Sirkad ritmi: tana soati

Ko’pchiligimiz uxlaganimizda va uyg’onganimizda barqaror rejimga amal qilamiz. Bu rejimni quyosh yoki soat emas, balki sirkad ritmlar deb ataladigan biologik jarayonlar belgilaydi. Hujayralarimizdagi biologik soatlar va tashqi dunyo ta’sirida, sirkad ritmlar kayfiyatimiz, energiya darajamiz, ishtahamiz va qachon uxlab, qachon uyg’onishimizga ta’sir qiladi. 

Uxlash butun hayvonot olamida, jumladan, sut emizuvchilar, qushlar, hasharotlar va baliqlarda keng tarqalgan holat. Insonlarda u kayfiyat, ishtaha, hazm qilish, xotira va ko’plab fiziologik jarayonlarga ta’sir qiladi.

To'g'ri uyquni saqlash uchun, tanamizda tabiiy uxlash-uyg’onish ritmi bor. Bu sirkad ritm deb ataladi. Ammo, sirkad ritm nima?
Sirkad ritm - 24-soatlik siklda ishlaydigan biologik jarayon. Bu ritm bizdagi fiziologiya, metabolizm, va xatto kayfiyatga ta’sir o’tkazadi. Masalan, tanamizga qachon uxlash, qachon uyg’onishni aytadi. Ammo, qanday qilib tana bu ritmni saqlaydi?

Organizmimizdagi har bir hujayra biologik soatga ega. Biroq, bizdagi asosiy soat bu supraxizmatik yadro deb ataladigan miya bo’limidir. U sirkad ritm to’g’ri ishlashi uchun tanadagi jarayonlarni optimallashtiradi. Buning uchun, atrof-muhitdan va ichki biologik soatlardan ma’lumotlarni qabul qiladi. Biologik soatlar – bu organizmimizning ichki vaqtini belgilovchi qurilmalaridir. Insonlarda uchta eng muhim biologik soat CLOCK, PER va CRY genlari bor. Ertalab CLOCK, PER va CRY genlari sust bo'ladi. Kunduzi CLOCK darajasi oshib boradi va bu, sirkad ritm uchun muhim bo'lgan ko'plab genlarni faollashtiradi, jumladan PER va CRY.

PER va CRY kunduzi va tun davomida yig’ilib boradi va asta-sekin CLOCKni o'chiradi. Bu esa o’z navbatida PER va CRY darajalarini kamaytiradi va siklni yana qayta boshlanishiga imkon beradi. Bizning biologik soatimiz atrof-muhitdan keladigan signallar bo'lmasa ham ishlaydi.

Biroq, atrof-muhitdagi signallar, masalan, ovqat vaqti, jismoniy mashqlar va ijtimoiy munosabatlar bu soatni sozlashga va kunning to'g'ri vaqtiga moslashga yordam beradi. Atrof-muhitdagi signallar "Zeitgeber" deb ataladi. Eng muhim zeitgeber bu - yorug'lik. Ertalab yorug'lik retina orqali ko'zga tushganda, signal optik nerv orqali supraxizmatik yadroga o'tadi va kunning qismiga oid ma'lumotlarni uzatadi. Natijada, tanada bir qancha o'zgarishlar yuz beradi, jumladan uyqu garmoni hisoblangan melatonin darajasi tushadi. 
Tunda, yorug'lik yo'qligida, melatonin darajasi ortadi va bizni uzoq, osoyishta, va go'zal uyquga tayyorlaydi. Muntazam sirkad ritm salomatlikning bir qancha jihatlarini saqlash uchun juda muhim. Normal sirkad ritmimizdagi buzilishlar kayfiyatimiz, energiyamiz va ishtahamizga ta'sir qilishi mumkin. Bunday buzilishlarning haqiqiy misoli jet kechikish (uchishdan keyingi charchoq) hisoblanadi.

Dunyo bo'ylab va yetti dengiz ustida sayohat qilganimizda, yangi quyosh chiqishi va botishiga moslashishimiz kerak. Tanamiz yangi muhitga moslasha boshlaganda, charchoq, horg’inlik va ishtaha o'zgarishini boshdan kechiramiz. Genetik va atrof-muhitdagi omillar tufayli muntazam sodir bo’ladigan sirkad ritmidagi buzilishlar giyohvandlik, charchoq, semirish, kayfiyat bilan bog’liq muammolar va hatto insomniya kabi xastaliklar xavfini oshiradi.

Lekin xavotir olmang! Bizda sirkad ritmini to'g'rilash va saqlash uchun bir necha usullar mavjud: har kuni bir vaqtda uxlab, bir vaqtda uyg'onish, uxlashdan oldin zangori nurlarni kamaytirish va kun davomida jismoniy mashqlar qilish.

Shunday qilib, siz charchagan fil yoki yo’lbars yoxud oddiygina uyqusi kelgan inson bo'lasizmi, xayrli tun tilayman. Chivinlar sizni bezovta qilmasin. E’tiboringiz uchun rahmat!

** Uyqu genlari nomi ma’lumot to’g’ri yetib borishi uchun tarjima qilinmasdan yozildi.

Manba: https://www.brainfacts.org/thinking-sensing-and-behaving/sleep/2022/circadian-rhythm-the-clock-that-keeps-on-ticking-102622
Tarjimon: Madinaxon Odilova
'Miya ilmi' bo'limi lideri: Jamshidbek Izzatullaev

 

4 ta izoh:

Izoh qoldirish

Mavzuga oid