Super-plastiklik: Miya shaklini o'zgartiradimi?

Miyaning super quvvatlaridan biri bu yangi narsalarni o’rgana olish qobiliyatidir. Bu qobiliyat nevroplastiklik jarayoni tufayli sodir bo’ladi. Bu jarayon neyronlarga qiyinchiliklarga moslashishi uchun yangi bog’lanishlar o’rnatish imkonini beradi. Yaxshi plastiklik bolalarning miyasi rivojlanishidayoq boshlanib, ularga gapirish kabi muhim ko’nikmalarni o’rganishga yordam beradi. Ammo boshqa nevro bog’lanishlar har qanday yoshda paydo bo’lishi va istalgan narsada, masalan to’shakni yig’ish yoki chap qo’lda yozishda qo’llanilishi mumkin. Barcha qahramonlik kinolarida aytilganidek, bu ko’nikmalarni mustahkamlash miyadagi bog’lanishlarni imkon qadar kuchaytiradigan mashg’ulotlarni talab qiladi. 


Bugun sizlar bilan miyaning umr davomida o’zgarish va moslashishdek ajoyib qobiliyati, plastiklik haqida gaplashamiz. 


O’ylayotgan bo’lishingiz mumkin “Plastikni miyaga qanday aloqasi bor?” deb. Bu vaziyatda plastiklik turli xil ta’sirlarga javob tariqasida miyaning o’zini o’zgartirish qobiliyati. 


Plastiklik juda ham muhim bo’lib, u miyamizga hayotimiz davomidagi yangi tajriba va qiyinchiliklarga javoban moslashish va o’zgarish imkonini beradi. U yangi ko’nikmalar o’rganish, jarohatlardan tuzalish, va hatto to’siqlarni yengish uchun nevro tarmoqlarimizni qayta o'rnatishga yordam beradi. Plastiklik bo'lmaganda, miyamiz o'sish va rivojlanish imkoniyatlarida cheklanar, natijada atrofimizdagi murakkab dunyoni boshqarish qiyinlashardi.


Miya juda ajoyib, chunki u ikkita maxsus yo’lda o'zgarishi va o'sishi mumkin. Biri, tajribalarimiz asosida miyamizning o'zgarishi, ikkinchisi esa o'sayotganimiz sari miyamizning tabiiy rivojlanishi. Keling, bu ikki turdagi miya rivojlanishini chempion sifatida o'rganib chiqamiz. 


Tasavvur qiling, siz har kuni yangi narsa o’rgana oladigan super quvvatga ega superqahramonsiz. Har safar yangi yoki hayratlanarli narsaga duch kelganingizda, miyangiz super quvvatlanadi va yanada kuchliroq bo'ladi. Bu tajribaga asoslangan miya rivojlanishi deb ataladi. Go’yoki, superqobiliyatlaringiz qutisiga yangi asboblar qo'shilganidek!

Keling, bu qanday ishlashini ko'rish uchun qiziqarli tajriba o'tkazamiz. Ko'zlaringizni yuming va gapiradigan hayvonlar va rang-barang gullar bilan to'la sehrli o'rmonda sayr qilayotganingizni tasavvur qiling. Daraxtlarning shamolda qimirlayotganini, qushlarning chug'urlayotgan ovozini va oyoqlaringiz ostidagi yumshoq maysalarni tasavvur qilishga harakat qiling. Endi ko'zlaringizni oching va tasavvuringizdagini chizishga harakat qiling. Mukammal bo'lmasa ham, qo'lingizdan kelganicha chizing!


Ertaga yana buni takrorlaysiz, va keyingi kuni, undan keyin ham. Har safar chizganingiz yanada yaxshilanganini ko'rasiz, chunki miyangiz quvvatlanadi va yangi bog'lanishlar o'rnatadi. Go’yo sizning superqahramon miyangiz yangi darajaga ko'tarilyapti!


“Ishlat yoki yo’qot” qabilidagi maqol yodingizdami? Superqahramonlar kuchli bo’lish uchun superquvvatlarini mashq qildirishi kerak bo’lganidek, miyamiz ham shug’ullanishga muhtoj. Yangi narsalarni o'rganganimizda, miyamiz superqahramon hujayralari o'rtasida maxsus bog'lanishlar yaratadi, bu esa ularni juda-juda kuchli qiladi. Lekin agar biz bu bog'lanishlarni tez-tez ishlatmasak, ular zaiflashishi va hatto yo'qolishi mumkin.


Keling, yana bir tajriba o'tkazamiz. Bir daqiqa to'xtab, odatdagidan boshqa qo'lingiz bilan ismingizni yozishga harakat qiling. Bir oz qiyin bo'ldimi? Buning sababi, miyangizdagi bog'lanishlar sizdagi dominant qo’l tomonda kuchliroq. Ammo zo’r tomoni shundaki, dominant bo'lmagan qo'lingiz bilan mashq qilib, siz bu bog'lanishlarni mustahkamlashingiz va o'sha tomonda yanada kuchliroq superqahramon bo'lishingiz mumkin!


Endi tasavvur qiling, sizda miyangiz ichidagi voqealarni ko'rishga imkon beradigan kichik va sehrli mikroskop bor. Yaqindan qarasangiz, miyangiz hujayralari o'rtasida "sinaps" deb ataladigan maxsus bog'lanishlar borligini ko'rasiz. Ular xabarlarni bir hujayradan boshqasiga o'tkazishga yordam beradigan kichik ko'priklar sifatida ishlaydi.


Yangi narsalarni o'rganganingizda yoki biror ko’nikmani mashq qilganingizda, bu sinapslar tobora kuchayadi, xabarlar esa tezroq va osonroq o'tishni boshlaydi. Bu, superqahramonlar uchun aloqa tizimini yangilashga o'xshaydi! Ammo, agar bu bog'lanishlarni ishlatmasak, ular zaiflashishi va yo'qolishi mumkin, ko'prik qulagani singari.


Bog'lanishlardagi o'zgarishlar bizga o'rganishga, eslab qolishga va yaxshiroq superqahramon bo'lishga yordam beradi. Superqahramonlar shug’ullanib, kuchliroq bo'lganidek, miyamizdagi bog'lanishlar ham o'zgarishi va moslashishi mumkin.


Miyada turli xil o'zgarishlar ro’y beradi. Ba'zilari miya hujayralarining fizik tuzilishi bilan bog'liq: masalan, ulg’ayib, yangi do'stlar orttirish kabi. Boshqalari esa miya hujayralarining birgalikda ishlashini talab qiladi - muammoni hal qilish yoki yangi qo'shiqni o'rganish uchun jamoa tuzishdek. Bu o'zgarishlar miyamizni yo’limizda uchraydigan har qanday qiyinchilikka tayyorlashga yordam beradi!


Shunday qilib, qanday qilib miyamizni sog'lom va kuchli saqlaymiz? Yangi narsalarni sinab ko'rish orqali, misol uchun, musiqa asbobi o'rganish yoki yangi joylarni kashf etish. Jismoniy mashqlar va yaxshi uyqu ham superqahramon miyamizga zarur quvvatni beradi. Miyangizni jumboqli aql o'yinlari bilan sinab ko'rishni unutmang xuddi superqahramonlar yanada kuchliroq bo'lish uchun mashq qilganidek!


Manba: https://www.brainfacts.org/thinking-sensing-and-behaving/brain-development/2023/super-plasticity-how-our-superhero-brains-mold-themselves-122123

Tarjimon: Madinaxon Odilova

Muharrir: Tillayev Asadbek

“Miya  bo’limi lideri: Jamshidbek Izzatullaev

Izoh qoldirish

Mavzuga oid

  • 21:19 / 28.10.2024
Sirkad ritmi: tana soati