- 19:14 / 23.10.2024
- 23:13 / 22.10.2024
- , Miya Ilmi
Xotiralar qanday shakllanadi va yo'qotiladi?

Eng jonli xotiralaringizdan birini eslang. Esladingizmi? Endi uch hafta oldin tushlikda nima yeganingizni eslashga harakat qiling. Ikkinchi xotira birinchi xotira kabi kuchli bo‘lmasa kerak. Lekin nima uchun? Nimaga ba’zi narsalar esimizda qoladi-yu, ba’zilari esa yo‘q? Va nima uchun xotiralar vaqt o‘tishi bilan yo‘qoladi? Keling, xotiralar qanday shakllanishini birga ko‘rib chiqamiz.
Telefon raqamini terishdek oddiy bir harakatni bajarganingizda, bu jarayon miyada elektr tokining bir zarbasiga aylanadi va neyronlar tarmog‘i bo‘ylab yuradi. Ma’lumot avval qisqa muddatli xotiraga tushadi, u yerda u bir necha soniyadan bir necha daqiqagacha mavjud bo‘ladi. Keyin u gipokampus kabi sohalar orqali uzoq muddatli xotiraga o‘tkaziladi va nihoyat miyaning bir necha saqlash joylariga tarqatiladi. Miya bo‘ylab joylashgan neyronlar neyro-o‘tkazgichlar yordamida sinapslar deb ataladigan maxsus joylarda aloqa qilishadi. Agar ikki neyron bir-biri bilan muntazam aloqada bo‘lsa, ajoyib hodisa sodir bo‘ladi: ular o‘rtasidagi aloqa samaradorligi oshadi. Uzoq muddatli potensiatsiya deb ataladigan bu jarayon xotiralarni uzoq muddat saqlashning asosiy mexanizmi hisoblanadi.
Lekin, asosiy xotiralar qanday qilib unutilib ketadi? Yosh — omillardan biri. Yosh o‘tishi bilan miya sinapslarining zaiflashuvi xotiranining qayta tiklanishini qiyinlashtiradi. Olimlar bu yomonlashishning sabablari haqida bir qancha taxminlarga ega. Bular: miyaning qisqarishi, xususan gipokampusdagi neyronlarning 10 yilda 5% ga kamayishi (bu 80 yoshga to‘lganda 20% ga yetadi), shuningdek o‘rganish va xotira uchun juda muhim bo‘lgan neyro-o‘tkazgich ishlab chiqarishning pasayishidir. Ushbu o‘zgarishlar odamlarning saqlangan ma’lumotlarni olish usuliga ta’sir qiladi. Yosh o‘tgan sayin xotira yaratish qobiliyatimiz ham o‘zgaradi. Biz e’tiborli bo‘lganimizda, biror narsa bilan chuqur shug‘ullanganimizda va ma’lumot biz uchun muhim bo‘lganda xotiralar yaxshi tarzda saqlanadi. Yosh o‘tishi bilan kuchayib boradigan ruhiy va jismoniy sog‘liq muammolari e’tiborni jamlash qobiliyatimizga xalaqit berib, xotira o‘g‘rilariga aylanadi.
Xotira muammosining yana bir asosiy sababi surunkali stressdir. Doimiy ish va shaxsiy mas’uliyatlar bosimi ostida bo‘lganimizda, tanamiz haddan tashqari faollik rejimiga o‘tadi. Bu javob inqiroz paytida omon qolish imkonini berish uchun mo‘ljallangan fiziologik mexanizmning evolyutsion natijasi. Stress gormonlari energiya sarflash va hushyorlikni oshirishga yordam beradi. Biroq, surunkali stress holatida bu gormonlar miqdori haddan tashqari ko‘payib ketadi, natijada miya hujayralari yo‘qoladi va yangi hujayralar hosil bo‘lmaydi. Bu esa yangi ma’lumotlarni eslab qolish qobiliyatimizga ta’sir qiladi.
Depressiya ham muammo sabablardan biridir. Depressiyaga uchragan odamlarda xotira bilan bog‘liq muammolar 40% ko‘proq uchraydi. Serotonin, hushyorlik va e’tiborni ta’minlovchi neyro-o‘tkazgich, past darajada bo‘lganda, depressiyaga uchragan odamlar yangi ma’lumotlarni aniq idrok etish qobiliyati pasayadi. O‘tmishdagi qayg‘uli voqealarga haddan tashqari e’tibor berish depressiyaning yana bir belgisi bo‘lib, hozirgi zamonga e’tibor berishni qiyinlashtiradi va qisqa muddatli xotiralarni saqlash qobiliyatiga ta’sir qiladi.
Yolg‘izlik xotira zaiflashishining yana bir sababidir. Garvard Jamoat Sog‘liqni Saqlash Maktabi o‘tkazgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ijtimoiy aloqalari faol bo‘lgan keksa odamlarning xotirasi olti yil davomida sekinroq pasaygan. Aniq sabab aniqlanmagan bo‘lsa-da, mutaxassislar ijtimoiy aloqa miyamiz uchun "gimnastika" vazifasini bajarishi mumkin deb hisoblaydi. Mushaklar singari, miyamiz ham faol ishlatilmasa, zaiflashib boradi.
Ammo umidsizlikka tushmang! Xotirani saqlashga yordam beradigan bir qancha usullar mavjud. Jismonan faol bo‘ling. Bu miya qon aylanishini yaxshilaydi. To‘g‘ri ovqatlaning. Miyangiz to‘g‘ri ishlashi uchun barcha kerakli ozuqalarga muhtoj. Va, albatta, miyangizni mashq qildirishni unutmang. Yangi til o‘rganish kabi qiyinchiliklarga duch kelish, xotirani saqlashning eng yaxshi usullaridan biridir.
Tarjimon: Marjan Maxkamova
'Miya ilmi' bo'limi lideri va tahrirchi: Jamshidbek Izzatullaev
Fikrlaringizni izohlarda qoldiring va maqolalarimiz ko‘proq odamga yetib borishi uchun yaqinlaringiz bilan ulashing. Rahmat!
6 ta izoh:
Izoh qoldirish