Noaniqlik yoxud Sorites Paradoksi

Qanchalik bo‘yingiz baland bo‘lsa, sizni baland deb atashadi? Qancha sochingiz to‘kilishi kerakki, sizni kal deb bilishsin? Qancha yoshga yetishingiz kerakki, sizni qari deb hisoblashsin?

Tilimizda shunday oddiy bir jihat borki, “baland”, “kal” va “qari” kabi so‘zlar noaniqdir, ya’ni kimningdir baland, kal yoki qari ekanligini aniq aytish ba’zan qiyin. (Yana ko‘plab so‘zlar ham shunday noaniqlikka ega.) Ammo, noaniqlik mantiq, metafizika, bilish nazariyasi va til falsafasi kabi muhim falsafiy masalalarda katta ahamiyat kasb etadi.1

  Bir uyum qum

1. Noaniq atamalar 

Agar Katrin mutlaqo pulsiz bo‘lsa, aniqki, u boy emas. Endi tasavvur qiling: har kuni har daqiqada uning hisobiga 20 dollar tushib turadi. Agar u bu pullarni sarflamasa, yil oxirida uning hisobida 10 million dollardan ortiq mablag‘ yig‘iladi va u boyga aylanadi.

Agar u yil boshida boy bo‘lmasa-yu, yil oxirida boy bo‘lib qolsa, yilning qaysi lahzasida u boy bo‘ladi? Har 20 dollar qo‘shilganda “Katrin boy” degan gapga rost yoki yolg‘on deb baho berish topshirig‘ini olsak, yil boshida buni yolg‘on deyish oson bo‘lardi, yil oxirida esa rost. Ammo, ko‘plab oraliq holatlar bo‘lardi, ular haqida aniq javob aytish qiyin bo‘ladi.

Katrinning qachon boy bo‘lganini aniq belgilashning qiyinligi “boy” so‘zining noaniqligidan kelib chiqadi.2 Noaniq atamalar chegaraviy holatlarni o‘z ichiga oladi.3 Chegaraviy holat — bu “Katrin boy” degan gapning rost yoki yolg‘on ekanligini aniq aytish qiyin bo‘lgan holatdir.

2. Sorites Paradoksi 

Noaniq atamalar juda murakkab muammo — Sorites Paradoksini keltirib chiqaradi.4 Paradoks, go‘yoki to‘g‘ri mulohazalardan noto‘g‘ri xulosa kelib chiqqanda yuzaga keladi. Sorites Paradoksining bir versiyasi quyidagicha:

(1) Bitta qum donasi uyum emas.

(2) Agar bitta qum donasi uyum bo‘lmasa, ikki dona qum ham uyum emas.

(3) Demak, ikki dona qum ham uyum emas.

(4) Agar ikki dona qum uyum bo‘lmasa, uch dona qum ham uyum emas.

(5) Demak, uch dona qum ham uyum emas.

Bu qo‘shish jarayonini davom ettirganimizda shunday xulosa chiqaramiz:

(6) 100 million dona qum ham uyum emas.

(6) - band noto‘g‘ri, lekin u oldingi mantiqan to‘g‘ri bo‘lgan zanjirli mulohazalardan kelib chiqadi. Bu mulohazalar Modus Ponens, ya’ni propositsion mantiqdagi to‘g‘ri xulosa chiqarish qoidasi, shaklini namoyon etadi:

(1) Agar P bo‘lsa, unda Q.

(2) P.

(3) Shunday ekan, Q.

To‘g‘ri xulosa — barcha asoslar rost bo‘lsa, xulosa noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin bo‘lmagan mulohaza. Shunday ekan, agar (1) va (2) rost bo‘lsa, (3) ham rost bo‘lishi kerak. Agar (3) va (4) rost bo‘lsa, (5) ham rost bo‘lishi kerak. Nihoyat, bu mantiqan absurd bo‘lsa-da, (6) ham rost bo‘lishi kerak degan xulosa kelib chiqadi. Ammo asoslar to‘g‘rimi? Ular quyidagi gap to‘g‘ri bo‘lsa, ha:

Agar N dona qum uyum bo‘lmasa, N + 1 dona qum ham uyum bo‘lmaydi.

Odatda, bir dona qum qo‘shish uyum yaratmaydi, shuning uchun Sorites mulohazasi mantiqan to‘g‘ri, barcha asoslari rost bo‘lsa-da, noto‘g‘ri xulosa kelib chiqadiganday tuyuladi.5

3. Sorites Paradoksiga yondashuvlar 6

3.1. Epistemitsizm

Paradoksga yondashuvlardan biri — Epistemitsizm — Sorites mulohazasida shunday bir nuqta borligini ta’kidlaydi: Agar N dona qum uyum bo‘lmasa, unda N + 1 dona qum ham uyum bo‘lmaydi shaklidagi shartli asos noto‘g‘ridir.7 Bu yondashuvga ko‘ra, uyum va uyumsiz, boy va kambag‘al kabi tushunchalarni ajratuvchi aniq chegaralar ob’yektiv jihatdan to’g’ri.


Ammo biz bu chiziqning qayerda ekanligini bila olmaymiz, shuning uchun Sorites mulohazasidagi qaysi shartli asos noto‘g‘ri ekanligini ham bilolmaymiz.

Shunday qilib, Epistemitsist fikricha, paradoks terminlarning noaniqligidan emas, balki bizning bilmasligimizdan kelib chiqadi.

3.2. Bivalensni Rad Etish8

Yana bir strategiya klassik mantiqning Bivalens deb nomlangan tamoyilini rad etishdir. Bivalens tamoyili har qanday deklarativ gap faqat bitta haqiqiy qiymatga ega bo‘lishini aytadi: rost yoki yolg‘on. Bu yondashuv, masalan, haqiqat qiymatlari trivalent hisob-kitobini joriy etishni taklif qiladi, ya’ni gaplar uchta mumkin bo‘lgan haqiqat qiymatiga ega bo‘ladi: rost, yolg‘on yoki noaniq.

Bu yondashuvga ko‘ra, N dona qum uyum emas degan gap ba’zi hollarda rost yoki yolg‘on, lekin chegaraviy holatlarda noaniq bo‘ladi. Agar Sorites mulohazasida biror asos noaniq bo‘lsa, unda to‘g‘ri xulosa chiqarish mumkin emas, chunki to‘g‘rilik asoslarning rost ekanligini talab qiladi.

Shunday qilib, noaniq haqiqat qiymatlari paradoksni (6)-bandga olib keluvchi mulohaza zanjirini to‘xtatib, uni zararsizlantiradi.

3.3. Noaniq Mantiq

Noaniq Mantiq deb nomlangan yana bir yondashuv, gaplar uchun cheksiz turdagi haqiqat qiymatlarini nazarda tutadi, ular raqamli ifodalanishi mumkin. Mutlaqo yolg‘on gapning haqiqat qiymati (0) bo‘ladi, mutlaqo rost gapning haqiqat qiymati esa (1).

Lekin ayrim gaplar na to‘liq rost va na to‘liq yolg‘on bo‘ladi, ularning haqiqat qiymati (0) va (1) orasidagi biror raqam bo‘ladi. Bu qiymatlar holatlarga qarab, kerakli aniqlik darajasigacha o‘lchanishi mumkin. Sorites mulohazasida N dona qum uyum emas degan gap asta-sekin haqiqat qiymatini o‘zgartirib, mutlaqo uyumsiz (0) holatdan mutlaqo uyum (1) holatiga o‘tadi.

Bu usul, qum uyumining shakllanishi haqidagi gaplarning haqiqat qiymatlariga bo‘lgan ishonchimizni aks ettirib, paradoksni zararsizlantirishga urinadi.

4. Xulosa 

Sorites Paradoksi — noaniqlik bilan bog‘liq masalalardan faqat bittasidir. Noaniqlikning oqibatlarini tushunish tilda dunyo bilan qanday munosabat borligini va dunyoning o‘zini anglashga qaratilgan ulkan va qadimiy falsafiy loyihaning bir qismi hisoblanadi.

Izohlar

1 Mantiq nuqtai nazaridan, tadqiqotchilarning asosiy masalasi noaniq atamalar ishtirokidagi bayonotlarning haqiqat shartlarini to‘g‘ri tahlil qilishdir. Bunday bayonotlar har doim rost yoki yolg‘on bo‘ladimi yoki ba’zi hollarda noaniq yoki qisman rost bo‘lishi mumkinmi? Noaniqlikning manbasi ham muhim savol. Noaniqlik faqat tilning xususiyatimi? Haqiqiylikda ham noaniq obyektlar bormi yoki til ham, haqiqat ham noaniqmi? Epistemologiyada bu masala bilimning xususiyati bilan bog‘liq muammo tug‘diradi. Odatda, bilim haqiqatni anglatadi. Ammo, noaniq atamalar yoki obyektlar ishtirok etganda, noaniqlik bunday sharoitlarda bilimga xalaqit berishi mumkin. Noaniqlik bilan bog‘liq keng falsafiy masalalar haqida maqolalar uchun Dietz va Moruzzi (2010)ga qarang.

2 Noaniqlik va ko‘p ma’nolilikka sinonim emas, lekin atamalar noaniq va ko‘p ma’noli bo‘lishi mumkin. Noaniq atamalar ba’zan aniq bo‘lmagan qo‘llanmalarga ega, ko‘p ma’nolilik esa atamaning ikki yoki undan ortiq ma’noga ega bo‘lishini bildiradi. Masalan, “boy” atamasi shunday noaniqki, biz kimdir boy yoki boy emasligi aniq bilmasligimiz mumkin. Bu, hatto “Fortune 500 kompaniyasining bosh direktori uchun boy” kabi aniq sohalarda ham shunday bo‘lishi mumkin. “Boy” so‘zi ko‘p ma’noli bo‘lib, nafaqat boylikka, balki boy ta’mga ham ishora qilishi mumkin. Kontekst asosida qanday ma’no nazarda tutilganini tanlashimiz kerak. Noaniqlik va ko‘p ma’nolilik farqlari haqida Sorensenning “Vagueness” maqolasini Stanford Falsafasi Ensiklopediyasida o‘qing.

3 “Chegaraviy holatlar” ta’rifini rad etuvchi noaniqlikni tushuntirish uchun Bueno va Colyvan (2012)ga qarang.

4 Paradoks o‘z nomini yunoncha “uyum” ma’nosini bildiruvchi soros so‘zidan olgan.

5 Tegishli o‘zgartirishlar bilan, xuddi shunday shaklga ega mulohazalar boshqa noaniq atamalar, masalan, “boy”, “baland”, “kal”, “qari” va boshqalardan foydalangan holda tuzilishi mumkin.

6 Paradoksga javoblar ko‘p. Ushbu va boshqa yondashuvlarning tanqidiy tahlili uchun Sorensenning Stanford Falsafasi Ensiklopediyasidagi “Vagueness” maqolasiga qarang.

7 Epistemitsizm himoyasi uchun Williamson (1994)ga qarang.

8 Bivalensni rad etish umumiy strategiya bo‘lib, ko‘plab talqinlarga ega. Ushbu strategiyaning tavsifi va tanqidiy bahosi uchun Sorensenning Stanford Falsafasi Ensiklopediyasidagi “Vagueness” maqolasiga qarang.

Adabiyotlar

Bueno, Otavio, va Colyvan, Mark (2012), “Noaniqlik Nima O‘zi?”, Ratio 25 (1): 19-33.

Dietz, Richard va Sebastiano Moruzzi, Kesiklar va Bulutlar: Noaniqlik, uning Tabiati va Mantiqi. Oksford Universiteti Matbuoti, 2010.

Sorensen, Roy, “Vagueness”, Stanford Falsafasi Ensiklopediyasi (Yoz 2018 nashri), Edward N. Zalta (tahr.).

Williamson, Timothy (1994), Vagueness. Routledge.

Muallif Haqida

Darren Hibbs Nova Southeastern Universitetining Falsafa bo‘yicha Assosiy Professoridir. Uning tadqiqot qiziqishlari metafizika va falsafa tarixi sohalariga qaratilgan. cahss.nova.edu/faculty/horace-hibbs.html


Tarjimon: Abdulboriyxon Bositxonov

Tahrirchi: Nuriddin Habibullayev

Manba: Vagueness - 1000-Word Philosophy: An Introductory Anthology


Bularni ham o’qib ko’ring:
1. Bolalikdagi falsafiy izlanish 

2. Dalillar: Nega Siz Ishonganingizga Ishonasiz? 

3. O'tmish va Kelajak haqiqatan mavjudmi? 

Izoh qoldirish