hatto yovuz shayton yoki Xudoning o‘zi uni aldayotgan bo‘lsa ham o‘z kuchini yo‘qotmaydi. Fikrlar mavjud ekan, bu fikrlar va ularning egasi ham mavjuddir, garchi bu fikrlar aldov ichida bo‘lsa ham. Bu Dekartning "Meditatsiyalar"ida taqdim etilgan Kogito tushunchasidir.

Dekart shu tarzda o‘zining mavjudligini biladi, ammo qanday mavjudot? U o‘zini tanasiz tasavvur eta oladi, lekin fikrsiz mavjud bo‘lishini tasavvur qila olmaydi. Shunday qilib, u fikrlovchi mavjudot bo‘lishi kerak: shubhalanuvchi, tushunuvchi, tasdiqlovchi, inkor etuvchi, xohlovchi, tasavvur qiluvchi va his etuvchi. Bu esa Dekartni o‘zini, asosan, aql sifatida qabul qilishga olib keladi, tana emas.

Biroq, Kogito qanday qilib "Birinchi meditatsiya"da ifodalangan shubha to‘ridan qutuladi? Dekartning ta’kidlashicha, uning o‘z fikrlari haqidagi mulohazalari muammosiz, ya’ni ongida kechayotgan holatlar unga aniq va u o‘z tushunchalarining mohiyatini ravshan ko‘ra oladi. Ammo ongdagi holatlarning bunday "shaffofligi"ni tan olgan holda ham, barcha fikrlarining egasi bo‘lgan yagona mavjudot borligini qanday biladi? Dekart ritorik tarzda o‘ziga shunday savol beradi: "Hozir deyarli hamma narsadan shubhalanib, hali ham nimanidir anglab, faqat shu yagona narsani haqiqat deb hisoblamasligigim mumkinmi?"

Uning aytilmagan javobi shuki, vaqt o‘tishi bilan o‘zgarmas bo‘lib qoladigan yagona mavjudot aslida uning o‘zidir.

3-meditatsiya: Xudoning mavjudligi

Dekart fikrlovchi sifatida g‘oyalarga ega ekanligini biladi. Bu g‘oyalar orasida Xudoning g‘oyasi ham bor: u Xudoni abadiy, cheksiz, hamma narsani biluvchi va hamma narsaga qodir yaratuvchi sifatida tasavvur qiladi. Dekart bu g‘oyani o‘zi yaratishi yoki boshqalardan olishi mumkinmi? Yo‘q, Dekartning fikricha, bu g‘oya faqat Xudoning o‘zidan kelishi mumkin, chunki sabab hech bo‘lmaganda uning ta’siri kabi haqiqiy yoki mukammal bo‘lishi kerak. Shunday qilib, Xudo g‘oyasi boshqa narsalardan ko‘ra ko‘proq haqiqat va mukammallikni ifodalaydi. Shu sababli, Xudo mavjud deb hisoblaydi.

Agar Xudo Dekartni aldash imkoniyatiga ega bo‘lgan taqdirda ham, Dekart o‘zining mavjudligiga ishonchdan tashqari boshqa e’tiqodlarga qanday ishonishi mumkin? Dekart Xudo aldashga moyil emas va yovuz shaytonga ham aldash uchun imkon bermaydi, deb ishonadi. Shu sababli, "aniq va ravshan" deb tan olgan haqiqatlarni haqiqat deb qabul qilishga ishonch hosil qiladi.

Ushbu maqola Dekartning Meditatsiyalari haqidagi ikki qismli seriyaning birinchisi bo‘lib, ikkinchi maqola 4-6-meditatsiyalarni o‘z ichiga oladi.

Muallif: Mark Bobro

Tarjimon: Samandar Erkinjonov

Manba: Descartes’ Meditations 1-3 - 1000-Word Philosophy: An Introductory Anthology 


Bularni ham o’qib ko’ring:
1. "Fikrlayapman - demak mavjudman": Dekart bilim asoslari haqida

2. Ekzistensializm - Hayotning mazmuni nima?

3. Oruellning falsafiy qarashlari

Izoh qoldirish