Miyamiz nega hikoyalarni sevadi?

Erin Barker kichik sahnaga chiqadi. U mikrofonni ushlab gapira boshlaganida, olomon orasida shovqin hali ham davom etardi. Ammo suhbatlar uzoq davom etmadi. Tinglovchilar orasida og'ir sukunat cho'kdi. Bir jumla kulgiga sabab bo‘lsa, keyingisi qattiq hayrat uyg‘otdi. Barkerning tinglovchilari hayratda, uning hikoyasiga butunlay berilgan holda eshitishardi. 


Miya hikoyalarga mukkasidan ketgan, doim biror qahramon izlaydi. Agar siz soatlab podkastlarni tinglagan yoki tun soat uchgacha serial tomosha qilgan bo‘lsangiz, yaxshi hikoyaning kuchini bilasiz. 

Diqqatni jalb qiladigan hikoyachi sizni o‘zining hikoyasiga tortib olish uchun “hikoya dunyosiga kirib ketish hissi”, ya’ni narrativ transportatsiyaga erishishi kerak, deydi Liz Neeley, Vashingtondagi “Story Collider” nomli notijorat hikoya tashkilotining sobiq ijrochi direktori. COVID-19 pandemiyasidan oldin Story Collider barlar va qahvaxonalar kabi gavjum va samimiy joylarda jonli hikoya tadbirlarini o‘tkazgan. Odamlar sahnaga chiqib, ilm-fan bilan bog‘liq shaxsiy hikoyalarini bo‘lishishgan. Hozir esa bu ishni onlayn ravishda amalga oshirishmoqda. 

Barker kabi hikoyachilar narrativ transportatsiyaga erishganlarini darhol bilishadi. “Biz jonli tinglovchilardan zudlik bilan javob olishga odatlanganmiz,” deydi Barker, Story Collider’ning badiiy direktori. “Nafaqat qarsaklarni his qilish, hatto hikoyaning eng dramatik nuqtasi paytidagi og‘ir sukunatni ham his qilish mumkin”. 

Pandemiya og‘zaki hikoya an’analarini jonli tadbirlardan virtual maydonlarga ko‘chirgan bo‘lsa-da, u bu tajribaning ijtimoiy tabiatini o‘zgartirmadi. Olov atrofida do‘stlar bilan kulib hikoya qilishmi yoki telefon orqali sokin ovozda suhbatlashishmi, hikoya- faqat faktlarni yetkazishga nisbatan kuchliroq hissiy javoblarni qo‘zg‘atadi, bu esa ma’lumotni yaxshiroq eslab qolishga va sizning munosabatingiz yoki xatti-harakatlaringizni o‘zgartirishga olib keladi. 

Hikoyalar odamlarnigina emas, ularning miyalarini ham bog‘laydi.

Hikoya aytish kuchli harakat. Shu darajada kuchliki, bu hikoyachi va tinglovchining miya faoliyatini sinxronlashtiradi. “Siz tinglayotganingizda miya reaksiyalaringiz mening miya reaksiyalarim bilan bog‘lanadi va sekin-asta ular mening miya reaksiyalarimga o‘xshab qoladi”, deydi Prinston Universitetining psixologiya va nevrologiya professori Uri Hasson. 

Bir tadqiqotda, Hasson jamoasi hikoyachi va tinglovchining miya faoliyatini fMRI yordamida solishtirdi. Tinglovchining miya faoliyati hikoyachiniki bilan bir necha soniya kechikish bilan aks etdi. Ushbu sinxron faoliyat nafaqat asosiy tilni qayta ishlash sohalarida, balki ma’noni tushunish bilan bog‘liq yuqori darajadagi tarmoqlarda ham ko‘rindi. Bunday tarmoqlardan biri “default mode” tarmog‘idagi sinxron faoliyat darajasi muloqotning muvaffaqiyatini bashorat qildi. “Sinxronlik qanchalik kuchli bo‘lsa, tushunish shunchalik yaxshi bo‘ladi”, deydi Hasson. 

Hikoyachi va tinglovchi o‘rtasidagi bog‘lanishdan tashqari, hikoya yaratish ijtimoiy munosabatlar bilan bog‘liq miya sohalarini ishga tushiradi. Odamlarning motivatsiyalari, his-tuyg‘ulari va ishonchlarini taxmin qilish uchun ishlatiladigan miya mintaqalari guruhi — mentalizatsiya tarmog‘ining bir qismi — shuningdek, hikoya aytish jarayonida faollashadigan “hikoya markazi”ni o‘z ichiga oladi. McMaster Universiteti tadqiqotchilari rassomlar qisqa sarlavhalar mazmunini so‘zlar, chizmalar yoki imo-ishoralar orqali aytib berganida, ularning miya faoliyatini o‘lchashdi. Sarlavhalar “Jarroh bemorning ichidan qaychi topdi” kabi qahramonlarning harakatlarini tasvirlar edi. Uchta uslubda hikoya qilish jarayonida hikoya yaratish mentalizatsiya tarmog‘ining bir necha miya sohalarini faollashtirdi. 

Bu shuni anglatadiki, ishtirokchilar shart bo‘lmasa-da, qahramonlar va ularning ruhiy holatlarini o‘ylashga e’tibor qaratishdi. Hikoya aytish jarayonida miya voqealar ketma-ketligidan ko‘ra, qahramonning nima o‘ylayotganini yoki his qilayotganini ko‘proq o‘ylaydi. 

Qahramonga e’tibor qaratish bizga ijtimoiy ko‘nikmalarni “mashq qilish” va miya tarmoqlarini mustahkamlashga yordam berishi mumkin. Pensilvaniya Universiteti va Radboud Universitetining tadqiqotchilari, hali olimlar tomonidan ko'rib chiqilmagan bo'lsada, tadqiqotlarida odamlar hikoya tinglaganida mentalizatsiya tarmog‘i faoliyatini o‘lchashdi. Ishtirokchilar o‘zlarining odatiy o‘qish odatlari haqida so‘rovnoma ham to‘ldirishdi. Ko‘proq badiiy adabiyot o‘qigan odamlar mentalizatsiya tarmoqlarida ko‘proq sinxron faoliyat ko‘rsatishdi — bu ularning miya faoliyati boshqalarning ruhiy holatini yaxshiroq qayta ishlashga qodir ekanligini ko‘rsatdi. Hikoyalar o'qish, eshitish, xuddi sport zalida jismoniy mashqlar mushaklarni kuchaytirgani kabi, ijtimoiy bilimlar uchun mashq qilishning bir turi bo‘lishi mumkin. 

Hikoyalar bilan tushunish 

Hikoyaning ijtimoiy jihati ularning inson evolyutsiyasida nega paydo bo‘lganini tushuntirishi mumkin. Hikoyalar madaniyatlar va davrlar davomida mavjud bo‘lib, odamlarni birlashtirish bilan birgalikda, ularga olamni tushunishga yordam beradi. Ular “jamoaviy ma’no keltirish jarayoni” rolini bajaradi, deydi Neeley. “Hikoyalar orqali biz voqealarni birlashtiramiz, sabab va oqibatni taxmin qilamiz, noaniqliklarni bartaraf etamiz. Biz kim qahramon, kim yovuz ekanligini aniqlaymiz”. 

Hikoyalarni tinglash insonlarga shaxsiy his-tuyg‘ular va vaziyatlarni tushunishda ham yordam beradi. Reyhaneh Maktoufi, NOVA’da dezinformatsiya bo‘yicha Fuqarolik Fanlari ilmiy xodimi, kutilmagan tibbiy muammo haqida javob olishga qiynalganida, o‘zi produsyerlik qiladigan “Story Collider” podkastiga murojaat qildi. U avtomobil halokati oqibatlari bilan shug‘ullanayotgan oilaning hikoyasini tingladi va bo‘shashtiruvchi his-tuyg'ular bilan to‘lib toshdi. “Menga aynan mana shu kerak edi, mendagi kabi og'riqli hislarni odamlar qanday boshqarishini eshitish zarur edi”, deydi Maktoufi. “Bizga odamlar: “Hozir aynan shunday his qilyapman”, deb o‘ylaydigan hikoyalar kerak”. 

Murakkab his-tuyg‘ular va chalkash voqealarni hikoya qilish orqali hal qilish, odamlar eng zarur bo‘lgan paytda nazorat tuyg‘usini qaytarib olishga yordam beradi. Ammo bu kombinatsiya fitna nazariyalari paydo bo‘lishiga ham yo‘l ochishi mumkin, bu katta voqealar yoki ijtimoiy o‘zgarishlar, jumladan, suiqasdlar, terrorchilik hujumlari va COVID-19 pandemiyasi kabi kasallik tarqalishidan keyin ko‘rinadi. Fitna nazariyalari yangilik emas: hatto o‘rta asrlarda vabo ham infeksiya emas, balki diniy jazoga bog‘langan edi. 

Hikoya aytishning kuchli jihatlari — transportatsiya (hikoyaga sho‘ng‘ish), hissiy javoblar va yaxshilangan xotira — osonlik bilan noto‘g‘ri foydalanilishi mumkin. “Qo‘rqinchlisi, hikoyalar noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatishning juda samarali usuli”, deydi Maktoufi. Eng yaxshi fitna nazariyalari va targ‘ibotlari ham mohirona narrativ texnikalarni qo‘llaydi. “Agar siz hikoyaga chuqur kirib ketgan bo‘lsangiz, yolg‘on va noto‘g‘ri ma’lumotlarni sezish ehtimolingiz kamayadi”. 

Hikoya aytish mas'uliyati

Bu sizning o‘ziga xos tajribangizni bo‘lishish va noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish o‘rtasidagi nozik chegara yaratadi. “Menimcha, chiziq siz biror narsani boshdan kechirishim, his qilgan narsam haqida gapirib: “Bu biror narsa haqida haqiqat” desangiz, shunda kesib o‘tiladi, deydi Maktoufi. Ammo hikoya aytish kuchidan noto‘g‘ri foydalanish imkoniyati odamlarni undan foydalanishdan to‘xtatmasligi kerak. “Haqiqat shuki, bu bir vosita”, deydi Neeley. “Bu xuddi bolg‘a kabi. Siz u bilan uy qurishingiz yoki tizzani sindirishingiz mumkin; hammasi bu kuchli vositadan qanday foydalanishingizga bog‘liq”. 

O‘z hikoyangizni aytganingizda, dunyo haqida kengroq bayonotlar qilishdan ko‘ra, qanday his qilganingiz va nimani boshdan kechirganingizga e’tibor qarating. Va hikoyalarni tinglayotganda, “Hikoya qayerdan kelganini o‘ylash uchun bir lahzaga to‘xtash odatini oling”, deydi Maktoufi, shuningdek, so‘zlovchining motivatsiyalari qanday bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylang. Bu qo‘shimcha qadamlar ortiqcha harakatga arziydi, chunki haqiqiy va axloqiy hikoya aytish COVID-19 pandemiyasi kabi fojealarning hissiy yukini yengillashtirish imkoniyatiga ega. “Biz ushbu hikoyalarni aytishda davom etishimiz kerak, chunki ular dunyo bilan bog‘lanishimizning yo‘llaridir. Ular bizning his-tuyg‘ularimizning bir qismini bo‘lishishning yo‘llaridir”, deydi Maktoufi. “Biz buni tashqarida ko‘ramiz va bu bizni tinchlantiradi. Bu bizning boshimizdan kechirayotgan narsalarni tushunishga yordam beradi”. 

Tarjimon: Anora Alimkulova
'Miya ilmi' bo'limi lideri: Jamshidbek Izzatullaev
Manba: https://www.brainfacts.org/neuroscience-in-society/the-arts-and-the-brain /2021/why-the-brain-loves-stories-030421 

Izoh qoldirish

Mavzuga oid

  • 21:19 / 28.10.2024
Sirkad ritmi: tana soati