- 19:07 / 19.01.2025
- , Falsafa
Falsafa O'zi Nima?

Men Hank Grinman, va siz bilan birgalikda sayohatga otlanmoqdamiz. Bu sayohat izlanish sayohati bo‘lib, butun dunyoni qamrab oladi. Sizning dunyoyingizni ham albatta. Bu sayohatda biz quyidagilarni aniqlashga harakat qilamiz: bu dunyoga ma’no beradigan narsalar, uni go‘zal qiladigan sabablar, yovuzliklari qayerdan kelib chiqadi va oxir-oqibat, haqiqatning o‘zi nima ekanligini tushunishga harakat qilamiz. Va yo‘l-yo‘lakay, biz sizning shaxsiy hayotingizning har bir jihatini savolga tutamiz – nima uchun qilayotgan ishlaringizni qilasiz, nima uchun o‘ylagan fikrlaringizni o‘ylaysiz, va nima uchun his qilgan narsalaringizni his qilasiz. Agar siz oldin Crash Course-da men bilan birga bo‘lgan ersangiz, “Biz bularning hammasini oldinroq o‘rganganmiz-ku – psixologiya, biologiya va anatomiya va fiziologiya fanlarida,” deb o‘ylashingiz mumkin. Bu to‘g‘ri: Fan bizning fikrlarimiz, his-tuyg‘ularimiz va harakatlarimizni tushunishga yordam bera oladi. Ammo bu sayohatda biz inson holatining faqat gormonlar yoki neyrotransmitterlar bilan tushuntirib bo‘lmaydigan jihatlarini o‘rganamiz, shaxsiy tajribalar yoki irsiy sharoitlar bilan cheklanmaymiz. Chunki, bizni kimligimizni shakllantiruvchi kimyoviy moddalar va tajribalar o‘zlari yetarlicha savollarni tug‘dirishi mumkin. Masalan: Agar barcha qarorlarim, aytaylik, qanday tarbiya olganim va miyamda oqayotgan kimyoviy moddalar tufayli bo‘lsa, unda mening tanlovlarim erkin qabul qilinganmi yoki yo’q? Agar men o‘z qarorlarimni erkin qabul qila yoki o‘z harakatlarimni tanlay olmasam, qanday qilib men ular uchun javobgar bo‘la olaman? Bu kursimizda dunyoga shunchaki qarab, ko‘rayotgan narsalarimizni tasvirlashdan ko‘ra, biz uni baholaymiz. Biz hech narsani oldindan berilgan deb qabul qilmaymiz, taxminlarimizni chetga suramiz - yoki hech bo‘lmaganda, bunga jiddiy harakat qilamiz - va dunyoni xuddi birinchi marta ko‘rayotgandek yondashishga intilamiz. Yana bir narsa, biz Betmen haqida gaplashamiz va Dik Greysonning (Betmenning yordamchisi) o‘zlik tushunchasi haqida nimalarni o‘rgata olishini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, biz The Matrix (ilmiy-fantastik film) sizga Rene Dekartning (fransuz faylasufi va matematik) hayoti va asarlarini tushunishga qanday yordam berishini o‘rganamiz. Va, javobi yo‘q savollarga javob izlaymiz, ming yillar davomida daho olimlarni o‘ylantirib kelgan paradokslarni muhokama qilamiz. Bugungi kunda, odamlar “falsafa” so‘zini biror fikr yoki mavzuga yondashuv deb atashadi. Masalan, siz golfga nisbatan bir “falsafa”ga ega bo‘lishingiz mumkin. Ammo... men shaxsan unday qaramayman falsafaga. Ammo biz bu so‘zni yanada torroq ma’noda ishlatamiz, uni 500 yil miloddan avvalgi Qadimgi Yunonistonga borib taqaladigan dunyoni ko‘rish usuli sifatida tasvirlaymiz. Bu butun dunyo bo‘ylab aqlan yuksalish davri edi. Buddizm va Jaynizm (Osiyoda paydo bo‘lgan falsafiy va diniy oqimlar) rivojlanayotgan bir paytda Yunonistonda falsafiy fikrlar paydo bo‘lgan edi. O‘sha yerda olimlar farqlarni ajrata boshlagan edilar – filos va mitos o‘rtasidagi farqni – yoki zamonaviy tilda aytganda, ilm-fan va hikoyachilik o‘rtasidagi tafovutni. O‘sha paytda, Homer (yunon adibi) kabi bardlar (hikoyachilar) bor edi, ular dunyoni hikoyalar orqali tushunishga va tushuntirishga harakat qilishar edi, eng birinchi faylasuflar esa ko‘proq tahliliy va ilmiy usullarni qo‘llashgandi – garchi ularning zamonida “ilm-fan” tushunchasi hali mavjud bo’lmagan ersa ham. Shunday qilib, falsafa – "donolikni sevish" ma’nosini anglatuvchi yangi yo’nalish bo‘lib, dunyoni tushunishga intilish yo‘li edi. Eng birinchi faylasuflar “falsafa” so‘zini ishlatganlarida, ular asosan “hech qanday mavzuning akademik o‘rganishi”ni nazarda tutishardi. G‘arb dunyosidagi birinchi universitetlar deb atashimiz mumkin bo‘lgan joylarda – Platon o’z akademiyasida va uning raqibi Aristotel Lisesida – matematika, biologiya, fizika, she’riyat, siyosiy fanlar va astronomiya hammasi falsafa hisoblanardi. Oxir-oqibat, olimlar bu sohalarni boshqacha tarzda qarashni boshladilar, ya’ni alohida fanlar sifatida. Kuchli empirik unsurlarga ega bo‘lgan tadqiqotlar ilm-fan sifatida qabul qilina boshlandi - javoblarni izlash jarayoni sifatida. Falsafa esa, aksincha, ko‘proq katta savollar ustida mushohada yuritish usuli sifatida tushunila boshlandi. Xo‘sh, bu katta savollar nima, ular faylasuflarni uzoq vaqt davomida qiziqtirib kelgan va dovdiratib kelganmi? Ulardan biri “Dunyo qanday ko‘rinishga ega?” deb eng yaxshi shaklda ifodalansa kerak. Javob berish uchun oddiygina ko‘rinadi, to‘g‘rimi? Masalan, atrofga qarang! Hamma narsalarni ko‘rdingizmi? Xo‘sh, dunyo shunday ko‘rinishga ega. Ammo falsafiy yondashuv shunchaki kuzatuvlarga asoslanmagan – u yana boshqa, ancha murakkab savollarni o‘z ichiga oladi. Bir faylasuf dunyoning qanday ko‘rinishga ega ekanligini o‘ylaganida, u, aslida: “Haqiqatan qanday bo’ladi u ko’rinish?” deb so‘rayotgan bo‘lishi mumkin. Dunyo shunchaki modda va energiyadan iboratmi yoki o’zga narsa ham bormi? Agar u shunchaki modda va energiyadan iborat bo‘lsa, unda bularning hammasi qayerdan paydo bo‘lgan? Xudo bormi? Agar bor bo‘lsa, u qanday ko‘rinishga ega? Dunyo haqida so‘rayotganingizda, o‘zingizning dunyoning fuqarosi sifatida qanday tabiatga ega ekanligingiz haqida ham so‘rashingiz mumkinmi? Men qanday mavjudotman? Menda ruh bormi? O‘limdan keyin ham yashashni davom ettiradigan biror g’ayritabiiy narsa bormi? Bu savollar falsafada "metafizika" deb ataladigan sohaga oid — bu falsafaning uchta asosiy bo‘limidan biri bo‘lib, dunyo, koinot va borliqning asosiy mohiyatini tushunishga harakat qiladi. Agar bu savollar yetarlicha chuqur tuyulmasa, falsafa talabalari sifatida bizda butunlay boshqacha savollar to‘plami ham mavjud: biz bu narsalarning javoblarini qanday bilib olamiz? Falsafaning bilish haqida bilishga qaratilgan yo‘nalishi "epistemologiya" deb ataladi - bu so‘z aynan "bilimni o‘rganish" degan ma’noni anglatadi. Bu soha quyidagi savollarni o‘rtaga tashlaydi: Dunyo chindan ham mening tasavvurimdagidek mavjudmi? Men ko‘rayotgan va his qilayotgan hamma narsa... rostdan ham... haqiqatmi? Agar bu noto‘g‘ri bo‘lsa, asl haqiqat nima? Va haqiqatni aniqlashning eng samarali usuli qanday? Ilm-fan eng yaxshi yo‘lmi yoki fan hech qachon o‘rgana olmaydigan haqiqatga yetish yo‘llari bormi? Keling, ko‘p izlanish va savollardan so‘ng, men haqiqat nima bo‘lishi mumkinligi haqida ba’zi g‘oyalarimni shakllantira boshladim deylik. Lekin... to‘g‘ri ekanligimni qanday bilaman? Qanday qilib noto‘g‘ri ekanligimni bila olaman? Biror narsaga butunlay amin bo‘lishim mumkinmi?! Bu nuqtada, agar siz: "Men haqiqiymanmi?" "Men... nimadir bilamanmi?" deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, men sizni ayblamayman. Bu savollar unchalik amaliy bo‘lib tuyulmasligi mumkin. Ammo falsafaning yana bir sohasi bor, u sizning nima qilishingiz, qanday harakat qilishingiz va nimaga e’tibor berishingiz haqida fikrlash doirasini shakllantiradi. Bu "Qiymat nazariyasi" deb ataladi. U odatda ikkita asosiy bo‘limga bo‘linadi: Birinchisi — Etika. Ehtimol, siz bu so‘zni oldin eshitgansiz. Falsafada esa, etika shunchaki yaxshilik va yomonlik kodeksi emas, balki odamlarning bir-biri bilan qanday yashashi kerakligi haqidagi o‘rganishdir. Etika quyidagi savollarni o‘rtaga qo‘yadi: Men qanday yashashim kerak? Begonalarga yaqinlarimga qaraganda boshqacha munosabatda bo‘lishim uchun biror asosim bormi? O‘zimga nisbatan qandaydir majburiyatlarim bormi? Hayvonlarga-chi? Yoki yerga nisbatan-chi? Ammo qiymat nazariyasining yana bir qismi to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo’lish haqida emas — balki go‘zallik haqida. Estetika — bu go‘zallik va san’atni o‘rganishdir. Go‘zallik tushunchasi deyarli har joyda muhokama qilinadi: ommaviy axborot vositalarida, san’at maktablarida, hatto sartaroshchilik kollejida ham. Ammo faylasuflar uchun estetika bilan shug‘ullanish go‘zallik nima ekanligini va u umuman mavjudmi yoki yo‘qligini o‘ylab ko‘rishni o‘z ichiga oladi. Estetika qiymat nazariyasining bir qismidir, chunki go‘zallik va san’at biz qadrlaydigan va baholaydigan narsalardir. Ushbu turdagi falsafani o‘rganuvchi ko‘plab kishilar — estetika mutaxassislari deb ataladi — "Go‘zal" deb ataladigan narsa mavjudligiga ishonishadi. Bu shunchaki kimgadir jozibali bo‘lib tuyulgan narsalarga bog‘liq emas, balki obyektiv haqiqat bo‘lgan narsadir. Nihoyat, men sizga falsafaning yana bir jihatini aytishim kerak. Bu soha savol bermaydi, aksincha, bizga javob topishga yordam beradi. Bu narsa — mantiq. Mantiq falsafachining asboblar qutisi bo‘lib, falsafiy savollarga aniq va tizimli javob berishda foydalaniladigan vositalarni o‘z ichiga oladi. Mantiq xatolarga duch kelmaydigan kuchli argumentlarni berish haqida. Shunday qilib, metafizika, epistemologiya va qiymat nazariyasi juda mavhum va havoda muallaq turgandek tuyulishi mumkin. Ammo xavotir olmang, siz allaqachon falsafa bilan shug’ullangansiz, hatto buni anglamagan bo‘lsangiz ham. Siz buni hayotingizning deyarli har bir jabhasida ishlatasiz. Har safar ota-onangiz bilan bahslashganingizda yoki kim bilandir uchrashishni o‘ylaganingizda yoki sabzavotli salatni sendvichga almashtirganda, siz falsafani ishlatasiz. Chunki siz dunyo va undagi o‘rningiz haqida o‘ylayapsiz. Nimani qadrlashingiz, nima uchun qadrlashingiz va bu haqda nima qilishingiz kerakligini aniqlayapsiz. Mana bu rejamiz: biz falsafaning asosiy sohalarini o‘rganamiz, savollar qo‘yib, yo‘l-yo’lakay uchraydigan javoblarni ko‘rib chiqamiz. Har safar, biz ikki bosqichli usuldan foydalanamiz. Birinchidan, biz haqiqatan ham tushunishga harakat qilamiz. Sizga taqdim etadigan barcha g‘oyalar bilan rozi bo‘lmaysiz — men ham ular bilan rozi bo‘lmayman! Bu muhim emas. Muhimi, birinchi bosqichda, g‘oyaga haqiqatan ham kirish — uni iloji boricha mustaqil tarzda tushunishga harakat qilishdir. Keyin, ikkinchi bosqichda, o‘z tushunchalaringizni jiddiy tanqidiy baholashga kirishasiz — asosan, dunyodago ma’lum bir qarashlarni qanchalik yaxshi tushunganingizni tekshirib ko‘rasiz. Buni shu qarashga qo‘shilasizmi yoki yo‘qligingizdan qat’i nazar bajarasiz. Nima sababdan? Sababi, ba’zi odamlarning dunyoni qanday ko‘rishlarini tushunganingizdan keyingina, ular sizning qarashlaringizga arziydimi yoki yo‘qmi, qaror qabul qilishingiz mumkin. Falsafa bu sizning odatiy o‘qish jarayoningiz kabi emas. Sizga bilimlar majmuasini o‘rgatmayman, bu yerda muvaffaqiyat - ko‘p narsani bilish deganimas. Qaytanga siz qanday fikrlay ola bilishingiz muvaffaqiyatingizni belgilaydi bu kursimizda. Bizda faqat savollar bor. Sizda esa faqat bir miya bor. Falsafaning maqsadi shuki, miyangizdan o‘zingiz uchun eng mantiqiy javoblarni topishingiz uchun yordamlashishdir. Siz o‘z g‘oyalaringizni qo‘llab-quvvatlash uchun argumentlar shakllantirishni o‘rganasiz, shunda nima uchun haq ekanligingizni tushuntirib bera olasiz. Agar siz Internetda ko’p bahslarni kuzatgan bo’lsangiz, bu ko’nikma ko‘p odamlar yaxshi bajara olmaydigan narsa ekanligini bilasiz. Buni amalga oshirish uchun sizga falsafiy fikrlashni, ya’ni hayotning eng murakkab savollarini o‘rganish uchun foydalaniladigan vositalarni tushunishingiz kerak bo‘ladi! Va bu esa bizning keyingi maqolamizda mavzuyimiz bo‘ladi. Bugun esa siz falsafaning qadimgi Yunonistonda kelib chiqishi va uning uchta asosiy bo‘limlari: metafizika, epistemologiya va qiymat nazariyasi haqida bilib oldingiz. Shuningdek, mantiq haqida ham gaplashdik va uni turli dunyoqarashlarni tushunish va tanqidiy baholashda qanday foydalanishingizni ko‘rib chiqdik. Bu falsafiy sayohat bizni dunyoni qanday ko‘rishimizni qayta tasavvur qilishga, taxminlarni shubha ostiga olishga va noma’lum narsalarni o‘rganishga undaydi. Bu bizni katta savollarga javob izlashga va bu jarayondan ma’no topishga chorlaydi. Tarjimon: Samandar Erkinjonov Manba: What is Philosophy?: Crash Course Philosophy #1 Bularni ham o’qib ko’ring:Kirish
Falsafa Nega Muhim
Yondashuv: Yana nimalar qilamiz?
Falsafani Tushunish
Tarixiy Kontekst
Falsafaning Evolyutsiyasi
Katta Savollar
Xo‘sh...
Mantiq
Rejamiz
Xulosa
1. Hayotning Ma’nosi: Bizning Hayotimizga Ma’no Beradigan Narsa Nima?
2 ta izoh:
Izoh qoldirish