Platonning G‘or Allegoriyasi: Jaholatdan Haqiqatga Sayohat

Aflotun (miloddan avvalgi 428/427 – 348/347-yillar) qadimgi yunon faylasufi bo‘lib, u ko‘pincha o‘zining marhum ustozi Suqrot nomidan og‘zaki nutq shaklida yozilgan dialoglardan foydalangan. Ushbu dialoglar falsafiy muhokamalarni yanada tushunarli va ta’sirchan qilish uchun o‘yinga o‘xshash tarzda yozilgan.

Aflotunning "Respublika" asari adolat haqida olib borilgan suhbatdir. Ushbu asarda faylasuf ta’limga oid o‘z qarashlarini hamda tashqi ko‘rinish va haqiqat o‘rtasidagi farqni ifodalovchi "G‘or alegoriyasi" nomli fantastik hikoyani bayon etadi. Ushbu maqolada aynan shu allegoriya yoritilib, uning ma’nosi tushuntiriladi.

1. Hikoya

"Respublika" asarining VII-kitobida Suqrot Aflotunning ukasi Glavkon bilan suhbatlashadi. U suhbatdoshidan bolaligidan beri g‘orda asirlikda yashayotgan bir guruh odamlarni tasavvur qilishni so‘raydi. Bu mahbuslar zanjirband qilingan bo‘lib, na boshlarini burishga, na boshqa tomonga qarashga qodir — ular faqat g‘or devorini ko‘ra oladilar. Ularning orqasida esa katta olov yonib turadi. Olov va mahbuslar o‘rtasida esa platforma bor bo‘lib, unda qo‘g‘irchoq ustalari turli buyumlar va shakllarni harakatlantiradilar.

Bu buyumlarning soyasi g‘or devoriga tushadi va mahbuslar o‘sha soyalarni kuzatib, ular haqida bahslashib vaqt o‘tkazadilar. Ular eshitadigan ovozlarning manbasi haqida ham xuddi shunday noto‘g‘ri xulosaga keladilar: ular ovoz soyalar tomonidan chiqarilayotganiga ishonadilar. Ularning nazarida bu — yagona "haqiqat".

Biroq bir kuni mahbuslardan biri ozod qilinadi va g‘ordan tashqariga olib chiqiladi. Yo‘l juda og‘ir, chunki u balandlikka chiqishi kerak. U avval olov nuri, keyin esa g‘or og‘zidan tushayotgan tabiiy yorug‘likdan ko‘zlari qamashib, og‘riq his qiladi. Chiqishda davom etgan sari, u oxir-oqibat ochiq havoga chiqadi va ilk bor quyosh nurlariga duch keladi.

Avvaliga u hech narsani aniq ko‘ra olmaydi. Lekin vaqt o‘tishi bilan ko‘zlari yorug‘likka moslashadi va atrofdagi narsalarni anglay boshlaydi. U dastlab faqat soyalarni, so‘ngra daraxtlar va toshlar kabi oddiy narsalarni ko‘radi. Oxir-oqibat esa, u dunyodagi eng yorug‘ manba — quyoshni ko‘rishga qodir bo‘ladi.

Endi ozod bo‘lgan mahbus hech qachon g‘ordagi asirlikka qaytishni xohlamaydi. Ammo u u yerdagi mahbuslarni eslab, ularga yordam berishni istaydi. Afsuski, hikoya baxtli yakun topmaydi.

U g‘orga qaytib, haqiqatni tushuntirishga harakat qiladi, biroq boshqa mahbuslar unga ishonmaydi. Eng yomoni, uzoq vaqt yorug‘likka ko‘nikkanligi uchun uning ko‘zlari qorong‘ilikda yaxshi ko‘rmaydi. Shuning uchun ham u soyalarni oldingidek aniq farqlay olmaydi.

Biroq vaqt o‘tishi bilan ko‘zlari yana g‘or muhitiga moslashadi va u soyalarni boshqalardan ham yaxshiroq tushuna boshlaydi, chunki u ularning haqiqiy manbalarini ko‘rgan. Ammo agar u boshqa mahbuslarni ozod qilishga urinib ko‘rsa, ular uni o‘ldirishardi.

2. Talqin

Glavkonning aytishicha, Suqrot shunday ta’kidlagan: mahbuslar bizga o‘xshaydi — ya’ni, ko‘pchiligimiz nodonlik botqog‘idamiz. G‘ordan chiqish esa nodonlikdan xalos bo‘lishning eng aniq belgisi hisoblanadi.

Ehtimol, "eng aniq belgi" iborasi g‘alati tuyulishi mumkin, chunki odatda narsalarni "haqiqat" yoki "xayol" deb ajratamiz. Lekin Aflotunga ko‘ra, ba’zi narsalar boshqalariga qaraganda haqiqatga yaqinroq bo‘lishi mumkin.

Uning falsafasida ikki turdagi mavjudot bor:

  1. Jismoniy olam – biz sezgilarimiz orqali idrok qiladigan o‘zgaruvchan obyektlar.

  2. Shakllar dunyosi – faqat aql bilan anglanadigan o‘zgarmas va mukammal haqiqat.

Jismoniy obyektlar shakllarning faqat mukammal bo‘lmagan aksidir. Ular o‘z mavjudligini shakllardan oladi. Shuning uchun ham Aflotun nazarida shakllar jismoniy obyektlarga qaraganda realroq.

Misol tariqasida otni olaylik. Dunyodagi har bir ot real, lekin biz ideal ot tushunchasini ham tasavvur qila olamiz. Ushbu ideal ot shakli esa har qanday alohida otdan ham realroqdir, chunki barcha otlar o‘z mavjudligini shu mukammal shakldan oladi.

Shakllar ichida ham o‘ziga xos ierarxiya bor. Ularning eng yuqorisi "Yaxshilik shakli" bo‘lib, bu alegoriyada quyosh bilan tasvirlangan. Yaxshilik shakli barcha mavjudotlarning manbai bo‘lib, uni xudoga qiyoslash mumkin.

Aflotunga ko‘ra, falsafiy bilim – bilimning eng oliy shakli bo‘lib, shakllarni tushunish va eng asosiysi Yaxshilik shaklini anglashdan iborat.

Afsuski, falsafiy bilimga erishish hammaga ham nasib etmaydi. Bu og‘riqli jarayon bo‘lib, oz sonli odamgina bunga yeta oladi. Aksariyat odamlar esa o‘z nodonligini anglamaydi va ularni yoritishga uringanlardan nafratlanadi. Aflotunning so‘zlariga ko‘ra, Suqrotning taqdiri ham aynan shu sababli hal bo‘lgan.

3. Xulosa


G‘or alegoriyasi Aflotunning ko‘plab falsafiy qarashlarini o‘zida mujassam etadi. Biroq, uning boshqa asarlarida ta’lim jarayoni haqida bundan farqli qarashlar ham mavjud.

Alegoriyada ozod bo‘lgan mahbus o‘quvchi, g‘orda qolganlar esa nodon odamlar sifatida talqin qilinadi. Ustoz esa haqiqatni biladigan va o‘quvchini unga yo‘naltiradigan insondir.

Biroq, Aflotunning boshqa dialoglarida Suqrot ko‘pincha o‘zini ham izlanayotgan shaxs sifatida tasvirlaydi. Ba’zan u savollarga javoblarni bilmasligini ochiq tan oladi va falsafiy izlanishni o‘quvchilari bilan hamkorlikdagi jarayon sifatida ko‘radi.

Ehtimol, aynan mana shu hamkorlik modeli ta’lim haqida o‘ylashning eng to‘g‘ri usuli bo‘lishi mumkin.




Tarjimon: Nilufar Alimbaeva

Muharrir: Samandar Erkinjonov

Manba: Plato’s Allegory of the Cave: the Journey Out of Ignorance - 1000-Word Philosophy: An Introductory Anthology 


Bularni ham o’qib ko’ring:
1. Falsafa O'zi Nima? 

2. Falsafa hayot tarzi sifatida (PWOL) 

3. Dalillar: Nega Siz Ishonganingizga Ishonasiz?

Izoh qoldirish